Asosiy mavzular
12 fevral 2021

RTdan va'z: Bizning uy xaroba. Saroy – sizniki

Minutlar, soatlar va kunlar o‘tib yana siz bilan muloqotdaman. Bugun 2021 yilning 12 fevrali. Bundan 140 yil avval Rossiya imperiyasi mening vatanimga hujum qilib, ilk qarshilikka duch kelgandi.

Rus armiyasi 1881 yilning yanvarida Go‘ktepada turkmanlarning qattiq qarshiligi bilan yuzlashib, orqaga chekinishga majbur bo‘lgan edi.

Xiva xonligining sadoqatli vatandoshlari bo‘lgan turkmanlar rus bosqinchilarining 398 askari, shu jumladan, 36 ofitserini qilich bilan chopib tashlashdi.

Xivadagi poraxo‘r va maishatparast xonu hokimlardan farqli o‘laroq, turkmanlar Xorazm davlatini bosqinchilardan asrash uchun jonini ham, molini ham ayashmadi. Erkaklar o‘lsa, jang maydoniga ayollar chiqib, o‘ris bosqinchilarini qon qaqshatishdi.

12 yanvar Turkmanistonda Go‘ktepa shahidlarini eslash kuni deb e'lon qilingan. Aslida bu kunni butun Turkiston xalqlari eslashi lozim. Botir ota-bobolarimizga shon-sharaflar bo‘lsin.

Bugun Yevroosiyo ittifoqiga kiraman deb boshi yergacha ta'zim qilib turgan sharafsiz rahbarlar fonida Go‘ktepada vatan sarhadlarini himoya qilgan otalarimiz qiyofasi yanada yorqin ko‘rinadi. Sizga shon va sharaflar bo‘lsin.

Minnatdor avlodlar vatanni himoya qilganlarni unutmaydi. Albatta, sotqinlarni ham eslaymiz. Kechagisini ham, bugungisini ham.

Tarix to‘g‘risida qolaylikda jim, xabarlar so‘ylaylik, quloq ber shunga.

Qisqa xabarlar

Toshkent viloyati «Qashqarlik» mahallasi masjidi imom-xatibi Ochildi Rashidovga juma va'zida O‘zbekistondagi rusiyzabon vatandoshlarni haqorat qilgani uchun chora ko‘rildi. U kishining qo‘lidan ehson qutisi kaliti bir oy muddatga olib qo‘yildi.

Ochildi birat “Agar ichkilikboz bo‘lsa – Pyotr yoki Aleksandr, yengiltabiat bo‘lsa – Masha yoki Natasha”, deya o‘z va'zlarida marhamat qilgan edi.

Imom Ochildi Rashidov qilgan ishi uchun kechirim so‘radi.

Toshkentdagi «Malika» savdo rastasi do‘konchilaridan birining soqolidagi bit mo‘yna mahsulotiga o‘tgani bois «antisoqol» tadbiri boshlandi. Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi poytaxtning «Malika» («Texnoolam») savdo majmuasidagilarning soch-soqoli o‘sib, antisanitariya holati kelib chiqqani yuzasidan taftish o‘tkazdi.

+++

Ombor ham yondi¸ uylar kuyib kul bo‘ldi. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida 8 fevral kuni bir-biriga tutash 5 ta uy yong‘indan zarar ko‘rdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining bildirishicha, yong‘in chiqqan ko‘chaning otiyam Duchor ekan. Duchor berk ko‘chasi.

Turist solig‘i

Siz O‘zbekistonda yashaysiz. Mabodo biror qarindoshingizning to‘y-ma'rakasiga boraman deb Samarqand, Xiva yoki Buxoroga borsangiz, sizdan turist solig‘i olinadi.

Bu borada muhtaram prezident farmon imzoladi. Farmonga binoan, 2021 yil 1 martdan boshlab O‘zbekiston vatandoshlaridan turist solig‘i olinadi.

Bu yig‘im ichki turizmni targ‘ib qilish va rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Farmon muborak, vatandoshlar!

