RTdan va'z: Koronavirusga eshak suti davo emas
Mana, azizlar, qatordan xato bo‘lmay, yana siz bilan yuzlashganimdan baxtliman. Holbuki, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.
Bugun odamlar ikkiga bo‘lindi. Karantinda uyda o‘tirganlar va ishlayotganlar. Ishlayotganlar albatta vrachlardir. Vrachlar nazdida ham odamlar ikkiga bo‘linadi – koronavirus yuqtirganlar va yuqtirmaganlar.
Koronavirus yuqtirganlar ham ikki toifa. Koronavirusdan tuzalganlar va koronavirusdan o‘lganlar. Aholi ham ikkiga bo‘lingan – koronaviruus haqidagi «feyk nyuz» cho‘pchaklarga ishonadiganlar va ishonmaydiganlar.
Yana ular koronavirus to‘qib chiqarilgan va inson qo‘li bilan fitna maqsadida tarqatilganiga ishonadigan va ishonmaydiganlarga ayriladi.
Mart otida YouGov ommaviy so‘rov markazi va Economist nashri o‘tkazgan tadqiqot natijalari amerikaliklarning 13 foizi koronavirusni to‘qib chiqarilgan narsa, 49 foizi esa inson qo‘li bilan yaratilgan epidemiya, deb ishonishini ko‘rsatdi.
Boshiga balo kelganida johil odam ilmiy fikrdan ko‘ra har xil cho‘pchaklarga tezroq ishonadi. O‘tgan asrning saksoninchi yillarida Xorazmda sariq kasali epidemiyasi tarqalganida bit tanavvul qilsa odam tuzalarmish, deya sochi bitlaganlarning bozori chaqqon bo‘lgan edi. Pes ochganlar kirpi yesa, allergiya bo‘lib soni qichiganlar eshak suti ichsa, gemorroy bo‘lganlar bo‘rsiq yog‘i sursa, darrov tuzalishiga ishonishadi.
Shu tariqa davo istagan el Hasan tabib va Jumanazar akalar tarafga qarab enadi.
Odamlar murakkab ilmiy xulosadan ko‘ra sodda yolg‘onga ishonishga moyil.
Kanadaning Rejayna universitetida olim Gordon Pennikuk qiziq tadqiqot o‘tkazdi.
U so‘rov qatnashchilariga koronavirus haqidagi haqiqiy va soxta yangiliklar bir jumlada yozilgan kog‘ozchalarni tarqatdi.
Qatnashuvchilarning 25 foizi feyk ma'lumotni to‘g‘ri, deb aytishgan.
Troll fabrikalari quradigan davlat
Odatda yolg‘on ma'lumotlarni trollar tarqatadi. Ular ko‘p layk va prosmotr yig‘ib, daromad topish uchun ham bunday yolg‘on ma'lumotlardan foydalanishadi. Taraqqiy qilgan davlatlar trollarning tanobini tortish, iloji bo‘lsa, ichkariga olib kirib, qamab qo‘yish payida bo‘ladi.
Ammo taraqqiyotdan orqada qolgan hukumatlarning o‘zi shunday troll fabrikalarini yaratadi.
O‘zbekiston hukumati “Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasini e'lon qildi.
Hujjatda, jumladan, “voyaga yetmagan va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish samaradorligini oshirish bo‘yicha” kontseptsiya va yo‘l xaritasi joy olgan.
Unda Ichki ishlar vazirligida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi boshqarma tuzish, oliy ta'lim muassasalarida voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha inspektor lavozimini joriy etish ko‘zlangan. Yo‘l xaritasining 9-bandida esa “vatanparvar blogerlar virtual guruhi”ni tuzish rejalashtirilgan.
«O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi a'zolari, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari va ko‘ngilli yoshlar ishtirokida vatanparvar blogerlar virtual guruhini tashkil etish, ular yordamida ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy fikrlarni aniqlash hamda tarmoq foydalanuvchilarining ular ta'sir doirasiga tushib qolishlari oldini olish maqsadida bildirilayotgan salbiy fikrlarga murosasizlik muhitini yaratish» haqida aytiladi yo‘l xaritasida.
