UzPoster
28 may 2021

RTdan va'z: Muxolifatga otilgan palag‘da tuxumlar

Haqiqiy urush yo‘q, 

Tinchlik ham yo‘q haqiqiy,

Yig‘ilar soxta durur, yasamadir kulgular.

Gar samimiy bir inson ko‘rib qolsam, men uni

Muqaddas Ka'ba yanglig‘ tavof aylagim kelar.

Ikki tomon urushsa, ikki yomon deymiz biz,

Aslida o‘yinidir uchinchi bir tomonning.

Oh, buncha chaplashmasa, bu dunyoning ranglari:

Ajratib bo‘lmay qoldi yaxshi bilan yomonni.

San'at maqomin oldi tagi teshik ko‘p bitik,

Chiqindiga tashlandi ne-ne go‘zal san'atlar.

Tulkining ayyorligi fazilatga sanalib,

Nuqsondir deyilmoqda arslonga xos jur'atlar.

Joyi poygakda asli – to‘riga chiqib olgan,

Qo‘lga suv quyib turar to‘rilarning egasi.

Bir safarim bor mening “Lison ut-tayr” tomon,

Hasratimni tushunsa, Navoiy tushungusi…

2021yil 24 may. Ulug‘bek Hamdam

Keyingi bir hafta ichida ishtonini boshiga kiygan irkitlar galasi pogonlilar buyrug‘iga ko‘ra irg‘ishlaganiga guvoh bo‘ldik. Kecha Pardagul degan denovlik oyimcha “Xidirnazarning o‘g‘li meni zo‘rladi, endi kvartira bering menga”, deb chiquvdi. Bugun esa o‘ndan ziyod xotin va har xil bo‘biklar Jahongir Otajonovning uyiga hujum qilib kirib janjal ko‘tardi. Bundan oldin haqi to‘langan ikki ipirisqi havoni sasituvdi. Qilinayotgan ishlar o‘ta saviyasiz va hukumat obro‘sini yer bilan bir qiladigan darajada tuban.

O‘zbekiston pogonlilari “lyuboy tadbir xorosho” degan yo‘ldan borib, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarmoqda. Ular faollarga qarshi OBON shallaqilarini ishga soldi. 

OBON (Ozverevshie babы osobogo naznacheniya) — biror tadbirni buzish xizmatini ko‘rsatuvchi shallaqi ayollar guruhi. Odatda sobiq mahkumalardan iborat.

Biror faolni diskreditastiya qilish yoki janjal chiqarib, kamida bezorilik aybi bilan qisqa muddatga (jiddiyroq ayb qo‘yilmaguncha) qamalishiga ham yordam beradilar.

O‘zbek pogonlilari qo‘llaydigan eng jirkanch ko‘rinishlaran biri.

Menimcha, muxolifatga qarshi fitnalarni prezidentni obro‘sizlantirish maqsadida hukumat ichidagi dushmanlar uyushtirmoqda.

Qisqa xabarlar

Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi Jahongir Otajonovni prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatdi. Yo‘ling oydin bo‘lsin, Jahongir!

+++

Vazir yaxshi, o‘rinbosar yomon. Maktabgacha ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan ikkita qishloq rasmiy ravishda Qozog‘istonga o‘tdi. Olovuringlar, davlatimiz kamayib qolmaydi.

+++

Shu kunlarda bitta Abdilla G‘arib olmishga kirib to‘y qilibdi. Karimov billur kuldon bilan kal boshini yorgan o‘sha aloqa vaziri Abdlla. O‘shda esa o‘lib ketgan shoir Abdulla Oripovning sakson yilligi to‘ylanibdi. O‘sha tadbirda aytilishicha, Abdulla Oripovning “Jannatga yo‘l” asari sovet davrida taqiqlangan ekan. Ëlg‘on gap bu. “Jannatga yo‘l” asari ko‘p ming nusxada aynan sovet davrida kitob qilib nashr qilingan. Bor xudoni yo‘q demanglar.

Shoirlar har kuni gul va bulbul haqida yozsa, men kunora metro haqida yozaman.

24 may kuni metro poezdi Hamid Olimjon bekatida to‘xtab qoldi. Yo‘lovchilar vagonlardan tushirildi. Metroning ish soati 2 soatga qisqardi.

Toshkentdagi teleminoraga chaqmoq urib, tepada turgan O‘zbekiston bayrog‘i yonib ketdi.

