Asosiy mavzular
4 aprel 2020

RTdan va'z: Tegirmonning tishi yo‘q

Mana, hafta o‘tib siz bilan yuzlashdim. Ko‘zlaringiz qorachig‘ida o‘zimni ko‘raman. Sizning dardingiz – mening dardim. Sizning g‘amingiz – mening g‘amim. Siz sham bo‘lsangiz, men pilikman. Siz suyak bo‘lsangiz, men ilik. 

Odamlarni shodlik qanchalik birlashtirsa, g‘am va musibat ham shunchalik yakdillashtiradi. 

Bundan 20 yilcha oldin marhum qo‘shiqchi Olmaxon Hayitovaning muxlislari unga nortuya sovg‘a qilganida intervyu olish uchun oldiga borgandim. Ichida nima dardi bo‘lsa, qoldirmay aytib bergan edi Olmaxon opa rahmatli. 

Keyin mening qo‘limdan ushlab: «Sog‘liqning qadrini bilgil, xasta bo‘lmasdan burun, xastalik shukrini qilg‘il, toki o‘lmasdan burun», deya nasihat qilgan edi.

Garchi ulug‘ Maxtumquli 250 yil oldin yozib ketgan bu so‘zlarni yod bilsam-da, misralar menga ta'sir qildi. Shu kunlarda yana esladim mazkur satrlarni. Olmaxon opaning shogirdlaridan biri Og‘abek Sobirov ijrosida eshitdim buni.

(video)

Sog‘liq qadrini bilgil, xasta bo‘lmasdan burun…

Buni ilmiy tilga ko‘chirsak, falokatni rejalash, degan mazmun chiqadi. 

Nima u falokatni rejalash? 

Mening mashinamda to‘rtta falokat yostig‘i bor. Xudo ko‘rsatmasin, mashina avariya bo‘lsa, bu yostiqlar o‘sib chiqib, meni o‘limdan qutqaradi. Mashina zavodidagilar shu taxlit falokatni rejalashgan.

Masalan, havo ochiq bir kunda do‘konga borib shamsiya oldingiz. Ertaga yomg‘ir yog‘sa, asqatadi. 

Ëki yozning issiq kunida do‘kondan jundor po‘stin olib, kiyim ilgichga ilib qo‘ydingiz. Chunki qish kelishini bilasiz. Ninachidan farqimiz ham shu. 

Ninachi sho‘x kuylab chaldi soz, 

Sayillarda o‘tdi go‘zal yoz, 

Tomoshadan bo‘shay demadi, 

Qish g‘amini sira yemadi.

Ninachidan farqli o‘laroq, chumoli qishli-qirovli kunlarda och qolmaslik uchun yozda mashaqqat chekadi. 

Ninachiga aza – chumoliga maza.

Endi chumolidan ancha kattaroq jonzot, masalan, O‘zbekiston prezidenti faoliyatini olib qaraylik. 

Shavkat Mirziyoev janobi oliylarining mamlakat rahbari bo‘lganiga uch yildan oshdi. Uch yil ichida astonomik summaga «Humo» muz saroyi va «Kongress xoll» qurildi. Ikkita prezident saroyi qurilib, uchinchisiga poydevor qo‘yildi. 

Kommunizm va Stalinni maqtagan shoir zoti bo‘lsa, haykali tikilib, adiblar xiyoboni tashkil qilindi. Amaldorlar o‘z kabinetlarini bezatish uchun Italiyadan mebel buyurtma qilishdi. 

Mana, birdan boshimizga falokat tushdi. Pandemiya. Koronavirus tahlikasi. Afsus, prezident bunyod qilgan bu muz saroyi va boshqa saroylardan naf bo‘lmadi. Italiyadan olib kelingan mebellarida o‘tiradigan mulozim ham yo‘q. Hamma uy-uyiga, taka to‘yiga.

«Toshkent siti» ham yotibdi go‘riston kabi huvillab.