Jamoatchilik fikrini sun'iy yo‘l bilan o‘zgartirishga qaratilgan bu singari troll fabrikalarini yaratish harakatlari avtoritar mamlakatlarda mavjud. Ammo ish haqi evaziga ijtimoiy tarmoqlarga yoziladigan izohlar yoshlar orasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasiga qanday yordam berishi mumkin?
Bu savol O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rtoq Bobojonovga: o‘rtoq vazir, siz yaxshisi o‘g‘rilarni tutib qamang, nima qilasiz troll fabrikasi ochib?
Troll – bu yolg‘onchi degani. Yolg‘on esa insoniyatga zarar yetkazadigan eng yomon illatlardan biridir.
Ochko‘zlik haqida
Dunyoda illatlar ko‘p, shulardan biri ochko‘zlikdir. Masalan, Afandi odamlarga qo‘y tarqatganida hamma qo‘y olganlar bir ovozdan Afandidan norozi bo‘lgan.
Qo‘y bergan odam arqoni bilan bermaydimi, deb.
Umuman, tiynatimizdagi illatlarni fosh qilayotgan koronavirus balosi Xitoydan keldi. Ibratli hikoya ham Xitoydan.
Xitoyning Guanjun viloyatidagi qashshoq qishloqdan chiqib, napitka sotib boyigan millioner o‘z qishlog‘idagi yo‘qsillarning har bittasiga bittadan villa qurib berishga qaror qildi.
Xitoylik boy ota yer sotib olib, har biri 280 kvadrat metr bo‘lgan 258 ta villani 32 million dollar sarflab qurib bitkazdi. Har bir villa yonida yana bir garaj va bog‘ ham bunyod etdi. Villa ichidagi hammomga oppoq sochiqlarni ilib qo‘ydi.
Ana shundan keyin tinchgina bitiga botib, panada yotgan paqirlar bosh ko‘tarib, boy otani dushman deb e'lon qilishdi.
Boy ota o‘zi qishloqni tark etgan 2013 yilda bu mavzeda 258 kishi yashagani bois, shuncha kishiga villa sovg‘a qilishga qaror bergandi. Ammo villa qurilishi boshlanishi bilan bu qishloqqa odamlar ko‘chib kelib, menga qani, deb dod solishgan.
Odamlarni norozi qilgan yana bir narsa – qaysi villaning kimga berilishi. Nega falon villa menga emas, pistiyonchiga berildi, holbuki mening bolam ko‘p, chaqam ko‘p.
Qashshoqlar bu villalarni buzib tashlab, yordam qilmoqchi bo‘lgan boy otani o‘ldirib tashlash kerak, degan fikrga allaqachon kelishgan. Agar Xitoy politsiyasi xalaqit bermasa, bu boy otani qashshoq qishloqdoshlari allaqachon burda-burda qilgan bo‘lishardi.
Qissadan hissani siz chiqaring.
Mirziyoevning qizi pulni qaerdan oldi?
Umuman, odamzod ikkiga bo‘linadi. Boylar va qashshoqlar. Boylar ham ikkiga bo‘linadi. Mehnat qilib pul topganlar yoki otasi soyasida birdan boyiganlar.
Masalan, o‘lib ketgan prezident Karimovning shu kunda qamoqda yotgan qizi Gulnora Karimova birdan boyib ketib, fond tuzib, odamlarga ehson qilganida, chollar yig‘lab duoda bo‘lgan edi.
«Fond forum» mingta tekin sunnat to‘yi qilib, qashshoq bolalarning chukkini kesganini eslaydigan bormi bugun? Keyin ma'lum bo‘lishicha, bu ehson ortida ulug‘ jinoyatlar yashirilgan ekan. Xuddi bir «Kamaz» guruch o‘g‘irlagan odam 20 kilo osh damlab, mahallani to‘ydirgani kabi.
Bu gaplarni nega aytyapman? Xalq to‘lagan soliqdan oylik oladigan prezidentning qizi Saida Mirziyoeva ham birpasda boyib, FOND tuzib, mingta odamga pul tarqatib boshlabdi.
