Asosiy mavzular
6 oktyabr 2020

Oyog‘i Rimga yetgan o‘zbek jadidi haqida film suratga olindi

Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyning kichik majlislar zalida 3 oktyabr kuni o‘zbek kinorejessyori Jahongir Qosimov suratga olgan «Ibrat» filmining yopiq namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Ëpiq namoyishda qatnashgan «Eltuz» muxbiri bilan suhbatlashgan kinomunaqqidga ko‘ra, «Ibrat» filmi Ishoqxon Ibratni yaqindan tanimagan, bilmagan insonga u haqida birinchi taassurotni beradi.

4 oktyabr kuni esa Toshkentdagi yangi ta'mirdan chiqqan sobiq «Panorama», hozirgi Navoiy nomidagi kinoro saroyi odamlar bilan gavjum bo‘ldi.

Yuzlab o‘zbek oydinlari sovet hukumatining stalinchi jallodlari tarafidan o‘ldirilgan kun sifatida tarixga kirgan bu sanada film keng jamoatchilikka taqdim qilindi.

1937 yili stalinchi jallodlar tarafidan otib o‘ldirilgan jadid Ishoqxon Ibrat filmidagi dialoglar ustida Murod Muhammad Do‘st va Zulfiya Qurolboy qizi ishlagan.

Stsenariy muallifi Abduqayum Yo‘ldoshev va Nurulloh Abbosxon.

Film taqdimotida sovet repressiyasi qurboni bo‘lgan Ibratning qarindoshlari qatnashdi.

Film ikki yil mobaynida suratga olingan. Afina, Qohira, Orenburg sahnalari Toshkent shahri va Toshkent viloyati atrofidagi qishloqlarda olingan.

Stsenariyning adabiy jihatdan puxtaligini «Eltuz» bilan suhbatda kinotanqidchi Shohruh Abdurasulov e'tirof etdi.

Unga ko‘ra, Ibratning tergovchi Mirhodiev bilan suhbati filmning kulminatsion sahnalaridan biri, deyish mumkin. Tergovchining «Musulmon odam ekansiz, kafansiz, janozasiz ko‘milib ketishdan qo‘rqmaysizmi?» degan savoliga Ibratning «Yo‘q, mening kafanim – iymonim», deya javob qaytarishi ma'rifatparlikning asl mohiyatini ochib beradi.

Filmda o‘zbek kinosi reytingida yuqori pog‘onalarda turuvchi aktyorlar rol ijro etgan.

Ibratning navqiron va o‘rta yoshini ijro etgan Farhod Mahmudov rol ichida yashagan. Uni his qilgan va buni tomoshabinga ham yetkaza olgan.

Keksa Ibratni Saidkomil Umarov ijro etgani filmning yana bir yutug‘i, deya e'tirof etilmoqda. Chunki u Ibratga o‘xshaydi.

Kartinada hozir AQShda yashayotgan taniqli aktyor Bahrom Matjonov ham rol ijro etgan. U Ibratning yaqin do‘sti bo‘ladi. Ammo salohiyat jihatdan Ishoqxondan ancha orqada.

U misolida go‘yoki o‘sha davr sodda  xalqiga ishora qilingandek. Uning obrazida tuzumdan aziyat chekkan oddiy vodiy xalqining qay darajaga achinarli holga tushib qolgani ko‘rsatiladi.

NKVD xodimi rolini ijro etgan Bobur Yo‘ldoshev Zulfiqor Musoqovning «Vatan», «Berlin-Oqqo‘rg‘on» filmlarida o‘ynagan rollarini takrorlagandek.

Munaqqid Shohruh Abdurasulovga ko‘ra, Bobur Yo‘ldoshev bu rolida  yangi qiyofa va obraz kashf etolmagan.

Karim Mirhodiev roli alohida mavzu. Shu rolgina NKVDda ishlaydigan xodimlarning hammasi ham johil emasligini ko‘rsata olgan.

Sobira – Ibratning rafiqasi. Shahzoda Matjonova va Zulxumor Mo‘minova ham rollarini maromiga yetkazib o‘ynashga uringan.

Kartinada postanovkachi operator Rustam Murodov va bosh rassom Doniyor Abdurahmonovning alohida mehnati seziladi. Afina, Qohira, Orenburgni «O‘zbekkino»ning mahsus pavilonida gavdalantira olgan. Tomoshabinni ishontira olgan.

Arab bozori, Iskandariya kutubxonasi, Orenburg stantsiyasi va boshqa ommaviy sahnalarda ham tasvirlar ishonchli. Ammo filmda Ibratning Hindistonga safari aks etmagan.

Adabiyotshunoslar uning Kalkuttada Robindranat Tagor bilan uchrashganini qayd etgan. Hind diyorida bir muddat yashab, sanskrit tilini mukammal o‘rgangani haqida ma'lumotlar mavjud. Biroq kartinada bu haqida so‘z bormagan.

Kartina Ibratning 1937 yilda qamoqqa olib ketilishi voqeasi bilan yakun topadi. Qahraton qish. Qorli go‘zal tabiat. Unda qahramonlarning biroz dardli va ta'sirli (Ibratning rafiqasi Sobira bilan) vidolashuvi aks ettiriladi.

Ishoqxon Ibrat o‘limi haqida turli variantlar bor. Ammo an'anaviy tugaydigan filmlardan farqli ravishda kartinada qahramon o‘ldirilmaydi. Go‘yoki uning abadiy hayotligiga ishoradek.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 aprel 2019
20 aprel kuni Qozog‘istonning Jambul viloyatidagi «Toshkent-Olmaota» trassasida avtobus halokatga uchradi. Yo‘lovchilari aksariyat o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus halokatida kamida 11 ...
4 may 2015
Shuhrat Bobojon Eltuz.com Bu partiya men orzu qilgan ikki maqsadni ko‘zlagan edi. Birinchisi Sovet Ittifoqidan butkul ajralib chiqib erkin ...
30 sentyabr 2015
Kecha majburiy paxta terimi jumladan bolalar ekspluatatsiyasi avj olgan Xorazm viloyatiga reydga chiqqan huquq himoyachilari Yelena Urlaeva va Malohat ...
5 mart 2018
Bobomurod Abdullaevning sudi bo‘yicha «Eltuz» nashri olgan so‘nggi ma'lumotga ko‘ra, sobiq siyosiy mahkum Muhammad Bekjon qamalgan hamkasbining oilasiga dalda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...