Asosiy mavzular
2 dekabr 2019

«Begona», 3-qism. Muhammad Solih hayoti haqidagi film

Turkiyada yashayotgan atoqli adib va siyosatchi Muhammad Solih shu yilning 20 dekabrida 70 yoshga to‘ladi.

Muhammad Solih hayoti haqidagi sizga taqdim etilayotgan film o‘zbek yozuvchisi va dramaturgi, muxlislariga “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan “Oq bino oqshomlari” filmi va “Bu kunlar” romani bilan tanilgan Nurulloh Muhammad Raufxon (Nurilla Otaxonov) loyihasi asosida tayyorlandi.

“Eltuz” nashri ko‘p qismdan iborat suhbatning 3-kismini e'tiboringizga havola qiladi.

«Begona»: 3-qism matni

Bir yonda ojiz-u, bir yonda kuchli
kurash boshlanarkan tarafma-taraf,
ojizning yonini olganing uchun
“xoin” deb nom olmoq naqadar sharaf!

Na sharaf, xalqini qul etgan podshoh
“mening dushmanim” deb seni atasa,
jazavaga tushsa, isming eshitgan chog‘
kitobingni o‘qib, yirtsa, toptasa!

Na sharaf-ki zulmga “zulm!” deya olsang,
boshingda har kuni sinsa-da tayoq,
shaytondan qo‘rqmaslik naqadar go‘zal,
na go‘zal yagona Ollohdan qo‘rqmoq!

M.S: Men yana Muhammmad SAVning o‘sha avval eslatganim, «insonlar o‘lganda uyg‘onurlar», degan hikmatning iqlimiga qaytishni istayapman. Tasavvufda, bilasiz, «O‘lmoqdan oldin o‘lmoq» qabilidagi bir sententsiya bor. Bu yerda zikr qilinayotgan o‘lim, albatta, nafs o‘limidir. Ammo nafssiz inson ham yo‘q aslida. Bu yo‘qlik Allohdan boshqa hech bir hadaf, hech bir orzu, hech bir g‘oyasi bo‘lmagan yo‘qlikdir.

Biz bugun Payg‘ambarimizning «Insonlar o‘lganda uyg‘onurlar», degan hikmatidan ilhomlanib, o‘lmasdan oldin uyg‘onmoq istaymiz. Bu hayotning Payg‘ambarimiz zikr etgani kabi chindan ham bir uyqu ekanini idrok etmak uchun bu uyqudan o‘lmasimizdan oldin uyg‘onmoq kerak bo‘layapti. Uyg‘onish esa uyqu dunyosi, yolg‘onchi dunyoning haqiqatlarini aytish bilan mumkindir.

1985 yilda yosh ijodkorlar tarafidan Politbyuroga yozilgan xatning orqasida turgan gaplar o‘sha biz aytmoqchi bo‘lgan haqiqatlardir. Bu maktubga jamoatchilik orasida uch xil munosabat bo‘ldi, bilasiz. Bir guruh ziyolilar yoshlarning maktubini gizli bir xushnudlik bilan qabur qildi. Ikkinchi guruh qizg‘anchlik bilan, ko‘pchilikni tashkil qilgan uchinchi guruh esa bu narsani loqaydlik bilan qabul qildi.

Xushnudlik bilan qabul qilgan guruh keyinchalik, maktub yozilganidan 4-5 yil so‘ngra milliy harakatlar safiga qo‘shildi. Qizg‘anch guruh esa yoshlarga ochiq tahdid qila boshladi va Moskvaning yonini olib: «Bu yoshlarga nima kerak o‘zi? Bularga Lenin bobom mavzoleydan turib ta'zim qilsinmi?» Bularga atom bombasining knopkasini berib qo‘yaylikmi, deb bizga qarshi hayqirdi. Bu hayqirgan zot o‘sha Rashidov davrida juda arzanda bo‘lib, kommunistik rejimning barcha ne'matlaridan foydalangan bir shoir edi.

Qisqasi, Politbyuroga maktub o‘zbek ziyolisi uchun bir maraktosh vazifasini bajardi. 80-yillarda ziyoli qatlam o‘zining potentsialini ko‘rdi. O‘zining zaxirasini ko‘rdi. Bu narsa o‘sha kommunistik rejim qirib tashlagan, jadidlardan keyin paydo bo‘lgan, sahroda ko‘ringan ilk yashillik edi. Albatta, gurkirab o‘sib ketmadi, bir bog‘ paydo bo‘lmadi, lekin o‘sha sahroda yashillik alomatlari ko‘rina boshladi.

Shu mavzuda o‘sha davrda, ya'ni 85-yilda yozilgan bitta she'rimni o‘qib bermoqchiman. Bu she'r o‘sha davrning kayfiyatini, menimcha, she'riy shaklda ifodalagan bir matn. She'rning oti «Turkiston», o‘zining asl ismi, ammo tsenzuradan himoya qilib, do‘stlar o‘sha paytda chiqqan kitobda «Yurak» deb atang deyishdi va «Yurak» shaklida chiqdi. Ammo- lekin aslida she'rning nomi «Turkiston». Hozir uni o‘qib bermoqchiman:

Har bir soniyada yuz bor tintilgan,
Yuz bor so‘roqlangan shappatday diyor —
Senmi, hali o‘sha ko‘kka intilgan,
Senmi qorong‘uda axtargan ziyo?!
Farovon hayotdan noshukur banda,
Non emas, erk haqda kuylagan senmi —
Yomon otli bo‘lib hammaga bunda,
Yana hamma haqda o‘ylagan senmi?!
Senmi tutib qolgan Adl qamchisin,
Senmi haq jazoga xalaqit bergan —
Senmi nishon olgan ko‘z yosh tomchisin,
Senmi hali o‘sha takabbur mergan?!
Senmi hamon bo‘ysunmagan bo‘yin,
Qaqragan lablarning ol qahri — senmi?
Qullar sahrosida ko‘tarib quyun,
Hech ne ko‘rmaganday lol dahriy — senmi?!
Soqchi uyquda deb umid-la boqqan,
Qochishni ko‘zlagan senmi piyoda —
Bu og‘ir zanjirni shaldiratmoqqa
Jur'at etgan senmi jim-jit dunyoda?!
A-ha, senmi?!

