Asosiy mavzular
27 aprel 2019

Paxtani qo‘shib yozishga majburlangan zavod ishchilari qamaldi

2018 yil dekabr oyida Sirdaryo viloyati jinoyat ishlari sudi Sardoba paxta tozalash zavodidagi talon-torojliklar bo‘yicha ishni ko‘rib chiqdi.

Ayblanuvchilar Sardoba paxta tozalash zavodi paxta qabul qilish punktlarining olti nafar xodimi, jumladan, direktor G‘anisher Boybo‘sinov va laborant Umida Ismanova edi. Prokuratura ularga qarshi talon-toroj, o‘zlashtirish va mansab vakolatlaridan chiqish ayblarini ilgari surdi. Tergov hujjatlariga ko‘ra, hujjatlarni tekshirish chog‘ida umumiy 7.477 tonna  amalda qabul qilinmagan paxtani “qabul qilganlik haqida» soxta ma'lumotlar yozilgani aniqlangan. Yetkazilgan zarar miqdori qariyb 7,7 milliard so‘m baholangan. Bu mablag‘ yo‘q paxta uchun fermerlarga to‘lab berilgan.

Sud hukmida aytilishicha, zavodning bir necha ishchilari paxtani xususiy shaxslarga sotish bilan shug‘ullangani va fermerlardan qo‘shib yozilgan paxta uchun pul olganini tan olgan. Ammo ularning ta'kidlashicha, bunday soxtakorliklar ko‘lami unchalik katta bo‘lmagan, yetishmagan paxta uchun esa, birinchi navbatda, zavod direktori Boybo‘sinovni topshirilayotgan paxta hajmini oshirib ko‘rsatishga majburlagan tuman va viloyat rahbarlari aybdordir.

“Eltuz” muxbiri sud hukmi bilan tanishdi va ushbu jinoyat ishining ayrim ishtirokchilari iddaolarini tingladi.

Zavod direktorining xotini Boybo‘sinova Mohida norozilik piketida

Kaltakli hokim 

2017 yil sentyabrda Sardoba paxta tozalash zavodi direktori G‘anisher Boybo‘sinov uyiga yarim tunda boshi yorilgan holda qoniga belanib qaytdi. Sirdaryo viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokim G‘ofurjon Mirzaev uning boshiga tayoq bilan ikki marta tushirgandi. Hokim Mirzaevga paxta tozalash zavodi xomashyoni qabul qilishda uning sortini pasaytirayotgani, ifloslanganlik va namlik uchun juda ko‘p chegirib qolayotgani haqida aytishganidan so‘ng shu voqea yuz bergandi.

Paxta tozalash zavodi direktori Boybo‘sinovni kaltaklash turli tashkilotlarning o‘nlab rahbarlari, viloyat prokurori va militsiyasi boshlig‘i ko‘z o‘ngida yuz berdi.


Boybo‘sinov jarohati yuzasidan berilgan poliklinika ma'lumotnomasi

Oqoltin tumani markaziy poliklinikasi vrachi tomonidan berilgan ma'lumotnoma G‘anisher Boybo‘sinov boshidagi jarohat tikilganidan so‘ng 2017 yil sentyabrdan oktyabrgacha ambulator davolanishdan o‘tganini tasdiqlaydi.

2018 yil 14 sentyabrda paxta tozalash zavodi direktori G‘anisher Boybo‘sinov hibsga olindi va unga 7 745 713 900 so‘m qiymatidagi (1 dollar – 8300 so‘m) 7477,8 tonna paxtani talon-toroj qilish aybi qo‘yildi.

“Men hokimning buyrug‘ini bajarganman”

G‘anisher Boybo‘sinov sudda viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzaev paxta topshirish ko‘rsatkichini oshirishni talab qilib, uning boshini tayoq bilan urib yorganini aytib berdi. Ko‘rsatkichni yaxshilash Oqoltin tumani davlat rejasini bajargani to‘g‘risida hisobot berishi uchun qilingan va bundan tuman hokimi Dilmurod Fozilov shaxsan manfaatdor bo‘lgan.

Bo‘ybo‘sinovning rafiqasi, sud jarayonida ishtirok etgan Mohidaning aytishicha, sudya uning eridan nega bu haqda shikoyat qilmaganini so‘ragan. Eri bunga javoban hokim tomonidan kaltaklanayotganini militsiya boshlig‘i va prokuror o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini bildirgan. “U yana kimga shikoyat qila olardi?” dedi Mohida.

