Asosiy mavzular
13 mart 2019

Oliy sud jurnalistlardan qasd oldimi?

G‘ayrat Bobojonov 50 yoshda. Shundan 25 yilini jurnalistikaga bag‘ishladi. Jurnalistik faoliyatini O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil telekanalda 1994 yili boshlagan jurnalist-tasvirchi G‘ayrat Bobojonov, mana 25 yildirki, hukumat tazyiqlarini ko‘p ko‘rdi.

“Xavfli jurnalistika” degan kitobda G‘ayrat Bobojonovga qarshi mahalliy mulozimlar qilgan tazyiqlar silsilasi batafsil aks etgan. BBSning «Nyus nayt» dasturi uchun Xorazmda majburiy mehnat haqida lavha suratga olgan. “Ochiq Osiyo”, «Frans 4» kanali, «Nemis to‘lqini»¸ «Ozodlik» kabi OAVLar bilan hamkorlik qilgan G‘ayrat Bobojonov so‘z erkinligi dushmani bo‘lgan mahalliy mulozimlar tazyig‘iga uchradi. Uning uyini tortib olishdi.

O‘zbekiston Oliy sudi sudyasi J.Tirkashev xorazmlik jurnalistlar Bobojonovlar shikoyati bo‘yicha 1 fevral kungi sud ajrimi bilan ularning uylarini musodara qilish haqidagi sud hujjatini qayta ko‘rish uchun asoslar mavjud emas, deb topdi.

J.Tirkashev jurnalistlarga qarashli uylarning davlat ro‘yxatiga olinmagani bois sudning bu mulklarni davlat foydasiga musodara qilish qarorini qonuniy deb topgan.

Biroq jurnalistlarni himoya qilayotgan Toshkentdagi «Simay» advokatlik byurosi vakili 13 fevral kuni «Eltuz»ga Oliy sud ajrimi noqonuniy ekanini, mulkning davlat ro‘yxatiga olinmagani uni tortib olish uchun asos bo‘la olmasligini bildirdi.

«Bu, albatta, noto‘g‘ri ajrim. Biz bu yuzadan Oliy sud raisiga shikoyat arizasi bilan murojaat qilamiz», dedi «Simay» advokatlik byurosi vakili «Eltuz»ga.

Urganch tumani sudi jurnalistlar Shuhrat, Qudrat va G‘ayrat Bobojonovlarning Urganch tumanidagi uylarini musodara qilish qarorini o‘z kuchida qoldirishi ortidan 2018 yilning 5 dekabr kuni jurnalistlarning advokati sud hujjatlarini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston Oliy sudiga murojaat qilgan edi. Hozir Stokgolmda istiqomat qiladigan Qudrat Bobojon buni o‘zi bosh muharrir bo‘lgan «Eltuz» nashrida MXX va DXX qilmishlari aks etgan turkum maqolalar ortidan qilingan siyosiy o‘ch olish deb hisoblaydi.

2018 yilning 27 dekabrida Urganch tumanlararo fuqarolik sudi sudyasi O‘tkir Masharipov jurnalist aka-uka Bobojonovlarning uyini musodara qilish borasidagi o‘zi chiqargan qarorni kuchida qoldirgan edi.

Sudya O‘tkir Masharipov o‘z qaroriga asos qilib sudga murojaat etishning barcha muddatlari o‘tkazib yuborilganini ro‘kach qilgan.

«Simay» advokatlik idorasi vakili shu bois birinchi instantsiya va kassatsiya tartibidagi sudlarni chetlab o‘tib, Oliy sudga nazorat tartibida murojaat qilgan edi.

Jurnalist Qudrat Bobojonning so‘zlariga ko‘ra, Oliy sudning bunday ajrimiga uning «Eltuz» nashrida bosilgan MXX va DXX rahbarlari kirdikorlariga oid turkum maqolalari va surishtiruv filmlari sabab bo‘lgan, ayni maqolalar sabab uning tarmoqdagi akkauntlari ochiq tahdid nishoniga aylandi.

«Ularning so‘nggisi «DXX inqirozi. Yangi rahbariyat eski nazoratini davom ettirmoqda» sarlavhasi ostida 2019 yilning 14 yanvarida bosilgan, oradan 15 kun o‘tib – 1 fevral kuni Oliy sudning ajrimi chiqarildi», deydi «Eltuz» muharriri Qudrat Bobojon.

Uning qo‘shimcha qilishicha, maqoladagi faktlar 8 fevralga kelib to‘liq tasdiqlandi. DXX raisi Ixtiyor Abdullaev ishdan olinib, unga jinoyat ishi ochildi. O‘nlab DXX zobitlari qamaldi.

11 fevral kuniga kelib, Ixtiyor Abdullaevning o‘zi ham, «Eltuz» manbasiga ko‘ra, davlat to‘ntarishi qilishga urinishda gumonlanib qamoqqa olindi.

2018 yilning 22 noyabr kuni «Ozod Yevropa – Ozodlik radiosi» (RFERL) ning Vashingtondagi qarorgohi ma'muriyati bu amalning jurnalistlardan o‘ch olinishi ekani haqida bayonot bergandi. Hozir Pragada istiqomat qilayotgan jurnalist Shuhrat Bobojonov uyi nohaq musodara qilinganini o‘z jurnalistik faoliyati bois O‘zbekiston rasmiylarining qasd olishi, deb baholadi.

Lavhamiz qahramoni – 50 yashar xorazmlik jurnalist mahalliy mulozimlarning so‘z erkinligi bilan kurashi Karimov davridan qolgan anaxronizm ekani va bunday mulozimlar yangilanayotgan O‘zbekiston imijini dunyo jamoatchiligi ko‘z o‘ngida pastga urayotganiga e'tibor qaratadi. G‘ayrat Bobojonov Oliy sud ajrimi ustidan Oliy sud raisiga shikoyat qilishini bildirdi.

Ulug‘bek Ashur
Video: https://youtu.be/f_QjhWGMXCc
eltuz.com
Tag‘in o‘qing
8 yanvar 2016
Qishning qahri qattiqlashgan sari, gaz idorasi xodimlarining dag‘dag‘alari ortadi.  Rassom Elsevarning navbatdagi hajviy surati ham O‘zbekistondagi gaz muammolari haqida. ...
22 fevral 2021
Bosh vazirligida Qorasuv-1 mavzesi tomondagi kamtargina hovlida istiqomat qilgan prezident Shavkat Mirziyoev ayni paytda hashamatli qarorgohlarda yashashni afzal bilmoqda. ...
26 oktyabr 2018
Rossiyaning Tula viloyatida 20 oktyabr kuni 300 dan ziyod migrant shahar ko‘chalaridan harbiy asirlar kabi, bir-birining yelkasiga qo‘llarini qo‘ygancha, ...
17 fevral 2020
Yoz keldi, tugadi qish,Partiyamga ming olqish!Mo‘ridan o‘rlar tutun,Partiyam borligichun!Tong otib yorishdi kun,Partiyadan biz mamnun!Jumadan so‘ng keldi shanba,Partiyam sabab, manba!Shanba ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...