Asosiy mavzular
28 may 2019

Muhammad Solihning kitobi uchun jazolangan shoir hikoyasi

Ichki ishlar vazirligi tergov departamenti xorazmlik shoir va jurnalist 56 yashar Mahmud Rajabga nisbatan diniy ekstremizmni targ‘ib qiluvchi materiallar kontrabandasi bo‘yicha jinoyat ishini 30 aprel kuni ochdi.

Jinoiy ishga asos qilib, 26 mart kuni Toshkent aeroportila Mahmud Rajabdan olib qo‘yilgan kitob va audiomateriallar kiritilgan.

O‘sha kuni u Gruziyadagi seminardan Istanbul orqali qaytgan va muxolifat lideri Muhammad Solih kitoblarini o‘zi bilan olgan.

Musodara qilingan kitoblar orasida Muhammad Bekjonning qamoqda o‘tgan kunlari haqidagi «Alvido, Jasliq» kitobining bir necha nusxasi ham bor edi.

Tergov departamenti rasmiy bildirishida yozilishicha, kitoblar hamda bir dona “Mi 5+” rusumli mobil telefon apparati xotirasida diniy mazmundagi, aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallar (video, audioyozuvlar va elektron kitoblar) borligi aniqlangan.

Mahmud Rajab 27 may kuni «Eltuz» muxbiriga bergan intervyusida esa uyida tintuv o‘tkazilgan paytda ham unga jinoyat ishi ochilgani haqida aytishmaganini bildirdi:

«Ular birorta savolimga javob berishmadi. O‘zlarini tanishtirishmadi. Hujjatlarini ko‘rsatishmadi. Tintuv davomidayam «Boshliqlaringiz kim?», «Kim bo‘lasizlar?», «Qaysi idoradansizlar?», degan savollarimga ham javob berishni istamadi ular».

Mahmud Rajab bu kitoblarga o‘zbek ziyolilari orasida katta qiziqish borligi uchun Istanbuldan olib kelganini aytadi.

Mahmud Rajabning do‘stlari va hamkasblari esa u o‘z hayoti va ijodi bilan har qanday ekstremizmdan yiroqligini namoyish qilayotganini bildirishadi.

Mahmud Rajab kitoblar bir bahona ekani, aslida unga nisbatan bosimlarga O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi faoliyati sabab bo‘lganini aytmoqda.

Mahmud Rajabning fikricha, unga qarshi ish ochishdan yana bir maqsad uning atrofidagilarni qo‘rqitishdir.

«Bu voqealarni uyushtirishdan maqsad meni qo‘rqitish emas. Chunki mening qo‘rqmasligimni ular yaxshi bilishadi. Boshqalarni qo‘rqitish bu. Mening atrofimda do‘stlarim ko‘p. Odamlarni qo‘rqitish. Xalqni qo‘rqitish ularning maqsadi.»

Mahmud Rajab yashayotgan Nurli yo‘l mahalla fuqarolar yig‘ini raisi uning biror diniy ekstremizmga aloqador ekanligini inkor etmoqda.

Mahmud Rajab tintuv paytida kitoblari, ishlatilmagan SD disklari va uning yangi mobil telefonidan tashqari siyosiy varaqa deya rasmiylashtirib yetti varaq qog‘ozni ham musodara qilishganini aytadi.

IIV saytida e'lon qilingan rasmiy bildirishga ko‘ra, tintuvda olingan ashyolar yuzasidan tegishli (dinshunoslik, sud-siyosatshunoslik-lingvistik, kompyuter-texnik) ekspertizalar tayinlangan.

Video: https://youtu.be/Bbw5BAvTROI

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 sentyabr 2017
5 sentyabrda O‘zbekistonda konvertatsiya ochilishi bilan, horijiy valyuta faqat konversion kartochkalarga o‘tkazish orqali sotilishi ma'lum bo‘ldi. Garchi rasman O‘zbekiston ...
2 may 2023
Namangan viloyati  Pop tumani Chodak qishlog‘ida yashovchi Doniyor To‘raxo‘jaev bosqinchilikda gumonlangan 40 yashar ukasi Dilshodjonning 12-15 aprel kunlari Toshkent shahar ...
4 yanvar 2020
Dengizda shamol ko‘tarilarkan, bu shamol kimningdir elkanini shishirib manziliga eltadi. Kimningdir kemasi esa shamolga chiday olmay g‘arq bo‘ladi.  Keyingi bir oy ichida 68 ...
17 dekabr 2019
So‘kong‘ichligi bilan nom chiqargan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev 2 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqda tarqalgan navbatdagi audioyozuvida gaz yo‘qligi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...