Titul millat

Toshkent shahri Yashnobod tumani «Jarqo‘rg‘on» mahallasidagi 8 yashar bolani sen kofir o‘rissan, deb urib qo‘lini sindirishibdi. Uchastkovoy milisa esa bolaning onasiga «men musulmonman, musulmonning tarafini olaman», degan.

Ilmiy ish yozganlar biladi titul varaq nimaligini. Bu birinchi varaqdagi sarlavha. Biz yashayotgan davlatning titul varag‘iga O‘zbekiston deb yozilgan.

Bu davlat nomini tashigan etnos mansublari titul millat deyiladi. Darrov aytay, menga umuman yoqmaydi bunday yondashuv. O‘zbekiston vatandoshlarining hammasi birday titul millat bo‘lishi mantiq va sog‘lom aqlga to‘g‘ri keladi.

«Titulnaya natsiya» degan anglamni ilk bora frantsuz romanist-individualist va millatchi siyosiy arbobi Moris Barres XIX asr oxirida muomalaga kiritgan edi.

E'tibor bering, millatchi siyosatchi Barresga ko‘ra, mamlakat tili, madaniyati va davlat tizimiga asos solgan dominant etnos titul millat deya atalishi kerak. Boshqalar esa diaspora degan tamg‘a ostida yashashga mahkummish.

Nimaning hidi kelayotganini sezdingizmi? Birinchi sort va ikkinchi sort vatandosh deganimi bu?

Toshkentlik olima ayol Berlinga kelganida Fray universiteti professori bilan uchrashdi. Men ham bor edim suhbatda. O‘zbek ziyolisi nemis professoriga qarab, «Siz toza qonli nemissiz, albatta», deya xushomad qildi.

Xonim bu gapni ruscha aytdi – «chistokrovnaya nemka». Nemis professori ayol kishi edi. Favqulodda jahli chiqqan bo‘lsa ham o‘zini bosib: «Toza qonli nemisni qanday aniqlaysiz? Tsirkul bilan burnini o‘lchaysizmi? Ëki qonini tekshirasizmi?» dedi.

Keyin professor shu universitetda ishlaydigan Tomas degan qora tanli va Mustafo degan turkni chaqirdi. O‘zbek «ziyoli xolaga» qarab: «Mana Tomas va Mustafo. Ular haqiqiy nemis. Ularning pasportida yozilgan bu. Marhamat qilib bunday ahmoqona gapni boshqa eshitmay sizdan», dedi.

Bu «ziyoli xola» baribir hech narsani tushunmadi. Etnomillatchilik xavfli ekanini Qirg‘izston, Qozog‘iston va Turkmanistonda yashayotgan o‘zbeklar juda yaxshi biladi. Ayniqsa, O‘sh va Aravondagilar.

Nima demoqchiman. Kecha Toshkentning Yashnobod tumaniga Qashqadaryodan ko‘chib kelgan o‘zbek oilasining 14 va 16 yashar bolalari birlashib bir o‘ris bolani urib, qo‘lini sindirdi.

Bu bolalar nazarida bu o‘ris «kofir» ekan. Mayli, bularni bola, desak. Ammo uchastkavoy milisa ham shunday deb o‘ylar ekan. «Men musulmonlarning tarafini olish uchun qo‘yilganman», debdi.

Endi bu gapdan keyin tarmoqning rusiyzabon toshkentliklar kontentida haddan ziyod nafratli yozuvlarni ko‘rdim. Nafrat ular nazdida «Toshkentni mo‘r-malaxday bosgan viloyatlik o‘zbeklarga» qarshi qaratilgan.

Rusiyzabonlarning balki nafrati sal oshib ketgandir. Ammo to‘g‘ri tushunib, o‘zimizni bosib olaylik. Yaqin tariximizda mesxet turklarining uylarini yoqib haydaganimiz bilan bog‘liq tavqi la'nat yetadi bizga.

Oq tanlilar Janubiy Afrikadan chiqib ketganidan keyin amalga o‘tirgan qora tanlilar bu mamlakatni nafrat, urush, diniy nizo va o‘g‘irlik botqog‘iga to‘laligicha botirib o‘zlarini «ko‘rsatishgan» edi.

