Asosiy mavzular
17 sentyabr 2021

RTdan va'z: Tarmoqqa aylangan qarmoq

Bir paytlar o‘zbek teatrlari qaynona-kelin haqida mahalliy kallavaram yozgan go‘to‘yinlarni emas, balki insoniyat tafakkuri gultoji bo‘lgan Shekspir asarlarini sahnalashtirardi. Gamlet, Romeo va Juletta, Qirol Lir, Otello…

“Otello” asarida xotini Dezdemonani rashk qilgan qora mavr uni bo‘g‘ib o‘ldiradi. Bu rolni ulug‘ aktyor Abror Hidoyatov qoyillatib ijro qilgan. O‘sha paytda bu spektaklni ko‘rish uchun odamlar shu qadar ko‘p kelganidan ularni otliq milisalar tartibga solgan. 

Hozir odamlar teatr emas, yutub ko‘radi. Yutunib-yutunib ko‘radi. Yutubda esa Dezdemonani bo‘g‘ayotgan Otelloni emas, balki soliqchini bo‘g‘ayotgan o‘zbek milisa xodimini ko‘rish mumkin. 

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida to‘rtta barzangi milisa tuman soliq inspektsiyasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan 40 yoshli Aziz Ahmedovni bo‘g‘ib o‘ldiradi.

O‘zbekiston qonunlarida odam o‘ldirish, xossatan, bo‘g‘ib o‘ldirish jinoyat hisoblanadi. Milisalarning odam o‘ldiraverganidan bezor bo‘lgan prezident ikki oy oldin qiynoqlarning oldini olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi yangi qarorni ham imzoladi.

Prezident qaroridan so‘ng Denov, Nishon va Taxiatoshda milisa xodimlari vatandoshlarni qiynab o‘ldirdi. Na qonun, na gap kor qiladigan bezbet maxluqlar timsoli milisadir.

Vazir Bobojonovga rahmim keladi. Bechora nima qilsin. Masalan, bir olim odamni mingta jinniga boshliq qilib qo‘ysangiz, o‘sha olim nima ham qila oladi. Ëki mingta odamxo‘rga bitta o‘txo‘rni yoshulli qilsangiz. 

Sobiq SSSR respublikalari ichida Boltiqbo‘yi va Gruziya sovetcha mentura tizimidan voz kechdi. Bu sohada Gruziyada ulug‘ islohotchi Mixail Saakashivili o‘tkazgan islohot shoyon tahsinga sazovor.

Shu ma'noda O‘zbekiston militsiyasini isloh qilishning bitta yo‘li bor. Milisada ishlagan barcha odamlarni bir kechada ishdan bo‘shatib, maxsus qora ro‘yxatga ismini yozib qo‘yish kerak. Ya'ni ular hech qachon IIV tarkibiga qaytmasligi uchun.

Ichki ishlar organlari davlat boshqaruv hokimiyatining eng katta organi hisoblanadi. Shunga qaramay, uning faoliyati mustaqillik e'lon qilingandan keyin qisqa muddatda qonun hujjatlari bilan tartibga solinmadi.

Umuman olganda, qonun qabul qilinishi hamisha ijtimoiy munosabatlardagi alohida muammolarni hal etishga qaratilgan bo‘ladi. Ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatiga tegishli bo‘lgan uch asosiy muammo – bu: 

  1. xodimlar tomonidan vakolat suiiste'mol qilinishi; 
  2. xodimlar ustidan nazoratning sustligi;  
  3. xodimlarga qarshi ishonchning yo‘qligi.

Xo‘sh, qonunning ustunlik va kamchiliklari nimalardan iborat? U yuqorida sanab o‘tilgan asosiy muammolarni hal etadimi?

Qonun qabul qilinganidan beri o‘tgan davrda bu qonun talablari qog‘ozda qoldi. 

Masalan, 6-moddada ichki ishlar xodimlari konstitutsiya va qonunlar talablariga aniq rioya etishi va bajarishi shartligi aytiladi. Shu bilan birga, qonunga xilof xatti-harakatlarni xizmat manfaatlari, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi yoki yuqori turuvchi mansabdor shaxslarning qonunga xilof talablari va buyruqlari bilan oqlashi/ro‘kach qilishi mumkin emas, deb belgilangan.

Amalda buning teskarisini ko‘ryapmiz.

