Catira
2 iyun 2016

Obid Asomov: “O‘zim borman, ovozim bor – basharam esa yo‘q…”

Jurnalistning «Nega yo‘q bo‘lib ketdingiz? O‘rningiz judayam bilinyapti» degan savoliga javob berar ekan, Obid Asomov shunday dedi:

«Ba'zi bir ob'ektiv va sub'ektiv sabablarga ko‘ra TVda ko‘rinmay qolganim uchun mana shunday gap so‘zlar chiqyapti….Mana televizor 5 yildan buyon ko‘rsatmayotgan bo‘lsa, mana shu 5 yildan beri, yolg‘on gapirmayman, mana siz chiqdingiz. Darakchi va yana boshqa ko‘p shou biznes nashrlari bor. Lekin ular yoki o‘zlari eslashmaydi, yoki ularga kimdir Obid Asomovdan intervyu olmanglar deb buyruq bergan»

Obid Asomov suxbat davomida, o‘ziga qo‘yilgan taqiqning asl sabablarini o‘z tanqidining mo‘ljalga tekkanida ko‘radi.

«Bu meni qo‘limda emas, meni aybim ham emas. Buni xudo turibdi, men xam tagiga yetmaganman. Demak men kimgadir yoqmayman. O‘sha kimdir anavi televizorni xo‘jayini. Demak kimdir meni ko‘rsatkisi kelmayapti. Bor yo‘q gap shu! Men jinoyatchi emasman. Agar mening ju'ziy aybimni qo‘yib, sen shunaqasan, shuning uchun seni ko‘rsatmaymiz desa, men tan olardim. Men o‘zim ham o‘ylayman, nega meni televizorda chiqarishmaydi deb. Demak meni qaysidir tanqidim kimgadir yoqmagan. Demak, tanqid mo‘ljalga tekkan» deydi qiziqchi.

Obid Asomov, o‘ziga qo‘yilgan taqiqning ijodiga ta'sir qilmayotgani haqida gapirar ekan, bugungi kundagi daromadi to‘ylardagi chiqishlaridan va xorijdagi kontsertlardan kelayotganini yashirmaydi.

«Masalan, man yo‘q bo‘lib biron yoqqa qochib ketganim yo‘q. Man xamisha ijoddaman. Dunyo kezib yuribman…San'atkor qaerda talab qilinsa, o‘sha yerga boradi. Yaqinda Isroilga bordim. 10 ta kontsert berdim. Avvalroq AQShda bo‘ldim. Yana chaqirishyapti».

“Hech bo‘lmasa ovozim ketayaptiku…”

Obid Asomov suxbat davomida, taqiqning g‘alati jixatlariga xam to‘xtab o‘tadi. Masalan, u o‘zi ishtirok etgan filmlardagi epizodlar qirqib tashlanganidan xayratlansa, xorij filmlariga bergan ovozi bemalol efirga uzatilayotganidan mamnunligini aytadi.

«Alpomish» degan kinoda (mana shuncha joyida) o‘ynab qo‘yganman. Kinoni boshida, o‘rtasida va oxirida borman. …. o‘sha film Navro‘zda, Mustaqillikda qo‘yiladi, men o‘ynagan joylarini olib tashlashadi. Meni joyim yo‘q. Meni joyimni qirqib tashlashadi. Lekin, titrlarda borman. «Xovliqma rolida – Obid Asomov» degan yozuv bor. Basharam esa yo‘q. Lekin ovozim ketadi. Multfilmlarda, kinolarda. Masalan «Odin doma», Mirzabek bilan ovoz berganmiz, «Fantomas»ga ovoz berganmiz. Ovozim ketadi. Xudoga shukur, hech bo‘lmasa ovozim ketyaptiku, deb qo‘yaman. Lintsenziyam bor, lekin chiqarishmaydi. Nega?…Bu savol xammani qiziqtiradi. Shu jumladan meni xam» deydi besh yil davomida bergan ilk intervyusida, Obid Asomov.

Bir soat davom etgan video intervyuning deyarli 15 daqiqasida o‘ziga qo‘yilgan taqiq xaqida gapirgan Obid Asomov, taqiqning sabablariga unchalik chuqurlashmashlik istagida ekanligini yashirmaydi.

«Televideniyada chiqmayotganim meni ko‘limda emas. Kimgadir yoqmay qolganman, juda katta unaqa tashvish yoki to‘palong xam yo‘q, O‘zbekiston Tvsi ko‘rsatmasa Rossiya ko‘rsatib turibdi. … Endi to‘g‘ri, katta saxnalardayam kontsert ko‘yishimizga xali ruxsat tegmagan. Shu saxnada ko‘rinib tursak, borligimiz bilinardi, u xam bo‘lib qolar, vaqti soati bilan» deydi Obid Asomov.

“Yuqorining g‘azabi”

So‘nggi 10 yil ichida O‘zbekistonda rasman taqiqlangan san'atkorlar ro‘yxati kengaygani kuzatilyapti. Avvallari sanoqli san'atkorlar, masalan, Sherali Jo‘raev, Dadaxon Yoqubovlar ba'zan norasmiy, ba'zan esa rasmiy taqiqlar ostida ijod qilishgan bo‘lsa, xozirda bu ro‘yxatda Yulduz Usmonova, Abdulaziz Karim, Ozoda, Sevara Nazarxonlarni xam ko‘rish mumkin.

So‘nggi paytda esa, nafaqat ko‘shiqchi san'atkorlarni, balki tanilgan yoki endigina saxnaga kirib kelayotgan qiziqchilarni xam taqiqlash boshlangani ko‘rinayapti.