Mana, o‘rislar ketgandan keyin 30 yil mobaynida bizni boshqargan eng kichik rahbardan prezidentga qadar o‘g‘irlik, zulm va nepotizm botqog‘iga botganini ko‘rib turibmiz. Ko‘r emasmiz.

Fond birjalarida ba'zan aktsiyalarning narxi tushib ketadi. Bir vaqtlar Markaziy Osiyoda ilm va irfon markazi bo‘lgan O‘zbekiston deya nomlangan aktsiyaning narxi, mana, 30 yildirki, plintusdan past.

Bir katta o‘g‘rixona deb qaraladigan xatarli hudud. Yana ham pastga qulamaslik uchun o‘ylaylik, azizlar. O‘ylaydiganlar bir-bir o‘lib, bu yovvoyi qoramollar galasi 99 foizga yetganidan keyin kech bo‘ladi.

Porox bochkasi ustida o‘tirib, gugurt chaqish islohot emas, xarakiri.

Tuzukroq tug‘ruqxona qura olmagan bosh vazir

Rahmim keldi Aripovga. Eh, Aripov, beshta qizingdan bittasi tug‘yapti. Byudjetniing puliga Myunxendan bir samolyot ginekolog qimmat do‘xtir keldi bosh vazirning qiziga doyalik qilish uchun.

Mayli, qizingning ko‘zi eson-omon yorisin. Ammo o‘zing bosh vazir bo‘lib hech bo‘lmaganda qizing tug‘ishini ta'minlaydigan bitta tug‘ruqxona qura olmaganingdan uyalmaysanmi?

Mayli, bilaman, xalqqa ko‘ndalang qo‘ygansan. Mayli, Karimov davrida ham, hozir ham tinimsiz o‘maryapsan. Lekin baribir hech bo‘lmaganda o‘zing uchun bir kasalxona qura olmadingmi? 4 yil nima qilding? Sal bo‘lsayam uyalmaysanmi?

Jahongir ginalariga javob

Jahongir Otajonov (Saparvoy akaning o‘g‘li) hali tuzilmagan «Xalq manfaatlari» partiyasini tark etdi. Jahongir issiqlik qildi boboylarga.

Eh, Jahongir. Jahongirbek yurtdoshim. «Eltuz»dan xafa bo‘lib qilgan chiqishingni ko‘rdim. Giylayu guduring boshimiz ustiga. Endi gap bunday inim:

Ko‘p jahongir ko‘rgan bu dunyo, barchasiga guvoh yer osti.

Emas oson bu maydon ichra turmoq, siyosat panjasiga panja urmoq.

Juma va'zida asli seni maqtagandim, birodar. Yaxshi taraflaringni aytdik. Fonogrammasiz ijod qilganing va ovoz diapozoning Yulduznikidan kuchli ekanini ham aytdik.

Jo‘mardliging va boshqa artistlar kabi parazit emasligingni ham aytdik, og‘ayni. Ammo satirik jurnal bo‘lgani uchun seni Jaqqi dedik. Yaxshi bilasan, Xorazmda Bahodirni boqqi, Shavkatni sho‘kki deydi.

Agar shu hazil sening qalbingni og‘ritgan bo‘lsa, uzr so‘rayman. Kechir, Jahongir inim. Videodagi so‘lg‘in yuzingni ko‘rib ichim uvishdi.

Ammo… Jahongirbek, siyosat bu sahna emas. Hech kim seni olqishlamaydi. Qildan qiyiq axtarib, seni la'natlashadi. Sahnada senga tomoshabinlar gul otishsa, siyosat sahnasiga chiqqanlarga tosh otishadi. Loy va balchiqqa qorishadi. Siyosat bu. Chidaganga chiqargan.

17 yil Germaniyani boshqargan Angela Merkelni quyon, maymun, it va to‘ng‘iz qilib rasmini chizishdi. Yalang‘och rasmini qo‘yib, ustidan kulishdi. Ammo Merkel parvo qilmadi. Siyosatchining to‘ni ham, terisi ham qalin bo‘ladi.

Britaniyada Benksi degan rassom mamlakat parlamentidagi barcha deputatlarni maymun shaklida chizdi. Bu rasm uchun Benksiga hech kim malomat qilmadi. Asarni Bristol muzeyi sotib oldi.

