Asosiy mavzular
21 dekabr 2020

O‘zbekiston majburiy mehnatni tugatishda yutuqlarga erishdi, ammo hanuz uni butkul yo‘q qila olmadi

Linn Shveysfurt

O‘zbekiston paxta sanoatida bolalar va kattalar majburiy mehnati bo‘yicha o‘tkazilgan 10 yillik monitoring va hisobotlardan so‘ng mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoevning ulkan islohotlar dasturi orqali erishilgan muhim o‘zgarishlar yo‘lini qayd etgan holda ufqda tarixiy bir lahza bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq umid uchqunlari paydo bo‘ldi. 

Ammo O‘zbekiston inson huquqlari forumi (qisqacha -O‘zbek forumi)ning 2020 yilgi monitoringi natijalari shu paytgacha mamlakatda majburiy mehnat o‘tmishda qolmaganini ko‘rsatmoqda.

Paxta terishga majburlanganlar soni so‘nggi uch yil ichida sezilarli kamayganiga qaramay, o‘nlab yillardan beri hukumat boshchiligida tashkil etiladigan majburiy safarbarlik ruhi hamon yo‘qolmagan. Amaldorlar ba'zi tuman va viloyatlarda paxta rejalarini bajarish uchun odatiy majburlash usullariga murojaat qilishda davom etishmoqda. 

Shuningdek, ishlab chiqarishning ulkan maqsadlariga erishish jarayonlarida mahalliy hokimliklar bilan ishlaydigan malakasiz korporativ sub'ektlar faoliyati natijasida klaster tizimini jadal joriy etish majburiy mehnatga yangi turtki berishi xavfi mavjud. 

Vazirliklar buyruqlari, paxta ishlab chiqarish bo‘yicha kunlik maqsadlar, davlat va xususiy tashkilotlar xodimlaridan “paxta solig‘i”ni qo‘rqitish yo‘li bilan to‘lashni talab qilish, ya'ni terimchilarni o‘z ish haqi hisobidan yollash holatlari 2020 yilgi terim paytida, avvalgi yillardagiga qaraganda kamroq bo‘lsa-da, O‘zbek forumi kuzatuvchilari tomonidan hujjatlashtirildi. 

Joriy yilgi paxta terimi ilk bor paxta yetishtirish bo‘yicha davlat rejasisiz amalga oshirildi. Bunday reja prezidentning 2020 yil mart oyidagi farmoni bilan bekor qilingandi. 

Ushbu reja mansabdor shaxslar, jumladan, rejani bajarish mas'uliyati yuklatilgan hokim va mahalla vakillari uchun terimchilarni majburan jalb qilishning asosiy omillaridan biri edi. Rejani bekor qilish nazariy jihatdan ko‘ngilli terimchilar yetishmayotgan bir paytda odamlarni paxta terishga majburlash uchun asosiy sababni yo‘q qilgan bo‘lishi mumkin.

Shunga qaramay, O‘zbek forumi kuzatuvchilari tomonidan olingan hujjatlarda har bir tuman uchun kunlik paxta yetishtirish ko‘rsatkichlari va kunlik terib olinadigan paxta miqdori ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra, paxta yig‘im-terimida hukumatning ishtiroki davom etayotgani taxmin qilinmoqda. 

Terimchilarni jalb qilish ishlari ham, asosan, hokim va mahalla vakillari boshchiligida tashkil etilgan. Darhaqiqat, O‘zbek forumining 2019 yilgi terim bo‘yicha hisobotida ishga yollashda mustaqil va samarali usullarning yetishmasligi majburiy mehnatning oldini olishda katta to‘siq sifatida ko‘rsatilgan. 

Chunki mansabdor shaxslar o‘zboshimchalik bilan hokimiyatni boshqarib, natijada dalaga borishdan bosh tortganlik uchun tazyiq yoki ijtimoiy nafaqalarni yo‘qotishga zamin yaratishlari mumkin.

Ortiga qaytgan yuz minglab mehnat muhojirlari va pandemiya tufayli yo‘qotilgan 670 mingga yaqin ish o‘rni ko‘ngilli ishchi kuchi miqdorining sezilarli darajada oshishiga olib keldi. 

Terimchilarning ish haqi o‘tgan yillardagiga qaraganda yuqoriroq bo‘lgani bois, 2020 yil odamlarni paxta terishga majburlashga hojat qolmagan yil bo‘lishi kerak edi. 