8-moddada esa qiynoqlarga solish, zo‘ravonlik qilish, boshqa shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda muomalada bo‘lish taqiqlanishi belgilangan.

8-modda davomida ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat etganida o‘z lavozimini, unvonini, ism-sharifini aytishi,  fuqaroning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi shartligi aytilgan. Ichki ishlar xodimi mazkur xatti-harakatlarni bajargandan keyingina murojaat qilishining sababini va maqsadini ma'lum qilishi shart.

9-moddada ichki ishlar organlari o‘z faoliyatini ochiq va shaffof tarzda amalga oshirishi belgilangan. Bu degani, shaxslar tegishli tartibda ichki ishlar organlarining faoliyati haqida haqqoniy axborot olish huquqiga ega.

Vakolat chegarasi qaergacha?

Qonunda yuqorida tilga olingan muammolar kelib chiqishi qisman tan olingandek ko‘rinadi. Masalan, 17-modda boshida ichki ishlar organlari huquqlari sanab o‘tilishidan oldin “o‘z vakolatlari doirasida” deb belgilab o‘tilgan. Ammo qonunda bo‘linmalarning vakolati aynan nimadan iborat ekani belgilanmangani uchun alohida bo‘linmalarning vakolati aynan qaysi xatti-harakatlardan iborat ekanini aniqlash mumkin emas. Bu esa yuqoridagi misollarda tilga olingani kabi ichki ishlar xodimi tomonidan o‘z vakolatlari doirasining asossiz ravishda keng talqin qilinishiga yo‘l ochib beradi.

Militsiya o‘zboshimchaligini cheklovchi jiddiy mexanizm yo‘q.

17-moddada taqiqlangan yoki cheklangan narsalar “bor deb hisoblashga asoslar mavjud bo‘lganda”, ichki ishlar organlari vatandoshlarni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazishni, ularning ashyolarini, qo‘l yukini, bagajini ko‘rikdan o‘tkazishni amalga oshirishi mumkinligi belgilangan. 

Ammo asoslar mavjudligi qanday belgilanadi? Talabaning viloyatlik ekani uni shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladimi? Yoki biron kishi soat 23-00 dan keyin ko‘chada ketayotgan bo‘lsa, uning taqiqlangan yoki cheklangan buyumlari bor bo‘lishi mumkin, deb hisoblashga asos bo‘lishi mumkinmi?

17-modda ichki ishlar xodimlariga “zarur bo‘lgan hollarda” transport vositalarini to‘xtatish va uni boshqarish va foydalanishga tegishli bo‘lgan hujjatlarni ko‘zdan kechirish huquqini beradi. Yana savol tug‘iladi, ichki ishlar xodimi bunday holat mavjudligini qanday belgilaydi?

Rus xalq maqolida aytilganidek, tentak ment yuzta banditni boqadi.

Oldinroq men O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga maktub yozuvdim. Maktubimda Xorazmdagi milisalar o‘g‘ri va jinoyatchilar qolib Muhammad Solihning she'riy kitobini o‘qigan shoirni oylab tergab yotgani kabi absurd holatga e'tibor qaratgandim.

Janobi oliylarining adyutantlaridan biri menga signaldan chiqib,  Po‘lat Razzoqovich bu maktubni o‘qigani, ammo aynan shu holatga ta'sir o‘tkazish imkoniga ega emasligidan afsuslanib o‘tirganini shipshitdi.

Rahmat vazirlikdagi elsevar mulozimlarga. Kurmak orasida ba'zan guruch ham uchraydi.

Toshga yomg‘ir kor qilurmi muttasil yoqqan bilan, 

davlatingiz kam bo‘lurmi bir qiyo boqqan bilan.

Bu general Bobojonov tug‘ilib o‘sgan yurtda aytiladigan qo‘shiq misrasi. Ammo olimlarning aytishicha, muttasil yoqqan yomg‘ir toshni ilma-teshik qilishi mumkin.

Eng muhimi, chastota. Ya'ni zarbalar muntazam bo‘lmog‘i lozim. Shu bois, ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga yana bir maktub yozdim.

Po‘lat Bobojonovga maktub

Hurmatli Po‘lat Razzoqovich, men bu maktubni yozayotgan paytim tashqarida sharillab yomg‘ir yog‘moqda. Men uy ichida, yer tuti murabbosi bilan choy ichayotib, bu yomg‘irni derazadan bemalol kuzatib, milisalarga rahmim kelib ketdi.  

