«Biz baxtli bo‘lamiz xudo xohlasa…»
Shanba kuni Berlin markazida aylanib yurib, tasodifan bir nikoh to‘yining guvohi bo‘ldim. To‘y korteji kajavali bittagina velosipeddan iborat edi.
To‘yda kelin-kuyov bilan qo‘shib hisoblaganda bor-yo‘g‘i 8 kishi qatnashdi. To‘ydagi yegulik-ichgulik velosiped kajavasiga jo bo‘ldi.
Kelin-kuyovlar “Eltuz” nashri uchun o‘z sevgi hikoyasini lutfan aytib berishdi.
Kuyov 26 yoshda. Uning ismi Volf, o‘zbekchasiga Bo‘rivoy bo‘ladi. Germaniya o‘ntaligiga kiradigan IT shirkatda ishlaydi. Oyiga 10 ming yevrodan ko‘proq oylik oladi.
Kelinning ismi Linda. 23 yoshda. PR shirkatda dizayner. Oyiga o‘rtacha 3 ming yevro oladi.
Ular ikki yil mobaynida sevishib, bir-birini yaxshi tanigach, to‘y qilib umr rishtalarini bog‘lashga qaror qilishdi.
To‘y tantanasi Berlindagi burgeramtda nikohdan o‘tish rasmiyatchiligi bilan boshlandi. Ya'ni ular zagsdan o‘tishdi. Nikohdan o‘tish sharafiga sakkiz kishi bir shisha shampan sharobi ichishdi.
Keyin oldiga yog‘ochdan bo‘lgan quti tirkalgan birgina velosipeddan iborat to‘y korteji bir paytlar Germaniyani ikkiga ajratgan devor bo‘ylab uzangan Shlizishes ko‘chasi bo‘ylab yurdi.
Orqada kelin-kuyovning kumush sochlari quyoshda yaltirab ko‘ringan ota-onalari mamnun qadam tashlaydi. Ularni suratga olayotgan turistlarga qarab jilmayib, poz berishadi.
Kelin-kuyovlar Treptov parkiga yaqin joydagi turklar bit bozori deb aytadigan eski-tuski bozoriga borishdi. Toshkentdagi Tezekov bozoriga o‘xshash bu bozorda har xil ashqol-dashqollar sotiladi.
Shu bozordan kuyovbola o‘z turmush o‘rtog‘i Lindaga sovg‘a olib berdi. Piva qopqog‘ini ochadigan bronzadan bo‘lgan ochqich. Keyin ular ko‘chaga chiqib, bozorga yondosh joydagi parkda “to‘y” qilishdi.
Endi to‘yni tasvirlasam. O‘rtada kajavali velosiped turibdi. Ichida meva sharbati, piva va makkajo‘xori qalamchalari deya bilganimiz chips solingan yaltiroq xaltachalar.
To‘y xarajatlari. Velosiped kuyovbolaning o‘ziniki. Demak tekin. Quti ichidagi yegulik va ichimliklar narxi 40 yevro atrofida. Mehmonlar o‘zlari bilan sharoblar olib kelishgan.
Kuyovbolaning kelinga sovg‘asi qiymati 2 yevro. Lindaning oldiga borib, «Eltuz» nashri o‘quvchilariga biror narsa ayt, deb iltimos qildim.
Lindaning aytgan gapi aynan mana bunday bo‘ldi: Wir werden glücklich sein, wenn Gott will. Buni tarjima qilgach, o‘zim hayron qoldim – “Biz baxtli bo‘lamiz xudo xohlasa”.
Muhammad Yusufning shunaqa she'ri bor edi. Darvoqe, shu kunlarda bu she'rning xonanda Aziz Nasafiy tarafidan qo‘shiq qilingani tarmoqda bahs bo‘lmoqda.
Mayli-da, kimgadir
Yoqsa, yoqmasa,
Ularga qo‘shilib
Yig‘lasharmidik.
Biz baxtli bo‘lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik…
Eltuz.com