RTdan va'z: Keksga aylangan seks
Mana, azizlar, hafta aylanib siz bilan yana yuzma-yuzman. Bormisiz, omonmisiz? Ëz qanday soz desam, o‘zimni ham, sizni ham aldagan bo‘laman. Bu issiqda o‘zimni tovada qovurilayotgan kotlet kabi his qilmoqdaman.
Bir paytlar Urganchdagi TV ALS kanalida ishlaganimda issiq qandayligini namoyish qilish uchun xom yumurtqani mashina kapoti ustiga chaqqanmiz. Shessekundda pishgan yumurtqani kapkir bilan olib ko‘rsatib, davlat termometrlari yolg‘onini fosh qilganmiz.
O‘tdi umrim, vo darig‘, latta to‘ppi kiymadim.
Aslida yozuvchi Jyul Vern aytganidek, issiq qishning kunida odamga yoqadi. Issiq paytida chiroq o‘chib, konditsioner ishlamay qolsa-yu, siz Yunusoboddagi tosh katakning sakkizinchi qavatida bo‘lsangiz. Bunday holatda qanday yashashni papuaslarga o‘rgatadigan eskimos mulozimlar doimo topiladi. Yaxshi tarafi shuki, qish emas – yoz.
Qisqa xabarlar
“Tolibon” o‘zbeklar yashaydigan tumanni bosib oldi. Qachon O‘zbekiston birodarlar nazoratiga o‘tarkin, deb yarim metr soqolni qo‘yib kutayotganlar ham bor qurbaqaobodda. Hijob ichiga shpargalka yashirgan ojiza imtihondan chiqarvorilsa, taqsirlar “qani diniy erkinlik”, deb dodlayapti.
+++
“O‘zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Safar Ostonov o‘ldi. Sinmasni kulol, o‘lmasni xudo yaratmas.
+++
Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi¸ “Samarqanddagi qotil” kitobi yozari Kreyg Myurrey sudga ehtirom ko‘rsatmadi, deya qamaldi.
+++
Joxaning qizi boshqa firmachning Sardor degan o‘g‘liga tegibdi. Nizomiddinovning o‘g‘li davra tashqarisida qoldi. Ko‘rgani to‘y, yegani qo‘y bularning.
+++
Bosh vazirning lanka tepish qarori ijrosini bajarish uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligi va metallurgiya zavodlari ishga kirishdi.
+++
Tangri odamni yaratdi. Odam esa kseroks ixtiro qildi. Yana birisi esa bu kseroksdan soxta pul chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. “Istanbul-Olmaota-Toshkent” uchog‘ida uchib kelgan yo‘lovchilardan birining yuklari orasida soxta 5000 AQSh dollari borligi aniqlandi.
Shu kuni tezkor tadbir xalqaro aeroport avtoturargohida va Yashnobod tumanida davom ettirilib, mazkur qalbaki valyutalarni qabul qilib, egasiga yetkazishi lozim bo‘lgan shaxslar ham ketma-ket qo‘lga olindi.
Qarangki, ulardan birining boshqaruvidagi “Lasetti” markasidagi avtotransport vositasini ko‘zdan kechirish davomida old yo‘lovchi o‘rindig‘i ostida yana soxta 5000 AQSh dollari borligi aniqlandi.
Keyin Yunusobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur qalbaki valyutalarning haqiqiy egasi ularni qabul qilib olayotgan vaqtida ushlandi.
+++
O‘zi original narsa qolmadi. Soxta soat, soxta telefon¸ soxta dizayn. Qatortoldagi Sumayyaning Oyshaga aytishicha, shoh ham soxta emish. Yana kim biladi?
Rassom Tuzga maktublar
Maktub ortida odam va uning dardi bor. Bu siyqa bo‘lsa ham to‘g‘ri gap. Pochta qutisiga kelgan manovi maktubga video ham ilova qilinibdi:
“Navoiy viloyati Karmana tumani Talqoq-2 massivi, moliyaning orqasidagi ko‘p qavatli uylarda kanalizatsiya toshib ketgan. Bir oydan beri shu ahvol. Hidiga chidab bo‘lmayapti. Karmana shaharchasining qoq o‘rtasidagi bu ahvol nahotki rahbarlarga baribir bo‘lsa? Aholini kim o‘ylaydi?