NM: Men hozir eshitayapman-u, o‘yladim. Siz o‘qigan she'rni agar bugun yozsangiz, bugun ham shunday yozilardi…

MS: (kuladi) Bugun ham javobgarlikka tortishadi.

NM: Ha, yo‘q-yo‘q. Gap bu haqda emas, ya'ni chekilgan jabrlar bo‘lsayam, xalqni o‘ylashdan chiqdi bu. Vatanni o‘ylashdan chiqdi, boshqa bo‘ldi. Go‘yo 35 yil burun bugun haqida yozilganday.

MS: Endi, bu judayam ochiq she'r. Buyam o‘sha paytda yozilib, Ra'no Abdullaeva ishdan ketganidan keyin bosildi. Albatta, sovet rejimi avvalgi rejim edi, lekin shu narsalar bosildi. Ikkita she'r bu.

  1. MUMKIN

So‘zingni aytmayoq yeyishing mumkin,
Hali ham bor bo‘lsa aytajak so‘zing.
«Mo‘min musulmonman», deyishing mumkin,
Hali ham musulmon bo‘lmasang o‘zing.
«Oq tuya ko‘rdingmi», deb so‘rasalar,
«Ko‘rmadim» deyishing mumkindir ko‘rib.
Agar vijdon qiynab, topsang hafsala,
Uyingda yig‘lashing mumkin o‘kirib.
Tishni tishga bosib mumkin chidamoq,
Agar qolgan bo‘lsa og‘zingda tishlar.
Mumkindir — suyakka yetguncha pichoq,
Butun qolgan bo‘lsa suyaging agar.
Chidamoq mumkindir toki o‘lguncha,
Agar allaqachon o‘lmagan bo‘lsang.

2. MUMKIN EMAS

Siz betobsiz, betobsiz oshna —
Mumkin emas ko‘chaga chiqish.
Mumkin emas dunyoqarashni
Buzadigan kitoblar o‘qish.
Mumkin emas noma'lum tomon,
Olis tomonlarni sog‘inmoq.
Mumkin emas, sog‘liqqa yomon
Sevmoq, cho‘kka tushib sig‘inmoq.
Mumkin emas kiyinmoq qishda,
Mumkin emas och bo‘lsang yemoq.
Mumkin emas hatto ohista,
Qo‘rqa-pisa «mumkinmi», demoq.
(1984)

O‘sha paytning qatag‘oniga javob-da bu.

NM: Biz, mana, jadidlar haqida gapirdik. Jadidlarning qatag‘on qilinishi millatning belini sindirgan.

MS: Aynan shunday.

NM: Chunki ular oydinlarimiz edi, yo‘l ko‘rsatuvchilarimiz edi. Bir to‘p podaga aylanib qoldi xalq. Bir qo‘rquv saltanati tashkil bo‘ldi. Butun bir sovet dahshati, harbiylari bilan, KGBsi bilan xalqning liderlari, oydinlari boshi olinganidan keyin bu xalq qo‘yday yuvosh bo‘lib qoldi-da. O‘shaning kayfiyati «Mumkin emas»da aynan seziladi. Bu uzoq vaqt davom etayapti, mana hozirgi kunlargacha… Qo‘rquv saltanatidan qutulib ketganimiz yo‘q. Tashqarida bir-ikki yil yashab ko‘rgan odamlar biz qanaqa muhitda yashayotganimizni biladi.

MS: Men bir tajribamni aytay. Men bu yerda yashab, masalan, Istanbulda, Ovrupada yashadim, bizning mamlakatdan kelgan, hatto eski SSSRdan kelgan odamlarni men gapirmasayam yuzidan tanirdim. Hammasining yuzida bir qo‘rquv tamg‘asi bor. Xuddi orqasidan birov quvib kelayotganday hadiksirab, sal narsa uchun jahli chiqishga yoki qo‘rqib qochib ketishga tayyor… Yoki shunday bir sarosima yuzida bor. Bir qo‘rquv bor. Bu o‘sha qullikning tamg‘asi. Faqat o‘zbeklardagina emas, ruslardayam bor edi. Bugun ruslarda bu tamg‘a yo‘qoldi. Ammo o‘zbeklarda bu tamg‘a hamon davom etayapti. Bu asorat bugungi kunda yanayam jirkanchroq shaklda davom etdi. Chunki qayta qurish yillarida bizda paydo bo‘lgan erkinlik ruhini Karimov o‘ldirdi. Sovet davrida bu qullikni his qilish, unga qarshi kurashish bir sharaf edi, chunki tashqaridan kelgan bir dushman edi u. Ammo o‘zimizdan chiqib turib, bizga bosqinchidan ko‘proq zulm o‘tkazgan hukmdorga qullik xalq uchun katta bir haqorat bo‘ldi. Va bugun ham mana shuning asoratidan qutulganimiz yo‘q.

