Anons
12 aprel 2024

12 aprel – mustaqil ALC TV tashkil etilgandi

1994 yili akam Shuhrat, ukam G‘ayrat va men Urganch shahrida mustaqil telestudiya tashkil etgan edik. Ochilgan kunidan buyon uni tugatishga hokimiyat amaldorlari tomonidan ozmuncha urinish bo‘lgani yo‘q.

TV ALC tashkil topganidan besh yil o‘tib u tugatildi, bugun esa hammasi ortda qoldi.

O‘sha yili 12 aprelda Matbuot qo‘mitasining Xorazm viloyati boshqarmasi mulozimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev qo‘limizga ro‘yxatga olinganlik haqidagi guvohnomani tutqazdi, shodligimiz cheksiz edi.

Shu kuni ilk uzatish uskunasi xarid qilindi va o‘sha kuni ushbu hujjat 8-kanalni qayd qilish uchun Davlat aloqa nazorati mulozimiga topshirildi va oldinda ochiq efir turardi.

rasm1144
Studiyani 5-10 ta maishiy videomagnitofon va kameralar bilan jihozlagandik

TV haqidagi dastlabki tasavvurlarimiz

O‘sha paytda mening nazdimdagi televidenie odamlarga ma'rifat yoki muxolif mujdalarni yetkazadigan, bundan ham battarrog‘i, she'rlar o‘qib, muxlislar dilini chog‘ qiladigan joy kabi ko‘ringan.

Badiiy ko‘rgazmalari bois xorijda ko‘p bo‘lgan rassom akam Shuhratning tasavvurlari esa bu masalada yana ham ilg‘orroq, u nemis panklariniki kabi estetik televidenie yaratish yo‘lida bardavom bo‘ldi.

Turmush tashvishlari ko‘proq o‘ylantiradigan ukam G‘ayrat esa kanalni ochiq auditoriyadan yopish va mijozlarga deshifrator qo‘yib berib, oylik haq evaziga kino va ko‘ngilochar dasturlar qo‘yish tarafdori edi.

rasm1147
Televidenie faoliyati uchun berilgan guvohnoma

Oxiri har birimiz o‘z orzularimizdan qisman kechib, ko‘rpaga qarab oyoq uzatishga, tabrik e'lonlaridan tushadigan pulga qanoat qilib, haftalik yangiliklar tayyorlashga qaror berdik, ukamiz G‘ayrat ham o‘sha kundan boshlab haftalik yangiliklarga tasvir yig‘ish uchun chiqadigan bo‘ldi.

Dastlabki paytlar yangiliklar topish qiyin bo‘ldi, nahotki kichkina televidenie qismati faqat chetdan keltirilgan dasturlar va videoqaroqchilikdan iborat bo‘lsa?

Mahalliy gazeta jurnalistlari bilan hamkorlik ham kutilgan natijani bermadi. Biroq yana o‘sha kichkina studiyaning yakkayu yagona telefoni jiringlay boshladi.

Tomoshabinlar bilan jonli muloqot

O‘sha davr o‘zbek telejurnalistikasidan farqimiz videoyozuvdan kamroq foydalanib, kamera oldidagi jonli muloqot ko‘pligida edi.

rasm1115
Yangiliklar studiyasidagi telefon butafora uchun emas

Ochiq aytish kerak, buning bir sababi montaj qilishga vaqt yo‘qligi, qurbimiz yetgan maishiy videomagnitofonlar sifatining haminqadarligida edi.

Video qanday tasvirga olingan bo‘lsa, shunday efirga uzatilishi shart, video izohi qo‘shimcha mikrofon orqali ochiq efirda berilardi.

300 ming kishilik auditoriya ekranida paydo bo‘lgan muloqot telefoni o‘z samarasini bera boshladi, tahririyatga teletomoshabinlarning tinimsiz qo‘ng‘iroqlari, xatlari yog‘ildi…

Hafta yangiliklari uchun syujetlar tayyorlash, videotasvirlarni montaj qilish va hafta so‘nggida eskirgan axborotlarni tashlab yuborish hech o‘zini oqlamasdi, chunki yangiliklar har kuni bor edi.

Yangiliklar orasida

Ba'zan «Ey-El-Si» muxbirlari jamoasi voqea sodir bo‘lgan yerga o‘t o‘chiruvchilardan oldin yetib borishgan.

rasm1145
ALC (Oqbo‘ri Lider Kompaniyasi) haqida «Ko‘zgu» gazetasida bosilgan maqola

Mahalliy hokimiyat tomonidan kiyim-kechak bozori o‘rtasida o‘rnatilgan temir panjaralar haqidagi xabarda bir tomonda amaldorlar, bir tomonda savdogarlar va xaridorlar turar, televidenie esa o‘z xolis so‘zini aytishi shart edi.

Chunki uning tomoshabinlari xilma-xil fikrli odamlardir. Biroq ba'zan amaldorlar negativ holat to‘g‘risidagi axborotning teletomoshabinga yetib borishini sira istashmaydi. Markaziy kanalizatsiya tizimidagi avariya holatida ham shunday bo‘ldi.