“Obod mahalla” deb og‘iz ko‘pirtirguncha, mana bunaqa holatlarni bartaraf etishsin. Shirkat bartaraf etmayapti. Shirkatning Karmana tumani elektr tarmoqlari korxonasidan ham 50 mln so‘m, boshqa to‘lovlardan ham kamomadi bor, topshirolmayapti shu uchun.
Biz to‘lagan pullarni davlatga o‘tkazmagan. Jabrini aholi tortishi kerakmi? Endi kanalizatsiyaniyam tozalatmay qo‘ydi. To‘lib-toshib ketgan. Aholi ko‘p joyga murojaat qilishgan, ammo aynan Karmananing markazida bu ahvolga tomoshabin bo‘lib turgan mas'ullardan aholi norozi. Holatning bartaraf etilishiga yordam bering”.
Video
Mana bu xatni esa ulkan yuk mashinalari asabini qaqshatgan xorazmlik doyi yozibdi. Eh doyi, ro‘molimning ichi shoyi…
“Assalomu alaykum. Xorazm viloyatining Oqtepa mahallasidan murojaat qilgandik, ta'siri bo‘lmayapti. Aholi hududida kurilish mollarini sotish uchun ombor qurilgan, kuniga katta mashinalar kirib chiqadi. Lekin ko‘chaning boshida 6 tonna cheklov belgisi bor. Shunga qaramay, men tadbirkorman deb, xohlagan ishlarini kilishyapti, tadbirkorlik qilib boshqa qonunni buzish kerakmi?”
Muzqaymoq
Men “Shum bola” kitobini sinchiklab o‘qiyman. Kinodan farqli, kitobda ko‘p tafsilotlar bor. Masalan, shum bola bozorda muzqaymoq olib yalaydi. Bundan yuz yillar oldin muzlatkich bo‘lmagan paytda, yozning kuni muzqaymoqni qanday saqlashgan? Bu savol javobini bilmayman.
1873 yili iyun jazirasida Xivani ishg‘ol qilgan Kaufmanni hayron qoldirgan narsa ham shu. Xivaliklar yozning kuni suvga muz solib ichishgan. Ruslar morojenoe, turklar do‘ngdirma, inglizlar ayskrem deydigan muzqaymoqni mamlakatning butun urug‘-aymog‘i jon deb yalaydi.
Ehtiyoj va talab ortidan taklif keladi. Andijonlik bir amaki dunyodagi eng shirin muzqaymoqni ixtiro qildi. Shahar va qishloqlar, past ko‘chayu rost ko‘chalarda anjan muzqaymog‘i degan qutini orqalagan jalloblar paydo bo‘ldi.
Yeganlar darmonda, yemagan armonda edi. Ammo birdan o‘zlarining bemaza muzqaymog‘ini sotib, xalqni lox qilayotgan oligarx o‘z bozorini boshqa bilan bo‘lishgisi kelmay qoldi. Bor, toshingni ter. Mening hududimda sotma, dedi.
Andijon muzqaymog‘iga dushmanlar keng fro‘nt bo‘ylab hujum boshladi. Og‘ir artilleriya ishga tushdi. Belida belbog‘i bor anjanlik muzqaymoq himoyasiga chiqsin.
Bo‘lsang yigit, bo‘lsang hamki chol! Qo‘linga qurol ol! Va o‘z muzqaymog‘ingni o‘zing asra. Bugun muzqaymoqni himoya qila olmasang, ertaga mustaqilligimizga hujum qilayotgan o‘risparast O‘zbekiston rahbariyatiga ham qarshi tura olmaysan.
Shu gapni aytishim bilan Mirza Anvar aka: “Bu muzqaymoqning bakterial analiziga shubham bor! Uni qanaqasiga himoya qila olaman?! Muzqaymoqni himoya qilib, aholi sog‘lig‘iga qarshi bo‘lishim kerakmi?!» dedi.
Men esa: “Selektiv jazolashga qarshiman. Namangan muzqaymog‘i bilan Andijonniki bir xil. Ikkalasida ham kamchilik bor. Ammo Andijonnikiga yopishdi bular. Hali hech kim anjan muzqaymog‘ini yeb o‘lmadi. Yemasdan o‘layotganlar bor omo lekin”, dedim.