Zavod laboranti: “Meni iflos paxtani qabul qilishga majburlashdi”



Umida Ismanova – Oqoltin tumanidagi Sardoba paxta tozalash zavodining «Andijon» qabul punkti laboranti

Mazkur ish bo‘yicha ayblanayotganlardan biri, Sardoba paxta tozalash zavodi laboranti Umida Ismanova huquq himoyachisi Malohat Eshonqulovaga bergan intervyusida u va zavodning boshqa xodimlari 2017 yil kuzda paxta topshirishning real ko‘rsatkichlarini soxtalashtirishni talab qilgan tuman va viloyat rahbarlarining kuchli bosimi ostida bo‘lganliklari bildirdi.

“Mening vazifamga qabul qilinayotgan paxtaning sortini va holatini aniqlash kiradi. 2017 yil 14 sentyabrda paxta qabul qilish boshlandi. Birinchi kundanoq viloyat hokimligidagi yig‘ilishlarda paxtani, uning qanday bo‘lishidan qat'i nazar, qabul qilaverish haqida topshiriq berilgan. Bizning Oqoltin tumanimizda paxtani asosan harbiylar teradi. Ularga juda katta kunlik reja qo‘yiladi. Harbiylar uchun asosiy vazifa rejani bajarish, xolos. Shuning uchun ular terilayotgan paxtaning sifatiga umuman e'tibor bermaydi. Og‘irroq bo‘lishi uchun unga barg-ko‘sak va toshlar qo‘shishadi. Sentyabr oyi oxiriga borib fermerlar sifati juda yomon paxta olib kelishni boshladi. Paxta iflos, yomg‘ir sababli nam, ichi tosh va hali ochilmagan ko‘saklarga to‘la edi.

Bunday paxta zavodga keladigan boshqa barcha paxta hosilini ifloslantirish mumkin edi. Shuning uchun oktyabr oyi boshlarida men tuman hokimi Dilmurod Fozilovga qo‘ng‘iroq qildim va vaziyatni tushuntirdim. Garchi bu birinchi terim bo‘lsa-da, fermerlar ikkinchi, hatto uchinchi sortga baholash mumkin bo‘lgan paxtani olib kelishardi. Ammo fermerlar bundan norozi bo‘lib, paxtasini birinchi sortga qabul qilishni talab qilishdi. Chunki bunga qimmatroq to‘lanadi. Fermerlar aks holda paxta yetishtirish uchun bank bergan kreditlarini qaytara olmasliklarini aytishdi”, dedi Umida Ismanova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dalalarda paxta ko‘p edi, ammo muammo shunda ediki, harbiy terimchilarni terilayotgan paxtaning sifati umuman tashvishga solmasdi, unda turli chiqindilar ko‘p edi. Shuning uchun paxtani qabul qilayotganda u ifloslanganlik uchun ko‘p chegirib qolishga majbur bo‘lgandi.  

Bundan tashqari, 400 kilogramm qilib toylanadigan bu paxtalar ulkan xirmonda 6 oygacha ochiq havoda saqlanishi sabab barcha hosilni rasvo qilishidan cho‘chigandi.

Oktyabr boshlarida Umida Ismanova tuman hokimligiga telefon qilgan. Bu qo‘ng‘iroqdan so‘ng paxta qabul qilish punktiga Oqoltin tumani hokimi Dilmurod Fozilov kelib, uning iddaolarini tinglagan bo‘lsa-da, paxtani qabul qilishni davom ettirishni talab qilib, fermerlarga “yordam berish” kerakligini aytgan.

Shundan so‘ng Umida Ismanova Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzaevning qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qilib, yuzaga kelgan vaziyatni tushuntirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hokim G‘ofurjon Mirzaev paxta tozalash zavodiga kelib, Umida Ismanova va boshqa laborantlarni ifloslanganlik uchun juda ko‘p chegirib qolayotganlikda, keyin ortiqcha paxtani sotish uchun bundan manfaatdor ekanlikda ayblab baqirgan.

“Men yig‘ladim va hokimdan meni urishmaslikni so‘radim. Uchta kichik bolam bor, kambag‘al oiladan chiqqanman, paxtaning holatini yaxshilab ko‘rsata olmayman, chunki paxta kamomadi aniqlansa, meni aybdor qilishadi. Mening orqamda odamim yo‘q, agar meni qamashsa, bolalarimni kim boqadi?” deydi Umida Ismanova.