O‘zbek jamiyati bu hukmdor nima xohlasa, shuni yozadigan oppoq qog‘oz. O‘zbekistonda ijtimoiy fikr yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Odamlar hukmron fikrga ergashadi, kuchlining fikrini sevishadi.

Ijtimoiy fikr bo‘lganida xalq: “To‘xta, nega o‘zbekning yerini qirg‘izga¸ qozoq va turkmanga gektarlab beryapsan”, “Nega dordan qochganlar o‘ziga klasterchi deb nom qo‘yib tekin yer olyapti?” deb so‘rar edi. Nega tuhmatchilarga davlat hisobidan kvartira va moshin beriladi? Nega alifni kaltak deyolmaydigan sardobalik xotinga “doktor” degan olim unvoni beriladi? Nega? Kim vakolat berdi? Davlat xazinasi xalq to‘lagan soliqlardan tarkib topadi. Hatto Turkiyadagi “Ziroat” banki ham o‘z mijozlariga hisob beradi.

DIALOG

-Tog‘a, shu o‘lim jazosig‘a munosabating‘iz qandoq?

-Bilmasam, uka. Sag‘al yo‘nalish bervoring-chi.

-Mana, 9 yashar qizingizni bir galvars zo‘rlasa..

-E, o‘ldirvorish kerak. Men o‘sha o‘lim jazosi tarafdoriman.

– Endi yopiq diktatura bo‘lg‘an, sudlar mustaqilligi yo‘q bir davlatda bir bechara tuhmat bilan otvorilsa, tuzatib bo‘lmaydi-da. Masalan, o‘sha qori akani Suriyadagi IShIDni qo‘lladi, deb otvorishsa. Keyin bu tuhmat bo‘lsa-chi?

– Undaqa bo‘ladig‘on bo‘lsa, keragi yo‘q o‘lim jazosining. Qori akalarga qirg‘in kelsa, ehsonni kimga beramiz?

-Siz anjanliksiz-a, tog‘a?

-Alhamdililoh

-Nima ish qilasiz?

– Muzqaymoq sotaman.

– Bitta o‘g‘ri kechasi kelib bir kunlik sotadig‘on muzqaymog‘ingihni o‘marib, jijilarrding rizqini qiysa…

-O‘ldirvorish kerak buvingdi sikaydi.

-Demak, o‘g‘riga o‘lim jazosi berish kerak.

-Ashnaqa. O‘ldirvorish kerak.

-Tog‘a, o‘g‘illardan bormi?

– Alhamdililoh. To‘rtta. Ikkkitasini uyladim.

– Mabodo bilmasdan kenja o‘g‘liz bozorda cho‘ntak kessa-yu…

– Kim aytdi senga. G‘irt tuhmat bu. U ishdi o‘zi qimagan. Sheriklari ta'sirida qip qo‘ygan. Ësh itlar kapilga oldi. Temir daptargayam, yoshlar daptariga ham yozdirip qo‘ydim…

– Men misol uchun aytuvdim. Yaqin olmang o‘zizga, tog‘a. 

– Sen bilib aytyapsan. Xo‘sh, o‘sha cho‘ntagi kesilgan kampirning ikki so‘mi uchun uchta anjanlik qamalib ketovursinmi? Qaysi zamonda yashaymiz. Odam xom sut emgan banda. Kechirimli bo‘lish kerak. O‘sha kampirding kasofati bilan advokatga bir vagon pul ketdi. Otvorish kerak undaqa advokatni.

– Demak, siz o‘lim jazosi tarafdorisiz?

– Ashnaqa.

– O‘g‘rilarni o‘ldirvorish kerakmi?

– Bozorda qo‘lga tushsa, olomon qilib urib o‘ldirib tashlash kerak.

– Cho‘ntak bozorida cho‘ntak kesgan o‘g‘lingiz…

– Uka, shu bolamni qutqarib bering. Eshigimni sotib bo‘lsayam rozi qilaman. Bilmasdan o‘g‘irlik qip qo‘yibdi. Cho‘ntagi kesilganda dodlagan kampirding og‘zini kafti bilan to‘sib turgan. Baqirgani eshitilmasin deb. Kampirding astma kasal ekanini o‘g‘lim qag‘dan bilsin. Kampirdiyam ajali yetgan ekan. Taqdir bu. O‘limdan qochib bo‘lmaydi. Otamning o‘lishini bilsam, chaksa kepakka sotib yerdim. Gapdi to‘g‘risi, ashi kampirdi osh suvini qiberdim. Zo‘r qori akalarni oborib, eshigining tagida tilovat qildirdim. Uka, shu o‘g‘limni qutqarib bering. Turmada sinib ketadi u.

