Asosiy mavzular
31 may 2019

RTdan va'z: Faqat xotinlar qolgan davlat

Prezident Shavkat Mirziyoev Andijonga borganida televizorda uni nuqul ayollar o‘rab olgani ko‘rindi. «Besh bolam bor, uy bering» degan ham, «ikkita bolasini yetalab ko‘chada qoldim» degan ham, televizor orqali «uy oldim» deb sevingan va prezident ketganidan keyin teshik tog‘ora oldida qolgan ham ayol.

Erkaklar qani bu mamlakatda? Odamlar o‘g‘il ko‘rsam, deb orzu qiladigan mamlakatning qaeriga qarama, ayollar, kampiru juvonlar.

Hokimlik oldini qamal qilib haqini so‘rayotgan ham, qora bozorda dollar sotayotgan ham ayol.

Ayni paytda qizi bor o‘zbek undan tezroq «qutulsam» deb orzu qiladi. Qiz bola xuddi qutulish zarur bo‘lgan og‘ir yukday.

Qizlar esa tezroq erga tegib, borgan joyida tosh bo‘lsam, deydi. Ammo daraxtni tepsang, qiz yog‘ilsa ham tuzukroq er yo‘q.

Erkaklarning bir qismi Suriyaga ketib, o‘zini portillatib yuborgan bo‘lsa, qolgani Rossiyada SPID va sifilisdan qirilib ketdi.

Boy xotinga uylanib, «xotinining ketidan kun ko‘radigan» toifa bor-u, ammo bu alfons hojilar boy qizlarnigina ov qilishadi.

Shu ramazon kunlarida sovchi xolalar qizlarni erga berishning samarali usulini joriy qilishdi. Demak, siz «qiz»siz. Erga tegmasdan «uyda o‘tirib» pirduxtar bo‘lish tahlikasi bor, xudo ko‘rsatmasin.

Marketing tili bilan aytsak, siz tovarsiz, er esa iste'molchi. Har qanday tovar o‘z segmentiga reklama qilinadi. 

Reklama iste'molchi talabi asosida shakllanadi. Bugungi o‘zbek iste'molchisi uchun kelin degan tovarning «halol» degan tamg‘a urilgani kerak. Halol kolbasa kabi. 

«Muslima» kelin qilishni lyuboy drakon qaynona xohlaydi. Shu talabdan kelib chiqib, birinchi tryukni amalga oshiramiz.

Demak, siz «muslima » qiyofasiga kirasiz. Ro‘molni turkcha o‘raysiz. Qoshni dubaycha, kiprikni saudiyacha qilib qayirasiz. Ëningizga bir Sottiga o‘xshash xunuk va qaqildoq dugonani olib, boylar iftor qiladigan restoranga borasiz.

Iftor paytida past (ammo 10 metrdan eshitiladigan) mazoxist ovoz bilan qur'on tilovat qilasiz. Iftorda o‘tirgan potentsial qaynona sizni payqab, «voy shu qizni kelin qilsam», deydi. O‘shanda yoningizdagi Sottixon yugurib borib potentsial qaynona (yoki er)ga telefoningizni beradi. U yog‘i oddiy marketing. Tovar o‘z egasini topadi. Teshik munchoq haqidagi maqol aytiladi shu yerda.

Ro‘zadan keyin to‘y mavsumi boshlanadi. Tak chto‘, mendan aytish pirduxtarlar. Shu o‘rinda yana bir gap. O‘zbekistonda ayol va erkakning huquqi teng. Erkaklarning ham boy qizga uylanish huquqi bor¸
Nega qizlar oq «Bentli»da yuradigan milliarder boyga erga tegsa aybmas-u, ammo oltiariqlik kambag‘alning qashshoq o‘g‘li boy xotinga uylanib qaddimni ko‘tarib olay desa ayb?

Nega bu haqsizlik? Qashshoq bilan qashshoq qo‘shilsa, ulardan tug‘iladigan bolalar yemay-ichmay, yaxshi kiyinmay, o‘qimay, chuvrindi bo‘ladi. Suvga suvni qo‘shsangiz, suv bo‘ladi. Qatiqqa suv qo‘shsangiz, ayron bo‘ladi.

Yana bir o‘ylab ko‘raylik, azizlar, bizning chmo, urod, yaxshi yemay, oriqlab ketgan, ko‘chadagi viveskani ham o‘qiyolmaydigan darajada savodsiz, eshshakdan boshqa bilan ishqiy praktikasi bo‘lmagan yigitlarimizni boy qizlar shatakka olib botqoqdan chiqarsa, nimayam qilamiz. Bu hayotda kimdir pritsep, kimdir jip moshin. Sudrasin bir-birini.

Nima deysizlar, bekajon boy xotinlar? Ro‘za oyidagi marhamat va himmatning hikmati bisyordur.

O‘zbekistonda 95 foiz musulmon yashaydi, deyiladi. Moshalloh. Demak, ramazon oyida o‘g‘irlik, qotillik, bola sotish kabi jinoyatlar kamayishi kerak. Ammo statistikaga qarasak, hech narsa o‘zgarmagan.
Shu-shu ot, mol, mashina o‘g‘irlash. Qotillik. O‘z farzandini sotish. Qizlarni zo‘rlash.