Jahongirbek «Eltuz» degan nik yo‘q. «Eltuz» degan sayt bor. Bu saytni 1994 yildan 1999 yilgacha Xorazmda Ey El Si degan kanal ochgan yurtdoshing Qudrat Bobojon yuritadi. Adres va telefoni bor. Istasang telefon qil.

Yana bir bor uzr so‘raymiz. Otajonovlar sulolasini hurmat qilamiz. Lekin, boya aytganimdek, siyosat bu sahna emas. Shafqatsiz va andishasiz dunyo bu. Siyosatga kirgan odamning ustida tanknikidan ham qalin bron bo‘lish kerak.

Jahongirbek, siyosatga xush kelibsan. Bu jabhada seni o‘tdan olib suvga soladilar. Fitrating kuchli bo‘lsa, po‘lat kabi toblanasan. Zaif bo‘lsang, kul bo‘lasan. Urushda turish yo‘q, birodar. Yo‘ling ochiq, boshing tik, tiling esa qilichday keskir bo‘lsin.

«Moviy gumbazlar»ga qadalgan ko‘zlar

Toshkent hokimi binosiga kirib «O‘g‘ri» deb baqirsang, hamma amaldor yalt etib qaraydi. «Odamlar» deb baqirsang, nol reaktsiya. Nega??? Chunki ular o‘g‘ri.

Ayni paytda mamlakatimiz poytaxti markazidagi «Moviy gumbazlar» kafesi joylashgan ulkan parkni Ortiqxo‘jaev banditlari talon-toroj qilishmoqchi. Bunga qarshi chiqqan oz sonli, ammo zakiy vatandoshlar bilan birgaman.

Jurnalist Farida Sharif, rassom og‘amiz Vyacheslav Oxunov, andijonlik rassom No‘'monjon Xolmirzaevga tashakkur bildiraman. Ortiqxo‘jaevga qarshi chiqish – bu haqiqiy botirlik.

Baliqchidagi bezbetlar

Yanvar oyidagi va'zimda Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi bir yosh tadbirkor haqida aytib o‘tgan edim. 2014 yilda mol-mulki tortib olingan Alisher sudma-sud yurib tinkasi qurigan edi.

Baliqchidagi sud, prokuratura va hokimlik vakillari bu talon- taroj haqida eshitganini aniq bilaman, ammo qonun ustuvorligini ta'minlash uchun shu paytgacha biror harakat qilinmagan.

Endi bildik, O‘zbekistonning qaysi tumanida eng bezbet hokimiyat vakillari borligini.

«Eltuz» nimani anglatadi?

«Eltuz» degani nima ma'noni beradi, deb so‘rashadi. Bu «el» va «tuz» so‘zlaridan tarkib topgan. «El» so‘zi arabcha «xalq» so‘zining turkchasidir. «Tuz» so‘zi esa bu yerda ovqatga soladigan sho‘r mineral (salt) emas, balki tuzatish, tuzish va qurish ma'nosida.

Inglizchasi nation building bo‘ladi. Fors va arab so‘zlariga o‘rganib qolgan quloqlar uchun sof turkcha «eltuz» so‘zi sal tushunarsiz bo‘lganini bilaman.

Birinchi marta bu so‘zni ishlatib, 1994 yili «Eltuzar shuur» deb maqola yozganimda Muhammad Solih «Eltuzar» deya gazetaga nom bersa bo‘lar ekan, deb taklif bergan edi.

2010 yili O‘sh voqealarini yoritish uchun «Eltuzar» degan sayt ochdim. Ammo O‘shdagilarning ortiqcha dindorlashgan qismi bu nashrni qo‘llamadi. Sayt yopildi.

Mang‘itlik bir do‘stimizning katta otalaridan birining ismi Eltuzar edi. Xorazm tarixida Eltuzar degan xon o‘tgan. 1804 yildan to 1806 yilgacha xonlik qilgan. Qo‘ng‘irot o‘zbeklaridan. 1760 yili Xivada tug‘ilgan va 1806 yili Xivada o‘lgan.