– Shu o‘lim jazosiga munosabatni aytmadingiz-u, tog‘a?

– E, mazgi bola ekansan. O‘zim o‘lolmay, bo‘qimga pichag‘ tortolmay turibman-u, sen savol-so‘roq qilasan. Har kuni uy ichimiz bilan o‘n marta o‘lib, o‘n marta tirilamiz. O‘lim jazosimish.

….

“Mersedes”, “Maybax”, “Porsh”, umuman, har qanday mashina ichiga uni buzib tashlaydigan mexanizm o‘rnatilmaydi. Davlat ham shunday. Har qanday din, mafkuraviy sekta yoki oqim davlatni parchalab tashlaydigan mexanizm. 

Shu bois, barcha rivojlangan davlatlarda din davlatdan – xalq ta'limi esa cherkov, masjid, sinagoga va boshqa ibodatxonalardan ajratiladi. Har qanday e'tiqod kishilar qalbida va ular boradigan ibodatxona ichida bo‘ladi. 

18 yoshga to‘lmagan bolalar psixikasini manipulyastiya qilish va ulardan odam kallasini kesishga tayyor IShID va tolibonlar shakllantirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlatchilik taqozosi budir. 

Davlat yo‘l qurar ekan, bu yo‘ldan ashaddiy nasroniy ham, sigirga topinadigan hindu va mehribon musulmon ham yuradi. Quyosh barchaga birday nur sochgani kabi davlat barchaga esh, muomala qilishga majbur. 

O‘zbekiston pasporti cho‘ntagida bo‘lgan barcha vatandosh bir xil huquqqa ega. Bunga shak keltirganlar esa davlat yaxlitligiga raxna solmoqchi bo‘lgan buzg‘unchi o‘laroq jamiyatdan izolyastiya qilinishi shart.

Rivoyat: Bir chol daryo o‘zanini qazish kabi hasharda qatnashib, yoshlar qila olmagan tarzda belkurakdagi loyni uzoqqa otar va hech horimas ekan. Tepada qarab turgan podshoh bu ishda bir sir bor, deya qariyani oldiga chorladi. Qariyaga diqqat bilan qarasa, beliga qalin belbog‘ bog‘lagan edi. 

“Belbog‘ini yechib oling”, deya amr qildi podshoh. Belbog‘ni yechishi bilan chol oyog‘ida tik tura olmay, qurbsizlikdan yerga o‘tirib qoldi.Belbog‘ ichida oltin tangalar bor edi. 

Qissadan hissa shuki, har qanday zaif kimsaning beliga oltin to‘la belbog‘ boylab qo‘ysangiz, u shu oltinning kuchi bilan o‘zini qudratli his qiladi.

Boshqacha versiyasini eshiting.

Bir shoh uzoq yillardan beri faqat bir sartaroshga soch kestirarkan va xizmat evaziga bir tillo tanga tashlab ketarkan. Odatdagiday shoh sochini kaltalatish uchun o‘sha sartaroshning oldiga kelibdi va o‘rindiqqa o‘tiribdi. Biroq sartarosh to‘satdan shohga dag‘dag‘a qila boshlabdi. 

Sartarosh: “Agar ilojim bo‘lganda mana shu ustara bilan bo‘yningni kesib tashlardim”, deyishga ham jur'at topibdi. Shoh terlab ketibdi. Sartarosh sochni qirqib tugatib, shohning ketishiga izn beribdi. Shoh vazirlaridan maslahat olib, sartaroshhonani buzib tashlashga qaror qilibdi. 

Sartaroshxona buzilibdi, keyin uning joyi kavlab tashlanibdi. Aniqlanishicha, yer ostidan bir qancha xumlarda oltinlar topilgan ekan. 

Xulosa qilinsa, sartaroshning shohga uning kallasini kesib tashlashini aytib po‘pisa qila olishiga-da buyuk jur'at bergan kuch pul ekani bilinadi.