Fond va mingta, degan so‘z tarix takrori emasmi? Takrorlayman, bir paytlar Gulnora ham fond nomidan ehson tarqatgan edi. Keyinchalik Gulnoraga savol bergan tergovchilar «Bu pullarni qaerdan olib tarqatdingiz», deyishdi. Gulnora fonddan oldim, dedi. Navbatdagi savol: «Pul fondga qaerdan keldi?»
Javob o‘rniga maqol aytiladi. Uzumini ye, bog‘ini so‘rama. Zararli maqol. Axlatga bugunning o‘zida tashlavorish kerak bo‘lgan reaktsion maqol. O‘g‘ri nega o‘g‘ri bo‘ladi? Chunki o‘g‘ri yoshligida ko‘chadan bir narsa ko‘tarib kelsa, ota-enasi buni qaerdan olding, deb so‘ramaydi. Mirziyoevning qizi pulni qaerdan oldi? Bir boltaga sop bo‘la olmaydigan, kechagina bori-yo‘qligini hech kim bilmaydigan bu zumrasha Mama Terezaga qanday qilib aylandi?
Bu savolni otasi bermasa, otasini boqib qo‘ygan, saylovda ovoz bergan xalq bersin. Berganning betiga qarama, tekin bo‘lsa lom yut, deyish xatarli. Lom yutgan odam uzoq yashamaydi. Tekin lom oshqozonda hazm bo‘lmaydi. Tarixdan saboq olmaydiganlar tanazzul botqog‘idan hech qachon chiqib ketolmaydi.
Davlat rahbarining kamtarligi
Dunyodagi eng qudratli va boy davlat rahbari Angela Merkelni bir oy oldin Berlindagi oziq- ovqat (Ullrich) do‘konida ko‘rib qolishdi. Kechga yaqin Merkel odatiy tarzda arava olib do‘konga kirdi. Peshtaxtalarda turgan yeguliklarni olib aravachasiga soldi. Kassaga navbatda turdi. Egnida ancha yillardan beri kiyadigan moviy jemper. Aravadagi yeguliklarni bittalab kassa tasmasiga qo‘ydi.
Navbati kelganda pulini to‘lab, xarajatni mashina bagajiga olib bordi. Keyin aravani joyiga olib borib qo‘yib, ichiga solingan bir yevroni ham chiqarib oldi.
Merkel Berlindagi ko‘p qavatli uyda, ijarada yashaydi. Shaxsiy uyi yo‘q. Uning qo‘shnilari oddiy ishchi va muhandislar. Uyning oldida qorovul ham yo‘q. Ishga kortejsiz boradi. Bittagina mashinaga o‘tirib ketadi. Yo‘lchiroq qizil yonsa, kutib turadi.
30 yevro turadigan sumka ko‘taradi. Qimmat taqinchoqlari yo‘q. Oldidagi minbarga Mirziyoevga o‘xshab oq atirgullar qo‘ymaydi.
Germaniya madaniyat vaziri Merkelni yurt onasi, deb atab qo‘shiqqa solmaydi.
Yaqindagina Merkel o‘z xalqiga 750 milliard yevro yordam berish masalasini hal qildi. Bu masalani hal qilish uchun iqtisod vaziri velosipedda keldi. Bu vazir kaskasiz velosiped boshqargani uchun bir marta jarima ham to‘lagan.
Bularning hammasi aksar o‘zbeklar ijirg‘anib, geyropa deya aytadigan Germaniyada yuz bermoqda.
Insof. Adolat. Isrofsiz kamtarin hayot. Endi o‘zingiz solishtiring.
Dunyoni qilich emas, siyosat boshqaradi
Koronavirus Germaniyada keng tarqaldi. Ammo o‘lganlar oz. Germaniya bu kasalga qarshi repressiya va cheklov bilan emas, balki aql va idrok bilan kurashmoqda. Ko‘chalarga BTR chiqarib ashula ayttirgan bilan kasallik bartaraf bo‘lmaydi.