NM: O‘sha qo‘rquvni yuraklarga singdirgan kommunistik tuzum – sovet mustamlakasidan qutulganimiz mustaqillik biz kutgan ozodlikni, biz kutgan erkinlikni bermay, boshqa narsa bo‘lib chiqqanligi alamli. Hozir aytdingiz, mana, dushman begona bo‘lsa boshqa masala u. Sal yengilroq bo‘ladi. Chunki shu begonalar ezayapti, deysiz. O‘zingdan chiqqani balo bo‘ladi. Men sizga o‘zi adabiyot haqida gaplashamiz, she'rlar haqida gaplashamiz, degan niyatimda, baribir, istaymizmi, yo‘qmi, sizning ikkinchi bir faoliyatingiz – siyosat haqida so‘ramoqchi bo‘lib turuvdim. Lekin bu she'rlarni eshitib o‘tiribmiz, bu mavzuga allaqachon kirib bo‘lingan ekan…

MS: Amaldagi faoliyat, ya'ni aktiv sof siyosat, tabiiy, bu she'rlar paydo bo‘lganidan bir o‘n besh yil keyin boshlandi. Lekin siyosatning tamali o‘sha paytda biz yozgan asarlarda edi. Men faqat o‘zimni nazarda tutayotganim yo‘q, umuman, bizning o‘sha avlod. Bu jarayon balki ba'zi shaxslarda sekinroq yurgan bo‘lsa, ba'zilarda tez yurdi. Lekin hammasi ham istasa-istamasa, siyosiylashgan edi. Ya'ni 80-yillar oxiriga borib, bizdagi o‘sha mavjud Stalin davrida yaratilgan apolitizm, ya'ni siyosatdan uzoqlilik sekin-sekin yo‘qola boshladi va hatto shoirlar ham she'r yozishni qo‘yib, maqola yoza boshladi. Ya'ni siyosiylashdi jamiyatimiz. Va bu bizning mazlum xalqimiz uchun juda katta bir chiqish yo‘li edi – siyosiylashuv. Lekin, mana, keyingi Karimov davrida, 26 yil hukmronlik qildi, va mana shu siyosiylashgan bir jamiyatni yana o‘sha apolitizm chuquriga, jarga itardi. Va xalqimiz siyosatdan qancha uzoq bo‘lsak, shuncha tinch yashaymiz, degan qanoatda bo‘ldi. Aslida aqlli insonlar bunday deb o‘ylamaydi. Lekin xalqimizning aksariyati siyosatdan uzoqlashtirildi. Va siz o‘zingizning ishingizni qiling, siyosatni degan kommunistlarning aqidasi yana jamiyatimizda ustun rol o‘ynay boshladi.

NM: Sizni 50-yillar avlodi dedik. Mana shu avlod ham keyingi o‘zgarishlardan unumli foydalangan holda millatni uyg‘otishga turli yo‘llar bilan harakat qildi. Biz buning samarasini qayta qurish davrida ko‘rdik. Shu avlod yetakchilik qildi. Tashqaridan bilamiz endi, qachon va qaysi harakatlar paydo bo‘ldi? Sizda shaxsan siyosatga aralashish qachon paydo bo‘ldi?

MS: Aslida mening tabiatim – apolitik insonman. Ya'ni siyosatni yomon ko‘rgan odam, sovet davrida, hozir ham juda yaxshi ko‘raman deb o‘ylamayman siyosatni. Lekin bir shunday tarixiy davr keldiki, shoir ham siyosat bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ldi. Hali Mayakovskiyning gapi bor. «Ya nastupil na gorlu sobstvennoy pesni» degan, taxminan shunday iborasi bor. Ya'ni «men o‘z qo‘shig‘imning bo‘g‘ziga oyog‘imni qo‘ydim. Qo‘shig‘imni to‘xtatib, siyosatga berildim», degan ma'noda. Biz ham o‘sha paytda qo‘shig‘imizni chetga surib, maqolalar yoza boshladik. Hatto demografik masalalarni ham. Orol masalalari. Ayollarning sog‘lig‘i. Tug‘ilish. O‘lish. Bolalar o‘limi. Ya'ni bizga hech aloqasi bo‘lmagan, hatto yaxshi bilmagan temalarda yozishga majbur bo‘ldik, chunki bu masalalarning hammasi bizning mazlum xalqimiz masalalari edi. Va bularni o‘rtaga olib chiqish imkoni paydo bo‘lgan edi. Bir minbar bor edi. Nega biz ungacha ramziy she'rlar, metaforik she'rlar, falon oqim deb yashirib o‘zimizning hislarimizni, ishg‘olchilarga, mustamlakachilarga qarshi o‘zimizning ramziy yo‘llar bilan kurashib yurgan shoirlar birdaniga ko‘rdiki, bir imkon paydo bo‘ldi. Ya'ni ochiq aytish, yalang‘och aytish, va darhol aytish mumkin bo‘ldi… Shuning uchun ham men ongli ravishda maqolalar yoza boshladim va publitsistikaga o‘tdim. She'rim to‘xtadi. She'r yozishni yomon ko‘rganim yoki yozadigan she'rim bo‘lmagani uchun emas. Balki mana shu tarixiy zaruriyat mening shaxsiy zaruriyatimga aylandi. Masalan, aytishadiki, «men xalqqa o‘zimni bag‘ishladim, xalqning dardini aytdim». Men unday deb ayta olmayman. Menga uyqu bermayotgani uchun bu dard bilan shug‘ullandim. Xalqimning dardi menga uyqu bermaydi. Men yaxshi uxlashim uchun o‘sha dardni aytishga majbur bo‘ldim. Buyam bir egoizm. Men o‘zim.. Muhammad Solih o‘zining yaxshi uxlashi uchun mana shu gapini aytishi kerak, aytmasa yomon uxlaydi. Ya'ni buyam bir egoizm o‘ziga yarasha. Ya'ni xalqimning dardi mening dardim degan gap bir balandparvoz so‘z emas. Biz uchun bir real bir so‘z edi. Bizning hayotimiz edi bu. O‘sha 80-90 yillarda biz na bir muofot kutdik. Aksincha, biz mukofot emas, qarg‘ish oldik. Bizni «xalq dushmani», «panturkist, ruslarga qarshi bular», «bularni yo‘q qilish kerak», degan maqolar yozildi bizga qarshi. O‘sha Krujilinlar esingizda bo‘lsa. Biz quvg‘in qilindik. Xalq dushmani e'lon qilinib, kitoblarimiz to‘xtatildi. Biroq biz to‘xtatganimiz yo‘q, baribir yozdik yozadiganimizni. Chunki, yana aytaman, xalqning dardi bizning dardimiz bo‘lgan edi. Bu hech balandparvoz so‘z emas. Bu bir mubolag‘a, bu bir tashbeh emas. Masalan, o‘zbeklar falon, o‘zbeklar savodsiz, qo‘y xalq deb Moskvadagi bir gazeta yozsa, men masalan uxlay olmas edim. Ertalabgacha maqola yozib o‘rislarning o‘ziga yuborar edim, o‘rislar bosar edi. O‘zbekiston mening maqolalarimni bosgani yo‘q ko‘pini, ruslar bosdi. O‘zlariga qarshi maqolalarni ruslar bosdi. Hatto 86-87 yillarda, hali qayta qurish uncha avj olmagan paytlarda ham mening milliy masalalar bo‘yicha maqolalarim, demografiya bo‘yicha, «Drujba Narodov», «Literaturnaya Rossiya» jurnallarida bosildi. O‘sha paytlarda ilk da'fa 88 yilda SSSR yozuvchilar Soyuzining s'ezdida mustamlaka deb aytdim O‘zbekistonni. Buni hamma chiqib, hatto mana tirik O‘ljas Sulaymon, Chingiz Aytmatov (vafot etdi), Anor Ozarbayjon shoiri, ular meni tabrikladi. Haqiqatan ham o‘sha paytlarda, 80 yillarning ohiriga borib o‘zbek ziyolisi uyg‘ongan edi, tom ma'noda. Hozir ham gapirilayapti uyg‘onish haqida. Men aytayapman o‘lmasdan oldin uyg‘onishimiz kerak deb. O‘sha paytda uyg‘onish bor edi. Bugun ham o‘sha uyg‘onish haqida gapirayapmiz, tasavvur qiling. Mana mustaqillikdan keyin 29 yil o‘tayapti hali ham uyg‘onish haqida gapirayapmiz. Hali ham «Ey Xalqim uyg‘on!» deb she'r yozayapmiz. Mana shu dard bizni siyosatga olib keldi. Dard meni yomon ko‘rgan narsamga olib keldi. Xalqning dardiga olib keldi. Men hech qachon, Alloh huzurida aytamanki, mening hech qanday shaxsiy manfaatim yo‘q edi.