Shunga qaramay, tuman va viloyatning turli darajadagi rahbarlari ko‘rsatkichlarni yaxshilashni talab qilishdi, zavod direktorining kaltaklangandan so‘nggi sukut alomati rizoligi bilan esa sifatsiz paxtani yuqori ko‘rsatkichlarda qabul qilish davom etdi.

O‘z xavfsizligini ta'minlash maqsadida Umida Ismanova paxta qabul qilish bo‘yicha parallel ravishda ikkita jurnal yurita boshladi. Bitta jurnalda paxtaning haqiqiy holati, uning asl namlik va ifloslanganlik darajalarini qayd etib, topshirilgan paxtaning qancha foizi chegirib qolinishi kerakligini ko‘rsatdi. Jurnalda paxtaning haqiqiy ko‘rsatkichlarini fermerlarning imzolari bilan tasdiqlatdi.

Boshqa bir jurnalga esa qabul qilishga majbur bo‘lgan paxtaning yaxshilangan ko‘rsatkichlarini yozdi. Haqiqiy ko‘rsatkichlar kiritilgan jurnal ham yuritayotgani haqida Sardoba paxta tozalash zavodi direktori G‘anisher Boybo‘sinovaga aytganida, u bunga qarshilik bildirmadi.

Tuman va viloyat hokimlariga xavotirli vaziyat haqidagi murojaatlari e'tiborsiz qoldirilgandan so‘ng paxta mavsumining eng qizg‘in pallasida, 28 oktyabrda Umida Ismanova o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shadi. Chunki, o‘zining aytishicha, soxtalashtirishning oqibatlari qanday bo‘lishini yaxshi tushunardi.

Komissiya paxta kamomadini aniqladi

2018 yil iyunda Sardoba paxta tozalash zavodiga kelgan reviziya komissiyasi paxta kamomadini aniqladi. Prokuratura davlat mulkini talon-toroj qilish bo‘yicha zavod direktori va besh nafar xodimiga qarshi Jinoyat kodeksi asosida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (167-modda), mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish (205-modda) va mansab soxtakorligi (209-modda) yuzasidan ish ochdi.

Bir oydan so‘ng, 2018 yil iyulda Umida Ismanova va zavodning boshqa xodimlari guvohlik ko‘rsatmalari berish uchun prokuraturaga taklif etildi. Tergov chog‘ida barcha laborantlar paxta ko‘rsatkichlarini oshirishni talab qilgan rahbarlarning kuchli bosimi ostida bo‘lganliklari haqida o‘xshash ko‘rsatmalar berdi.

Ismanova prokuratura tergovchisiga haqiqiy ma'lumotlar ko‘rsatilgan, fermerlarning imzolari turgan jurnalni berdi va paxta kamomadi majburiy soxtalashtirish oqibati bo‘lishi ehtimolini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tosh va turli chiqindilar aralashtirilgan xomashyo zavodga topshirilgan paxta sifatida qabul qilingan.

“Deylik, agar fermer 15 tonna iflos paxta olib kelgan bo‘lsa, bu xuddi zavodga topshirilgan paxta sifatida rasmiylashtirilgan va shunga muvofiq 15 tonna paxta uchun haq to‘langan. Ammo olib kelingan paxta tozalangandan so‘ng 5 tonnasi chiqindiga chiqqan, paxta kamomadi shundan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin. Agar jurnal bo‘yicha tekshirilsa, ifloslanganlik uchun chegirma 70-80 foiz bo‘lishi kerak edi, aslida esa paxta 25-30 foizlik chegirma bilan qabul qilingan”, deb tushuntirdi Umida Ismanova.

Bu iddaolar qabul qilinmadi va oradan ko‘p o‘tmay, garchi hibsga olinmagan bo‘lsa-da, Ismanova guvohdan ayblanuvchiga aylantirildi.

Ismanovaning aytishicha, sudda ishtirok etgan 10 nafar fermer o‘zlarining dalasidan harbiylar tergan paxtaning sifati past bo‘lganini tasdiqlagan. Sudya fermerlardan paxta topshirish ko‘rsatkichlarini oshirib yozgani uchun zavod ishchilariga pul to‘laganmisiz, deb so‘raganida, ular to‘lamaganini, paxta esa haqiqatan ham past sifatli bo‘lganini bildirishdi.