Bunday yomg‘irdan faqat polizdagi bodringlar sevinishi mumkin. Ko‘chadagi milisalar esa jiqqa ho‘l bo‘lib aziyat chekmoqda. Ularning kiyimlari na yomg‘irga va na issiqqa moslashmagan.

Chunki milisalarning katta armiyasiga libos tikish Almatov zamonidan beri kichik bir to‘da tarafidan monopoliya qilingan. Ular eng arzon materialdan o‘ta noqulay kiyimlar bilan milisalarni kiyintirib, davlatdan katta pul olishmoqda. Tender, tanlov degan narsa yo‘q.

Po‘lat Razzoqovich, vaqtingiz bo‘lsa, katta yoshdagi milisalardan so‘rab ko‘ring. Ular 1984 yilda SSSR IIV buyrug‘i asosida tikilgan uniformaning qulayligi, yomg‘ir va issiqqa chidamli bo‘lganini mehr bilan eslashadi. Shuncha yil o‘tib ham titilib ketmaganini ko‘rsatish uchun ishkopdan olib termulishadi. 

Isroil yoki Turkiya politsiyasining uniformasini ko‘ring, kiyishga, harakatlanishga qanday qulay. Eng muhimi, iqlim hisobga olingan. Arzonning sho‘rvasi tatimasligini bugun so‘tilib ketgan kiyimlarida hammaga kulgiyu kalaka bo‘layotgan o‘zbek milisasi biladi.

Po‘lat Razzoqovich, O‘zbekistonda milisa degan so‘z bekor qilindi. Ammo politsiya deb aytishga hech kimning tili bormadi. Ularni xodim deb aytadigan bo‘lishdi. Xodimning lug‘aviy ma'nosi hammomda odamlarning orqasini qashlab cho‘miltiradigan cho‘riga mos keladi.

Oldinlari hammomda ikki odam ishlagan. Bittasi go‘lax bo‘lgan. Ya'ni hammom o‘chog‘iga o‘t yoqqan. Yana biri xodim deb atalgan. Hammom ichidagi mijozlarga xizmat qilgan. Ularning ustiga va tagiga suv quygan.

Po‘lat Razzoqovich, oddiy militsionerlarni kalaka qilish uchun ularni ataylab xodim deb atashga qaror qilingan, degan gapdan uzoqman. Ammo bu nom militsiya xodimlarini kalaka qilishning yillardan beri davom etayotgan an'anasining davomi kabi tuyuldi menga.

Yurtdoshingiz marhum Zerip qiziqchining milisalar haqidagi latifasini eshitgandirsiz. Eshitmagan bo‘lsangiz, yutubda turibdi. Latifada aytilishicha, bir ota ming dollar berib o‘g‘lini milisaga ishga joylaydi. Ishga olinishidan oldin milisa nachalnik bu o‘g‘ilni kabinetida qabul qilib, milisada ishlashning poradan tashqari yana bir sharti borligini aytadi. 

Ya'ni milisada ishlaydigan odam yo bir ko‘zini o‘ydirishi, yoki nachalnik militsiya bilan jinsiy aloqa qilishi kerak. O‘g‘il bu shartga rozi bo‘lmaydi. Otasi esa: “O‘g‘lim, ming dollar pora berdim seni ishga kiritish uchun. Zoe bo‘lmasin. Mayli, o‘sha nachalnik milisa sening ketingga qila qolsin”, deydi.

Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tib, milisa uniformasini kiyib, ksivani qo‘lga olgan yigit milisa nachalnigidan so‘raydi: “Nahotki hamma milisaning orqasiga jinsiy aloqa qilingan?

Albatta, qilingan hammasi. Ëki bir ko‘zi o‘yilgan milisani ko‘rganmisan”, deya savolga savol bilan javob beradi nachalnik milisa.

Bir qarashda vulgar ko‘rilgan bu latifa IIV tizimidagi poraxo‘rlik va oddiy zobitlarning tahqirlanishi manzarasini achchiq hikoya qiladi.

Samarqand viloyatidagi qishloqlardan birida yashaydigan yigit “Qizil kitob”ga kirgan ilon va qushlarni kontrabandachilarga sotib topgan pulini poraga berib, militsiyaga ishga kirganini bilaman.

Po‘lat Razzoqovich, men militsiya xodimlarining ichida adabiyot va tarixni yaxshi biladigan zakiy insonlar borligini ham bilaman. Lekin tarixiy siymolarimizga baho berish militsionerning vazifasi emas.