2020 yilgi yig‘im-terim paytida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 42 nafar mansabdorga nisbatan ma'muriy jarimalar qo‘llanilishini aytdi. Bu esa majburiy mehnatning umumiy darajasi yuqori bo‘lgan o‘tgan yildagi ko‘rsatkichdan bittagina kam. 

Albatta, vazirlik uchun bu mehnat inspektorlari o‘z ishlarini oldingidan yaxshiroq bajarayotganidan dalolatdir. Ammo bu muammoga yechim topilishiga hali erta ekanini anglatuvchi tashvishli ko‘rsatkichdir hamdir. 

Bundan tashqari, oqibatlarga faqat hukumat amaldorlari duch kelib, majburiy mehnatdan foyda ko‘radigan xususiy rahbarlar javobgarlikdan qutulib qolgan ko‘rinadi.

Yaqinda xususiylashtirilgan paxta sektori va yetishtirish, qayta ishlash hamda ishlab chiqarishni birlashtirgan klasterlar paydo bo‘lishi yangi muammolarni keltirib chiqarib, majburiy mehnat darajasini baholashda noaniq va aralash manzarani namoyon qildi. 

Klaster rahbarlari, fermerlar, mahalliy mansabdor shaxslar va davlat idoralari goh bir-biri bilan to‘qnashadigan, goh bir-biriga zid bo‘lgan murakkab manfaatlar tarmog‘iga birlashgandek. Ehtimol, bu yilgi hosil bo‘yicha nima uchun davlat xususiylashtirilgan sektorga aralashmoqda, degan dolzarb savol tug‘ilishi mumkin.

“Bankir kundaligi” telegram kanalida e'lon qilingan hujjatga ko‘ra, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Uztex” kompaniyasiga tegishli “Textile Finance Namangan” klasteri 4-5 oktyabr kunlari 981 nafar bank xodimi yoki ulardan undirilgan pul evaziga yollangan terimchilarning majburiy mehnati orqali 61 620 kg paxta tergan.

“Uztex”ning Xorazm viloyati Shovot tumanida faoliyat ko‘rsatadigan “Textile Finance Khorezm” klasteri esa fermerlarning achchiq shikoyatlariga sabab bo‘ldi – ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri Mirziyoevga murojaat qilishdi. 

Fermerlar “Textile Finance Khorezm” bir necha bor shartnoma shartlarini buzgani va topshirilgan paxta uchun kelishilgan pulni bermayotgani, tuman hokimi va Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi bosimi natijasida klaster bilan shartnomalarini bekor qilishga to‘sqinlik bo‘lganini da'vo qilishmoqda.

“Uztex” 2020 yil iyun oyida Olster universiteti va O‘zbekiston inson huquqlari forumi tomonidan chop etilgan qo‘shma hisobotda asosiy diqqat markazida bo‘lib, unda klaster tizimi va uni boshqarish uchun tanlangan tashkilotlarning yaxlitligi ko‘rib chiqildi. “Uztex” korporativ tekshiruvga oid eng xavotirli signallarni ko‘rsatadigan konglomeratlardan biri sifatida baholandi. 

Korxonalar yaxlitligi alomatlari bo‘lmagan va majburiy mehnatdan foydalanadigan kompaniyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sababchi munosabatlar mavjudligi terimning to‘liq monitoring natijalarini yanada chuqurroq tahlilga undaydi, ammo hozirgi paytda ushbu xavotirli holatlar jiddiy e'tiborni talab qiladi.

Davlat paxta sanoatining parchalanishi davlat monopoliyasiga chek qo‘ygan bo‘lsa-da, klaster tizimi monopolistik atributlarga ega bo‘lib, har bir tumanda bitta klaster mavjudligi bilan ajralib turadi. 

Bu mahalliy hokimiyat organlari yerdan foydalanish bo‘yicha nomutanosib kuch-qudratga ega bo‘lgan sharoitda fermerlarni yanada qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda. Ular paxtani kimga sotish borasida tanlovga ega emas va klasterlar o‘z shartnoma shartlarini bajarmagan taqdirda ular ozroq yoki hech qanday kompensatsiya olmaydi. 