To‘qsoninchi yillar suronida fikri charxlanib donishmand bo‘lgan do‘sti aziz Pahlavon Sodiq yozibdi:

«Toshkent siti» puliga 40 mingdan ortiq sun'iy nafas oldirish jihozini sotib olish mumkin. Kelajakda.

Gruziyada Saakashvili prezident bo‘lgan 9 yil ichida 140 ta yangi shifoxona qurilgan, 2200 ta sun'iy nafas oldirish jihozi sotib olingan ekan. Amerikaning bitta qimmatbaho antivirus laboratoriyasi olib kelib o‘rnatilgan. Aholi soni 3,7 mln.

Karimovning 25 yillik boshqaruvidan, nari borsa, 25 ta shunaqa apparat meros qolgan. 500 ta yangisiga buyurtma berilgani aytildi.

Darvoqe, Saakashvili ham sitilar qurgan».

To‘g‘ri aytdi Pahlavon. Saakashivili falokatni rejalashtirib, millatning ehtimoliy dardiga darmon bo‘lgan. Shu ma'noda O‘zbekiston rahbarining uzoqni ko‘ra olmasligi va o‘z qavmining bir parchasi o‘laroq, ko‘zbo‘yamachilik va soxta dabdabaga o‘chligi ayon bo‘ldi.

Zamon seni o‘qitar, 

Tayoq bilan so‘qitar. 

Sabog‘ingni bilmasang, 

Do‘konda bo‘z to‘qitar.

Ota-onalar, maoshsiz ta'tilda bolalarni yaxshilab o‘qitinglar, bo‘lmasa ular ham mardikor bo‘lib, maska tikishadi kelajakda.

Koronavirusdan saqlanish borasida qo‘shni tojiklar sertadbir bo‘ldi. Har holda urush ko‘rgan, donishmand xalq. Xitoyda endi koronavirus haqida gapirishni boshlashganda, 2020 yilning yanvar oyi yakunida Tojikiston mamlakatga kelayotgan barcha kishilarni tekshirishni boshladi, keyin esa xorijliklarning kirishini umuman chekladi.

Xorijdan kelgan bir necha ming kishi yirik shaharlarda uzoqlikda bo‘lgan 14 kunlik majburiy karantindan muvaffaqiyatli o‘tdilar. Oldindan ko‘rilgan choralar muhim rol o‘ynadi. Shu kunda Tojikiston rasman koronavirus hech kimga yuqmagan davlat sifatida turibdi.

Bizda esa turizm industriyasi amaldorlari eshikni lang ochib o‘tirishdi: «Kel-kel, jonim, qizil tanli, yorim», deb.  

Mayli, u bir esi past, o‘qimagan mulozim. Xalq-chi? Men yanvar oyida «xitoyliklarning sayohatga kelishi ko‘paydi», deb yozganimda, biz xitriymiz, bizga virus  yuqmaydi. 

Pulini olib, boyiymiz, deb o‘tirishdi. «Lo‘lining eshagini sug‘or – pulini ol», deb. Kim kimning eshagini sug‘organi bugun ayon bo‘ldi. Avomning  ahvoli shu. 

Bugunga kelib O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi poliklinikasi bosh shifokori behini ko‘p yeng, deb maslahat berib o‘tiribdi. Behi pishishiga hali 7 oy bor.

10 kun oldin bir virusolog olim chiqib, «10 kun chidanglar, issiqda yo‘q bo‘lib ketadi», deb aql bergan edi. Mana, 10 kundan ham ko‘p vaqt o‘tdi. Koronavirus yuqtirganlar ko‘payganidan ko‘payib bormoqda.

O‘zbekiston andisha ichida o‘tirgan 28 mart kuni Toshkentning eski shaharida xo‘roz urishtirildi. Kallaxonalikning xo‘rozi qochdi. Qashqar mahalla xo‘rozi yutdi. Eh, xo‘roz, hunaring oz.