Mavzuga izohlar davom etdi:
“Aslida bitta aravaga ANDIJON MAROJNIY deb yozvolib, xohlagan morojniyni sotish urfga kirdi. Bizning ko‘chada 3 ta bor, hammasi o‘zimizning bolalar. Andijon bizdan 700 km”.
Internetdagi Dilbarxon degan doktor opaning ham gapini eshitsak:
Dilbar Khon
“Stafilokokk bakteriyasini topish juda oson, u eng keng tarqalgan bakteriyalardan biri, bozordagi istagan sut mahsulotlarini tekshiring, topasiz. Odamlar qo‘li terisini tekshiring, topasiz, 30-40% odam terisida bu bakteriya doimiy ravishda yashaydi (rezident).
Immun tizimi to‘kis bo‘lgan odamga xavf tug‘dirmaydi, oshqozon kislotasi uni yengishga qodir. Faqat immuniteti juda tushib ketgan odamlarga va ochiq yara ichiga tushganda xavf uyg‘otadi”.
Islovot
Munday tarixni kavlashtirsam, muzqaymoq degan matoh Turkistonning ruslar yashaydigan slobodalarida sotilgan ekan.
O‘rislar Turkistonni bosvolib, o‘rislarni yerlashtirgan joylar sloboda deyilgan. O‘sha joyda jalabxonalar ham bo‘lgan. Shu bois, “sloboda” so‘zi “islovot” so‘ziga aylangan.
Turk tilida boshi “s” bilan kelgan so‘zlar oldiga “i” qo‘shib talaffuz qilinadi. Stakan – istakon, spravka – ispravka, stantsiya-istansa. Turkiyada ham skala degan so‘z iskala deyiladi. Smirno degan shahar Izmirga aylangan.
Bu gapni aytishdan muddaom nima? Turkistonga asosan Rossiyada ishi yurishmagan¸ dordan qochgan qalang‘i-qasang‘ilar kelib joylashgan. Ular mahalliy xalqdan oshkora nafratlanishgan. Bu holat sovet davrida ham davom etdi.
Ëziqlar bo‘lsinkim, mustaqillik paytidayam bu sloboda mansublari o‘zbek tilining davlat tili bo‘lishiga ashaddiy qarshi bo‘lib kelishdi. Bu slobodadagi o‘zini eng liberal sanagani ham Rossiyadagi vatniklar (bitliqi guppi kiygan kolxozniklar) degan to‘da vakili kabi daqqi fikrlaydi.
Ular jon deb Jirinovskiy va Zyuganov partiyasiga a'zo bo‘lishgan bo‘lardi. Boshqa tarafdan, tarozining bu yog‘idagi mahalliy aholi ham poraxo‘rlik, o‘g‘rilik, maishiy buzuqlik, firibgarlik va manqurtlik bo‘yicha bu slobadaga dars beradigan to‘daga aylangan.
Hozir Rossiyada eng axloqsiz va chegara bilmas jalablar o‘zbek qizlari ekanini hamma biladi. O‘zbekistonga kelgan afg‘on va xitoy tujjorlari arzimas chaqa evaziga o‘zbek qizlarini tagiga bosib yotibdi.
Men politsiya de moralo emasman. Fohisha o‘zi istab kimning tagiga yotsa, bemalol yotaversin. Osh bo‘lsin. Lekin ota o‘z qizining, er o‘z xotinining tanasini pul evaziga sotayotgan paytda har qanday liberal fikrli odam ham asabiylashadi.
Koreysga qizini berib, konvert ichida pul olayotgan do‘ppilik o‘zbek otaxon ko‘zlaridan sevinch ko‘z yoshlari oqqanini ko‘rganman (videosi bor). Yana yozaveraymi yoki faqat o‘rislarni so‘kkanim ma'qulmi?
Soxta shoh
Tarix ulug‘ muallim. Undan saboq olaylik. 1598 yili rus podshosi Fyodor Ivanovich o‘ladi. Uning o‘g‘li Dmitriy sirli tarzda yo‘qoladi. 1601 yildan to 1603 yilgacha Rossiyada ekinlar hosil bermadi. Ocharchilik boshlandi. Bir yarim million odam ochdan o‘ldi.
Odamlar viloyatlarni tark etib, Moskvaga yopirilib kela boshladi. Ish va non yo‘qligi bois odamlar talonchi bandalarga aylandi. Mamlakat sarosima va qo‘rquv ichida qoldi.