Tezkor brigada voqea sodir bo‘lgan joydan tasvir olgach, zum o‘tmay ultimatumlar kela boshladi. Jurnalist savdogar emas. Televizion yangiliklarning vinodan farqi shuki, juda tez eskiradi. Uni biror soat ham saqlamay, efirga berib ulgurish kerak.

Viloyatning buzuq yo‘llari, serqatnov ko‘chaning qoq o‘rtasida ochiq qoldirilgan kanalizatsiya lyuklari haqida esa har kuni xabar berish mumkin.

«Ey El Si” kanalining yopilishi

1999 yili “Ey El Si ” televizion kompaniyasining besh yilligi jonli efirda nishonlandi va o‘sha yili noyabrda mustaqil telestantsiya yopildi, tag‘in jonli efir paytida…

rasm1146
Viloyat matbuot boshqarmasining telekanalni yopish sababini izohlagan xati

Garchi bu davrga kelib tahririyat ikki marta sudlangan va bir marta yopilib, qayta ochilgandi.

1995 yili axloq militsiyasi tomonidan mustaqil telekompaniyaga bezorilar televideniesi deya ayb qo‘yishga urinish bo‘ldi. O‘sha yili “Ey El Si”ga tegishli stantsiyaning efir uskunalari militsiya tomonidan kesib olib ketildi va yaroqsiz holga keltirildi.

Avvaliga sud byurokratiyasi, keyin esa apellyatsiya jarayoni ancha vaqt davom etdi.

Biroq mustaqil stantsiya bu gal sudda g‘olib chiqib, efir huquqlarini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi.

1999 yilning 20 noyabrida esa studiyaga O‘zbekistondagi tsenzura institutini tamsil qiluvchi 20 dan ortiq idorani birlashtirgan muvofiqlashtirish komissiyasi vakillari keldi.

O‘sha kuni kechqurun dunyoning turli nuqtalarida hokimiyatlar tomonidan so‘z erkinligiga tazyiqlar, qo‘shni respublikalarda radio va telekanallar qanday yopilganiga oid tahliliy ko‘rsatuv dasturidan so‘ng xabarlarni uzatayotgan jurnalist Mehribon Bekievaning aytgan so‘zlari bunday bo‘ldi:

“Biz har safar “Ertagacha xayr” deya xayrlashardik, bu gal biz siz bilan noma'lum muddatgacha xayrlashamiz…”.

Kamera va efir ochiq qolgan, Mehribon esa yoqasidagi petlichkalarini olib tashlab studiyani tark etayotgan bu payt studiya joylashgan Matbuot uyining panjaralar bilan himoyalangan 8-qavatiga, qo‘riqlash xizmati xodimlarining qarshiligiga qaramay, militsiya boshlig‘i ko‘magida komissiya vakillari yetib kelishgan. Ular bizdan eshiklar ochishimizni talab qilishardi…

«Ey El Si» himoyasi uchun 1999 yilgi mahkamada javobgar tomon sifatida viloyat hokimligining iddaolari mantiqsiz bo‘ldi.

MKK ishchi guruhi a'zosi G‘olib Sher Ziyoev fikriga ko‘ra, telekompaniyaning yopilishida Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Botir Rahimov imzolagan hujjat asosiy rol o‘ynagan. Unda yozilishicha, ”Ey El Si” tanqidiy, salbiy faktlarni ko‘p yoritgan. Jurnalistik tekshiruvlarini mahalliy hokimlik bilan muvofiqlashtirmagan va huquq-tartibot organlari bilan hamkorlik qilmagan.

“Ey El Si”ni tiklash uchun jamoatchilik harakatlari sud byurokratiyasi bilan birga uzoq davom etdi.

Orada televidenie himoyasiga maqolalar chop qilgan yana bir mustaqil nashr – “Manzara” gazetasini ham yopishdi.

2000 yilning yoziga kelib respublika prokuraturasi televidenie rahbari, rassom va jurnalist Shuhrat Bobojonga qarshi ayblov ishi ochdi.

Shundan so‘ng akam Shuhrat mamlakatni tark etishga, Germaniyadan iqomat olishga majbur bo‘ldi.

Qudrat Bobojon
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 oktyabr 2016
«O‘zbekistonda chiqish vizasini bekor qilishga da'vat» deya nomlanib, o‘zbek, rus va ingliz tillarida Shange.org ijtimoiy tarmog‘ida e'lon qilingan petitsiya, ...
24 dekabr 2021
O‘zbekistonlik sharqshunos olim, marhum Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova 16 dekabr kuni Toshkent shahri Uchtepa sudiga apellyatsiya shikoyati topshirdi. ...
8 iyun 2020
Runetda, uning ketidan esa o‘znetda AQShdagi voqealarning muhokamasi davom etmoqda. “Irqchi emasman, lekin do‘konlarni yoqishning qora tanlilar huquqlariga qanday ...
26 mart 2016
Sud majlisidan chiqayotgan AQSh elchixonasi vakillarini tashqarida Jizzax viloyat televideniyasi muxbirlari Dilmurod Abduraximov va tasvirchi Umid Nosirovlar kutib olishdi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...