Tarmoqdagi eng nuktadonlarning peshqadami Xurshidaxonim Atoullaxon esa bulbul haqidagi rivoyatni so‘z erkinligi zaruratiga misol o‘laroq keltirdi:

5-sinf adabiyot darsligida “Bulbul” ertagi bo‘lardi. Hozir negadir olib tashlashibdi. Hans Kristian Andersen yozgan. Shu ertakda hukmdorning jajji va rostgo‘y xabarchi qushi- bulbul bo‘ladi. 

U bulbulning kuyini zavq bilan tinglaydi. Rost navo-nag‘ma qiladi-da chunki qush! A'yonlar unga sovg‘a qilingan sun'iy o‘yinchoq bulbulni tirik bulbuldan ustun deyaverib, uni hukmdorga tavsiya qilishadi. 

Jonli bulbul nazardan qoladi. Sun'iy bulbul bir kuylashda to‘xtamay 33 martagacha xonish qiladi. Biroq uning xonishlari bir xil, o‘zgarmas edi! 

Hukmdor kasal bo‘lib qoladi. Hatto yotog‘i tepasida turgan o‘yinchoq bulbulning murvatini ham burolmaydigan darajada yotib qoladi. O‘yinchoq bulbul o‘zicha mustaqil kuylolmas, uning murvatini kimdir burab qo‘ysagina kuylay olar edi-da. 

Saroyda amaldorlar ichida mish-mish chuvalanadi. Hamma hukmdorning o‘limi va taxtga chiqajak yangi hukmdor haqida shivirlasha boshlaydi. Buni his qilib, yuragi qattiq siqilgan hukmdor to‘satdan derazadan uchib kirgan jonli bulbulni ko‘radi. Bulbul shodon kuylab yuboradi. 

Kuy zavqidan tetiklashgan hukmdor bulbulga saroyda qolishni, kuylari bilan o‘zini xursand qilib yurishini so‘raydi. Bulbul doimiy qolishga ko‘nmaydi. 

Hukmdor va bulbul o‘rtasida g‘aroyib bitim tuziladi. Bulbul mamlakat bo‘ylab uchib yurib, yurtda bo‘layotgan yaxshi-yomon, adolatli-adolatsiz, xayrli-bexayr: barcha ishlardan hukmdorni ogoh qilib turadi. 

Chunki u rost so‘zlardi. O‘zining navosi bor edi. Sun'iy bulbul – qachonki murvatini burab qo‘ysagina ishlab ketadigan qushdan farq qilardi-da! 

Hukmdor ham uni saroyda majbur qilib olib o‘tirmaydi, faqat bu bitim ikkalasining o‘rtasida sir bo‘lib qoladi. Bu qarordan tetiklashgan hukmdor zarrin liboslarini kiyib, qilichlarini taqib, a'yonlar huzuriga shahdam kirib keladi va ularni dong qoldirib deydi:

“Salom”!

Ertakning mazmuni shu. G‘oyasi esa asl, chin go‘zallik va amalning soxtasidan ustunligini anglash!

Hukmdorlarga shunday rostgo‘y bulbul kerak! Yoki shu ertakni o‘qib ko‘rishlari kerak!

Xayr maktab, salom Moskvadagi supurgi

Kechgan haftada yuz minglab o‘zbek o‘quvchilari maktabni bitirdi. Yetarli savodi bo‘lmagan bu olomonning hadafi Moskva ko‘chalarini supuradigan supurgi dastasini ushlash. 

Ayni paytda o‘zbek noshiri Feruzbek Allaev bu yoshlarga nasihat qildi. Nasihatlardan birinchisi – til o‘rganish.

“Til o‘rgangin. Bugungi kunda zamonaviy bilimlarning 99 foizi bizning o‘zbek tiliga tarjima qilinmaydi va yetib kelmaydi. Shu uchun ham zamonaviy dunyodan ortda qolmasliging, o‘zing uchun kerakli axborotlarni olishing, onging, dunyoqarashing, tanqidiy fikrlashing, tolerantliging shakllanishi uchun chet tilni o‘rganish kerak. Mana shu chet til senga butun dunyoni ochishingga kalit bo‘lib xizmat qiladi.