Ko‘rganing to‘y bo‘lsin, yeganing qo‘y bo‘lsin. Bu duo O‘zbekistonda bir milliard marta aytilgan.

To‘y qilmasa tura olmaydi bular. 27 mart kuni Toshkentning Chilonzor tumanida karantin shartlarini buzib, to‘y qilganlar jazolandi.

To‘y egalari odam to‘plab, karantin qoidasini buzgani yetmay, o‘zlari va mehmonlarning aksar qismi maska ham taqmagan.

Uyda yashovchi o‘rislar arz qilishgach, voqea joyiga shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari yetib kelgan.

To‘y tashkilotchilari bilan suhbat o‘tkazilib, ularga karantin tartib-qoidalari tushuntirilgach, to‘y bekor qilingan.

Karantin qoidasini buzganlarga 1 million so‘m jarima solindi.

O‘zbekistonga kasal olib kelgan birinchi bemor bilan kontaktda bo‘lgan kishi o‘lganidan xabaringiz bor. Bu ikkalasi ham karantin qoidalariga rioya qilmagan. Rioya qilish kerak.

Janubiy Koreyada kasallik tarqalib 30 ta kishi koronavirusga chalinganida hukumat vaziyatni nazoratda ushlab turdi. 30 kishi karantin qoidalariga rioya qildi. Ammo 31-bemor qoidalarga rioya qilmadi. 

U dindor bo‘lgani bois, kasal holida cherkovga borib cho‘qindi va darrov 1200 odamga kasal yuqtirdi. 31-bemor Janubiy Koreyaning falokat ichida qolishiga sabab bo‘ldi.

Umuman, huquqiy nigilizm kattadan kichikkacha yuqqan virus.

O‘zbekistonda qonun bilan qabul qilingan davlat tili normalariga mulozimlar nega amal qilmaydi? Sobiq mulozim, hozir qandaydir fond rahbari Komil Allamjonov koronavirusga qarshi video chiqaribdi.»Mudofaa» degan so‘zni «oborona» deb ishlatdi bir necha marta, “tsepochka” deydi.  

«Bo‘tta», «sho‘tta», «antda», «votti, votti» Nima bu? Qachondan boshlab Toshkent shevasi davlat tiliga aylandi?

Epidemiya paytida millatini sevmagan manqurt o‘zbek deputatlari O‘zbekistonni Rossiya manfaatlariga qurbon qilish harakatini boshlavordi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidovning ma'lum qilishicha, parlament quyi palatasi kengashi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalasini o‘rganishni tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi.

Shu deputatlar koronavirus yuqib, o‘lib qirilib ketsa, shaxsan mening rahmim kelmaydi. Tabiiy tanlanish, deb qo‘yaveraman. 

Echki mingga qo‘yib yugursa ham baribir kiyik bo‘lolmaydi.

Lekin Toshkent hokimi senator Jahongir Ortiqxo‘jaevning ikki tansoqchisiga yuqqan koronavirus hokimga yuqmabdi. Koronavirus ham odam tanlaydi shekilli. 

Telegram guruhida koronavirus O‘zbekistonda 1000 odamga yuqdi, deb yozgan shahrisabzlik Otabekni topib, 10 kunga qamashdi.

65 dan oshganlar uydan chiqishi taqiqlandi. Yakka tartibdagi xayriya aktsiyalariyam bugundan taqiqlandi.

Bir pachka makaronni to‘rtta do‘ppi kiygan ho‘kizday erkak ko‘tarib, kampirlarga berib rasmga tushib yuribdi samoreklama qilib. Ënida sayyor fotostudiya. Virus tarqalsa, makarondan qimmatga tushadi.

Oddiy xalq uyida o‘tiribdi. Xovlisi borlar-ku, bir navi. Domning tor xonasiga tiqilganlarning asabi tarang bo‘lgan. Odatda kuniga o‘ntadan oshmaydigan er-xotin janjallari Toshkent shahrida bir kunda 8 mingdan oshdi, deyishdi. Xotin arra, er o‘tin bo‘lgan zamon keldi. Ëki teskarisi.