Bu yaxshi yo yomon deb aytayotganim yo‘q, men real gaplarni aytayapman. Agar men biror shaxsiy narsaga intilganimda edi, masalan moddiy, yoki bir mansab men buni olgan bo‘lar edim. Karimov menga juda ko‘p narsalarni va'da qildi, hech bir narsasini olganim yo‘q. Saltanatining yarmini hatto, 90-yillarda va'da qildi. Bunga kelamiz hali bu voqeaga. Men buni rad qildim, chunki Men uning uchun yashayotganim yo‘q edi. Bugunam uning uchun yashayotganim yo‘q. Bugunam men bir taxt uchun kurashayotganim yo‘q, taxtdagilar zolim bo‘lgani uchun ularga qarshi kurashayapman. Hamma o‘ylaydi Muhammad Solih haliyam shu taxt orzusida. Unday bir orzuim yo‘q mening. Taxtda o‘tirsin, ruscha aytganda «radi boga», o‘tirsin shu yerda. Ammo adolatli bo‘lsin, xalqiga xizmat qilsin. Xalqni ezmasin. Ana unda men muxolifatni tashlayman. She'rimni yozaman. She'r yozish men uchun qulay.

80-yillarning oxiriga borib, butun sharoitlar ham yetishdi. Hali aytganimizdek SSSR, boltiqbo‘yi va boshqa hududlarda. «Birlik» harakatining bir paytlar jadidlar bizning o‘sha 10-yillarda tuzgan bir partiya ekanini mendan boshqa va KGBdan boshqa hech kim bilmas edi. «Erk» partiyasining ham aynan o‘sha jadidlar tarafidan tuzilganini mendan boshqa KGB bilar edi ammo. Chunki ular o‘ldirganda… Hatto mening yonimda eng yaqin yurgan o‘sha paytda Ahmad A'zam, Zohir A'lam, boshqalar… Ulargayam men aytganim yo‘q. Chunki men ularga jadidlar tuzgan, o‘shalardan qolgan ismlar bu desam, ular qo‘rqib ketadi dem men andisha qildim. Aslida ya'ni «Birlik» va «Erk» jadidlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri davomi degan g‘oyada bu ismlarni qo‘ydim. Bo‘lmasa, tashkilot tuzaylik deb Zohir A'lam kelgan. Ular «E'tiqod» degan bir ism bilan kelishgan. Biz jadidlarning mafkuraviy davomchisi edik. O‘sha paytda «Birlik»da milliy masalalar u qadar bir ochiq qo‘yilmagan edi. Chunki 88-yilda tuzildi bu. Chunki u paytda hali sharoit yetilmagan edi. Lekin ekologiya ham milliy masala edi zotan. Lekin Mustaqillik, Moskvadan ajralish, yangi bir davlat qurish, sovetlardan ajralish g‘oyasini biz «Erk» partiyasida qo‘ydik.