Sayohat qil. Dunyoqarash va fikrlash rivojlanib borishi, o‘zingning yangi qirralaringni ochishing uchun ko‘proq sayohat qil. Qo‘shni mahallaga sayohat qil, qo‘shni tumanga sayohat qil, tarixiy shaharlarga sayohat qil, o‘z shahringdagi go‘zal joylarni borib ko‘r. Bir kun kelib moliyaviy imkoniyat paydo bo‘lganda so‘nggi iPhone yoki monopol amakingni xursand qilish uchun yangi “Matiz” sotib olishga shoshilma, yaxshisi, shu pulga sayohat qil. 

Turmush qurish haqida o‘ylama. Yoshlikda garmonlar o‘z ishini qiladi, inson uchun birinchi ahamiyatli narsa turmush qurishdek tuyulaveradi. Hech qachon o‘ylanishga yoki turmush qurishga shoshilma. Bu haqidagi o‘ylar qanchalik energiyangni va xayolingni yeb qo‘yishini juda yaxshi bilaman. O‘zim ham sendek bo‘lganman. Turmush qurishda bir onlik muhabbat muhim emas, seni boringcha qabul qila oladigan, tushunadigan, sen ham uni boricha qabul qila oladigan odamni topishing, tabiatlaringiz bir-biriga mos tushishi muhimdir. Bir ko‘rishda bir-birini sevib qolib, bir yilga bormasdan turmush qurib, keyin ajrashib ketganlarni juda ko‘p ko‘rdim. Shu uchun ham shoshilma. Sen hayotda o‘z yo‘lingni topsang, haqiqiy inson sifatida shakllansang, o‘zingga munosib umr yo‘ldoshini doim topasan. Shu uchun ham bu masalani yaxshisi 25 yoshdan keyinga qoldir.

Eng avvalo, o‘z fikringga ega bo‘l. Har bir eshitgan haqiqatingni eng so‘nggi haqiqat deb qabul qilma. Bugun hamma manipulyatsiya qilinadigan axborot urushi zamonidamiz. Bu zamonda har qanday ma'lumotni filtr qilib bilish, tekshirib ko‘rish, shubha qilish sen uchun foydali. Agar sen har bir ma'lumotni tahrir qilib, o‘zing uchun foydalisini olib bilsang, o‘z aql tarozingga solib bilsang, tabriklayman, sen jamiyatning katta qismidan o‘tib bilding. O‘z fikringga ega bo‘lishing, har bir qaroringni o‘z fikringdan kelib chiqib qabul qilishing juda muhim. Har qanday ma'lumot hayoting uchun muhim yoki muhim emasligini tahlil qil. Ishongin, Ronaldo yoki Messining zo‘rligi, Rayhonning yana bir bor erga tekkani yoki Halimaning ijtimoiy tarmoqda kim bilandir urishgani hayoting uchun foydasiz ma'lumot.

Kasb tanlashda ehtiyot bo‘l va tanlagan kasbingda professional bo‘l. Zamon o‘zgarmoqda, kasblar va ularga bo‘lgan talab ham. Bugun dolzarb bo‘lgan kasblar ertaga yo‘qolib, uning o‘rnini boshqa kasblar egallaydi. Shuning uchun kasb tanlashda kelajak haqida o‘yla. Tanlagan kasbingda professional bo‘lish haqida o‘yla. Biz ulkan o‘zgarishlar ostonasida turibmiz va o‘zgarishlar o‘z natijasini bermayotganligining asosiy sabablaridan biri aslida kadrlar yetishmovchiligidir. Sen kasb dunyosiga kirib kelgan bir vaqtda bu muammo yanada avj olgan, professional kadrlarga talab yanada oshgan bo‘ladi. Shu uchun ham o‘z sohang uchun zamonaviy dunyoda eng muhim bo‘lgan kitoblarni o‘qi, o‘z sohangning eng zo‘rlarini internet orqali kuzatib bor, o‘z ustingda ko‘proq ishla. Oliy toifali o‘qituvchi bo‘lgan bobom har doim aytardilar: Bir kishi o‘z sohasida yaxshi mutaxassisga aylanishi uchun o‘sha sohada kamida 5 yil ishlashi kerak. Yaqindagina biz tarjimasini qilgan “Zukkolar va landavurlar” kitobida aynan shu narsa “10 000 soat qoidasi” deb ko‘rsatilgan. Ya'ni o‘z sohangda mutaxassis bo‘lish uchun kamida 10 000 soat real tajriba bo‘lishi kerak. Haqiqiy professional bo‘lishga harakat qil.