Bolalarga ham qiyin. Bechoralar zerikib ketdi.

«Ozodlik» radiosi qirg‘iz hizmatining Issiqko‘l viloyatidagi muxbiriga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida 5 o‘spirin o‘z joniga qasd qilgan.

Bu haqda xabar qilgan mulozima Elmira Usenovaning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘quvchilari 16 martdan beri karantinda bo‘lishgan, o‘shandan beri voyaga yetmaganlar orasida joniga qasd qilish bo‘yicha 5 ta holat qayd etilgan.

“Bular 11 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Ular oilalardagi turli kelishmovchiliklar tufayli o‘z joniga qasd qilishdi. Bunday holatlar Baliqchi shahrida, Issiqko‘l, Oqsuy, Jetio‘g‘uz va Ton tumanlarida yuz berdi. Bolalar karantinda bo‘lishganda, ularga alohida e'tibor berish kerak. Men ota-onalarga sabrli bo‘lish kerakligi, bolalarni xafa qilishning keragi yo‘qligini aytmoqchiman», dedi Usenova.

Mulozimaga ko‘ra, 16 martdan 29 martgacha bolalar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari qayd etilgan.

Futbol qiroli Pele aytganidek, bolalarni seving.

Ammo Toshkentdagi badavlat erkaklar birinchi xotinning uyida o‘n kunlab o‘tirishga majbur bo‘lganidan fig‘oni falakka chiqibdi. Figaro u yoqda, Figaro bu yoqda bo‘lgan erkaklar ikkinchi xotin bilan visol orzusiga yetish uchun oxiri hiyla o‘ylab topishdi. 

Pul evaziga skafandr kiyib, doktor qiyofasiga kirgan ikki kosmonavtsimon kishi kelib, bu erkak vujudida “koronavirus” borligini “aniqlab”, maxsus mashinada birinchi xotinning uyidan zudlik bilan olib ketib, to‘g‘ri ikkinchi xotinnikiga olib boradi.  Erkak ikkinchi xotinining uyida 14 kun “karantinda” o‘tirganidan keyin skafandr kiygan kosmonavtlar uni qayta birinchi xotinining uyiga olib kelib qo‘yishadi.  

Restavratsiyadan keyin yana ochilibdi, degan bo‘lardi bu kartinani ko‘rgan san'atshunoslar. Pul bo‘lsa, changalda sho‘rva. Six ham, kabob ham kuymaydi.

Ammo yoshi 50 dan oshgan erkaklar yurakni asrasin. Yurak sensan dilda borim, dilimni nayga jo‘r etding..

Keyingi haftada ikki taniqli kishi yurak xurujidan o‘ldi. Biri mashhur rassom va kinochi Nozim Abbosov, yana biri «Tarona rekords» degan yulduzlar fabrikasi asoschisi Ravshan Yo‘ldoshev. Bu ikkala zamondosh tengqur edi. Tasodifni qarangki, ikkalasi ham 58 yoshda. 

Bugun televizorga chiqib aqllilik qilayotgan shou biznes vakillarining 90 foizi marhum Ravshan Yo‘ldoshev inkubatoridan chiqqan.

U kishi tergovchi bo‘lganida odamlarni qaqshatgani alohida masala (bu masalada Ravshanni la'natlaydiganlar safidaman).

Lekin o‘zbek shou biznesi degan zavodni qurgan odam Ro‘shshi brat bo‘ladi. Yulduzlar chiqadigan fabrika bu. Masalan, hamma ko‘tining teshigini muhokama qiladigan Tamilla ham o‘sha zavoddan ko‘tiga sifat belgisi qo‘yilib chiqqan. 

