RTdan va'z: Olti erkak bir ayolni zo‘rlagan o‘lka
Oshiqlaring poyingga gul otib ham bo‘ldi,
Xilvatlarda labingdan bol totib ham bo‘ldi
Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo‘ldi
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol!
Chorlashganda sen kelsang, goh bekor kelsang-da,
Mast davraga bir sarin yel, bir tor, kelsang-da,
Xor kelsang-da, nomardlarga goh xor, kelsang-da,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol!
Qimtinasan, astagina ko‘tarasan bosh,
Ming yillikdir ko‘zingdagi jovdiragan yosh,
Gunohkorlar mingu bitta, senga tegar tosh,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol!
Harir, xushbo‘y badaningda toshlar izi bor,
Ko‘kragingda egilgan ne boshlar izi bor,
Quyosh izi, kuydirgan quyoshlar izi bor,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol!
Halima Xudoyberdieva
Marhum shoira Halima Xudoyberdievaning bu she'rini o‘qimagan, eshitmagan o‘zbek kam topilsa kerak. Ayni she'rga hofiz Sherali Jo‘raev kuy bastalab, omma orasida mashhurlashtirgan. Andijonda olti erkakning bir ayolni zo‘rlagani haqidagi xabar ushbu she'rni yodimga soldi.
Avvaliga qisqa xabarlar, keyin qolgan joyidan davom ettiraman.
Qisqa xabarlar
Pastdarg‘omda kanaldan 17 yoshli qizning murdasi topildi. Yaqinlari u qotillik qurboni bo‘lganini aytmoqda. Ammo milisa qotillik alomati yӯqligini aytdi. O‘zbekiston xotin-qizlar uchun o‘ta xatarli mamlakatga aylantirildi.
Rishton markaziy shifoxonasida o‘g‘lini olib yotgan ayolni eri kelib pichoq tiqib o‘ldirdi. Xotin go‘rda, er qamoqda, bola detdo‘mda.
17 may kuni Termizdagi maktabda yong‘in chiqdi. O‘t o‘chiruvchilar shessekundda yetib borishdi. 25 minutda o‘tni o‘chirishdi. «Yong‘in natijasida bino 2-qavatining taxminan 120 kv.metr ichki va tom qismi yonib zararlangan. Yong‘in oqibatida tan jarohat olganlar yo‘q”.
Jizzax shahri hokimining birinchi o‘rinbosari Oybek Nurmatov 2 ming dollar pora olayotganida qo‘lga tushdi. Oybek Nurmatov tadbirkorlarning biridan qurilish-ta'mirlash ishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan tender savdoni olib berish evaziga 2 ming dollar pora talab qilgan. Oybek qamoqda. Pora seyfda.
———————
Andijon viloyati Andijon tumanida dala shiyponida olti erkak besh oy avval turmushga chiqqan ayolning nomusiga tegishi hodisasi bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Mazkur jinoyatni 28 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan andijonlik 6 nafar o‘zbek sodir qilgan.
Zo‘rlashda qatnashganlarning barchasi oilali bo‘lib, ulardan 4 nafarining 2 nafardan, birining 3 nafar, yana birining esa 4 nafar farzandi bor.
————————
3 may kuni bir kelinchakni zo‘rlagan oilali, bola-chaqali andijonlik amakilar hech narsa bo‘lmagandek macjidga chiqib, namoz o‘qishgan (bu kamerada ko‘ringan).
Turklar aytgandek, e'tiqod va pulning kimda borligini bilib bo‘lmaydi.
«Kelinchakni olti andijonlik zo‘rladi», deb yozsam, «Ha, endi…», deb qo‘lga siltab, «Aka, Falastinni gapira qolaylik», deyishdi…
Kallasi uzilgan mushuk, iffati buzilgan ayol
Endi navbat cho‘pchakka.