Agar fermerlar shartnoma majburiyatlarini bajara olmasa, bu davlat mansabdorlari tomonidan ularning yerlari musodara qilinishiga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitda fermerlar terimchi topishda mansabdor shaxslar “yordami”ga tayanishdan boshqa ilojlari yo‘qligini sezishlari tayin.

Paxta yetishtirishda hukumat mansabdorlarining ta'siri va ishtirokini belgilashning murakkabligi, javobgarlikdan qochib qutulishga qodir vijdonsiz klaster rahbarlari, fermerlarning adolatli shartnomalar tuzishi uchun mustaqillik yetishmasligi va mehnat huquqlari buzilishini kuzatib borish hamda hisobot berish uchun imkoniyat va resurslarga ega bo‘lmagan qashshoq fuqarolik jamiyati sababli O‘zbekistonda majburiy mehnat davom etmoqda.

O‘zbekiston bozoriga qaytadan kirishni o‘ylayotgan brend va to‘qimachilik kompaniyalari ushbu muammolarning hanuz saqlanib qolayotganidan tashvishga tushmoqda. Yaqinda G‘arbning mashhur brendlaridan biri ta'kidlaganidek: “Gap qancha yutuqlarga erishilganida emas. Biz uchun majburiy mehnat ikkilamchi muammo hisoblanadi. Bu sodir bo‘ladi yoki bo‘lmaydi va agar shunday bo‘lsa, biz uni ta'minot zanjiridan chiqarib tashlashimiz kerak bo‘ladi”.

Majburiy mehnatni tugatishda ulkan yutuqlarga erishgan, ammo hali uni butunlay yo‘q qila olmagan O‘zbekiston mamlakatga sarmoya kiritadigan, ish o‘rinlari yaratadigan va rivojlanayotgan to‘qimachilik sohasida standartlarni o‘rnatishga yordam beradigan mas'ul brendlar va xaridorlarga muhtoj. 

Ammo buning uchun ular majburiy mehnatni ta'minot zanjiridan chiqarib tashlashi, ishchilar huquqlari himoya qilinishini ta'minlashi va agar ular yuzaga kelsa, muammolarni hal qilish uchun samarali monitoring va shikoyat mexanizmlarini yaratishi zarur bo‘ladi.

“Paxta kampaniyasi” koalitsiyasi ishtirokchisi sifatida O‘zbek forumi aynan mana shu muammoni hal qiladigan mas'ul manba tizimini ishlab chiqishga doir taklifini berdi. U mas'ul kompaniyalarga O‘zbekistondagi o‘zlarining ishlab chiqarish zanjirlarida majburiy mehnat yo‘qligini faol ravishda ta'minlaydigan ushbu ishlab chiqaruvchilardan paxta olish imkoniyatini berishdir. 

Ushbu innovatsion muzokaralar modeli kuzatuvchilar va fuqarolik jamiyati faollarining majburiy mehnat va boshqa mehnat huquqlari buzilishi holatlarini monitoring qilish va hisobot berishdagi rolini, shuningdek, O‘zbekiston hukumatining inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlarini kuchaytirishni o‘z ichiga oladi.

Linn Shveysfurt – O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va rivojlantirish bo‘yicha ish olib boradigan, Berlinda joylashgan nodavlat notijorat tashkilot – O‘zbekiston inson huquqlari forumi asoschisi.

Tag‘in o‘qing
6 sentyabr 2016
Singlim kichkina rahbar. To‘g‘risi O‘zbekistonda porasiz, ilmi, ma'rifati va odamgarchiligi tufayli tayinlangan sanoqli bog‘cha mudiralaridan. Kechasi ikkida hokimlikdan telefon ...
4 avgust 2018
Navoiy teatrining yaponlashtirilishi, aslida xiyobonlarning chopib yo‘q qilinishi, devoriy san'at asarlarini o‘chirib, ustiga fotooboy qoplash, tarixiy yodgorliklar o‘rni, shakli ...
17 sentyabr 2020
O‘zbekistonda 2021 yildan bojxona xodimlarining farzandlari tavsiyanoma bilan oliy o‘quv yurtlarida grant asosida o‘qishga tanlovsiz qabul qilinishi mumkin. Vazirlar ...
8 aprel 2017
Stokgolmdagi terakt bo‘yicha O‘zbekiston vatandoshi ushlangan. Foto: Aftonbladet.se Bu haqda yozgan, Shvetsiyadagi nufuzli Aftonbladet nashriga ko‘ra, 7 aprel kuni ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...