Asosiy mavzular
21 avgust 2020

RTdan va'z: Mirziyoev olqishlagan Lukashenkoni nega o‘z xalqi oq qildi

Mezon kechdi.

Qanday shoshib kechdi bu mezon.

Hosil to‘la aravasi loylarga botib

Sochi oqardi.

Mezon kechdi.

Qanday ma'yus kechdi bu mezon.

Oromni, uyquni unutib qaridi.

Yulduzlarga ulashib berdi

Daraxt uchlarida qolgan noklarni.

Chinni kosalarga musallas quyib,

Keling, mezon bilan xayrlashaylik.

Qishda uni yaqin do‘st kabi

Juda ko‘p bor eslaymiz hali.

Bu she'rni shoir Xurshid Davron kuz haqida yozgan. Kuz haqida ko‘p yozuvchilar bitik bitgan. Menga eng yoqadigani Gabriel Garsia Markesning “Buzrukning kuzi” romani. Roman o‘z xalqini qul qilgan diktatorning so‘nggi kunlaridan bahs etadi.

Fasl o‘laroq hali yozdamiz. Ammo Belarus prezidenti Lukashenkoning kuzi allaqachon keldi. Kuz kelganda, masalan, men mayus bo‘laman. Oyog‘im tagida shitirlagan xazonlar sasi menga yozning janozasi kabi eshitiladi. Ammo Belarus xalqi o‘z ustidagi mustabidning kuzi kelganidan mamnun.

Umuman, diktatorlar umri tugaganida aksariyat sevinadi. Ammo o‘zbeklar istisno, ular diktator o‘lganida “dodamni qaytarib bering”, deb ko‘zidan siyadigan qavm.

Turkistonning qo‘rqmas shoiri Abdulhamid Cho‘lpon “xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq o‘chdir”, deb yozdi. Ammo she'rga diqqat qilsangiz “O‘zbek xalqi dengizdir”, demaydi. Xalq deydi. Demak bugun belaruslar o‘sha Cho‘lpon nazarda tutgan xalq.

Andijonlik doktor Otabek Ahliddinov “Men belarus xalqi bilan birgaman” degan plakatni ko‘tarib chiqdi. Ba'zilar uni qo‘lladi. Ba'zilarga esa bu erish tuyuldi.

Mirziyoevning sayratmalari esa “Belarusdagi kabi isyonlar bizga kelmasin¸ osmonimiz musaffo, oshimiz yog‘li, choyimiz shakarli”, deb o‘tirishibdi.  Qullar isyon qilib o‘z ozodligini istagan paytda boshqa qullar ularni la'natlar ekan “nega kerak ozodlik?” deb.

Ozodlik nima o‘zi? Nima degani erkinlik? Nega belarus xalqi o‘z yurtboshisini xudoning yerdagi soyasi, deya sig‘inmasdan shak keltirdi? Nimaga? Nega? Bu savolga xabarlardan so‘ng javob izlaymiz.

Xabarlar

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov kichik qizining 19 yoshlik “dnyuxa”sini o‘ta dabdaba va ko‘p odam ishtirokida nishonladi. Katta hovuzli hovlisidagi ziyofatda Munisa ashula etdi. Kimga urush, kimga xurush. O‘lat paytida bular ziyofat qilib yotibdi.

Rossiya va Belarus harbiy jamoalari “ArMI-2020” xalqaro armiya o‘yinlarining “Yo‘l patruli” musobaqalarida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga keldi.

VI xalqaro armiya o‘yinlari 2020 yilning 23 avgustidan 5 sentyabriga qadar davom etadi. Musobaqalar 11 ta davlat – Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Eron, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Mo‘g‘uliston, Rossiya va O‘zbekiston hududida o‘tkaziladi. Urush-urush o‘ynashga topgan vaqtini qarang bularning.

Belarusning Slovakiyadagi elchisi Igor Leщenya videomurojaat qilib, Lukashenkodan yuz o‘girib isyonchilar tarafiga o‘tganini bildirdi.

Diktatorning o‘z xalqiga qarshi urushi

13 kundan beri Belarus xalqi va “Yevropaning oxirgi diktatori” deb nom olgan amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko o‘rtasidagi ziddiyat davom etmoqda.

“Demokratiyaning misli ko‘rilmagan ommaviy bayrami” – G‘arb sharhlovchilari Belarusda bo‘lib o‘tayotgan voqealarni shunday nomlamoqda. Belaruslarning talablari juda oddiy – ular 26 yildan buyon bitta odamni hokimiyat tepasida ko‘rishdan charchagan.

Namoyishchilarning shafqatsiz kaltaklanishi va qiynoqlariga qaramay, xalq qo‘rqmadi: 16 avgust, yakshanba kuni Minsk ko‘chalarida odamlar dengiz kabi to‘lib toshdi.

“Bu hukumatning nafrati, shafqatsizligi, yolg‘onlari va isrofgarchiliklariga qarshi keng ommaning milliy qo‘zg‘oloni”, deb yozdi Britaniyaning The Times gazetasi.

Namoyishlarning dastlabki kunlarida Lukashenko barcha diktatorlar kabi norozilikni bostirib, odamlarni zo‘ravonlik va shafqatsizlik bilan qo‘rqitishni boshladi. Belarus politsiyasi tomonidan sodir etilgan vahshiyliklar haqidagi hikoyalar butun dunyoga tarqaldi.