Nilufar Usmonovani ham o‘sha zovutda epaqaga keltirishgan (enasini kuchi yetmagan eplab olishga). Sevara, Setora, Sarvara, Varvara, yana bitta Sevara….. Inkubator-da, ishqilib, qay birini sanay.

Rahmatli Ravshanboy yoshulli qizi Lolaga alohida mehr qo‘ygan edi. Gapning to‘g‘risi, «Tarona rekords»ni Ravshan og‘a qizi Lola uchun ochgan edi.

O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida bastakor va xonandalarga ish va pul topib bergan idora edi «Tarona rekords».

«Tarona shou» degani bo‘lardi. Oskar mukofoti berganga o‘xshab, mukofotlar berishardi. Hozir «Bi-bi-si»da ishlaydig‘on Rayhon Matyoqubova o‘sha shouda o‘rtakashlik qilardi.

Xalq avom. Bitta aqli past Yulduz Usmonova yoki Ozodbekni chaqirish uchun butun umr yig‘ib tergan 10 ming dollarini ikki soatda sarflavoradi.

Avom va qora xalq. Hech qachon bu xalq o‘qituvchi yoki olimni siylamagan. Kitob o‘qiyotgan bolasiga qarab «pirapessor, bor molga qara», deb ijirg‘anadigan massa. Hatto kino qahramoni «pirapessor» deb, kitob o‘qiydiganlar ustidan kulsa, qo‘shilib kuladigan urodlar to‘dasi.

Ular faqat ashulachi nima yedi, nima sichdi, nima qusdi, degan savolga qiziqadi. Bu qiziqishning bitmas-tuganmas oltin koni ekanligini aniqlagan Ravshan xuddi neft minorasi o‘rnatganday qilib, bu to‘daning pulini so‘radigan tizim yaratdi.

Nevarasini olib kelib, shuni «zvezda» qilib ber bolam, deb bir chorsi pul olib kelib beradigan oqsoqollar son mingta.

Ovozi bo‘lmasa ham, hatto duduq yoki soqov bo‘lsa ham qo‘shiq aytib boyiydiganlar mansub bo‘lgan to‘damiz.

Shunaqa, bratlar, yuzga betqop taqvolinglar, xotya virusga baribirmish. Ignaning uchiday teshikdan ikki million virus bemalol kirib kela olarkan.

Bekorga aytishmaydi «mis qozonning misi chiqar, berkitganning isi chiqar», deya.

Ertak yoki rivoyat juma va'zining asosiy qismiga allaqachon aylanib bo‘lganini siz, aziz tomoshabinlar bilib bo‘lgansiz.

Ertaksiz va'z muhabbatsiz hayotga o‘xshaydi. Ertaksiz va'z – xuddi qanoti yo‘q qush. Ertak va hikoyaning ildizi bir. Hikoya sag‘al rostga o‘xshab yoziladi va kattalar o‘qiydi uni ko‘ziga ko‘zoynak taqib.

Bugungi hikoyamni inglizcha “Friday eyes”, o‘zbekcha esa Jumanazar deb atadim. Anavi o‘zbek Gagarini Jumanazar akaga aloqasi yo‘q buning.

“Friday eyes”

U maxsus skafandr shaklidagi durbin va blutuz yordamida durbinni dastaklaydigan telefon apparatini temir chelakka tashladi. Ortidan maxsus dastur yozilgan labtopni ham chelakka irg‘itdi. Ustidan skipidar quyib gugurt chaqdi. Yaxshi yonsin deb eski gazetalarni ham chelakka tashadi. Sassiq qora tutun chiqdi.

Ammo qahramonimizning ko‘ngli xotirjam edi. U ramshteyn qo‘shig‘ini hushtak qilib kuylab, qo‘lini cho‘ntagiga solib ko‘chaga chiqib ketdi.

Endi u bemalol yurar, xavotir va tahlika uni tark etgan edi.

Qahramonimiz bo‘lgan bu yigitning oti Yo‘lchi.

