Asosiy mavzular
13 oktyabr 2020

Ziroat Hoshimova va uning kuyovlari

Prezidentning kuyovlari bir-biri bilan nizolashmoqda. Prezidentning xotini Ziroat Hoshimova esa Inoyatov nazoratida. Bu iddaolar ustiga qurilgan taxminlar bugungi ko‘rsatuvda.

Prezident Shavkat Mirziyoevning eng ishongan davlat amaldorlari MXX (hozirgi DXX)ning sobiq raisi Rustam Inoyatovning josuslaridir. Bunday aql bovar qilmas iddao bilan “Eltuz”ga maktub yo‘llagan shaxs o‘zining «hukumatda muhim vazifa» bajarishini o‘tkan safargi ko‘rsatuvda  ta'kidlagan edi.

«Hukumatda muhim vazifa» bajaruvchi anonim shaxs yo‘llagan maktub ikki qismdan iborat.

Maktubda, shuningdek, O‘zbekiston hokimiyatining yuqori eshelonlarida prezident Karimov o‘limidan so‘ng yuz bergan evrilishlar tahlil qilingan.

“Eltuz” mazkur maktubdagi da'volarning ba'zilarini tekshirdi. Ba'zilariga aniqlik kiritdi. O‘zining hukumatdagi manbalari orqali maktubda keltirilgan ma'lumotlarni qisman tasdiqlatdi.

Maktub bilan tanishganlardan biri uni yo‘llaganlar “yangi bosh vazir uchun yo‘l ochish maqsadida amaldagi bosh vazirni yomonotliq qilish” maqsadini ko‘zlagan, deya fikr bildirdi.

Ayni paytda O‘zbekiston boshqaruv elitasining yopiqligi bois barcha iddaolarni tekshirish imkoni yo‘q. Ammo biz taqdim etilayotgan ma'lumotlarning O‘zbekiston kelajagiga ta'siri va potentsial ahamiyatini inobatga olib, maktubninig ikkinchi qismini e'tiboringizga havola etamiz. Hukm chiqarish aziz o‘quvchilarga, ma'lumotni tekshirish O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari e'tiboriga havola. Maktub-maqola “Ziroat Hoshimova va uning kuyovlari” deya sarlavhalangan.

Ziroat Hoshimova va uning kuyovlari

Kim Shavkat Mirziyoevga katta kuyovi Oybek Tursunovni prezident administratsiyasiga qo‘yish maslahatini bergan bo‘lsa, kuyovning xarakteri qandayligini va bunday tayinlov qanday oqibatlarga olib kelishini yaxshi bilardi.

Kim Oybek Tursunovning akasi Otabekni ichki ishlarga qayta tiklashni tavsiya qilgan bo‘lsa, oqibatlari nima bo‘lishini juda yaxshi bilardi. Bunday tashabbuslar faqat bir maqsadni ko‘zlagandi – prezident obro‘si va e'tiborini tushirish.

Ular aka-ukalar halol ishlay olmasliklari va o‘zganing mulkini tortib olishdan boshqasiga yaramasliklaridan yaxshi xabardor edilar. Yoshligidan tovlamachilikka o‘rgatilgan shaxsning qo‘lidan boshqa ish kelmaydi. Bugun matbuot aka-ukalarning qilmishlari to‘g‘risidagi anchayin to‘g‘ri ma'lumotlarga tiqilib ketgan.  

Kichik kuyov Otabek Umarov masalasida ham ayni uslub qo‘llanildi: operativ va tergov ishi haqida zarracha tasavvurga ega bo‘lmagan g‘o‘r yigitga xavfsizlik xizmatida mas'uliyatli vazifa topshirildi.

Otabek Umarovning mutlaqo tajribasizligi va unga keladigan ma'lumotlar oqimi cheklanganini oldindan bilgan bizning qahramonlar – Zaynobiddin Nizomiddinov, Abdulla Aripov va Ochil Ramatov o‘z tanish-bilishlarini ishga solib, Otabek Umarov atrofiga xavfsizlik xizmati xodimlarini joylashtira boshladilar.