Bundan foydalangan Polsha qiroli Sigizmund III Soxta Dmitriy degan odamni Rossiya podshosi qilib qo‘yadi.
1605 yilda Moskva boylari va ruhoniylari hamda jinoyat olami vakillari Soxta Dmitriyga ta'zim bilan chiqishdi.
Soxta Dmiitriy Rossiyani Polsha vassaliga aylantirdi.
QIZIL IMPYeRIYaNI QO‘MSAGAN KIMSALARGA
Tarixning shiddatin to‘smoqchi bo‘lib,
“Ortga qayting!” – deya da'vat etasiz.
Qo‘yib bersak, bizni, qahrga to‘lib,
Yana jar tomonga boshlab ketasiz.
Qizil bayroqlarni baland ko‘tarib,
Qaytaylikmi yana qullik, yolg‘onga?
Qaytaylikmi yana shahid bobolar
Qonlari sachragan Qizil maydonga?
Dilimni, dinimni, ona tilimni
Xo‘rlagan zamonga yana qaytaymi?
Qaytib, Navoiyni bergan elimni
“Johil, savodsiz” deb yana aytaymi?
Yassaviy, Naqshband, Temur ruhini
Nega chirqiratay, nega xor etay?
Nechun bobolarim ekkan tollarni
Kelajak farzandlar uchun dor etay?
Qay inson o‘zligin bilgani sayin
Istibdod quturgan makonga qaytar?
Qay bir xalq erk hissin tuygandan keyin,
Yana o‘zi istab zindonga qaytar?
Qaytish – avlodlarning yuragini yeb,
Ajdodlar qonini ichish emasmi?!
Qaytish – bir kunning g‘am, tashvishlari deb,
Buyuk saodatdan kechish emasmi?!
Qaysi kovaklardan chiqib keldingiz,
Chiqdingiz qaysi bir mog‘oralardan –
Nahot hamon mastsiz shahid insonlar
Terisi qoplangan nog‘oralardan?!
Hurlikmas, bir burda non aziz sizga,
Erkdan muhimroqdir qorinning g‘ami –
Ammo qaytganlarni kutadi qondan
Zanglab ketgan zulm qilichin dami.
Girdobdek yashirin har bir o‘yingiz,
O‘rgimchak to‘ridek makringiz pinhon –
Yangi uy qurmoqchi bo‘lasiz, ammo
Navqiron bog‘larni qilasiz payhon.
Eskidan odat bor:
Yangi uy mozor
Va yoki vayrona uzra solinmas.
Yangi uy tiklamoq uchun qadimdan
Yong‘in bo‘lgan uydan bir cho‘b olinmas.
Siz esa sog‘inib o‘tgan kunlarni,
Eski poydevorni izlab yuribsiz,
Kuygan to‘sinlarni, mo‘rt ustunlarni
Yana ishlatmoqqa sozlab turibsiz.
Tarixning yo‘lini to‘saman deya,
Qanchalar urinmang – qo‘lingiz qisqa.
Siz tarix karvoni o‘tar yo‘llarda
Ezilib ketasiz xuddi qumursqa.
O‘zimning uyimni o‘zim tiklayman,
Bobolar ishidan olib andoza.
Bu uy yuksak bo‘lar,
Bahavo bo‘lar,
Ezgu o‘ylarimday bo‘ladi toza.
Men endi qaytmayman – ortimda qolgan
Barcha ko‘priklarni tamom yoqqanman,
Men endi adolat, muhabbat sari,
Insoniy baxt sari yo‘lga chiqqanman.
Endi yuragimda qo‘rquv, hadikmas,
Vatan va istiqlol nafasi bordir.
Endi tilagimga cho‘pchaklar emas,
Ulug‘ kelajakning orzusi yordir.
Aziz farzandlarim qo‘lidan ushlab,
Oydin manzillarga ko‘zim tikkanman,
Moziy chinorlari yonida men ham
Ming bir umid bilan nihol ekkanman.
© Xurshid Davron
1996 yil. “Bahordan bir kun oldin” kitobidan.