Onasining aytishicha, Singapurdan Toshkentga uchayotgan uchoq ichida tug‘ilgani uchun uchoq kapitani shunday ot qo‘ygan.

Ko‘rinishidan botanikka o‘xshash Yo‘lchi avvaliga Shovotdagi matematika internatida o‘qidi.

Keyin Varshavada amaliy matematika bo‘yicha institutning optik fizika bo‘limini tugalladi.

21 yoshida tunda ko‘radigan durbinlarni takomillashtirish bo‘yicha NATOdan buyurtma oldi.

AQShning Nyu-Meksika shtati Albukerke shahridagi Pentagon laboratoriyasida ishladi.

Onasi kasal bo‘lib yotib qolganida o‘z hisobidan uzoq muddatli ta'til olib Toshkentga keldi.

Kelganining uchinchi kuni koronavirus vasvasasi boshlandi.

O‘sal bo‘lib yotgan onasi boshida o‘tirgan Yo‘lchi zerikkanidan virusni ko‘radigan durbin ustida ishlay boshladi.

Koronavirusning 20 ta turi bor ekan. Virusolog olimlar bilan yozishib, o‘zi uchun kerakli ma'lumotlarni oldi.

Durbin prototipi bir haftada tayyor bo‘ldi.

Tayyor bo‘lgan kuni juma edi. Durbinga o‘zbekcha “jumanazar”, inglizcha “Friday eyes” deb nom berdi. Tashqi ko‘rinishidan u 3 D kinolar ko‘rish uchun yuzga taqiladigan skafandrni eslatardi. Yo‘lchi koronavirusni qizil rang bilan markirovka qildi. 

Sil zarg‘aldoq, ebola yashil, o‘lat moviy, ichterlama esa sariq rangda edi. Qolgan viruslar kulrangda belgilandi.

Shanba kuni Yo‘lchi durbinni kiyib, uyni ko‘zdan kechirdi. Koronavirus yo‘q edi.

Ammo minglab boshqa viruslar bor edi.

Yo‘lchi virusologiya instituti tarafga qarab, ko‘zida durbin bilan yura boshladi.

Eshik tutqichlari, daraxtlar devorlar, eng dahshatlisi, havoda minglab viruslar bor edi. Bu viruslar odamlar kiygan niqoblardan bemalol o‘tib, ularning burun va tomoqlari orqali kirib, butun a'zoyi badanini qoplagan edi. Igna uchiday sathda ikki million virus baqrayib o‘tirganini ko‘rgan Yo‘lchi dahshatga tushdi.

Yo‘lchi qo‘rqib ketib uyiga qaytdi.

Ertasiga yakshanba kuni ertalabdan durbinni taqib, elektr skuterga o‘tirib, Yunusobod tarafga yo‘l oldi. «Interkonti» mehmonxonasida uchrashuvi bor edi. Yo‘lchi mehmonxonasining koronavirus bilan to‘lib-toshganini ko‘rib, o‘takasi yorildi.

Shu kecha uxlay olmadi.

Oila do‘sti bo‘lgan professor uni eshitib ko‘rib paranoyal shizofreniyaning ilk alomatlari bor, degan diagoz qo‘ydi.

Keyingi bir hafta ichida Yo‘lchi butunlay vos-vos bo‘lib qoldi.

Uxlay olmas, uxlaganida viruslar unga qarab mo‘r-malaxday yopirilganday bo‘laverardi.

“Jumanazarning ko‘zini o‘yish kerak”, degan qarorga keldi.

Dushanba kuni u barcha ashqol-dashqollarni yoqib yuborish uchun temir chelakni hovliga olib chiqdi.

Shunaqa, azizlarim, tegirmonning tishi yo‘q, ho‘lu quruq ishi yo‘q. Ëki va'z boshida eslaganim Olmaxon opa aytganidek:

O‘tdi umrim, vo darig‘, davron ekanin bilmadim,

Shirin jonim bu tanimg‘a mehmon ekanin bilmadim.