Buxoro tumanining Shergiron MFYda yashovchi 22 yoshli do‘kondorning do‘kon eshigini buzib kirib, u yerdan pul, tamaki, aroq, vino  va oziq-ovqat mahsulotlarini o‘g‘irlab ketishdi.

Talonchilar shu elning, qulog‘iga azon aytilgan musulmon farzandlari bo‘lib chiqdi. Ro‘za oyida o‘g‘irlik qilganlar Qorako‘l tumanining Tinchlik mahallasida yashovchi  uch yigit ekan.

Oldin o‘g‘ri deganda ko‘z oldimizga qo‘llariga nakolka urilgan, bir-ikki xodka qilib, afti bujmaygan qo‘rqinchli odam kelardi. Bugun tevarakka qarasam, manzara bo‘lak.

Oddiy munisu mushfiq Anjanning Jalaquduq tumanida yashovchi ayol qo‘shnisining ochiq qolgan eshigidan iymanibgina kirib, «qo‘shniii, bormisiiiiz, uuuv», deb chaqirib, sekin ichkari uyga kirib, taxmon orasidagi 3100 dollarni sekin olib, lippasiga tiqib chiqib ketyapti. Chiqib ketayotib, uchrab qolgan qo‘shnining 8 yashar bolasini sizlab so‘rashib ham qo‘ydi.

Sirdaryoning Mirzaobodida yashovchi hurmatli bir amaki esa yon qo‘shnisining darvozasi ochiq qolgan uyiga kirdi. So‘ridagi gilamni devorga suyanib turgan velosipedga yuklab oliiiiib, ketiiiib qoldi.

Hozir bu amaki o‘tiribdi tergovda, velosiped va gilam o‘g‘irlaganlikda ayblanib. Nuqul yig‘laydi, yoshim bir joyga borganda sharmanda bo‘ldim, deb. Namanganlik munisa ayol qo‘shni qizning qo‘lidagi telefonni aldab olib qo‘yib sotvoribdi.

Quyichirchiqlik obro‘li ayol to‘ytepalik tanish ayolni Koreyaga ishga yuboraman deb aldab, 4 400 dollar pulini olib qo‘yib, bez bo‘lib o‘tiribdi. «Pulga zaril edim, o‘sha pulni ehtiyojimga ishlatvordim, maqlay axir, pul zarur», deydi.

Bu salbiy gaplarni qayta-qayta aytgandan ne foyda, muammoga yechim dardga davo toping, Tuz og‘a, deyishadi.

Dard bor joyda mutlaqo davo ham bo‘ladi. Mana Namangonning Chust tumanida shifobaxsh suv otilib chiqdi. Bu suvni hokim ichsa, pora olmaydigan bo‘lib qolar ekan. Sudya ichsa, adolatli hukm chiqarar ekan. O‘g‘ri ichsa, to‘g‘ri bo‘larmish. Kal ichsa, soch chiqarmish.  33 millionlik millat dardiga davo.

Ba'zilar bu hech qanaqa shifobaxsh suv emas, shunchaki kanalizatsiya yorildi, deyishadi. Xo‘sh, nima bo‘pti? Agar ishonch bilan ichilsa, oddiy suv ham malhamga aylanadi. Shu desangiz, bir donishmand odam O‘zbekistonga kelib qolib, ilk uchragan odam bilan suhbatlashib qolibdi.

-Ilgari bu yurtda nima qilishgan?

-Daraxt ekishgan.

-Qani u daraxtlar?

-Gaz bo‘lmagani uchun kesib o‘tin qilib yoqvorishdi.

-Yana nima qilishgan?

-Traktor, samolyot ishlab chiqarishgan.

-Qani u zavodlar?

-Sotvorishdi.

-Kim sotdi?

-Inoyatov.

-Puli qani?

-Rossiyada tovuq ferma ochdi o‘rniga.

-Uni jazolashdimi?

-Yo‘q, Senatga ko‘tarib qo‘yishdi.

-Yana nima qilishgan bu yurtda ilgari?

-Temir yo‘l qurib, Sibirdan yog‘och-taxta olib kelishgan.

-Qani u temir yo‘l?

-Odamlar temir yo‘l shpallarini kesib, pichoq va xanjar yasashdi.

-Nima qiladi u pichoq va xanjarlarni?

-Bir-birini so‘yadi.

-Nega odamlar bir-birini so‘yadi?

-Chunki bir-birini otgani o‘qi yo‘q.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

video: https://youtu.be/63kLCBmGp8Q

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 oktyabr 2021
O‘zbekistonda kriminal «avtoritet» sifatida ko‘riladigan 71 yoshli “tadbirkor”  Salim Abduvaliev​ qozog‘istonlik jurnalist Nursait Jilqichiboyga o‘zining Toshkent va Bo‘stonliqdagi qarorgohida ...
3 iyun 2019
28 may kuni Toshkentda o‘tgan konferentsiyada prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva mahalliy ommaviy axborot vositalarining «oqsayotgani»ni aytib tanqid qildi. ...
4 fevral 2019
Tadbirkorlikni himoya qilish shiorini ko‘tarib olgan amaldorlar aslida ishbilarmonlarning sa'y-harakatlariga eng katta to‘siq bo‘lib qolayotir. Xorazmda o‘zi xon, ko‘lankasi ...
2 noyabr 2016
«Xalq so‘zi» gazetasi (29.10) «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi so‘rovning natijalari haqida maqola e'lon qildi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...