Ikki og‘ayni uylanibdi, 20 yildan keyin ko‘rishibdi. Biri ikkinchisining uyiga mehmonga boribdi. Mezbon choy desa, xotini choy keltirarmish. Vaqtida kelib, labbay begim, deb kelin xizmatni qilayotganmush. Farzandlari bo‘lsayam, yosh kelinchakdek erining xizmatini qilib yuribdi.
Mehmon mezbon do‘stidan: «Bunga qanday qilib erishding», deb so‘rabdi. “Ha, buning yo‘li oson”,- deb javob beribdi do‘sti. – Chimildiqqa kirdim. Shundoq qarasam, mushuk o‘tiribdi. Pisht degandim, ketmadi. Shunday oldim-da, shart kallasini uzib tashlab, bu uyda aytganimni qilmaganning ahvoli shu, deb aytdim”.
Bu cho‘pchakni shu kunlarda O‘zbekistonda dong‘i ketgan terrolog o‘z muridlariga aytib berdi. Qissadan hissa, terrolog ayolni vaqtida, o‘z ta'birida tarbiyalab qo‘yish muhimligini uqtirmoqda. Erkak qanday qilib ayolni bo‘ysundirishi kerakligi haqida mahorat darsi o‘tyapti. Ayolni bo‘ysundirmoqchi bo‘lsang, mushukning kallasini vaqtida olishing kerak ekan.
Didaktik cho‘pchaklarni o‘qib, o‘zlashtirib tarqatishni to‘xtating, yagona terrolog janoblari. Sizning bariton ovozingizga mahliyo bo‘lib, gender masalalarida quloqqa lag‘mon ilishingiz zo‘ravonlikka chaqiriq sifatida baholanishi mumkin! Eslatib qo‘ysam: O‘zbekistonda ayol va erkakning huquqi teng.
Bir video
Bitta videoni ko‘rdim. Uni tarmoqqa qo‘yib bo‘lmaydi. Videoda Eron tasvirlangan. Birinchi tasvir: 5 ta so‘taqo‘zi go‘yo tug‘ilgan kun nishonlamoqda. Bitta qiz ham bor. Ikkinchi tasvir: So‘taqo‘zilar qizni majburlab, yerga yotqizib zo‘rlamoqchi bo‘lyapti. Qiz forsiyda: «Ey xudo, xudojon», deb dod soladi.
Uchinchi tasvir: Ikkita so‘taqo‘zi qizni bosib turibdi. Bitta Eshmat esa hirsini qondirmoqda. Shu tariqa beshtasi qizni zo‘rlaydi. To‘rtinchi tasvir: Beshta so‘taqo‘zi zo‘rlangan qizni o‘ldirmoqda. O‘ldirib bo‘lib, boshini kesishdi. Maydalab xaltalarga solishdi.
Oltinchi tasvir: O‘sha beshta so‘taqo‘zini yuk mashinasi tomiga mindirib ko‘chaga olib chiqishdi. Ko‘cha ustidan ko‘ndalang o‘tgan svetofor temiriga dor osib, bu so‘taklarning bo‘yniga ildirishdi. Mashina qo‘zg‘aldi. Beshta so‘tak katta ko‘chada svetofor temiriga osilib turibdi.. Bittasini ko‘zi otilib chiqqan. Bittasining oyoq uchini kalamush kemirib boshlagan…
Odatan men o‘lim jazosiga qarshiman. Lekin bu manzarada adolat tantanasini ko‘rdim.
Ayoli xor jamiyat
Andijon va Samarqanddagi ayollarga nisbatan vahshiyliklar mavzusi internetni portlatdi, endi u zo‘ravonlarni qamashadi, shu bilan odamlar tinchlanadi.
Lekin bu bilan ayollarga nisbatan zo‘ravonlik to‘xtaydimi? Muammo hal bo‘lish u yoqda tursin, vaziyat salgina yaxshilanadimi?
Yo‘q! Unday bo‘lmaydi. Uch kunda unutamiz, shu bilan keyingi zo‘ravonlik oshkor bo‘lguncha (ko‘pda oshkor bo‘lmaydi).
