«Eltuz» xabari ortidan MXX zobiti Toymuroz Alimov qamaldi
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov buyrug‘iga ko‘ra, qamoqxonalarda saqlangan ba'zi siyosiy va diniy mahkumlarni “likvidatsiya qilish”da qatnashgan Toymuroz Alimov 26 fevral kuni hibsga olindi.
MXX zobiti Toymuroz Alimov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi – qasddan odam o‘ldirish, 301-moddasi – hokimiyatni suiiste'mol qilish, 230-moddasi – aybsiz odamni javobgarlikka tortish kabi ayblovlar bo‘yicha tergov qilinmoqda.
Bu haqda «Eltuz»ga general Shuhrat G‘ulomov ustidan qo‘zg‘atilgan tergov ishiga aloqador bo‘lgan MXX zobiti o‘z ismini oshkor etmaslik sharti bilan ma'lum qildi.
MXX zobiti so‘zlariga ko‘ra, Toymuroz Alimov «tergov qilinayotgan mahkumlarni o‘ldirishga aloqadorlikda» ayblanmoqda.
Uning iddao qilishicha, shaxsan general Shuhrat G‘ulomovning buyrug‘i bilan 2010-2014 yillar davomida ellikka yaqin diniy va siyosiy mahkum o‘ldirib yuborilgan.
Uning aytishicha, o‘ldirilganlarning hammasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi bilan aybdor deb topilgan fuqarolar bo‘lgan.
Shuningdek, Toymuroz siyosiy faollarini jismonan yo‘q qilish amaliyotlariga shaxsan aloqador bo‘lgan.
«Eltuz» nashri Toymuroz Alimov va Javdat Sharifxo‘jaev nazorati ostida yana bir mahkum – xorazmlik tadbirkor Rahimboy Yo‘ldoshevning 2010 yil avgustida o‘ldirib yuborilganini aniqlab, maqola e'lon qilgan edi.
Ayub Mingboev
«Eltuz»ning Toshkentdagi muxbiri
Eltuz.com