Bu mamlakat korxonalaridagi ishchilarning ish tashlashlari va ommaviy namoyishlari uchun turtki bo‘ldi. Sovet davrining so‘nggi dinozavri biroz cho‘chigan bo‘lsa-da, hanuz o‘z xalqi bilan urushni davom ettirmoqda.

Belarus xalqi o‘zi istagan rahbarni tanlash huquqini qaytarib olishga qaror qildi. Ushbu qarama-qarshilik davom etmoqda va biz chin dildan Belarus xalqi ozodlikka erishishini tilaymiz!

Belarus voqealaridan yomon niyat izlayotganlar shuni bilsinki, butun xalq uchun ozodlik eng asosiy qadriyatdir.

Faqat ozod odamlargina baxtli bo‘lishlari va obod yurt qurishlari mumkin. Erkin va erkin bo‘lmagan xalq o‘rtasidagi farqni ikki Koreya misolida ko‘rish mumkin.

Ozodlik bo‘lmagan orolning bir tomonida ochlik, ahmoqona targ‘ibot va orqada qolish mavjud. Orolning boshqa tomonida yuqori texnologiyalar, “Samsung” va “gangamstayl”.

Belarus deganida ko‘zim oldiga traktor kelardi. Yaxshi traktor. Orqasida kapchasi ham bor. Yana bilganim, Toshkentdagi Benkov bilim yurti taraflarda 1966 yili belaruslar qurib bergan uylar bor.

Belarusni turklar bayoz rus, ya'ni oq rus deb ataydi. Bugun ular o‘z diktatorini oq qildi.

Mustabidlar nazarida toju taxt bir umr ularniki. 1873 yili Xiva xonining ruslar tarafidan ag‘darilganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib maqolalar yozgan “New York Herald” muxbiri amerikalik Yanuáriy Aloíziy MakGáxan taxtdan ag‘darilgan Muhammad Rahimxon Ikkinchi bilan suhbat qiladi.

“Xon bilan intervyu” sarlavhali bu suhbat o‘sha paytda yozilgan “Anna Karenina” romanidan ham ko‘proq o‘qiladi. Xiva xoni MakGaxandan “sening yurtingda ham xon bormi”, deb so‘raydi. MakGaxan esa “mening yurtimda prezident bor, uni xalq 4 yilga saylaydi”, deb tushuntirishga urinadi.

Xon bo‘lsa, “ Nahotki odam o‘z erki bilan taxtdan voz kechadi? Nega uni kimdir saylashi kerak? Taxt uniki axir”, deydi samimiy taajjub bilan.  

Afsuski, oradan 150 yilga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa ham mamlakatni boshqarayotganlar zehni o‘zgarmadi. Rashidov ham, Karimov ham, bugun Mirziyoev ham xalq irodasi bilan lavozimga kelmadi va ularning ketishida ham xalq omili noldan past.

Odamni mavhumlik qiynaydi. Masalan, qaerga borishni bilmaslik. Ertaga nima yeyish-ichishdan bexabarlik. Umuman, kelajakni ko‘rsatadigan kompas ishlamay qolgani odamni asabiylashtiradi.

Dengizchi jo‘ram Mansurning aytishicha, kompas Bermud orollarida ishlamay qolgani uchun kemalar o‘sha erda aylanib, adashib yo‘q bo‘lib qolar ekan.

Ammo baribir har qanday labirintdan chiqish yo‘li bor. Uni topmoq lozim. Balki shoira Halima Ahmad aytgan zangori yo‘l shudir!

Ufqlar ortida zangori yo‘l bor,

Balki u xayolim, balki afsonam.

Pokiza kunlarin shu yo‘lga bog‘lab,

Kechmoqda qismatim — yo‘lovchi sanam.

Ufqlar ortida zangori yo‘l bor…

Yuragim vujuddan ketar sitilib,

Yashayman kimningdir yodidan qochgan –

Adashgan arvohday unga intilib.

Ufqlar ortida zangori yo‘l bor…

Ruhimni izlayman, qayda u, evoh?

Osmon, yulduzlarning qabrini ko‘rsat,

Unda ko‘milganmi ruhim begunoh?

Ufqlar ortida zangori yo‘l bor,

O‘lim erk ustiga qadalgan tug‘dir.

Ketaman qontalash ufq ortiga,

Xayolim munavvar, yo‘lim yorug‘dir.

Ufqlar ortida zangori yo‘l bor,

Hayqir, dalli dilim, sen nechun nigun?

Nega jim kechasan, la'livash qonim,

Sen kimning izisan ko‘zimdagi mung?

Ufqlar ortida zangori yo‘l bor…

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
6 yanvar 2024
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta maktubni o‘qiymiz ular O‘zbekistonning Qashqadaryo, Namangan va Jizzax viloyatlaridan. Dastlabki maktubni bizga Koson tumanidan, ...
26 fevral 2018
O‘zbekiston hukumati tashqi mehnat migratsiyasini tizimli bir shaklga solish yo‘lidagi navbatdagi qadamini tashladi. Xabarlarga ko‘ra, Rossiyaning bir necha federal ...
11 dekabr 2017
9 dekabrdan Toshkent shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalarini tabiiy gaz tarmog‘idan butunlay uzish boshlandi. Gaz idorasi nazoratchilari kafema-kafe yurib, ularning ...
23 mart 2021
2019 yil oktyabrda prezident Mirziyoev 2020-2030 yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlagan edi. Bu hujjat O‘zbekistonning samarasiz qishloq xo‘jaligini ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...