«Erk»ning o‘z oti. Ya'ni mustaqillikning ismi edi. Kommunistik partiyadan keyin qurilgan O‘zbekistondagi ilk partiya «Erk» partiyasi edi. Buni ko‘p yoshlar hali bilmaydi. Va «Erk» nomining tarixini bilmaydi hali yoshlar. Bu tarix bizni jadidlarga bog‘laydi. Jadidlarning qurgan partiyasi edi. Ular – jadidlar, hammasi qatl qilindi. O‘rtada sahro paydo bo‘ldi va bu sharafga biz muyassar bo‘ldik. Va biz 80-yillarning oxirida ularning to‘xtab qolgan ishini, bayrog‘ini olib ko‘tardik.

NM: «Erk» partiyasiyam vaziyat yetilganidan keyin paydo bo‘ldi, demak?

MS: Shunday.

NM: Demak, siyosiy masalalarni ham qo‘yishga vaziyat yetildi. Minbarlar paydo bo‘ldi.

MS: Minbarlar doim bo‘lgan. Ammo minbarlarda gapiriladigan gapning miqyosi kengaydi. Chunki u paytlarda she'rlar orqali cho‘ntagimizda musht ko‘rsatar edik. Endi mushtni cho‘ntakdan chiqarib ko‘rsata boshladik. Dedik, biz mustaqil bo‘lamiz. «Erk» partiyasi mustaqillik g‘oyasi bilan chiqdi.

«Erk» partiyasining birinchi majlisiga Karimov yaxshi munosabatda bo‘lgan edi. Keyin u yerdagi mening programmamni ko‘rib, hammasini teskari o‘girib yuborishdi. «Erk» partiyasining birinchi qurultoyiga Moskvadan o‘sha xabar agentliklarning muxbirlari kelgan edi. Ular endi Gorbacheving siyosatini qo‘llaydi deb o‘yladi ular. Chunki «Birlik» paytida Gorbachevning g‘oyasini qo‘llab quvvatlar edik ochiqchasiga.

Ammo, birinchi marta bizga mustaqil bo‘lishdan boshqa bir yo‘l yo‘q degan g‘oyani o‘zining programmasida «Erk» partiyasi qo‘ydi. Buni eshitib hatto bizga hayrixox bo‘lgan liberal ruslar ham zalni tark etdi. Chunki ular separatizm tarafdori edilar. Karimov ham qo‘rqib ketdi. Avval u loyal edi. «Erk» partiyasi shunday qilib

tug‘ilmasidanoq qora ro‘yxatga kirdi. «Birlik»da unday radikal g‘oya yo‘q edi. O‘zi «Birlik»ka zo‘rg‘a chidab turgan edi, «Erk» esa undan ham radikalroq chiqib, mamlakat mustaqilligini e'lon qildi. Mana bular endi, ko‘proq siyosiy motivda yozilgan she'rlar. Butun asarlarimni Moskva yoritib turgan paytda, Moskvaga qarshi yozilgan she'rlar.

«Dehqon qo‘llari» turkumidan

Xudo qaramadi mening ra'yimga,
Allaqachon o‘zining muhrini bosdi.
Va ijrochi farishta qoq manglayimga,
«Lavxul maxfuz»dagi qismatim yozdi.

Manglayimga boqib, uydagilar ham,
Ëzuvni o‘qiyolmay bo‘ldilar sarson.
Nihoyat markazdan kelgan bir odam,
O‘qidi va dedi: sen paxtakorsan.

Shu-shu oltin topgan qul kabi xursand,
Yuraman paxtalar ko‘karsa gulday,
Men mahzun yuraman achchiq qish kirsa,
Topgan oltinini yo‘qotgan qulday.

Ba'zan tushlarimda so‘kinaman bad,
O‘ngimdachi, tavba deyman asosan.
Har holda eng shirin taom bu mehnat,
Eng katta idish bu sabr kosasi.

O‘RTOQLIK HAZILI

Paxtalar ochilib tursa…
Daf'atan
Kulib turgan havo ketsa buzilib,
Qor yogsa, bu demak , yerga nisbatan
Osmonning o‘rtoqlik hazili.
Chopib rais kelsa, kiyib ol egning,
Qor emas, paxtadir turgan osilib,
«Terish kerak» desa, bu bir o‘zbekning
O‘zbekka o‘rtoqlik hazili.
Zo‘riqib paxtadan uyganda tog‘ni,
Markazdan kelsayu kimdir suzilib,
«To‘yga ketdik» desa, bunisi sog‘ning
Kasalga o‘rtoqlik hazili.
To‘yga kelsa o‘zbek va dasturxonda
Non emas, shiorlar tursa yozilib
Bu ham bir paxtakor O‘zbekistonga
O‘rtoqning o‘rtoqlik hazili.
… O‘risning o‘rtoqlik hazili (kulishadi)

BOShQA

O‘t bor, o‘lan bor, maysadan gilam bor,
May bor, palov bor, alvon rang yalov bor,
Baxt bor, saodat bor, to‘y bor, ziyofat bor,
Hamma narsa bor o‘zbekdan boshqa.
Qari bor, qartang bor, kattayu kichik bor,
Achchiq bor, chuchuk bor, it bilan kuchuk bor,
Qurt bor, qumursqa bor, ilon bor, chayon bor,
Hamma narsa bor o‘zbekdan boshqa.
O‘zbek qani? O‘zbek – paxtada!

Mana bu. «Erk» partiyasi bo‘lmagan, ammo Erk so‘zi menda doim motiv bo‘lib o‘tadi doim.

TILChINING DYeGANI

«Erk» so‘zi
Otasi emasmikan «erkak» so‘zining?
Shunday bo‘lishi mumkin,
Faqat – o‘tgan zamonlarda.
«Erk» so‘zida, balki,
Umuman ma'ni yo‘qdir,
«Erk» so‘zi shunchaki
O‘layotgan askarning bo‘g‘izidan chiqqan
«Hiq»illashdir?
Shunday bo‘lishi ham mumkin,
Faqat Afg‘on tomonlarda.
Biz uchun esa,
Erinchoq odam to‘qigan so‘zday tuyular u,
Shunchalar qisqa:
Erk.