“Olovli yo‘llar” filmini qayta ko‘rdim. Film tarix haqida emas, bugungi kun haqiqati kabi ko‘rindi. Maktab kerak emas, degan juldirvoqi mullalar. Teatrda ayollar rol o‘ynamasin, deya dodlayotgan ekstremistlar. 9 yashar qiz erga berilishi kerak, degan radikallar. O‘g‘ri va munofiq shayxu imomlar. Bosqinchi o‘rislar va ularga sotilgan mahalliy xukmdorlar. Va bularning bariga qarshi kurashayotgan oz sonli jadidlar. Hamza, Zavqiy va millat umidlari.
Bu kinoni suratga olgan rahmatli Shuhrat Abbosov “Ozodlik”da chiqish qilib, ayollar ozodligiga yana chang solmoqchi bo‘lganlarni tanqid qilganida johil olomon tizzasini urib qarg‘agan edi.
Afg‘onistondagi kabi jaholat va Suriyadagi kabi qabohatni orzu qilgan johil olomon aljirashidan qusging keladi. Kinoni albatta ko‘ring.
Mana bu she'rni ulug‘ ma'rifatchi jadid otamiz Hamza Hakimzoda Niyoziy yozgan:
Bizga bu kunlar yanadin kelurmu?!
Bizga hech kim shuncha shafqat qilurmu?!
Bu kunda ham istiqboldan ko‘z yumsak,
Bizdan nomu nishon so‘ngra qolurmu?!
Xuddi shu kayfiyatdagi gaplarni xalq dushmani deya sovet hukumati otib o‘ldirgan Qodiriy ham yozgan.
Abdulla Qodiriy taqvoli odam edi. Lekin shu kishi bugun tirik bo‘lib “Kalvak maxzum” asarini tarmoqda e'lon qilsa nima bo‘lardi? (Asar “Kalvak Maxzumning xotira daftaridan” degan nom bilan 1920 yili nashr bo‘lgan).
1. Sazoyi kesakbo‘ron qilishardi. 2. Din ishlari qo‘mitasi va IIVdagi maxzumlar uning ustidan ish ochardi.
“Kalvak mazxum” asari haqida qisqacha. Madrasa mudarrisining o‘g‘li bilan imom domlalar seks qilishadi. Keyin domlaning o‘g‘li bunga o‘rganib qoladi. Oldin uni shahardagi ulug‘ shayx va kazo-kazo ulamolar itaradi. Oxirida machit qorovuli va mutavvallisi itarib yuradi.
Otasi “buni uylantirsak tuzaladi” deb, bir bechoraning qizini olib berishadi. U qizga qaramaydi ham. Chunki o‘sha imomberdilar bilan yotishni xohlardi. Xotinidan nafratlangan bachcha uni urib o‘ldirib qo‘yadi.
Qudalar xun talab qilib qoziga boradi. Qozi muttaham bo‘lib bachchani oqlaydi (pora evaziga). Qudalar Chor hukumati sudiga murojaat qilishadi. Sud bachchani qotillikda aybdor deb topadi. Shu.
Qodiriy qadimchi mullalardan qo‘rqqani bois bu asarni Julqunboy taxallusi ostida yozgan.
Birovlar bundaqa gaplarni yozavermanglar, uyatamiz deyishdi. Ular hatto seks so‘zini keksga almashtirishibdi.
Uyatchanglar uchun: KYeKS bu inglizcha cake yoki cakes so‘zining o‘rislashgani. Poyir solingan xamirdan pishiriladigan, ichida kishmishi bor shirin non. SYeKS esa jinsiy yaqinlik degan ilmiy so‘z. Ilmdan uyaladiganlar to‘dasiga yana aytaman. Ilmga ishoning. Ilmiy terminlarni ishlating va o‘rganing. Mana, guglning ichida o‘tirgan Sirrixondan so‘rang.
Sirri bilan suhbat
Sirri: Sen kimsan?
O‘zbek: Men o‘zbekman.
Sirri: Demak mo‘g‘ullardansan. Moskva knyazi Yuriy Uchinchining qudasi Oltin O‘rda yurtboshisi O‘zbekxon avlodi. Eski xaritada hozirgi Rossiya O‘zbekiya deb yuritilgan.
Sirri: Sen nima ish qilasan?
O‘zbek: Men palov pishirib sotaman Astraxanda.
Sirri: Astraxan emas, Ashtarxon. Bir vaqtlar kaspiybo‘yi hukmdori bo‘lgan Qosimxonning ukasi asos solgan o‘lka bu. Endi sen pishiradigan ovqatni hindlar o‘ylab topgan. Sanskrit tilida “pilav” so‘zi guruch-sabzili ovqat degani.