Chunki bunday jinoyatlar zo‘ravon (erkak) va qurbon (ayol)ning hayotiga turlicha ta'sir qiladi. Erkak bir qilmishiga bir jazo oladi: qamaladi, biror yilda balki afv bilan chiqar, shu bilan “yigitchilik”, “erkakchilik” deb jamiyat buni unutadi, qabul qiladi, rozi bo‘ladi, murosa qiladi….
Ayol esa bir marta emas, bir umrga qurbon bo‘ladi, endi uni jamiyat avvalgidek qabul qilmaydi. Aybsiz bo‘lsa-da, aybdor bo‘lib qolaveradi. Erkaklar u yoqda tursin, birinchi bo‘lib uni o‘z hamjinslari, ayollar ayblaydi, men avliyoroqman, degan pozitsiyadan turvolib.
Shuning uchun keyingi qurbonlar vaziyatni yashiradi, keyingi vahshiylar esa zo‘ravonlik jazosizligining timsoli bo‘lib hammaning ko‘z o‘ngida bemalol yashab yuraveradi.
Mana shu hol zo‘ravonlikning hech qachon to‘xtamasligiga sabab.
Zo‘rlash holatlarida ko‘pincha “g‘unajin ko‘zini suzmasa…”, deb ayollarni ayblab qoladilar.
Agar ish ikki tomon roziligi bilan ro‘y bergan bo‘lsa, buni qizlar va yigitlar tarbiyasiga, axloqiga yo‘yish mumkin, sababni va chorani shu yo‘nalishdan izlasa, mantiq bo‘ladi. Lekin kuch ishlatish, zo‘rlash, bir tomonning ojizligidan foydalanish, buni vahshiylarcha amalga oshirish, keyin esa shu vahshiylarning jamiyatda bemalol yashab yura olishi – bu g‘ayriinsoniy holat. Buni jamiyatning qusuri, fikrlashi, dunyoqarashi, ayol va erkakka nisbatan turlicha standartlari oqibati deb baholash kerak.
Kap-katta, uylangan, bir necha bolasi bor erkaklar, bittasining yoshi 40 dan oshgan hatto. Ularni nima to‘xtatishi mumkin edi? Shu ishni qilsam, hayotim barbod bo‘ladi, degan o‘y! Etti pushtimga isnodi tegadi, degan fikr!
Lekin unday o‘y-fikr yo‘q, chunki bunga asos yo‘q. Bu erkaklarni jazosizlik, qilgan ishining oqibati yengil bo‘lishi, “baribir hech nima qilolmaydi, kim ishonardi, o‘zini ayblaymiz, birovga aytolmaydi”, degan fikrlash quturtirgan. Axir, ko‘pni ko‘rgan, tajribali erkaklar qilyapti bu ishni, o‘smirlar emas! Ularda bu vahshiylikni oila yo maktab emas, JAMIYaT tarbiyalagan!
Nimaga zo‘ravon erkakni jamiyat o‘zidan chetlatmaydi?
Nega vaqt o‘tishi bilan uni qabul qilishadi va kechirishadi-yu, ayolni qabul qilishmaydi? Nega zo‘ravon erkak muayyan vaqt o‘tgach yana oshnalari bilan bemalol osh yeb, to‘yga borib, elga qo‘shilib, o‘g‘il-qiz uylab, to‘n kiyib yura oladi? Zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayolni “it tekkan qovun” deb birov davraga qo‘shmaydi, o‘sha oiladan qiz olishni istashmaydi, o‘tsa ortidan pichir-pichir, g‘iybat, bosim bir umr tinmaydi?
Nega vahshiy erkak qamaladi, chiqadi va o‘zini osmaydi, yoqmaydi, ayol esa o‘zini osadi, yoqadi, suvga tashlaydi? U axloqsizlik qilmadi, ko‘zini suzmadi, uni bir vahshiy mayib qildi-ku!
