Asosiy mavzular
29 mart 2019

RTdan va'z: Bizni yemirguvchi illatlar haqida

Bizni yemirguvchi illatlar haqida gapirsam. Bu kalimani yuz yil oldin Mahmudxo‘ja Behbudiy aytgan edi. Mavzuga kirishdan oldin avvalgi safar eshitgan plastinkani yana tinglasak…

Maxtumquli g‘azalini Komiljon Otaniyozov qo‘shiq qilib aytyapti. Bu qo‘shiqni eshitgan Hindiston bosh vaziri Komiljon Otaniyozovga fil sovg‘a qilgan. Moskva zooparkidagi fil aslida Komiljon akaga hadya qilingan fil avlodi.

Qo‘shiqda va'daga vafo haqida gapiriladi. Buning teskarisi esa xiyonat va aldov…

Manmanlik

Bizni kemirguvchi illatlardan biri – manmanlik. Agar kimdir bozorga pattachi bo‘lsa, burnidan qurt yog‘iladi. Zolimga aylanadi. Umuman, zehniyatda ko‘rilgan narsa shuki, kimki boshliq bo‘lsa, qamchisidan qon tomadi. Qo‘l ostidagilar esa laganbardorga aylanadi. Nega shunday? Buni bilmayman.

Estoniya prezidenti Kersti Kalyulayd

Rasmdagi ayol Estoniya prezidenti Kersti Kalyulayd. U Myunxendagi konferentsiyada odamlar orasida o‘tirganida tanishmadiyam. U majlis zalidagi el qatori oddiy o‘rindiqda o‘tirardi.

Munozaralar paytida qo‘l ko‘tarib savol bermoqchi bo‘ldi. Majlis moderatori unga qarab, o‘zingizni tanishtiring, dedi. Bu zarifa ayol o‘rnidan turib, «Men Estoniya prezidentiman», dedi. Zalni yengil tabassum qopladi. Bo‘lar ekan-ku devday tansoqchilaru shotirlarsiz yursa ham.

Bir paytlar O‘zbekiston ham Estoniya ham bitta davlat a'zosi edik. SSSRdagi 15 respublikadan biri edik. Bugun Estoniya Yevropa Ittifoqi a'zosi va shengen tarkibida. Lekin estonlar sovet davrida mustaqillik uchun faol kurashgan edi. Balki niyati yo‘ldosh bo‘lib shu kunlarga yetdimikin. Mayli, men uchun bu ayol eng go‘zal siyosatchi va nafosatu zakovat tajassumi. Qo‘shiqda aytilgani kabi – «odobini, ibosini ko‘ring…».

Mayda o‘g‘irlik

Bizni kemirguvchi illatlardan yana biri – mayda o‘g‘irlik. Kinolarda bonkani o‘margan o‘g‘rini ko‘rsam, ruhan bonka egasi emas, balki o‘g‘ri tarafida bo‘laman. Ammo o‘zi kabi qashshoqning og‘zidagi bir burda nonini tortib olgan kalamushdan nafrat etaman.

Bu voqea o‘tgan yil 20 dekabrda bo‘lgan ekan, bugun aytib berishdi. Rossiyaning Chelyabinsk degan olis joyida ishlaydigan vatandoshimiz yangi yilni bola-chaqam bilan kutay deb Namanganga kelayotgan edi. Toshkent aeroportidagi ber-berlardan omon o‘tgan bu yigit sovg‘a-salom to‘la chamadoni bilan taksi kira qiladi.

Taksichi unga «Ikkita odamning pulini bersangiz, yakka o‘zingizni olib ketaman», deydi.

Namanganga yaqinlashgan paytda mashina to‘xtaydi. «Mashina buzildi. Orqaga o‘tib itarvoring», deydi sho‘pir mijozga.

Ko‘ngli toza hamyurtimiz shartta tushib, mashinaning ortidan itaradi. Shu payt bagajnigida yigitning chamadoni, salonda paltosi turgan mashina gaz berib mingga qo‘yib qochib ketadi.

Ikki kundan keyin o‘g‘ri qo‘lga olindi. Ammo Rossiyadan O‘zbekistonga mehmonga kelgan hamyurtimizning tirriq bo‘lgan ta'bi yaxshilanmadi. O‘g‘ri qamaldi. Shartli jazo olib, yana taksi minib yuribdi. Amnistiya bo‘ldi, avf qo‘llandi, deymiz.

Chiqib kelayotganlar farishtaday ko‘rinadi bizga. Aslida o‘g‘ri, kazzob, firibgar ko‘pi. Chiqa solib yana birovni qaqshatadi. Odatda statistika hujjatlaridagi o‘mardi, o‘g‘irladi, degan so‘zlar uncha ta'sir qilmaydi. Ammo birov ko‘z yosh bilan sizga hikoya qilsa, odamning ko‘ngli cho‘kar ekan. Shu bechora mardikor o‘zbekni qaqshatib chamadonini olgan ham o‘zbek. Shu vodiyning bolasi. Koshki shu chamadonni o‘margani bilan boyib bitib ketsa ekan.

Yana bu o‘g‘ri qo‘lga olinganida qarindoshlari kelib arizani qaytib ol¸ payg‘ambar ham kechirgan, deb dag‘dag‘a qilgani ortiqcha bo‘lgan.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 noyabr 2021
Tarmoqlarda yalang‘och videosi tarqalgani ortidan Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani hokimligi binosida 3 dekabr kuni bo‘ladigan yig‘ilishda 43 yoshli deputat ...
1 mart 2021
(Muhammad Solih audiokitobining davomi) Shaxsan hech qachon rus xalqiga kin va nafrat tuymadim. Aksincha, yoshligimda Rusiya bilan bog‘liq ishlarimda ...
14 fevral 2020
Rassom Kirpi
14 aprel 2017
Ko‘lankadagi o‘zbek millioneri 2010 yilda bir muddat qamalganidan keyin g‘oyib bo‘lgan «Paxtakor» futbol jamoasi va “Kapital-bank”ning sobiq egasi 51 ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...