Otabek Umarov bolaligidan jamoatchilik e'tiboridan chetda o‘sdi. Ammo u haqda na Qo‘qonda va na Toshkentda ma'lumot deyarli bo‘lmaganidan unumli foydalanishdi.

Yetarli bilimga ega bo‘lmagan, uzoqni ko‘ra olmagan va bir-biriga adovat ruhida bo‘lgan Oybek Tursunov va Otabek Umarov ashaddiy dushmanlarga aylandi va bir-birini g‘ajib tamom qildi.

Ahvol shu darajaga yetganki, ular o‘rtasidagi adovatni hattoki prezidentning urinishlari ham to‘xtata olmaydi. Ikki kuyov avval boshdanoq ularning har bir qadami prezident imijiga ta'sir qilishini yaxshi tushunishlari kerak edi.

Afsuski, Oybek ham, Otabek ham bu oddiy haqiqatni anglaydigan darajada ongli emas. Bu yerda ularga o‘rnak sifatida Rustam Inoyatovning o‘g‘li Sharif Inoyatovni misol qilib keltirish mumkin.

Koshki ikki kuyov u kabi  uzoqni ko‘ra bilsalar va sabrli bo‘lsalar edi. Kichik davralarda ikki kuyov Sharif Inoyatovni qanchalar yomonlashmasin, biror bir jihatdan unga tenglasha olishmaydi. 

Abdullaevga qarshi kampaniya

2019 yil boshida Ixtiyor Abdullaev va Otabek Murodov guruhlariga qarshi kampaniya boshlatildi. 

Ular sodir etgan jinoyatlarni taftish qilish bo‘yicha tashkil etilgan maxsus guruhga prezident o‘z kuyovi Otabek Umarovni boshliq qilib qo‘ydi. U yosh va tajribasiz bo‘lgan kuyovining allaqachon maxsus xizmatlar xodimlari ta'siri ostiga to‘laligicha tushib qolganini bilmas edi.

Otabek  Umarov  guruhiga u bilan yaqin bo‘lib olgan xodimlar tiqishtirildi. Maxsus xizmatlar operlari, birinchi navbatda, Jahongir Egamov, Ixtiyor Abdullaev va qolganlarni aynan o‘zlari nazoratlari ostida ushlab turishga Otabek Umarovni ko‘ndirishdi.

O‘zbekiston Respublikasi DXXsining tashlandiq tergov izolyatori eshiklari ularga ochib berildi. Ana undan keyin bu operlar tergov – operativ guruhi a'zolarining o‘zlariga qarshi “urush” boshladilar. Aniqrog‘i, tergov – operativ guruhi a'zolarini yoppasiga  yollash boshlandi.

Yollashga noloyiq yoki Otabek Umarovga va prezidentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma'lumot yetkazib bera oluvchi muhim xodimlarga qarshi kompromatlar uydirildi va bu kompromatlar Otabek Umarov qo‘liga topshirildi.  

Tajribasiz Otabek Umarov esa ko‘zini chirt yumib, ularni maxsus guruhdan chetlatdi. Shunday qilib, maxsus xizmatlar operlari maxsus guruhni to‘liq nazorat qila boshladi.

Kichkina odamning katta ishlari

Aniqrog‘i, oddiy tezkor xodim Zoir Toirovich guruhni jilovlab olgandi. Zoir Toirovich yashin tezligida maxsus guruhning rahbarlarini ham qo‘lga oldi.

Jahongir Egamov, Ixtiyor Abdullaev, Ashraf Eshonxo‘jaev hibsga olingan ilk kunlarda Zoir Toirovich ularning har biri bilan shaxsan operativ suhbatlar o‘tkazdi. U o‘z ishini bitirib bo‘lgandan keyingina gumondor shaxslar bilan suhbatlashish imkoni boshqa xodimlarga berildi.

Jahongir Egamov, Ixtiyor Abdullaev va Ashraf Eshonxo‘jaev bilan suhbatlardan keyin Zoir Toirovich maxsus guruhga aloqasi bo‘lmagan o‘z yaqinlari bilan noma'lum manzillarga qatnay boshladi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, Ixtiyor Abdullaev prezidentdan yashirgan materiallarni (prezidentga qarshi kompromatlar va hukumatning yuqori eshalonlarida DXXga yollangan shaxslar ro‘yxati va boshqa hujjatlar) aynan Zoir Toirovichda saqlanmoqda.

Maxsus guruh yuzlab DXX, IIV, prokuratura va biznes vakillarini DXX tergov izolyatoriga chaqirtirdi. Ularning ko‘pchiligi bilan aynan Zoir Toirovich suhbatlashdi.

Tartibga muvofiq, tergovdagi shaxs bilan operativ xodim cuhbatidan keyin tergovchi tergovini o‘tkazishi kerak. Ammo Zoir Toirovich tajribasida bu tartib nari borsa 100 tadan 10 holatda kuzatildi.

Sizdirish

Bu kampaniya paytida Zoir Toyirovich Botir Tursunov, Oybek Tursunov  va Ulug‘bek Tursunovga qarshi ko‘plab kompromatlarni Otabek Umarovga sizdirdi. Bir vaqtning o‘zida o‘z odamlari orqali ularga Otabek Umarovga qarshi kompromatlarni sizdirib bordi.

Shu bilan birga, DXX va IIVdagi yollangan xodimlar orqali o‘ziga yoqmagan xodimlar va biznesmenlar haqida umumiy ma'lumotlarni oshkor etdi.

Ixtiyor Abdullaev tergovi borarkan, OAVda Otabek Umarov, Oybek Tursunov va prezidentning boshqa oila a'zolari hamda prezidentning shaxsan o‘ziga qarshi chiqqan maqolalarni eslaysizmi?

Bu aynan Zoir Toyirovich xizmatlari tufaylidir.

Zoir Toirovich va uning homiylari rejasiga muvofiq, kampaniya so‘nggida maydonda na Otabek Umarov, na Oybek Tursunov va na DXX raisi Abdusalom Azizov qolishi kerak edi. U maqsadli ravishda DXX raisi Abdusalom Azizovni Otabek Murodov va Ixtiyor Abdullaevga bog‘ladi va shu yo‘l bilan Ixtiyor Abdullaev va boshqalar haqida ma'lumot to‘plagan asosiy shaxs sifatida o‘zini prezidentga yaqinlashtirishga urindi.

Rustam Inoyatovning Shavkat Mirziyoevga ta'sir kuchini juda yaxshi bilgan ZoirToirovich vaqt o‘tib MXX sobiq raisi, uning oilasi va yaqinlariga qarshi ma'lumotlar to‘plash va ularni bir paytning o‘zida ham Otabek Umarovga va ham o‘z tanishlari orqali Oybek Tursunovga sizdirishni yo‘lga qo‘ydi. Matbuot ham chetda qolgani yo‘q.

Xo‘sh, nega Zoir Toirovich Rustam Inoyatov ostini kovlay boshladi?

Ishonchli manbaga ko‘ra, Rustam Inoyatov unga qarshi yetarli kompromatlarni kerakli joylarga topshirgan edi. Homiylari Zoir Toirovichga DXX raisining birinchi o‘rinbosari vazifasini olib berishni zimdan va'da qilishgandi. Lekin qaysi bir pallada homiylar undan yuz o‘girdilar. Sababi, it o‘z egasini qopmoqchi bo‘lgandi.

Kichkina odamning katta ishlari

Shunday qilib, kichkina odam qisqa vaqt ichida cheksiz ma'lumotlar bazasi va katta mablag‘ga ega bo‘ldi.

Ixtiyor Abdullaev va sheriklariga qarshi kampaniya paytida pora evaziga katta boylik to‘plagan Zoir Toirovich ularni bugun mohirlik bilan yashirmoqda.