Qiz xor jamiyat, ayol xor jamiyat!
Bunaqa dunyoqarash, fikrlash, munosabat bilan zo‘ravonlik to‘xtamaydi. Toki ayollar va erkaklarga jamiyat tozaligi, axloqi borasida birdek mas'uliyat va javobgarlik yuklanmas ekan, toki ikki xil standartlar to‘xtamas ekan, zo‘ravonlik to‘xtamaydi! Keyingi qurbon esa sizning yaqiningiz bo‘lishi mumkin!
(bloger Shahnoza Soatova).
Bosh prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020 yilda nomusga tegish holatlari 28 foiz oshgan. 2021 yilning dastlabki uch oyi ichida huquq-tartibot idoralariga zo‘ravonlikka uchragan ayollar tomonidan 11 mingdan ortiq murojaat bo‘lgan.
Qadim hayot yo‘llarida
Ko‘pdir zoti — ayol, bas.
To‘marisning qo‘llaridan
Tutolmagan ayolmas.
Ruhim, yulduz, ko‘kka bog‘lan,
Yulduz — faqat xayolmas.
Ulug‘bekday bitta o‘g‘lon
Tug‘olmagan ayolmas.
Ko‘pni ko‘rgan bu yer yuzi,
Kumga singgan sado, sas,
Jaloliddin tug‘may o‘zi,
Mard ko‘ringan ayolmas.
Navoiysiz-ku jahon yo‘q,
Bor hayrat-ku o‘shanga.
Onasidan bir nishon yo‘q,
Tiz cho‘king yo‘q nishonga.
Fidolikka kimdir qodir,
Ko‘kdami yo go‘rdagi?
Barcha tirik, o‘lik botir
Bo‘lsa uning go‘dagi…
Otasining o‘ligini sotgan qavm
Ekologiya qo‘mitasi ikki ayiqni o‘ldirish huquqi uchun o‘ris ovchidan 6000 $ oluvdi. Bitta ayiq o‘ldirilib, tarmoq dod-voy ko‘targanidan keyin bular aynib, «ikkinchi ayiqni o‘ldirishga izn bermaymiz», deyishdi. Ey, eshakmiyalar! Qonun bo‘yicha mumkin ekan¸ ikki ayiqni o‘ldir deb pulini olgan ekansanlar, nega endi tonasanlar?
Parlament qonunni bekor qildimi? Prezident farmon chiqardimi? Yo‘q, albatta. Tarmoq gapirdi. Lekin ijtimoiy fikr qonuniy akt emas, otasining o‘ligini sotib yeyishni o‘z maqollarida aks ettirgan qavm bu. Bir marta (hali 1993 yilda) Xonqaga bir nemis opani oboruvdim. Palonchining uyi qaerda, deb so‘rasam, «aytsam qancha berasiz» degandi bir ipirisqi. (Bir oy o‘tib ichburg‘idan o‘ldi u parazit)
Xullas, 100 tacha ayiq qolibdi o‘zi. Hammasini o‘ldirsa, 300 ming dollar bo‘lar ekan. Shovvozsoy qasridagi mebel bilan pardalar bundan qimmat.
Bilim sallada emas, kallada
«Palonchi qashshoq ota-onasini ishlatib, shuncha kontrakt to‘lab, oliygohni bitirib, ishsiz yuribdi», degan gapni eshitamiz. Ayni paytda barcha sohalarda kadrlar yetishmaydi. Jurnalistika sohasi. Yuzlab bo‘sh o‘rin bor. Oyliklari 500 dan 3000 dollargacha bo‘lgan kasb. Ammo talabga javob beradigani yo‘q.
Bitta qizil diplom bilan jurfakni tugatgan «mutaxassis» bilan yozishdim. Grammatik xato qilishi, xalqaro terminlarni bilmasligini qo‘yib turaylik. Oddiy xabar yozishni bilmaydi. Arxeologiya¸ antropologiya¸ filologiya sohalarini bitirganlar Karimov kitobi va ma'naviyat degan darslardan boshqani bilmaydigan proffessional ko‘rsavodlar, xolos.