TAShBYeHSIZ ShYe'R

(Bu Lenin va Stalin va Brejnev haqidagi she'r deb shifrasini aytib qo‘ydim)

Buyuk odam injiq bo‘ladi sal,
Bu ham bir fazilat albatta.
Dunyoga kelar u xohlagan mahal
Va xohlagan jumhuriyatda

Buyuk odam kamtar, bunaqa odam,
Tug‘ilmay ham turar yuz yillab ba'zan.
Tug‘ulgudek bo‘lsa, mabodo,
Bizdan yashirinib yurar muntazam.

Bizdan berkinadi chunki buyukning
Ta'masi yo‘q bizdan tariqcha.
Kamtarlik ham yukdir,
Bu yukni tarixiy zarurat derdi tarixchi.

O‘sha kamtarligi sabab birgina
Berkinmas u boylik, moli ortiga,
U bizdan “insoniy” berkinar,
Deylik o‘z soqoli ortiga.

Basharti udumda bo‘lmasa soqol,
Buyukka yetadi oddiy bir mo‘ylov,
Bizga shu mo‘ylov ham kelsa gar malol,
U qoshi ortiga berkinar darrov.

Qoshni ham ko‘p ko‘rsa noshukur davr,
Buyuk odam hech bo‘g‘ilmaydi.
Faqat kamtarona qiladi sabr,
Udum evrilguncha u tug‘ilmaydi.

O‘sha qosh, soqol, mo‘ylov o‘sha paytdagi shaxslarning bir ramzi edi bu she'rda.

Shunday she'rlar ko‘p. Ya'ni men bu gaplarni bizni eshitayotgan yoshlarga qarata gapirayapman. Buni bizning tengdoshlar bilishadi. Bizdan kichikroqlar ham bilishadi. Ammo biz ketgandan keyin, mana 30 yildan beri tashqaridamiz biz. Yangi bir avlod paydo bo‘ldi. Ular bilmaydi. Ularning hammasiga Muhammad Solih terrorist. 99-chi yilgi portlashlarni Muhammad Solih qildi. U vatanga doimiy hiyonat qildi degan gaplar bilan ularning miyasini chorak asr davomida Karimovning propogandasi yuvdi. Mana shu yoshlarga qaratib aytayapman bu gaplarni.

Biz aytayapmizki, sizning sevgan millatingiz, mening ham millatim. Biz uning kadarini, taqdirini o‘ylab maydonga chiqqanmiz, va biz uni sevganimiz uchun ham yurtdan surgun qilindik. Uni sevganimiz uchun ham uni bizdan ayirdi dushmanlar.

Shu dard bilan hali ham yashayotganimiz uchun biz yurtga qaytayotganimiz yo‘q.

NM: 80-yillardan buyog‘i deylik, tarix yetkazilmagan hozir millatga. Yoki buzib yetkazilgan. Ayniqsa mustaqillikdan keyin tarix faqat o‘sha Islom Karimov tarixiga aylantirildi. Ungacha bo‘lgan tarixiy voqealar, mustaqillik uchun kurash, masalan, hazilakam gap emas. O‘sha ekologiya uchun kurashlar ham, hazilakam gap bo‘lmagan, o‘sha zamonlarda. Bitta kichik tumanlarga borib qilingan mitinglar ham. Lekin tarix kitoblarda bu yo‘q hozir.

Buni bilishmaydi. Chunki buni aytsa, aslida mustaqillik uchun kimlar kurashgani yuzaga chiqib qoladi-da. Shuning uchun endi bu yashirildi. Biladiganlar ham bu zulmlardan keyin ichiga yutdi. Oshkor aytadigan minbar ham qolmadi. Imkon ham qolmadi. Hafsalalar pir bo‘ldi. Mana shuning oqibatida 30 yoshlilar va hatto 40 yoshlilar ham deyish mumkin. Chunki mustaqillik arafasida tug‘ilganlar, 10 yosh edi.

MS: Biz chiqib ketganda tug‘ilgan edilar.

NM: Hali aqli yo‘q edi. To‘g‘ri bilan egrini bilmas edi. o‘shalar 30 yilni qo‘shsa 40 yosh bo‘ladi. Avlodning katta bir qatlami asl haqiqatlardan uzib tarbiyalandi. Biladiganlar bor albatta. Endi shuning uchun, mening bir ijodkor sifatidayam dardim, bu haqiqatlarni qachondir, mayli og‘irliklarini bo‘yinga olgan holda yetkazish kerak. Bilish kerak. Bugun endi imkoniyat borku mana.

MS: Mana shu siz bilan qilayotgan suhbatimiz. O‘zingiz ham aytayapsiz. Bu sizning g‘oyangiz. Mana shu maqsadni tashiydi. Ya'ni yetkazish uchun, bu yerda ochiq, hech murosasiz gapirishimiz kerak. Birovlarning ko‘ngliga tegish ehtimoli bor afsus. Ammo bizning maqsadimiz birovlarning ko‘ngliga tegish emas, haqiqatni aytish.
NM: Bor haqiqatni yetkazish…

MS: Ha. Birovga yoqish ham bizning maqsadimizmas. Tabiiy yomon gapirishni istamaymiz, lekin yomon gapirilmasin deb haqiqatni gapirmay tura olmaymiz. Gapirishimiz kerak, chunki, juda oz odam bu ishni qilayapti. Haqiqatan ham mana shu siz bilan qilinayotgan suhbat juda noyob bir narsa. Bizning aytayotgan gaplarimiz noyob emas, mavzuimiz noyob. Chunki bu mavzuda gapirayotgan odam juda oz. Bugun masalan juda ko‘plar, haligi jadidlarni oqlash uchun chopib yuribdi. Jadidlar bunday bo‘lgan degan nutqlar qilishayapti. Jadidlarga qilinayotgan zulm bugun ham davom etayapti, bizga qarshi zulm davom etayapti, nega buni hech kim gapirmaydi? Ya'ni ayni zulm, Stalin davrida qilingan zulm bugun ham ayni shaklda davom etayapti.