Qiziqchi Obid Asomov 2010 yildan buyon rasman taqiq ostida qolayotgan bo‘lsa, tarkibi Toshkentdagi Oliy o‘quv yurtlari talabalaridan iborat bo‘lgan «Million jamoasi»ning chiqishlariga 2014 yildan to‘siq qo‘yildi. O‘zbek yoshlari orasida favqulodda mashxur bo‘lgan bu guruxning rasman taqiqlanishining sababi etib, «milliy mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan behayo latifalarni saxnada aytishlari» o‘zbek matbuoti orqali bot bot takrorlanayotgan bo‘lsada, ko‘plab tomoshabinlarning bu boradagi fikrlari boshkacha.

Ularning aytishlaricha, «Million jamoasi» yigitlari bugungi o‘zbek jamiyatidagi qusurlarni tanqid qilishlari barobarida, «yuqorining» g‘azabiga uchragan.

«Masalan, Millionchilar o‘zbek futbolining bugungi axvoli xaqida dadil gapirishdi. Bu narsa esa, futbolni boshqarayotgan yuqori mansabli amaldorlarga yoqmadi. Bundan tashqari, Millionchi yigitlar shox Ota va uning malika qizi xaqidagi «tarixiy» xajviy chiqishi bilan yoshlarni hayron qoldirishdi. Ana shundan keyin yuqoridagilar birdaniga «milliy qadriyat va saxna madaniyati» haqida eslab qolishdi» deydi Toshkent oliygohlaridan birida o‘qiydigan Nazir ismli talaba.

Taqiq ostida O‘zbekistonda yashab ijod qilayotgan san'atkorlarning aksariyati o‘zlariga ravo ko‘rilgan taqiq va uning sabablari xaqida gapirishni unchalik istashmaydi.

Gapirishgan taqdirda xam, taqiq xaqidagi buyruq egasining «qandaydir kichik bir amal egasi, unchalik axamiyati yo‘q inson» sifatida ko‘rsatishga xarakat qilishadi.

Obid Asomov xam o‘zining intervyusida «Kimgadir yoqmay qolganman, juda katta unaqa tashvish yoki to‘palong xam yo‘q,» desa, O‘zbekistondagi eng mashxur xonanda Yulduz Usmonova xam «Amerika ovozi» radiosiga bergan suxbatda, o‘ziga qo‘yilgan «zapret»dan fojea yasamasligini aytib, shunday degandi: (iqtibos intervyuda qanday bo‘lsa, tuzatishsiz qo‘yildi)

«Biz nimani adolatsizlik deb aytamiz? To‘g‘ri bir xilgi paytda noto‘g‘ri narsalar yo‘q emas, bor. Lekin adolatsizlik qilib, kimnidir anaqasini qilib qo‘yishayotgani yo‘q. Men masalan O‘zbekistonda…xammadan ko‘p zapretni men olganman. Uni menga kimdir siyosat qilayotgani yo‘q, bitta odam bor, xaligi, …yoqmay qolganman, xaligi, mundayroq, o‘rtaroqda o‘shayam. U, yo‘qdir xam u odam (xozir), (lekin) qilib qo‘ygan problemani. Taqdir nasib bu..»

O‘zbekistonlik mashxur qiziqchi Obid Asomov, 2010 yilning 18 fevral kuni, respublika Kinochilar uyida o‘zi prodyusserlik qilgan «Ada emas, Dada» kinokomediyasining yopiq premerasini o‘tkazib bo‘lgach, jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida shunday degan edi:

«O‘zining ustidan kulmagan millat, millat emas deyishadi, aslida tanqid ham bo‘lib turishi kerak, bu yaxshi tanqid mening nazarimda»
Bu, mashxur qiziqchining jurnalistlar bilan so‘nggi muloqotidagi so‘zi edi.

Ertasiga, uning ijodiga taqiq qo‘yildi va kinoteatrlarda namoyishi boshlanishi kerak bo‘lgan «Ada emas, Dada» filmi ekranlardan olib tashlandi…

Ulug‘bek Ashur, rassom Elsevar
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 aprel 2020
Har yili 10 aprel kuni o‘tadigan bu bayramning mohiyati fashizmga, diktaturaga bo‘ycunmaslik, tinch norozilik aktsiyalari, sabotaj, ba'zan esa qurolli ...
2 noyabr 2018
Vladimir Jirinovskiy boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi 2 noyabr kuni Buxoroga keldi. Rossiya Davlat dumasi deputatlaridan iborat delegatsiyani, O‘zA xabariga ko‘ra, ...
14 noyabr 2016
Yaqin bir necha oylar avval, mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytimizda, hali “buyuk yo‘lboshchi” tirik ekanida gazetalarimiz “biz buyuk o‘zgarishlar ...
13 oktyabr 2016
“Hurriyat” gazetasi (12.10) o‘zining 1000-soni chiqishi munosabati bilan nashrni tashkil etish jarayonlarida bevosita ishtirok etgan taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboevning ...
Bloglar
18 yanvar 2021
Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan, yaqin-yaqin zamonlarda yot bosqinchilarning yuz yildan ko‘proq ...
13 yanvar 2021
Kun.uz professionallarni ishga qabul qilar emish. Katta maosh, ikki mahal ovqat. Sihatgohning o‘zi-ya! Bunday ishxonani ...
11 yanvar 2021
Taniqli shoir Bahrom Ro‘zimuhammad 60 yoshda Bahrom aka indamaygina oltmishga kiribdi. Botinan qaralganda, unday emas. ...