Video 

Mana, ko‘rasizlar, hamma o‘lmaydi. Albatta, kimdir tirik qoladi. Tirik qolgan yoki kasalga chalinmagan odam, albatta, siz bo‘lasiz. Chunki siz bunga loyiqsiz. Hali o‘n gulingizdan bir gulingiz ochilmadi. Siz safar qilmagan ellar, siz tanavvul qilmagan yemaklar, siz iskamagan chechaklar bor. 

Belingiz to‘la bola. Ko‘nglingiz to‘la orzu. Amalga oshirmagan bir suri ishingiz bor. Siz kiyaman degan kiyimlar hali tikilmadi. Siz minaman degan mashinalar hali konveyerdan chiqmadi. 

Siz xarjlaydigan pullar bosmaxonada bosilmadi. Siz uylanmoqchi yoki erga tegmoqchi bo‘lgan odam siz sari ilk qadamlarini otdi. Siz baxtli bo‘lasiz. Chunki bunga haqlisiz. Ming bora haqlisiz. 

Uzoq qorong‘u tunnel ichida yurgan odam bu tunnel oxirida nur borligiga ishonadi. Albatta, bu nurga qovushadi. Bu qora kunlar o‘tib ketadi. Baxt, saodat, salomatlik ustuvor bo‘lgan kunlarda yoyilib, yozilib yashaysiz. Qadamingizda gullar ochiladi. Nazaringiz tushgan bog‘lar meva tugadi. 

«Olmazorlar gulin tugadi, 

Meva bog‘lab shoxin bukadi. 

Tog‘lardagi qip-qizil lola, 

Bo‘lib go‘yo oltin piyola, 

Buloqlardan uzatadi suv» (Hamid Olimjon). 

Mana, ko‘rasiz. Meni aytdi deysiz. Siz uzoq yashaysiz. Siz ekkan nihollar daraxt bo‘lib soya berganini ko‘rasiz. Bugun tug‘ilgan qulunlar ertaga ot bo‘lib chopganiga guvoh bo‘lasiz. Qarang, yomg‘ir yog‘a boshladi. Ëmg‘ir yer yuzidagi butun kirlarni yuvib tashlayotganday. 

Ana, yomg‘ir tugadi. Bulut orasidan kun chiqdi. Quyosh nurlari ko‘zni qamashtiradi. Jivil-jivil, piril-piril nurlar va ranglar o‘yini. 21-asrning eng buyuk o‘zbek shoiri Muhammad Solih aytganiday: «Ertaga albatta baxtli bo‘lasiz. Agar bugun o‘lmasangiz».

Birinchi aprel kuni Nasriddin Afandi, Nikolay Gogol, kamina Rassom TUZ va Bobomurod Abdullaning tug‘ilgan kuni bo‘lib o‘tdi. Ularni birlashtiradigan bitta jihat bor. 

Ular jamiyat yuziga ko‘zgu tutgan va tutayotganlardir. 

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak.

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
7 mart 2019
Eski changaklar O‘zbekistondagi islohotlarga qanday to‘sqinlik qilmoqda? Fevraldagi bir yangilik O‘zbekistonni larzaga keltirdi: bor-yo‘g‘i bir yil muqaddam Davlat xavfsizlik ...
4 may 2018
Diniy idoraga yaqin bir manbaning «Eltuz» nashriga bildirishicha, 60 yashar Anvar qori Tursunov 1 may kuni sun'iy koma holatidan ...
20 iyul 2022
O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov «Ozodlik»ning «Rossiya bosqini: gapirish fursati» dasturidagi chiqishida Rossiyani yoqlashini bildirdi. “Majbur bo‘ldi Rossiya. Rossiyani ...
28 sentyabr 2016
Ba'zi imomlar, hattoki, paxta terish har bir musulmon uchun «vojib amal» deya hukm chiqargan, shu bilan birga, Ozodlik radiosi ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...