Jamiyat chizib bergan chiziq bo‘ylab yurishing shart emas. Biz juda konservativ jamiyatda yashaymiz. Bizda farzand tug‘ilgandan ota-ona va jamiyat, atrof-muhit uning hayot yo‘lini chiza boshlaydi va butun umr sen o‘sha chiziqdan chiqmasliging uchun harakat qilishadi. O‘zgarishlardan, yangilikdan qo‘rqadigan jamiyatmiz. Ularning nazdida sen uchun ideal hayot tug‘ilish, maktab, oliy ta'lim yoki armiya, uylanish, farzandlik bo‘lish, davlatning katta ishida poraxo‘r bo‘lib ishlash, uy qilish, to‘y qilish va pensiya yoshida ibodatingni qilib olamdan o‘tish. Sen robot emassan, sen jamiyat tomonidan dasturlanmagansan, sen erkin shaxssan. Shu uchun ham eski standartlardan qochib, avvalo, senga baxtli yashash imkonini beradigan hayotni yaratishga harakat qil. Jamiyat havas qiladigan 1000 kishi chaqiriladigan to‘y qilish baxt emas, jamiyat havas qiladigan ikki qavatli hovli qurish baxt emas, jamiyat havas qiladigan eng so‘nggi “Malibu” olish baxt emas, jamiyat havas qiladigan, har bir qarashidan yuzlab xodim qo‘rqadigan, kechki soat 12da ham majlisma-majlis yuradigan rahbar bo‘lish baxt emas. Sen o‘z yo‘lingni yarat, ota-onangdek bo‘lma. Ularni hurmat qil, ularga mehr ber, lekin sen mustaqil insonsan va o‘z yo‘lingni, o‘z hayotingni yarat.

Tolerant yoki bag‘rikeng bo‘l. Hammani boricha qabul qilishga harakat qil. Xudo odamlarni turli xil qilib yaratgan. Hammaning dunyo qarashi har xil, dini boshqa, millati boshqa. Har kimda dunyoqarash, fikrlash, odatlar o‘zi yashaydigan dunyodan, uning shaxsiy tajribasidan kelib chiqib shakllanadi. Insoniyatning go‘zalligi ham uning turliligida, bir-biridan farqidadir. Shu uchun ham tolerant bo‘lishni o‘rgan. Sen qaysidir millat, qaysidir din, qaysidir urug‘, qaysidir jins vakili bo‘lganing uchun boshqalardan ustun emassan. Sen avvalo har bir insonning dini, jinsi, kelib chiqishidan qat'iy nazar inson sifatida hurmat qil va inson sifatida eshit. Qachonki boshqalarga nafrat bilan emas, hurmat bilan yashasang, hayot ko‘zingga go‘zal ko‘rinadi”.

O‘ynama shiqidim, shiqidim

Ammo maktabni bitirgan bolalar qulog‘iga nasihat kirmaydi. Ular diskoteka haqida o‘ylashadi va to‘g‘ri qilishadi. 

Xullas, diskoteka haqida. Saksonlarda Xonlarovaning “Kel, qardoshim” qo‘shig‘iga raqsga tushdik. Keyin robot kabi breyk dans. To‘qsonlarda esa “Makareno”. No‘linchi yillarda Pink va Eminemga ilonday eshilib tantsa qildik. Ikki yil burun Gangnam Style sasi ostida irg‘ishlovdim. Ro‘zadan oldin TRIBAL BEAT blan ramshtaynga galma gal raqsga tushganman. Hozir breyk, ya'ni tanaps.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
10 iyul 2019
O‘quv yili tugashi bilan ijtimoiy tarmoqda kollej va litsey bitiruvchilarining o‘z diplomlarini namoyishkorona «oyoqosti» qilishayotgani aks etgan fotosuratlar tarqaldi. ...
21 yanvar 2019
Facebook shirkati 17 yanvar kuni Kreml loyihasi bo‘lgan «Sputnik» nashri tashviqotiga xizmat qilgan tarmoqdagi yuzlab sahifalar va akkauntlarni o‘chirdi. ...
16 fevral 2017
Prezidentning 15 fevraldagi farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi ikkiga ajratilib, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya ...
12 sentyabr 2017
12 sentyabr kuni tarmoqda Sirdaryoda tuman hokimining maktab direktorlarini urayotgani aks etgan video tarqaldi. Kun.uz nashri tarqatgan videoda Sirdaryo ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...