Boz ustiga, O‘zbekistondagi birorta oliygoh dunyo mingtaligiga ham kirmaydi (Qozog‘istonda o‘nlab OO‘Yular bu mingtalikka kirgan). Bu ko‘rsavodlar qo‘lidagi qattiq muqovali diplom bilim kafolati, deb xato o‘ylashadi. Bilim kallada bo‘lishi kerak.
Insho yozmaslik talabi
Maktabda erkin temada insho yozing, degan vazifa qo‘yildi. 6-sinfda o‘qirdim. Men o‘qituvchimdan «nima u?» deb so‘radim. O‘qituvchim: «Atrofingda nima ko‘rsang, yozaver», dedi. Men yozdim.
Ona tili o‘qituvchisining rasm muallimi bilan oshiq-moshiqligi. Oshxonadagi oshpaz xola o‘g‘irlagan go‘shtni sumkaga solib maktab devoridan irg‘itishi. Devorning narigi tarafida esa oshpaz xolaning eri bu go‘sht solingan sumkani koptokday ilib olishi.
Matematika o‘qituvchisi o‘rniga maktab qorovuli dars o‘tishi¸ adabiyot muallimi pomidor ko‘chati olib kelgan ikkichi qizga besh qo‘ygani. Pomidor ko‘chatlarini esa bu o‘qituvchi o‘quvchilarni uyga olib ketib, egat torttirib ektirgani.
Maktab xo‘jalik mudiri yangi sovitgichni olib ketib, o‘rniga eski sovitgich olib kelib qo‘ygani….
Bu inshoni tekshirgan o‘qituvchim qo‘rqib hushidan ketgan.
Direktor esa insho yozilgan daftarni musodara qilib, maktabda harbiy holat e'lon qilgan.
Meni harbiy ta'lim muallimi ushlab, avtomat saqlanadigan xonaga qamab qo‘ygan edi.
To taqdirim hal bo‘lguncha o‘sha qorong‘i xonada o‘tirdim.
Nihoyat direktor boshchiligidagi hay'at kelib, murosaviy variantni aytdi.
Insho daftari yirtib tashlanadi. Men hech qachon insho yozmayman.
Lekin jurnalga 4 baho qo‘yishadi. Men bu variantni qabul qildim.
Boshqa insho yozmadim. Tengdoshlarim esa yolg‘on insholar yozib, 5 olishar edi.
Oradan yillar o‘tib, o‘zbek matbuoti nega bu qadar tanazzulda bo‘lganini tekshirib, xulosa chiqardim.
Maktabda yolg‘on insho yozganlar katta bo‘lib o‘zbek jurnalistikasini yaratibdi.
Olgin-u, oldirma
O‘zbekistonda har qanday amaldor ertalab onasidan duo olib ishga ketadi. Duo mazmuni: «Ko‘proq o‘mar¸ pora ol¸ davlat pulini uyga o‘g‘irlab kel. Olginu oldirma.»
Keyingi bir hafta ichidagi voqealarni ko‘rib chiqsak. Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mansabdori vositachiligida 10 ming dollar pora olayotgan vaqtda ushlandi.
Bildirilishicha, qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mansabdori tadbirkorlardan biriga Yangiqo‘rg‘on tumani hududidan bog‘dorchilik uchun 10 gektar yer ajratib berish va'dasi bilan 10 ming dollar olayotgandi.
U tergovgacha tekshiruv jarayonida bu pullarni Yangiqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosariga berishi kerakligini aytgan. Tezkor tadbir davomida tuman hokimi o‘rinbosari 10 ming dollarni mansabdordan olayotganida qo‘lga tushgan.
Bundan tashqari, Toshkent shahri Yunusobod tumani soliq inspektsiyasi katta inspektori 3,5 ming dollar, Buloqboshi tumani soliq inspektsiyasi bosh inspektori 15 million so‘m miqdorida pora olayotganida ushlandi.