9 aprel Temur boboning tug‘ilgan kuni edi. Sal oldin bitta qo‘g‘irchoqday qizgina Toshkentda Temur boboning haykali oldiga borib «Temur doda, qachon koronavirus tugaydi», deb so‘rovdi, uni 15 sutka qamab qo‘yishdi. Menimcha, jazo adekvat bo‘lmadi. Sal oshirvorishdi. Jarima qilsayam bo‘lardi. Qiz so‘kinmadi. «Temur doda, ayting, siz ko‘pni ko‘rgansiz», dedi.
Darvoqe, Temur boboy Dehlini ishg‘ol qilganida shunaqa o‘lat tarqagandi. O‘lat mahalliy aholiga emas, Temur askarlariga yuqqan edi. Katta talafot ko‘rilgan o‘shanda. Bungayam ancha bo‘ldi. 1398 yilning 10 dekabri edi, esimdan adashmasam. Temur bobo 100 ming hind asirini qirib tashlagan. Tarixchi Yazdiy yozgan bu haqda. Shaharga yag‘mo (maroderstvo) va qatli om e'lon qilingan. Keyin avf etilgan. Bu haqda Navoiy bobomiz doston ham yozgan. Qatli omda ikki sevishgan qiz-yigit jallodga oldin meni so‘y, keyin buni, deb yolborishadi. Bu gap-so‘z uzoq cho‘zilib, birdan jarchi kelib, avf e'lon qiladi. Sevgi bois sevishganlar o‘lmay qoladi.
Mavzu adekvat bo‘lmagan jazo haqida edi. Dunyoni qilich emas, siyosat boshqaradi.
«Tuz og‘a, zerikdik. Va'z jiddiylashib ketdi. Undan ko‘ra bitta ertak aytib bering, ikkita bo‘lsa yana yaxshi, sichqonlarning nikoh to‘yi haqidagi ertakni ayting», deyishdi.
Va'z boshida aytganimdek, boshiga mushkul tushgan odam bu mushkuldan shessekundda chiqaradigan Olmos botir yoki supermenlar haqida ertak to‘qiydi. Mana, O‘zbekiston rasmiy matbuoti yozyapti.
O‘zbekistonda koronavirus haqida film suratga olinadi!!! Ammo film qanday bo‘lishi haqida ma'lumot oz. Keling, shu film qanday bo‘lishini birga tasavvur qilaylik.
Rembo
Film bosh qahramoni prezidentning Rembo laqabli, asli ismi Reyimboy bo‘lgan tansoqchisi.
Kino boshida prezident uni oldiga chaqirib: «Meni 79 ta odam qorovullasa yetadi. Sen borib koronavirusga qarshi kurash», deydi.
Telex Rembo krapoviy beretini kiyib, chest berib, koronavirusni yengish uchun ketadi.
Ketayotib, ortiga g‘amgin nigoh bilan qaraydi.
Prezident Remboga “bardam bo‘l, men orqangdaman, bolam», degan ma'noda qo‘lini musht qilib ko‘rsatadi va tabassum qiladi.
Rembo oldin Xitoyga boradi va koronani yengib tashlaydi.
Ko‘rshapalak bozorini portillatib yuboradi.
Ko‘rshapalakdan ovqat qilayotgan xitoy oshpazlarini avtomat ocheredi bilan tarsillatib otib-otib tashlaydi.
Sekinlashtirilgan kadrlarda o‘q tegib, peshanasidan qon tizillab oqib, birin-ketin o‘layotgan 20 ga yaqin xansu oshpaz ko‘rinadi.
Rembo keyin Italiyaga boradi. Koranaga chidolmay qiyshayip qolgan Piza minorasiga g‘amgin boqadi.
Minoraga yelkasini tirab, shessekundda to‘g‘rillab qo‘yadi.
Undan keyin Ispaniya, Frantsiya va Germaniyani ham o‘nglab tashlaydi.
Kinoning o‘rtalariga borib Rembo namanganlik Alisher akaning «Dilbarim» degan qayig‘ini minvolib, AQShga boradi va Amerikani korona balosidan xolos qiladi.