NM: Davom etayapti.

MS: Nega buni gapirishmaydi? Buni men ziyolilarga aytayapman. Hukumatga aytayotganim yo‘q. Ziyolilarning o‘sha, eng old safida, hurmat tarafida turib, o‘zlarini go‘yo adabiyotning jonkuyari qilib ko‘rsatayotgan do‘stlarimizga aytayapman. Nega siz bunaqa munofiqlik qilayapsiz? Cho‘lponni gapirasiz, Fitratni gapirasiz, raxmat sizga. Ularni nashr qilayapsiz, ular ezilgan deb hayqirayapsiz. Lekin, ularga qilingan zulm bugun boshqalarga ham qilinayaptiku. Nega bu haqda hech qanday gap aytmaysiz.

1986 yil noyabr oyida bir plenum bo‘lgan edi. Ya'ni Gorbachev keldi. Perestroyka boshlandi, ammo hali bizga yetib kelgani yo‘q edi. Moskvada boshlangan, bizga sekin keldida… Shu plenumda men chiqib, cho‘lponlar, fitratlar haqida gapirdim. Ruscha gapirdim. Soyuz a'zosiman. Moskvada maqolalarim chiqib turibdi. Ozgina mashhur bo‘lganman u paytlarda. Shuning uchun menga so‘z berishga majbur bo‘lishdi. gapirdim.

Bugun dedim, ba'zi Cho‘lponni chiqarish kerak deb aytib yurgan odamlar hay'atda o‘tiribdi dedim. Komil Yashin, Laziz Abdusamatov, Laziz Qayumovlar hammasi shu yerda o‘tiribdi. Bular chiqaradimi, dedim. Bular uning bosh dushmaniku, dedim. Hammasi jim bo‘lib sovuq bo‘lib qolishdi. Shuning uchun ochiq bo‘laylik, mard bo‘laylik dedim. Ochiq aytish kerak, bu odamlarni uzoqlashtiringlar. Bu g‘oyaga boshqa insonlar kelsa ular chiqaradi, dedim. Hozir chiqaramiz degan gap o‘zlarini ko‘rsatish uchun aytilayapti, dedim.

Majlisdan chiqqandan keyin Ozod Sharofiddinov yonimga kelib, «Yaxshi gapirdingiz» deb shipshidi. «Menga shivirlamang Ozod aka dedim. Chiqib, o‘sha yerda gapiring, dedim. Ya'ni Ozod aka o‘zi Cho‘lpon tarafdori bo‘lib yurdi, nashrga tayyorladi. Lekin, men undagi ijtimoiy munofiqlikni aytayapman. Insonlar go‘yo tarafdor lekin, haqiqatni aytish uchun ozgina tavakkal qilishga tayyor emaslar.

NM: Ozgina jur'at kerak.

MS: Bo‘lmasa Ozod aka ancha progressiv odam edi. Keyin tamoman Karimov tarafga o‘tib ketdi. Bu boshqa masala. Lekin o‘sha paytda, 70 yillarda ilg‘or odamlar qatorida sanalar edi.

NM: Bir necha marta mana she'rlaringizni o‘qidingiz. Buni yanayam o‘qing deyman. Chunki haqiqatan ham bu keyingi propaganda orqasida nafaqat sizning siyosiy arbob sifatida, balki shoir sifatida ham xalqqa unuttirildi. Dastlab, yodingizda bo‘lsa, biz endi u yoqda edik. Sizlar chiqib ketganlaringdan keyin, orada biror yillardan keyinmikan, darsliklardan yirtib olindi. Sizning she'rlaringiz bor sahifalar, Gulchehra opani she'rlari bor sahifalar yiritib olindi. Mana shu narsa bir ramziy ma'noki, bizning xalqimiz xotirasidan yirtib olindi. Bu 27 yillik tashviqot-targ‘ibot xotirani yuvish bilan shug‘ullandi. Buning natijasida, hozirgi aytganimiz 40 yosh avlod deyarli bilmay o‘sdi. Bils haligiday salbiy tomondan biladi. Terrorist deb biladi. Insoflisi sal fikrini aytmay turadi, lekin juda ko‘pchilik adashayaptiyam. Shuning uchun suhbatimizda maqsad ham shuni oydinlatish. Hammayam sizday fikrlashi shart emas, hammayam sizni yoqlashiyam shart emas.

MS: Mumkin ham emas bu.

NM: Bu boshqa masala. Boshqacha fikrda bo‘lish. Lekin, bir insonga haqsiz bo‘laroq agressiv bo‘lish bu endi adolatsizlik. Solih aka o‘sha davr ruhini beradigan, bu ruhni hozirgi avlodga yetkazadigan yana bir nechta she'rlardan o‘qisangiz yaxshi bo‘lardi.

MS: O‘zbekning dunyoga qarashi

Qo‘limda piyola. Chordona qurib,
Kutaman. Mudraydi horg‘in ko‘zlarim.
Yalqov qahr bilan pashshani qo‘rib,
Kutaman. Kelmadi hali do‘stlarim.

Hali dushmanlarim to‘plangani yo‘q,
Yurishar uzilgan simlarni ulab.
Har holda, ulardan mening ko‘nglim to‘q –
Payt kelsa, bir-birin topajak ular.