Avvalroq Jizzax shahrm hokimining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi shaxs 2 ming dollar pora olayotganida qo‘lga tushuvdi. Shu satrlarni yozayotganda minglab o‘zbek amaldorlari poralarni olib-olib yayrayapti. Bir vaqtlar Gdlyan degan tergovchi «O‘zbeklar poraxo‘r», deganida ziyolilar, «Yo‘o‘o‘o‘o‘o‘q, unaqamas. O‘zbek uy ichi, bola-chaqasi bilan ochdan o‘lib sasib ketsa ham pora omiydi», degan noilmiy gap aytishuvdi.
Antisemit ohangi
O‘zbek primadonnasi Yulduz Usmonovaning Isroil-Falastin mojarosi yuzasidan bildirgan fikrlari AQSh va Isroildagi buxoro yahudiylari jamoasida g‘azab bilan qarshilandi. Jamoa vakillari Usmonova “antisemit ohangidagi” chiqishlari uchun Isroil xalqidan kechirim so‘rashi kerakligini aytishmoqda. Ularning ba'zilari Yulduzdan xalq artisti unvonini olib tashlashni talab qilishdi. Bunga javoban Yulduz, u emas, aksincha, isroilliklar kechirim so‘rashlari kerakligini aytib chiqdi.
Men esa bir haftadan beri Xitoy kontslagerlarida ezilayotgan 3 million uyg‘ur qarindoshrimni o‘ylayman. Men ular haqida qayg‘urmasam¸ qayg‘uradigani yo‘q.
NAMRUD VARRAGI
Menkim, turkiy yozar Shukur Jabbor, 2021 yil 15 mayda uyimda YaHUDIY IXTIROChI Boris Rozing yaratgan televidenieni o‘chirdim-da, Isroilda ishlab chiqarilgan, Intelning vitse-prezidenti, YaHUDIY IXTIROChI Muli Idenning kompyuterini yoqdim. Kompyuterda YaHUDIY IXTIROChI Jeyms Maksvell kashf qilgan elektromagnit maydoni hosil bo‘lgach, u asta-sekin yorisha boshladi, funktsiyalar ishlashga tayyor bo‘ldi.
Keyin kompyuterda YaHUDIY IXTIROChI Bill Geytsning Microsoft yorlig‘i ko‘rindi. Men darrov GSM, GPS, Bluetooth ixtirochisi – YaHUDIY Xedi Lamarr asos solgan zamonaviy Wi-Fini uladim. Undan keyin BASICning ixtirochisi – YaHUDIY Kemeni Jon yaratgan internetga kirdim.
Bu orada qo‘limdagi qahva YaHUDIY IXTIROChI Gerts Gustav Lyudvigning kvant mexanikasiga mos shaklda YaHUDIY IXTIROChI Levi Straus yaratgan jinsi shimimga to‘kilib ketdi. To‘kilgan qahva «M-Systems» nomli Isroil kompaniyasi rahbari, YaHUDIY IXTIROChI Dova Moran yaratgan USB-fleshkamga tegmasin deb darrov cho‘ntagimdan oldim.
Keyin internetda YaHUDIY IXTIROChI Brin Sergeyning Gooooogle keshiga kirib, “Namrud” degan so‘z yozib, qidirish tugmasini bosdim. Men qidirgan ma'lumot o‘zbekchada chiqmadi. Bunga qanoatlanmay, smartfonimni yoqib, Isroil startap-kompaniyasi – Lumioda YaHUDIY IXTIROChIlari yaratgan ilovalarga kirdim.
Keyin YaHUDIY IXTIROChI Stiv Jobs yaratgan ilovaga kirdim. Keyin mana shu o‘qiyotganlaringizni achchiq alam va afsus bilan YaHUDIY IXTIROChI Mark Tsukerberg degan bola yaratgan Facebook sahifasida yozayapman:
Feysbukda esa arzimagan masalada ham bir-biri bilan jiqqamush bo‘lib, qirpichoq bo‘layotgan millatdoshlarimni ko‘rdim. Ular sal qolsa yoqavayron bo‘lib, bir-biriga qo‘liga ilingan narsani yumaloq yostiq qilib otishga tayyor bo‘lib tortishayotirlar! Birlik yo‘q! Afsus!!! Darig‘o, darig‘o, vodarig‘!!!
Bu qarg‘ish tekkan millat ko‘knor bangiday bir-biri bilan tortishib, bir-biriga chuldirab yana 30 yil eski chorig‘ini sudrashga mahkum ekanini o‘ylab ko‘zimga yosh keldi… Hatto oq do‘ppisi bilan joynamozini ham Xitoy tikib berayotgan bu millat farazan sigiriga yangicha arqon ixtiro qilsa ham bir-birining oyog‘idan chalishiga ko‘zim yetib, yig‘ladim…
Aslida Namrud haqida yozmoqchiydim. Ha, qadimda o‘sha, Ibrohim alayhissalomni o‘tga tashlash uchun naftandoz- palaxmon ixtiro qilgan bu zolim shoh – YaHUDIY IXTIROChI Namrud varrak yasab, unda osmonga parvoz qilgani va Isroil-Falastin urushi haqida yozmoqchiydim… Bo‘lmadi, jigarim sitildi, o‘pkam to‘lib ketdi…
(yozuvchi Shukur Jabbor)
Antisemitizm
«Men Toshkentda 22 yil yashadim va antisemitizmni ko‘rmadim», deb yozdi bir ahli kitob. Men Xorazmda 18 yil yashab umuman yaxudiyni ko‘rmagandim. Institutga kirish uchun Toshkentga keldim. Aeroportdan taksi olib Ko‘kcha tarafga qarab ketyapman. Radiodan go‘zal qo‘shiq yangramoqda «ko‘chalar¸ ko‘chalar..»
Issiq bois bo‘yniga sochiq tashab olgan amaki radioni shart o‘chirib, yahudiylarning onasi¸ qizi¸ ammasi¸ xolasi va butun avlodi ajdodi bilan jinsiy aloqa qilaman, degan ma'nodagi so‘kish yomg‘rini yog‘dirdi. Ësh bola edim. Tushunmadim. Amaki tushuntirdi. Men o‘zbek qo‘shiqchisi deb yurgan Muhabbat Shamaeva aslida yovuz dushman ekan.
Bu paytda mashina «Paxtakor» metrosi yaqinidagi O‘qchi mahallasi yonidan o‘tib borardi. Amaki mahallaga o‘rta barmog‘ini ko‘rsatib, «Oneynisikay jugutlar mashi mahallada yashaydi. Ikkita bo‘mba tashab, enasiniikiga kiritvorish kere», dedi.
Qo‘rqib-pisib atrofga qaradim. Atrof dushmanlar qurshovida qolganday edi. Nimagayam keldim bu shaharga? Moskvaga borib o‘qisam bo‘masmidi, deb o‘yladim. Niyating yo‘ldoshing, deyishadi-ku. O‘qishga kirishda nimadir o‘xshamay Toshkentdan Moskvaga qarab uchdim. Aeroportdan metrogacha bordim.
Boradirg‘on yerim «Taganka» metrosi edi. Metrodan chiqishim bilan ulkan bino ustiga «Yevreyskiy akademecheskiy teatr» deb yozib qo‘yibdi. Qo‘rqib, terlab, qaltirab ketdim. O‘sha joyda Vasya degan milisa qo‘lida olatayoq ushab turgan ekan, yoniga borib turvoldim.
Mening militsiyam qo‘riqlar meni, degan sloganga ishonardim. Chunki hali bola edim. Yahudiylar esa kichkina bolalarning qonini ichadi, deb Toshkentdagi taksichi amaki meni qo‘rqitgan edi.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!