Tramp uning oyog‘iga yiqilib, «ketma, bolam, sho‘tta qol, grin kard beraman, mashag‘dagi samarqanliklarga bosh qip qo‘yaman», deydi.
Reyimboy boshini chayqab, ko‘krak cho‘ntagidan Mirziyonning rasmini olib Trampga ko‘rsatadi va «mani jayim ashag‘da», deydi.
Tramp unga chest beradi va milliard do‘llarga chek yozib, qo‘liga tutqazadi.
Rembo puldi darrov olmaydi. «Tag‘o, hamma gap pulda emas, manitimda», deb ko‘kragini niqtaydi.
Tramp kulib, pul chekini Remboning cho‘ntagiga sekin tiqib qo‘yadi.
Remboyam pul cheki tushib-netib qolmasin, deb cho‘ntagi tugmasini qadab qo‘yadi.
Keyingi kadrda u «Dilbarim» qayig‘ining burun qismida qo‘lini ikki yoqqa qanot kabi yozib “Titanik» bo‘p turibdi.
Ënida bitta tyolkayam qanot qoqyapti.
Okean shamoli Remboning sochlarini hilpillatadi.
Kinoning oxirida Rembo koronavirus oqibatida Arnasoyda klinik o‘lim topgan, ammo prezidentning shaxsiy doktori tomonidan so‘nggi minutda qutqarilgan kichkina qizaloqni qo‘lida ko‘tarib, Mirziyon oldiga keladi.
Prezident qizni bag‘riga bosganda, norasta qizaloq shahlo ko‘zlarini ochib, mo‘ltirab qaraydi.
Prezidentning ko‘zidan krupniy plandagi yosh dumalab, dumalab, dumalab tushib keladi.
Ikkinchi planda qashqadaryolik prapiskasiz 8 mingta mardikor bola ommaviy raqsga tushadi.
Fonda Ozodning qo‘shig‘i:»Virusni yenggan mendirman, mendirman o‘sha».
O‘zbekistonning hilpillab yotgan ola bayrog‘i fonida sochlari oqarib ketgan Mirziyonning horg‘in, ammo ulug‘vor qiyofasi ko‘rinadi.
Qiziltepa va Shayxali qamog‘ida yotgan zeklar ijrosida «Serquyosh» kuylanadi.
Titrlar tushadi.
Reyimboy rolini artist Otabek Umarov ijro qilgan.
Prezident rolini sobiq bosh vazir Shavkat Mirziyoev qoyilmaqom o‘ynagan.
Arnasoydagi kasal qizaloqning onasi rolida Saida Mirziyoeva.
Doktor rolini Kallamjonov, o‘lik yoqadigan sanitar rolida Elyor G‘aniev. «Humo» nomli morg direktori rolini esa Jahongir Ortiqxo‘jaev shessekundda o‘ynab tashagan. Arnasoydagi jamoat tualetiga tushib ketgan prezident ayfonini g‘avvos kabi najas ichiga kirib shessekundda olib chiqib bergan mulozim rolini Abdulla Aripov ijro qilgan.
Ommaviy sahnalarda Senat va Oliy Majlis deputatlari raqsga tushadi.
Film homiysi Usmonov A. B.
Film tugadi.
Aslida film endi boshlanyapti.
Fasl tanlamaymiz. Hammasi bahor,
Qovjiraydi faqat yolg‘on-yashiqlar.
Biz abadiy nekbin. Mangu umidvor.
Biz — ko‘ngli sovishni bilmas oshiqlar.
Qishlar va bahorlar, yozlar va kuzlar
Biz uchun barobar yangroq torlardir.
Yerga yog‘a olmay yongan yulduzlar
Bizlar qalovini topgan qorlardir.
Tog‘dek toqatlardan mumiyodek sirqib,
Do‘stlarga atalgan dil rozlarimiz.
Qanotimiz po‘lat. Hech bo‘lmas qirqib.
Jaranglab turadi parvozlarimiz.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz