UzPoster
8 iyun 2020

AQShdagi to‘polon va So‘xdagi janjal o‘rtasidagi o‘xshash tomonlar qaerda?

Runetda, uning ketidan esa o‘znetda AQShdagi voqealarning muhokamasi davom etmoqda. “Irqchi emasman, lekin do‘konlarni yoqishning qora tanlilar huquqlariga qanday aloqasi bor?” deb tushuna olmayotganlar hali ham juda ko‘p.

Ular o‘zlariga bu savolni berib, unga javob topolmayotgan bir paytda O‘zbekistonning o‘zida shunga o‘xshash voqea ro‘y berdi, lekin ko‘pchilik uning AQShdagi voqealarga o‘xshash jihatlarini payqamay qoldi.

O‘zi shunaqa bo‘ladi – o‘zing yashab turgan jamiyat kontekstida voqealarga boshqacharoq qaraysan, uni tushunishing osonroq bo‘ladi.

So‘xdagi voqealardan mendan yaxshiroq xabardorsiz. Katta to‘polon, janjal, urush. So‘xlik bir guruh odamlar kattakon janjalda, ommaviy mushtlashuvda ishtirok etdi.

O‘z xatti-harakatlari bilan ular, munday olib qaraganda, milliy nizo va davlatlararo mojaro keltirib chiqardi. Qonun buzildi: ular muammosini davlat idoralariga tinch yo‘l bilan aytmay, mushtlashuvga, agressiv harakatga kirishib ketdi, qo‘shni davlat hududini toshbo‘ron qildi.

Lekin ularni qamashmadi, javobgarlikka tortishmadi. Internet faollaridan hech kim mushtlashuv ishtirokchilarini qonun buzganlikda ayblamadi, jazolashni talab qilmadi.

Chunki so‘xliklarning ahvoli o‘zbekistonliklarga tushunarli – bu voqealarning sababini biz yaxshi bilamiz. Shuning uchun qandaydir jazo choralari o‘rniga kimsan bosh vazir borib, vaziyatni iziga solib qaytdi.

AQShdagi afroamerikaliklar harakati ham shunga o‘xshaydi, faqat miqyosi boshqacharoq. Diskriminatsiyadan, g‘ayriinsoniy muomaladan to‘yib ketgan aholi agressiv harakatlarga kirishib ketdi.

Birinchi misolda ham, ikkinchi misolda ham agressiv harakatlarni oqlab bo‘lmaydi, lekin ularning kontekstiga qarab boshqacharoq yondashilmoqda, alohida shaxslarni jazolash yo‘li bilan masalani hal qilib bo‘lmasligini tushungan elita portlashga sabab bo‘lgan ichki muammoni hal qilishga urinmoqda.

Yana bir qiziq parallel. So‘xlik bitiruvchilarga davlat grantidan universitetlarga kirishda 500 ta kvota ajratilibdi. Axir bu G‘arb davlatlaridagi teskari (ijobiy) diskriminatsiyaning o‘zginasi-ku: tarixan noteng munosabatlar tufayli jamiyatning boshqa qatlamlaridan taraqqiyotda qolib ketgan qatlamlarga ko‘proq imkoniyat beriladi, toki ular imkoniyatlarni tenglashtirib olsin va jamiyatning teng huquqli qismiga aylansin.

Tarixiy adolatsizlikni bartaraf qilish uchun universitetlarda, siyosatda, TVda, kinoda qora tanlilarga va ayollarga kvotalar ajratiladi.

Bu hamma uchun manfaatli – ortda qolib ketgan qatlamning hayoti yaxshilanib, noroziligi pasayadi, ilg‘orroq qatlamning qulog‘i tinch bo‘ladi, norozi qatlamning agressiyasidan qo‘rqmaydi.

So‘x chekka va noqulay joylashuvi tufayli ko‘p muammolarga ega. 500 ta grant o‘rni yordamida yetishtiriladigan kadrlar tumanning muammolarini hal qilishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda kelajakda.

Ko‘proq bilimli kadrlar, yaxshi o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xodimlari bo‘lsa, ko‘p masalalar o‘z yechimini topishi mumkin. Mutlaq ob'ektiv adolat nuqtai nazaridan universitetga tug‘ilgan joyingga, irqingga yo jinsingga qarab emas, bilimingga qarab kirishing kerak, lekin kontekstual adolat ham bor – u mana shunday vaziyatlarda ob'ektiv adolatdan to‘g‘riroq va samaraliroq bo‘ladi.

Eldar Asanov,
Telegramdagi «Asanov formati» blogeri

Tag‘in o‘qing
27 aprel 2018
Negadir turli tabaqalardagi ba'zi kishilarda yana 9 mayni bayram qilish «qichimasi qo‘ziyapti». Bu sana bizda Ikkinchi jahon urushida qatnashib ...
9 avgust 2022
Salom qadrli muhlislar. E'tiboringizga Eltuz 600 sekundni taqdim etadi.+++Prezident Administratsiyasi rahbari Cardor Umurzaqov Chilonzor hokimi Mavlonov va  tuman prokurori ...
24 may 2021
Litva Bosh prokuraturasi Ryanair aviakompaniyasining Afinadan Vilnyusga parvoz qilayotgan uchog‘i minalashtirilgani iddaosi bilan Minskda majburan qo‘ndirilishi va yo‘lovchilarga nisbatan ...
3 iyul 2020
Yomg‘irdan qutulib, do‘lga tutilishmi? O‘zbekiston paxta sektorini xususiylashtirish jarayonidagi xatarlar Power Briefs turkumining O‘zbekistondagi paxta sektorini xususiylashtirish jarayonida asosiy ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...