Tarixda yana bir hukmdorning ismi Eltutmish. Eldor Asanov og‘amizning yozishicha, Eltutmish 1211–1236 yillarda Dehlini boshqargan. Turklarning elbariy qabilasiga va Dehli sultonligining shu nomli sulolasiga mansub.

So‘nggi iqtibos turk shoiri Navoiydan: El netib topgay menikim, men o‘zimni topmasam.

Bosqinchilik tarixi

Suhbatimizni tarix haqidagi esdaliklar bilan boshlovdim. Mavzuni davom ettirsam, chunki tarix ulug‘ muallim. Bugungi rahbarlar tarixdan saboq chiqarsa sevinardim.

Rossiya istilochilari 1879 yilgacha ham Xiva xonligiga ko‘p marta hamla qilib, ishg‘ol qila olishmagan.

1813 yilda Ozarbayjon qo‘lga kiritildi, 1859 yilda Dog‘iston va Checheniston, 1864 yilda cherkaslar yurti bosib olindi. Chechenlar bilan 60 yil jang qilindi.

19-asrning ikkinchi yarmida O‘rta Osiyodagi musulmon davlatlarni zabt etish boshlandi. Sal ilgariroq chor hukumatiga bo‘ysundirilgan tatar va boshqirdlarni zo‘rlab cho‘qintirish, ya'ni nasroniy (xristian) diniga kiritish siyosati yuritildi.

«Dunyo slavyanlarniki, slavyanlar esa Rossiyaniki», deb o‘zgalar yurti ustida qilich o‘ynatgan qonxo‘r rus generallari Perovskiy, Veryovkin, Chernyaev, Kaufman, Kuropatkin, Skobelev va ularning ming-minglab maslakdoshlari Kavkaz, Kavkazorti, Sibir, Uzoq Sharq, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston o‘lkalarini bosib olib, Rossiya mustamlakasiga aylantirdilar.

Sibir o‘lkasi hamda Turkistondagi bitmas-tutanmas yer osti va yer usti boyliklariga ko‘z olaytirgan chor ma'murlaridan biri – Rossiya imperiyasining moliya vaziri Vishnegorodskiy «O‘rta Osiyo – rus tojidagi eng qimmatbaho dur», deb yozganida Rossiyaning kelajakdagi iqtisodiy yuksalishi O‘rta Osiyoga bog‘liqligini nazarda tutgan edi.

Rossiya imperiyasi O‘rta Osiyoga qancha kuch bilan bostirib kelgan edi? Hisob-kitoblarga qaraganda, kuchlar soni Kavkaz urushida qatnashgan askarlardan bir necha baravar ko‘p va qirg‘ini ham dahshatliroq bo‘lgan.

O‘rta Osiyo va Qozog‘istonga yurish davrida Farg‘ona general-gubernatori: «Bir ming sart bir rus askari etigining poshnasiga arzimaydi», deb yozgan bo‘lsa, ularning boshqa biri – Turkiston general-gubernatori Fon Kaufman: «Amir (Buxoro amiri) isyonkorlaridan (1868 y.) birortasi ham asir olinmasin. Qo‘lga tushganlarning hammasi, hattoki yaradorlar ham otib tashlansin», deb farmon bergan edi.

Harbiy tarixchilar A.Terentev, M.Ivanin, 3. Kastelskaya Qozog‘istondagi shahar, qishloqlarni, O‘rta Osiyoning madaniy markazi bo‘lmish Toshkent shahrini vayron etib, ming-minglab begunoh oddiy odamlar qonini daryo qilib oqizgan generallar Chernyaev, Skobelev, Ionov, Kuropatkin, Ivanovni qattiq qoralashgan.

«Chernyaev ashaddiy shovinist edi. Uning nazarida, Qo‘qon xonligida yashagan o‘zbeklar, qirg‘izlar, qipchoqlar va boshqa xalqlar faqat to‘n (chopon) kiyganliklari uchungina qirib tashlashga loyiq», deb yozgan edi tarixchi zobit Kastelskaya.