“Hokim va boshqa rahbarlar javobgarlikni o‘z zimmalariga olishi kerak”

Mohida Boybo‘sinovaning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yil sentyabrda eri uyga boshi yorilib qaytib kelganida u tez yordam chaqirmoqchi bo‘lgan, ammo eri hammasi o‘tib ketishini aytib, bunga ruxsat bermagan. U eridan yig‘ilishda hokim o‘rinbosari Komiljon Sobirov hokimga Sardoba paxta tozalash zavodi “paxta sortini atayin pasaytirayotgani”dan shikoyat qilganidan so‘ng hokim erining boshiga tayoq bilan urganini bilib olgan.

“Erim ishdan bo‘shamoqchi bo‘lgandi, lekin unga ruxsat berishmadi. U yerda o‘g‘irlik bo‘lmagan, ammo paxta ko‘rsatkichlari oshirib ko‘rsatilgan, chunki tuman va viloyat rahbarlari shuni talab qilgan. Buni viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzaev talab qilgan, Oqoltin tumani hokimi Dilmurod Fozilov talab qilgan, buni har tunini zavodda o‘tkazib, paxtani yuqori ko‘rsatkichlarda qabul qilish talabi bilan laborantlarga tazyiq o‘tkazgan paxta tresti raisi Azizbek Ismoilov talab qilgan. Nega sud bu rahbarlarni chaqirmaydi? Nega ular zavod xodimlarini natijalarni oshirib ko‘rsatishga majbur qilgani uchun javobgarlikka tortilmaydi”, deydi Mohida Boybo‘sinova.

Uning ta'kidlashicha, zavod ishchilari ko‘rsatkichlarni oshirishdan manfaatdor emas edi, bundan faqat rahbariyat oldida hisob berishi kerak bo‘lgan hokimlar manfaatdor edi.


Timur Karpov fotosi. 2018 yil

Sud hukmi

2018 yil 26 dekabrda Sirdaryo viloyatidagi sud Sardoba paxta tozalash zavodi direktori G‘anisher Boybo‘sinovni qiymati 7 745 713 900 so‘m bo‘lgan 7 477,8 tonna paxtani o‘g‘irlashda aybdor deb topdi va 8 yilu 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi.

Zavodning sudga tortilgan boshqa xodimlari 2 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish va turli miqdordagi zararni qoplash jazosiga hukm etildi.

Shuningdek, sud laborant Umida Ismanovani ham aybdor deb topib, 4,6 yilga ozodlikni cheklash jazosi belgiladi. U soat 22.00 dan ertalab 6 tagacha uyda bo‘lishi va Sirdaryo viloyatidan chiqmasligi shart. Qolaversa, davlatga 1 mlrd 424 million so‘m zararni to‘lashi kerak.

«Men umrim davomida bunday jarimani to‘lay olmayman, chunki men 600 ming so‘m bo‘lgan kichik maosh evaziga yashaganman va boshqa hech qanday daromad olmaganman. Erim meni uch farzandim bilan uydan haydadi va hozir pensioner ota-onamnikida yashayapman», dedi Umida Ismanova huquq himoyachisi Malohat Eshonqulovaga bergan videointervyusida.

2019 yil 30 yanvarda bo‘lib o‘tgan apellyatsiya eshituvida sud hukmi o‘z kuchida qoldirildi. Ayni paytda advokatlar ishni O‘zbekiston Oliy sudida ko‘rish uchun shikoyat arizasi berishgan.

«Eltuz» ushbu jarayonni kuzatib boradi.

Izoh: 2018 yil kuzida 10 ming askar Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida paxta tergan edi.

Video: https://youtu.be/0f6zoPl3OEM

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 fevral 2018
Prezident Mirziyoev 31 yanvar kuni Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatovni ishdan olishidan sal avval uning ikki o‘rinbosari va ...
16 noyabr 2023
14 noyabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tizimda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan nuqt ...
7 iyul 2019
Xayrullo Fayz 1970 yilda Ho‘jandda tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini bitkazgan. Bi Bi Si radiosining o‘zbek xizmatida ishlaydi. Ochilgan ko‘zdan ...
22 mart 2016
O‘zbekistonda 2015 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida to‘plangan ma'lumotlar hukumat majburiy mehnatdan tizimli ravishda foydalanishga chek qo‘yish uchun zarur islohotlar ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...