Turkiyada yashagan o‘zbek yigiti xotinini o‘ldirib qochib ketdi (video)
Istanbul shahrida yashayotgan O‘zbekiston vatandoshi 27 yoshli Ma'bud Nosirov xotini 25 yoshli Zarifa Shokirovani pichoqlab o‘ldirdi. Foto: hurriyet.com o‘ngdan Ma'bud Nosirov, Zarifa Shokirova, Nodir Aslanov.
Bu juftlikni taniganlardan birining «Eltuz» muxbiriga aytishicha, Ma'bud Nosirov bundan 5 yil oldin Istanbulga xotini bilan kelib, fabrikada ishlay boshlagan.
Qo‘shnilarining bildirishicha, bu oila ko‘chib kelganidayoq kunora janjallashgan.
Ma'bud Nosirov bir-ikki marta xotinini kaltaklaganida qo‘shnilar kelib ajratgani ma'lum.
Eridan bezgan Zarifa Shokirova Istanbulda tanishgan do‘stining (erkak kishi bo‘lgan) uyiga borib yashay boshlaganini aytadi bu juftlikni tanigan o‘zbekistonlik.
«Ma'bud Nosirov xotinini uyga qaytarish uchun unga telefon qila boshladi, ammo Zarifa telefonlarga javob bermadi. Ma'budning Nodir Aslanov degan do‘sti bor. Tez-tez ularning uyiga borib-kelib turar edi. Ma'bud shu do‘stini ishga solib, bir tuzoq qurdi. Rejaga ko‘ra, go‘yoki Ma'budning Nodirdan qarzi bo‘lgan. Nodir Zarifaga telefon qilib: «Eringdan oladiganim pulni sen olib, kam ko‘stingga ishlat», degan. Bu gapga ishongan Zarifa eriga telefon qilib, pulni olish uchun vaqt belgilaydi», deydi suhbatdosh.
Qotillikka rashk sababmi?
Hikoyaning qolganini mahalliy turk matbuoti bayon etadi. «Hurriyat» gazetasida yozilishicha, Zarifa Shokirova Istanbulning Marmara dengizi sohilidagi ko‘rfazga o‘sha erkak do‘sti bilan kelib, eridan pul olmoqchi bo‘ladi. Pul berish o‘rniga eri uning badaniga to‘rt marta pichoq sanchadi. Chavaqlangan Zarifa voqea joyida o‘ladi.
Ma'bud Nosirov voqea joyidan qochadi. Jinoyatni tekshirgan turk politsiyasi Nosirovning o‘rtog‘i Nodir Aslanovni hibsga oladi.
Aslanov qotilning jinoiy sherigi sifatida ko‘rilmoqda.
Zarifa erining uyidan qochib ketganidan so‘ng birga yashagan erkak kim va uning keyingi taqdiri nima bo‘ldi, degan savolga javob yo‘q.
Turk politsiyasiga ko‘ra, o‘z xotinini o‘ldirgan Ma'bud Nosirov chet elga qochgan. Ayni paytda Nosirovning Rossiyada yoki O‘zbekistonda ekanligi taxmin qilinmoqda.
Nosirovga nisbatan xalqaro qidiruv e'lon qilingan.
Turk matbuotida O‘zbekiston vatandoshlarining fohishalik, diniy ekstremizm, terror va qotillik jinoyatlari figuranti bo‘layotgani tez-tez tilga olinadi.
Video: https://youtu.be/EoBUGyiGtM0
Eltuz.com