Payt kelsa, bilmayman, nega yarayman?
Qo‘limda piyola. Chordona qurib,
Loqaydlik pardasi aro qarayman:

Hali o‘nglamadi o‘zini zo‘rlik,
Qanotin yozmabdi hali haqorat,
Hali qiyomiga yetmabdi xo‘rlik!…

SIZGA YaRAShAR

Gul haqda kuylashni sizga chiqargan,
Bahor iste'dodi sizda namoyon,
Sizga yarashadi, boqib yuqoriga,
Desangiz, meniki erur shu osmon!

Yarashar, meniki, desangiz yerni,
Chunki aldamaysiz shunday deganda,
Shu yer – meniki, deb yozarkan she'rni,
Shubhaga bormaysiz hech qachon menday.

Bu Vatan – meniki, desangiz biror
Odam turib demas sizga: «Bu – yolg‘on!»
Chunki haqiqatni aytasiz takror,
Aytib, men singari yig‘lamaysiz qon.

OTIMNI BOShQA QO‘YaMAN

Otimni mutlaqo boshqa qo‘yaman,
Butkul o‘zgartaman o‘z sharifimni,
Mish-mish handog‘iga borib, quyaman
Elning menga bergan bu ta'rifini.
Yetar. Men o‘ttiz yil yashadim aldab,
O‘ttiz ming quloqni gulday so‘ldirdim –
Muhammad Solihni o‘ttiz yoshida
Mana, qurbonlikka keltirdim.
Uning nomidan men so‘rayman uzr
Sizga yolg‘ondan do‘st bo‘lgani uchun,
Nihoyat, o‘zidan umidin uzib,
Hech kimga aytmasdan o‘lgani uchun.
Xunini to‘layman, zarra achinmay,
Mo‘minligi uchun u yegan nonning,
Qaytarib beraman, o‘ttiz yil tinmay
Jilmaygani uchun olgan unvonni —
Ishoning, men agar shunday qilmasam,
Darrov o‘zgartaman yangi otim ham!

DYeHQON QO‘LLARI

Bir qo‘lim ko‘ksimda turar muntazam,
Bir qo‘lim raisga salomlar berar,
Ishga shung‘ib ketar qolgan o‘ntasi –
Qolgan o‘nta qo‘lim paxtani terar.
Qo‘ldan iboratdir mening vujudim,
Ko‘zim-qo‘l, yuzim-qo‘l, oyog‘im ham-qo‘l,
Neki turtib chiqqan bo‘lsa ichimdan
Bari qo‘l, hattoki qulog‘im ham – qo‘l!
Tushda ayon bo‘ldi ulug‘ bir maqsad,
Olg‘a ketayapman, boqmay orqamga:
Xo‘jalik yeriga paxtani eksam,
Men qo‘l ekajakman o‘z tomorqamga!

KYeChIKKANLAR

Men hayotdan ortda qoldim – kechikdim men poezdga,
Bekatda bir zum toldim, tilim aylanmay so‘zga.
Ufqqa bir baliq misol sho‘ng‘idi so‘nggi vagon,
Qo‘limda qoldi patta, qoldi-ku katta tugun.
Yolg‘iz emas ekanman-ku , paydo bo‘ldi bir odam,
U ham menday kechikibdi – quvvatlandi irodam.
Daqiqa o‘tar-o‘tmas hansiragan, ichikkan
Ming kishi yetib keldi – hammasi ham kechikkan.
Birpasda million bo‘ldi odam soni bekatda,
Har kimda million tugun, million keraksiz patta.
Xalq turibdi, deyarli xalq… hech kim anglamas lekin –
Gar kechikkan bo‘lsa hamma, kim poezdda ketdi, kim?

1985

Bu endi nima deydi. O‘zimning kadarimni, taqdirimni oldindan yozib qo‘ygandek bo‘layapti. Men bashoratchi emasman, ammo bu 1983 yilda yozilgan. «Dengiz bo‘yida» degan.

DYeNGIZ BO‘YIDA

Havo yomon. Dam oluvchilar
Kirib ketar xonalariga.
Yuz o‘girib dengizdan ular
Parda tortar oynalariga.
Havo yomon. Bemajol daydir
Kuya tushgan bulutlar ko‘kda.
Sohilda-chi turar qandaydir
Vatanidan ayrilgan odam.
Men bilaman uning kimligin –
Yakkamoxov, badavlat, notinch –
Men bilaman, uning jimligi
Chidab bo‘lmas sog‘inchdir, sog‘inch.
O‘sha odam havoni buzgan,
Yomg‘irni ham chaqirgan o‘sha,
O‘sha sabab ko‘rimsiz bizga
Bu shifobaxsh, jannatiy go‘sha!
Axir, nima haqqi bor uning?
Bu sizniki, sizning yeringiz –
Boring, uni hibsga oling!..
Yo Vatanin topib beringiz…

(Davomi bor)

Tag‘in o‘qing
26 mart 2023
Magnitning bir tarafi o‘ziga tortsa yana bir qutbi jismni o‘zidan itaradi. Shu paytgacha O‘zbekiston teskari magnit bo‘lib keldi. San'at ...
1 mart 2018
Prezident Mirziyoev 27 fevral kungi selektor yig‘ilishida «O‘zbekoziqovqatxolding» davlat shirkatini meva-sabzavot eksporti rejasini bajarmaganlikda ayblab tanqid qildi. Prezident tanqidi ...
19 may 2016
Eltuz.com nashri fermerlarning bugungi abgor xolatini aks ettirgan rassom Elsevarning yangi karikaturasini taqdim etadi. O‘zbek fermerining boshi yil o‘n ...
3 noyabr 2022
1906 yilning 3 noyabrida Germaniyaning Berlin shahrida o‘tgan Xalqaro radiotelegrafiya anjumanida SOS signali halokatni bildiruvchi mujda sifatida qabul qilindi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...