Asosiy mavzular
1 oktyabr 2020

“Prezident kuyovining do‘sti” bo‘lgan bokschi Andijonda IIV kapitanini kaltakladi

24 sentyabr kuni andijonlik bokschi Hasan Ergashev “Damas” boshqaruvidagi IIB xodimi Saidjon G‘ofurjonovni do‘pposladi. 

Kapitan “Damas” rusumli xizmat avtomashinasini Ergashevning to‘xtab turgan “Spark” rusumli avtomashinaga kelib urgan edi. Hodisa soat 12 va 13 oralig‘ida bo‘lib o‘tgani videotasvirlarda aks etgan. Voqea Andijon shahrining gavjum Toshkent ko‘chasida sodir etilgan.

“Eltuz” muxbiri voqea tafsilotlarini o‘rganish maqsadida hodisada bevosita ishtirok etgan kishilar bilan suhbatlashdi. “Damas”ni boshqargan IIB xodimi ishidan ayrilib qolishidan qo‘rqib intervyu berishni xohlamasligini bildirgan.

Kapitan Saidjon G‘ofurjonov ayni vaqtda Andijon IIB 1-militsiya bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi rahbari lavozimida ishlaydi.

“Spark” avtomashinasining egasi andijonlik bokschi Hasan Ergashev bilan bog‘lanib bo‘lmadi.

Hodisaga guvoh bo‘lgan haydovchining aytishicha, Saidjon G‘ofurjonov o‘z boshqaruvidagi mashinani bexosdan qarama-qarshi nojo‘ya harakatlanayotgan avtomashinadan saqlangan holda yo‘l chetiga buradi. 

Natijada harakatsiz turgan “Spark” avtomashinasiga uriladi. Shundan so‘ng “Spark” egasi IIB xodimini do‘pposlab ketadi. Halokatdan so‘ng qisqa vaqt ichida atrofga olomon yig‘iladi. 

Yig‘ilgan omma tomonlarni tinchlantirishi qiyin kechgan. Shu vaqt ichida “Spark” egasi IIB xodimiga prezidentning kuyovi Otabek Umarov bilan yaqinligini, UFC chempioni Habib Nurmagomedov bilan do‘stligi, o‘zining ham sportchi ekanini aytadi. Guvoh sportchi tomonidan IIB xodimi turli so‘zlar bilan haqorat qilinganini tasdiqlaydi.

Sportchining prezidentning kuyovi bilan tushgan, vodiyda ovoza bo‘lgan rasmini “Eltuz” muxbiri ko‘rgan. 

AQShda yashayotgan o‘zbek bokschilaridan biri Sanjarbek Rahmonov intervyularidan birida dog‘istonlik aralash jang ustasi Habib Nurmagomedov “uning akasi Hasan Ergashevning yaqin do‘sti” ekanini tasdiqlagandi.  

Andijon viloyati prokuraturasiga yaqin mulozimning xabar berishicha, ish tergovga oshirilgan. Bunda ko‘zbo‘yamachilik yoki tarafkashlik qilinmaydi. Voqea ro‘y-rost ko‘rinib turibdi. 

Har ikkala tomonga yetkazilgan jarohat darajasini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilayotgani ma'lum qilindi. Albatta, IIB xodimi mashinaga shikast yetkazgani, “Spark” avtomashinasi egasi IIB xodimini urgani inobatga olinishi ta'kidlangan. 

Har ikkala tomon – biri IIB xodimi, biri prezident kuyovining do‘sti ekani qonuniy chora ko‘rishda hech qanday ahamiyat kasb etmasligini bildirdi mulozim.

“Eltuz”ning ushbu voqea bilan yaxshi tanish bo‘lgan suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, “prokuratura ishni qo‘zg‘atdi, ammo ish umuman oldinga yurmayapti, Hasan Ergashev tergovga kelmagan”.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 noyabr 2018
Urganch tumanlararo fuqarolik sudining 27 noyabr kuni sudya O‘tkir Masharipov raisligidagi majlisida jurnalist aka-uka Bobojonovlarning uyini musodara qilish borasidagi ...
15 fevral 2021
O‘sha qadim, qadim zamonlarda davlati boy, odamlari erkin, baquvvat, oilalari baxtiyor, adolat ustun bo‘lgan mamlakatga to‘satdan yov bostirib kelibdi. ...
13 may 2024
Kun surati
18 oktyabr 2017
Bu yil terimga O‘qituvchi va shifokorlar poezdlarda safarbar qilinmoqda. Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlaridan minglab terimchilar mingan poezdlar Qoraqalpog‘iston va ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...