Aslida Ixtiyor Abdullaev ishini uch oydan keyin sudga yo‘llasa bo‘lardi, ammo ishning cho‘zilishidan Zoir Toirovich manfaatdor edi. Shuning uchun Ixtiyor Abdullaev ishi 2020 yil boshigacha uzaydi.

Zoir Toirovich g‘arazli manfaatlaridan ko‘plab begunoh odamlar zarar ko‘rdi. Lekin u har gal o‘qning uchini Otabek Umarov tomon burardi – men Otabek Umarov topshirig‘ini bajaryapman, deb suvdan chiqardi.

Alaloqibat Otabek Umarov o‘ziga ko‘plab dushman orttirdi. Otabek Umarov ma'lumotlarni o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga odat qilgan odamni yoniga olgandi. Sodda kuyov qo‘ynida ilonni isitardi.

Yuqoridagi faktlardan vaqt o‘tib Botir Tursunov, Rustam Inoyatov, Abdulla Aripov, Zaynobiddin Nizomiddinov, Ochil Ramatov xabardor bo‘lishdi va bu uning oxiri bo‘ldi.

Nima qilib qo‘yganini tushunib yetgan Zoir  Toirovich mamlakatdan qochishga urindi, ammo uning samolyoti yarim yo‘ldan ortga qaytarildi. Shunga qaramay, Zoir Toirovich to‘plagan materiallar aftidan o‘z manziliga yetib borganga o‘xshaydi (DXX ayg‘oqchilari ro‘yxati, Shavkat Mirziyoev va oilasi ishi Turkiyaga yetib borishi va katta pulga muxolifatchi Muhammad Solihga sotilishi kerak edi).  

Bu orada “Qora mergan”ning paydo bo‘lgani va u orqali Zoir Toirovich egalik qilgan ma'lumotlarning matbuot yuzini ko‘rayotgani kuzatilmoqda.

Lekin kichik odamimiz jazodan qutulib qoldi va hozir ma'lumot to‘plamoqda.

U va homiylari kuyovlar va ularning qarindosh-urug‘larini prezidentdan uzoqlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Endigi nishon – Shavkat Mirziyoevning rafiqasi Ziroatxon Hoshimova va uning klani.

Hammasi sinalgan sxema bo‘yicha boryapti. Islom Karimovning qanday yakkalab qo‘yilgani esga olinsa, manzara va maqsadlar oydinlashadi.

Tahririyatdan

Bu «Eltuz»ga kelgan maktub-maqolaning ikkinchi qismi edi. Mabodo siz bu borada nimadir qo‘shimcha ma'lumot bilsangiz, biz bilan bog‘lanib baham ko‘ring.

Maqolada keltirilgan fikr-mulohazalar “Eltuz”ning nuqtai nazarini aks ettirmaydi. Shu bilan birga, “Eltuz” bu maqolada keltirilgan iddaolarni rad qiluvchi yoki to‘ldirmoqchi bo‘lganlarga ham minbar beradi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 oktyabr 2023
RT: Do‘st bilan obod uying gar bo‘lsa ul vayrona ham! MS: Isop duz og‘a. Nichiksizla mo‘chchi apika, xo‘jik brrilo. Ëngqi ishlar ...
21 noyabr 2017
O‘zbekiston BMTning Qrimga nisbatan Rossiya siyosatini qoralovchi rezolyutsiyasi loyihasiga qarshi ovoz berdi. Ushbu hujjatni 75 davlat qo‘llab-quvvatladi, 25 davlat ...
27 mart 2019
Tarixchilarimiz o‘tmish qadriyatlarini mumkin qadar qadimiylashtirishni yaxshi ko‘rishi sir emas. Qadimiylik, ming yillar haqidagi ta'kidlarni o‘ylamay, hech bir faktsiz ...
1 avgust 2017
Iyul oyida O‘zbekiston televideniesi hayotida ro‘y bergan eng muhim hodisa, shubhasiz, «O‘zbekiston 24» telekanalining faoliyat boshlagani bo‘ldi. Garchi mamlakat ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...