Oldin ham yozganimdek, siyosiy politsiyachilik Shimoliy Koreya kabi sanoqli davlatlarda qolib ketgan.  

Nyu-York politsiyasi nega Benjamin Franklin yoki Mark Tvenga ehtirom ko‘rsatmading, deya vatandoshlarni tergasa kulgiga qoladi.

Po‘lat Razzoqovich, siz hali Xorazm viloyati hokimi bo‘lib ishlagan paytingizda viloyat militsiyasi bemaqsad yurgan odamlarni ushlab qamab, kulgiga qolgan edi.

Sizdan iltimosim shu – etchi etchiligini, sutchi sutchiligini qilsin. Qo‘yni qassob, o‘likni yuvg‘ichi yuvsin. Politsiya esa o‘g‘rini ushlasin. Qodiriy, Sog‘uniy, Mirtemir Mirabdullaev kabi yurt oydinlariga ehtirom ko‘rsatishni taqiqlagan “aqli oshib-toshib ketgan”  Shayxontohur milisa nachalnigi o‘z vazifasini bajarsin.  

Bir johil odam milisa nachalnigi kursisiga o‘tirgan zahoti aqlli bo‘lib qolmaydi. Yurtdoshingiz Pahlavon Mahmud aytgan misrani eslatsam sizga maktub oxirida.

Ko‘chadagi xasni shamol uchirib osmonga olib chiqsa ham u xas bo‘lib qolaveradi. 

Xas xaslikcha qolur gar uni

bo‘ron olib chiqsa hamki samoga qadar.

Sizga hurmat-ehtirom bilan rassom Tuz.

Ismigulning iztiroblari

O‘zbekistonda milisa mo‘r-malaxdan ham ko‘p. Ammo O‘zbekiston faqat milisalardan iborat emas. O‘g‘ri  va cho‘pchakchi imomberdilar yonma-yon rasmga tushishadi. Tentak mulozimlar ham sassiq ko‘rpadagi bit kabi urchigan. O‘zim kal, ko‘nglim nozik, deganidek, bu mulozimlar baxmal ishton va qimmat soatlarga ruju qo‘ygan. Mana bu matnni Mirsaid degan ko‘zi o‘tkir bloger yozibdi:

“Tashqi ishlar vazirimiz Abdulaziz Komilovning muborak qo‘llaridagi soat Rolex kompaniyasining Cosmograph Daytona soatiga o‘xshab ketyapti. Agar shunday bo‘lsa, ayni shu modeldagi 18 karatli oltin soatning narxi o‘rtacha 36 500 AQSh dollari atrofida turadi.

Yaqinda 74 yoshni qarshi oladigan Abdulaziz Komilov ilk marta 1994 yili tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlangan. Masalan, o‘sha paytda Qamashida tug‘ilib, hozir Moskvada ko‘cha tozalayotgan yigit 27 yoshga to‘lgan. Bizning faxrimiz A.Komilov esa yana uzoq yo‘llarni bosib o‘tib, hozir ham taqdir taqozosi bilan tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlamoqda.

Abdulaziz Komilov sobiq ittifoq davrida O‘zbekiston rahbari bo‘lgan Sharof Rashidovning kuyovi sanaladi. Farzandi Doniyor Komilov juda omadli tadbirkorlardan. Masalan, u yaqinda otasi bir paytlar ishlagan MXXning sobiq binosini bor-yo‘g‘i 210 milliard so‘mga sotib olgan”.

Ilgari radioda “Qarmoq” degan eshittirish bo‘lardi. O‘g‘ri mulozimlarni fosh qilardi. Hozir esa tarmoq bor. Ilgari¸ ya'ni 30 yilcha oldin FM radiolarda «Ismigul» degan qo‘shiq aylanardi. Hozir esa tarmoqda Ismigul ismli vatandoshning iztiroblarini o‘qiymiz. O‘zbekiston bayrog‘ining terrorchi «Tolibon» bayrog‘i bilan birga hilpillashi Ismigulning yuragini larzaga solibdi. 

“BMT Bosh Assambleyasining 1999 yil 9 dekabrdagi 54/109 rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro konventsiya oldidagi majburiyat, hisobot nima bo‘ladi endi bag‘iga….?! 

