Asosiy mavzular
8 aprel 2024

8 aprel – Bishkekda milliy nafratga asoslangan ilk shior paydo bo‘ldi

2010 yil 7 aprel kuni o‘z qarorlari bilan oziq-ovqat va kommunal xizmatlar uchun narx-navoni mislsiz darajada ko‘tarib yuborgan Qurmonbek Baqiev hukumatidan norozi bo‘lgan xalq muxolifat qurultoyiga yig‘ilishi lozim edi.

Biroq Baqiev hukumati 6 apreldan 7 aprelga o‘tar kechasi Talasda, O‘shda va Bishkekda muxolifatning deyarli barcha liderlarini qamoqqa oldi.

Qimmatchilikdan qiynalgan xalq erkin fikrlash huquqi ham tortib olinayotganidan norozi bo‘lib prezident saroyiga yurish boshladi.

7 aprel kuni Bishkek markaziy maydonidagi prezident saroyiga yig‘ilgan odamlarga qarshi birinchi o‘q uzildi

7 aprel kuni prezident saroyini ishg‘ol qilmoqchi bo‘lgan 80 dan ortiq odamning o‘limi prezident Baqievning qochishi bilan yakunlandi.

8 aprel kuni ertalab Bishkekda milliy nafratga asoslangan birinchi shior paydo bo‘ldi. Prezident saroyi devorini uzunligi 3 metr, eni 70 santimetrli oq matoga qizil bo‘yoqlarda yozilgan “Yevreylarga Qirg‘izistonda o‘rin yo‘q” degan shior “bezadi”. Bunday shiorlar boshqa joylarda ham paydo bo‘ldi va 10 kungacha olib tashlanmadi. Oradan 10 kun o‘tgach, prezident O‘tunbaeva bunday shiorlar paydo bo‘lgani uchun qirg‘izistonliklardan kechirim so‘radi.

Ammo mana shu 10 kun davomida muvaqqat hukumat rasmiylari, jumladan, Azimbek Beknazarov etnik yahudiylarni, koreyslarni va millati qirg‘iz bo‘lmagan boshqa ishbilarmonlarning barchasini qirg‘iz xalqining «nonini tuya qilayotgan»likda aybladi. Bosh prokuraturada “karis mafiyasi”, “yahudiy mafiyasi” ishlari o‘rganila boshlandi.

Mamlakatda mana shunday jarayonlar kechayotgan bir pallada Qirg‘izistonning janubiy viloyatlari – O‘sh va Jalolobodda ham siyosiy murakkabliklar paydo bo‘la boshlagan edi.

20 aprel kuni minglab qirg‘iz yoshlari Maevka qishlog‘iga yo‘l oldi. Bu yerda ular etnik turklarga tegishli yettita uyni yoqdilar, ularning yerlarini egallab olishga harakat qildilar.

Etnik turklardan 5 kishi o‘ldirildi, o‘nlab odam og‘ir tan jarohatlari oldi.

rasm1121
Qirg‘izistonda millatchilikka chorlovchi shiorlar paydo bo‘ldi. Eltuz.com arxividan

Voqealar silsilasi

7 aprel: Baqiev hokimiyatdan ag‘darildi.
8 aprel: Baqiev Jalolobod viloyatidagi ona qishlog‘iga ketdi. Ayni shu kuni Bishkekda millatlararo nafratga asoslangan birinchi shiorlar paydo bo‘ldi.
9 apreldan to shu kungacha: Yahudiy, koreys va boshqa millat vakillaridan iborat ishbilarmonlarning mol-mulklari qayta taqsimlash siyosat nishoni bo‘lib qolmoqda. Bunga Rossiya ishbilarmonlariga tegishli ekani iddao qilinayotgan «Alfa telekom» shirkati atrofidagi janjallarni misol qilish mumkin.
15 aprel: Jalolobodda baqievchilar faollashdi
20 aprel: Maevka qishlog‘ida tartibsizliklar ro‘y berdi. Etnik turklarga tegishli 7 uy yoqib yuborildi, besh odam o‘ldirildi. Maevka voqeasida ayblanib sudlangan 5 kishidan 4 nafari shartli jazoga hukm qilindi.
13-14 may: Jalolobodda hokimiyatni egallash maqsadida baqievchilar tartibsizliklarni uyushtirdilar. Bu tartibsizliklar rahbari sifatida prezident maslahatchisi Usen Sidiqov qamoqqa olindi.

15 may: Muvaqqat hukumat tarafdorlari, jumladan, jalolobodlik o‘zbeklar baqievchilarga qarshi kurashga chiqdilar. Jalolobod hokimiyati yana muvaqqat hukumat nazoratiga olindi. Baqievning Jalolobod yaqinidagi Teyit qishlog‘idagi uyiga o‘t qo‘yildi. Qurmonbek Baqiev Qirg‘izistonni tark etdi.

May oyining keyingi kunlarida Jalolobodda qirg‘iz millatchilari tomonidan millatlararo nafratga asoslangan mitinglar o‘ta boshladi. Bu mitinglar ortidan 2010 yilning 10 iyun kuni O‘sh qirg‘ini boshlandi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 fevral 2016
Avariya chog‘ida ikki nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan, tag‘in to‘rt nafari shifoxonaga yotqizilgan. Toshkentning Nukus va Shevchenko ko‘chasi chorraxasida 11 ...
3 oktyabr 2019
«Toshkentga yurish» qilgani uchun qamalgan 56 yashar shoir Mahmud Rajab o‘n kunlik hibsdan so‘ng 3 oktyabr kuni mahalliy vaqt ...
29 mart 2019
Bizni yemirguvchi illatlar haqida gapirsam. Bu kalimani yuz yil oldin Mahmudxo‘ja Behbudiy aytgan edi. Mavzuga kirishdan oldin avvalgi safar ...
3 aprel 2019
Markazi Berlinda joylashgan O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi (UGF) 3 aprel kuni o‘tgan yilgi paxta monitoringi yakunlari asosidagi yangi videoni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...