«Skobelev Ivanovni zug‘umga olgach, – deb yozadi B. Nalivkin, – u qo‘l ostidagi askarlarini hujumga boshlab, emizikli bolalargacha chopib tashladi»…

Rossiya imperiyasiniig Kavkaz va O‘rta Osiyoda olib borgan bosqinchilik siyosatini hatto jahon yo‘qsillarining dohiylari ham qoralagan edilar.

Lenin «Turkiston mustamlakachilikning eng yorqin namunasidir», deb yozgan bo‘lsa, Fridrix Engels va Karl Marks Chor Rossiyasining O‘rta Osiyodagi mustamlakachilik va talonchilik snyosatini o‘z asarlarida qattiq tanqid ostiga olishgan.

Endigi navbat ertakka. Ertaksiz va'z bamisoli shpalsiz temir yo‘l, muhabbatsiz hayot. Ertak bir zamonlar mamlakatni xarobaga aylantirgan hukmdorlarni hajv qilgan Gulxaniyning «Zarbulmasal» asaridan ilhomlanib yozildi.

Boyo‘g‘li va Ko‘rqush ertagi

Bir kuni Ko‘rqush o‘g‘lini uylantirish uchun Boyo‘g‘lining oldiga sovchilikka boribdi. Uning husnda tanho bir qizi bor edi. Farovon shaharlar, so‘lim o‘rmonlardan yiroqda yashovchi, xarobalar sultoni bo‘lgan Boyo‘g‘li qizining qaliniga Ko‘rqushdan ming choldevor berishini so‘rabdi.

Bo‘lg‘usi qudasining bunday javobidan hafsalasi pir bo‘lgan Ko‘rqush kelib hasratini xotiniga aytibdi. Donolarning donosi bo‘lgan xotini esa unga bunday debdi:

– Nega rozi bo‘lmading, ey Ko‘rqush? Nahotki chindan ham ko‘zlaring atrofda kunora kechayotgan voqealarni ko‘rmayotgan bo‘lsa? Mana, erta-indin 50 yil qad ko‘tarib turgan moviy gumbazlarni yiqishadi, kamida 500 daraxt tomiri quritiladi, undan ilgari ham shahardagi xiyobonlarga qiron keltirilgan, ikki ko‘prik, bir ko‘p qavatli uy vayron bo‘lgan edi. O‘tgan yil to‘g‘on ag‘daralib, uning atrofidagi minglagan uylar choldevorlarga aylangan edi.

Boyo‘g‘lining taklifiga rozi bo‘l. Agar shu hukmdorimiz yana bir yil tursa, Boyo‘g‘li qizining qaliniga ming emas, o‘n ming choldevor topib bera olamiz.

Kambag‘al bizniki. Boylar sizniki.
Haqiqat bizniki. Yolg‘on sizniki.
Qayg‘ular bizdandir. Shodliklar sizdan.
Tashvish bizga tobe. Beg‘amlik sizdan.
Yamoq biznikidir. Butun sizniki.
Ozodlik bizdandir. Qafas sizniki.
Ko‘ngil bizning podshoh. Qorin sizniki.
Bizning uy xaroba. Saroy sizniki.
Manglay ter bizniki. Harom sizniki.
Biz Haqning qulimiz. Dunyo sizniki.
Endi buyog‘ining o‘zi bo‘lindi:
Alloh biznikidir. Shayton sizniki.
Usmon Azim

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
23 oktyabr 2017
O‘zbekiston parlamenti sputnik likobchalarini o‘zboshimcha o‘rnatishni taqiqlovchi qonun loyihasini taqdim qildi. Bu haqda 12 oktyabr kuni O‘zA agentligi xabar ...
31 iyul 2019
1 avgust kuni O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test imtihonlari boshlanadi. Bu hashaki shpargalkalar davri tugab, ular o‘rniga ...
7 aprel 2015
Qudrat Bobojon Biz har kuni xabarlar olamiz, mamlakatda kun sayin demokratiya zaiflashayotgani, diktatura kuchayib borayotgani haqida.  Ehtimol, oddiy avom ...
27 fevral 2017
Hokimiyatni oilaviy boshqarish mintaqada urfga aylandimi? 21 fevral kuni, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Alievning xotini Mehribon o‘z eriga birinchi vitse-prezident ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...