Zero, BMT 2003 yilda «Tolibon» harakatini rasman  “terroristik tashkilot» deb tan olgan, hozir ham bu ro‘yxat o‘z kuchida!

O‘zbekiston esa 1992 yilda BMTga rasman a'zo bo‘lgan.

Ma'lumingizkim,  a'zo davlatlar xalqaro munosabatlarning asosiy tamoyillari aks etgan, BMTning xalqaro shartnomalardan iborat bo‘lgan nizomida bayon etilgan majburiyatlarni qabul etadi va bunga amal qilish majburiyatini oladi. 

Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro konventsiyada esa har qanday vaj-karson bilan (xayriya, gumanitar yordam yoxud boshqa ko‘rinishdagi har qanday moliyaviy ko‘mak) terroristik tashkilotlarga yordam berish yoki boshqa sabablar bilan hamkorlik qilish xalqaro jinoyat tarkibini keltirib chiqarishi va bu xatti-harakatlarni sodir etgan davlatlarga sanktsiyalar qo‘llanilishi va bu harakatda ishtirok etgan shaxslarning huquqiy javobgarlik masalasi ham ko‘ndalang qo‘yilishini aniq va tiniq keltirib ko‘rsatib qo‘yibdi…

Bizning O‘zbekiston bayrog‘i esa BMTning qora ro‘yxatida terroristik tashkilot o‘laroq taqiqlangan «Tolibon» bayrog‘i bilan yonma-yon hilpirayapti, biror so‘z topa olmayapman bu aqlga sig‘mas ishlarga, nauzibillah….. 

Zero, siyosatda hech qachon do‘stlik bo‘lmaydi, bo‘lmagan ham, faqat muayyan manfaatlar yuzasidan vaqtinchalik hamkorliklar bo‘ladi… Gegemon makkor o‘yinchilar davlatimiz qo‘li orqali «Tolibon» bilan aloqa qilyapti,  lekin o‘zlari hatto «Tolibon»ni terroristik tashkilot ro‘yxatidan ham chiqarishmadi… 

Qisqasi, ertaga Rusiya ham, boshqasi ham biz uchun turib bermaydi, aksincha, burchakka tiqib, bunday qaltis vaziyatdan o‘z manfaatlarini oladi ortig‘i bilan…

Putin qo‘sh manfaatga ega bo‘lish printsipida qat'iy har doim.  

Nimayam derdik, poezd relsdan chiqdi, boshga tushganini ko‘z ko‘radi endi, biz  nimayam qila olardikki, TIV tagida olov yonayotgan qilko‘prik ustiga chiqib, qo‘lida kerosin bilan o‘ta qaltis qadamlar bilan chopib boryapti, oqibati xayrli bo‘lsin, deyishdan boshqa choramiz yo‘q…”.

Eh, Ismigul, Ismigul. O‘g‘lon shoshar – tut vaqtida pishar. Napoleonga nisbat beriladigan bir gap bor. Bir mamlakatni nayza bilan zabt qilish mumkin. Ammo bu nayzaning ustida o‘tirib bo‘lmaydi. Nayza ko‘tiga kirib ketadi. «Tolibon» deya atalgan soqoltoy terrorchilarning orasida ola chiqqani ham nayzaning uchida davlat qurib bo‘lmasligi isbotidir.

Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek,

Diana ma'badin yoqmoq shart emas.

Ko‘plarning baxtiga o‘zlikni jamlab,

Shu ulug‘ binoga bir g‘isht qo‘ysak bas.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
14 dekabr 2017
Rassom Tuz aks ettirgan rasmdagi bu hayvonni bilasizmi? U qanday hayvon? Qaerlarda yashaydi? Nimadan qo‘rqadi? Kimga bo‘ysunadi? Kimlarga tashlanadi? ...
20 noyabr 2018
Prezident Shavkat Mirziyoevning eng katta islohotlaridan biri aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini tubdan yaxshilash bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Hozir Yagona ...
27 aprel 2020
Tarix takror sahnalardir. XVIII-XIX asrda Rossiya zodagon va bashanglari asosan frantsuz tilida gaplashishgan. Pushkinning tili frantsuzcha chiqqan va besh ...
23 avgust 2019
O‘ziga ishonchi bo‘lmagan, qo‘rqoq va ojiz siyosatchilargina davlatni diktatura usulida boshqarish yo‘lini tanlashadi. Bu eng oson yo‘l. Ahmoqning ham ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...