O‘zbek: Men manti pishiraman har payshanba.
Sirri: Manti – bu xitoydagi xansular ovqati. Man degani – xamir, tu degani – bug‘. Lag‘mon ham, mampar ham xitoyniki. Yana nima ish qilasan?
O‘zbek: Kelgan mehmonlarning choyidan xavbar olaman. Samovar yoqaman. Patnisga choynakni qo‘yib olib boraman.
Sirri: “Choy” ruscha so‘z bo‘lib, inglizcha “tea” so‘zining buzilgan varianti. “Samovar” ham ruscha so‘z. “O‘zi qaynatar”, degani. “Patnis” esa “podnos” degan ruscha so‘zning buzilgan varianti. “Choynak” esa ruscha “chaynik” so‘zidan olingan. Umuman, yana nima qilasan?
O‘zbek: Ish ko‘p. Patent oformleniya qiberaman. Razresheniya na rabotu to‘g‘rilayman. Propiska. Uchetniy kartochka. Straxovaniya. Ammo bu gaplaram o‘zbekcha emas, deb aytsang, knopkani bosib, aplikatsiyani udalit qivoraman.
Sirri endi jim edi.
Poezd bekatida
Men uchun aziz elliqqal'alik ayol bola-chaqasi bilan Toshkentga poezdda kelayotgan edi.
Men Xovos bekatiga borib: “Bekat boshlig‘i qaerda?” deb so‘radim.
Bekat boshlig‘i 1 iyun – bolalar kuni munosabati bilan yetimlarga sovg‘a berishga ketgan ekan.
“Relslarni cho‘kich bilan urib nazorat qiladigan odam qani?” deb so‘radim.
U do‘mbirachilar maktabi uchun yotoqxona qurilishiga jo‘natilibdi. Surxondaryoga.
Hali-veri kelmaydi, deyishdi.
Poezd o‘tayotganda semafor chiroqlari yonishini nazorat qiladigan elektrik esa bir yil oldin Shovvozsoyga ketib, qaytib kelmabdi.
“Siz kimsiz bo‘lmasa?” dedim men Xovos bekatida o‘tirgan odamga.
“Men asli elektr tarmoqlari korxonasida ishlayman, baribir tumanda elektr yo‘q, borib o‘sha yerda narda o‘ynab tur, deb yuborishdi”.
Men unga qarab: “Siz relslarning darz ketganini tekshira olasizmi?” dedim, “ha”, dedi.
“Semaforning doimiy ishlashini ta'minlay olasizmi?” dedim, “qo‘ldan kelgancha”, dedi.
Men uning qo‘liga 20 dollar tutqazib: “Aka, harakat qiling” desam, “yana 10 qo‘shsangiz, yutubdan poezdning bekatdan qanday o‘tkazishni ko‘rib, hamma aytganingizni qilaman, aka”, dedi.
Men yana 10 berdim.
Xullas, taksi ushlab uyga ketdim.
Taksichi aslida o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan ekan.
Taksi qilgan paytida maktab qorovuli bolalarga qarab turarkan.
Yo‘lda GAI to‘xtatdi. Aslida u agronom, lekin pensiyaga chiqqan tog‘asining milisa kiyimini kiyib “ishga chiqib turadi”.
Kechqurun Xovos bekatiga telefon qilsam, hech kim olmadi.
Pul berganim elektrchining ham telefoni o‘chgan.
Internetga kirsam, shok xabar:
«Xovosda poezd to‘xtab qoldi. O‘lganlar yo‘q. Odamlar shpal bo‘ylab yurib, shaharga kelyapti”, deb yozilgan edi.
Yana Xovosga telefon qilsam: “Aka, uzr, noto‘g‘ri tugmani bosvoribman. Pulning yarmini qaytaraman. Qolganini qiyomatda olasiz”, dedi.
Dindor ekan, Xudoga shukr, dedim.
Rostdan ham shukr.
Hech kim go‘rda emas.
Do‘mbirachilarga yotoqxona qurayotgan aybdor strelkachini Termizdan olib kelib, sud qilib, jarimaga tortishdi.
Eng muhimi kasbni bilish emas, eng muhimi – odalat va sodaqat.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz