RTdan va'z: Grin kard o‘ynagan qo‘y haqida
Aziz va muhtaram do‘sti yoronlarim, aytganlarimni ko‘zdan emas, yurakdan kechirayotganingiz uchun mutashakkurman. Va'zlar o‘ta jiddiy bo‘lib ketgani uchun sizdan uzr so‘rab, bu xatoni tahrir qilishga urindim.
O‘zbek adabiyoti va matbuotida satira va yumor har doim ijtimoiy muammolarni ko‘rsatishda muhim o‘rin tutib kelgan.
Masalan, Maxmurning “Hapalak” asari, Julqunboyning “Toshpo‘lat tajang nima deydi?” satirasi, sobiq ittifoq davrida “Mushtum” jurnalida e'lon qilingan materiallarda jamiyatdagi muammolar, amaldorlarning nojo‘ya ishlari qattiq tanqid ostiga olingan.
Ammo bugungi kunda haqiqiy hajviya adabiyot va kundalik matbuotda va sahnada kam uchraydi.
Kulgi ustalari mamlakatdagi ijtimoiy siyosiy muammolarni, Salim, G‘afur kabi o‘g‘riboshilarni yoki Ramatov kabi mulozimlarni hajv qilmaydi.
Shundoq ham qalbi o‘ksik, kal, ko‘r, soqov va cho‘loqlarning ustidan kulishadi. Yana nari borsa aksariyat hajviy asarlar faqat maishiy turmush muammolari, er-xotin va o‘quvchi-domla munosabatlari bilan cheklanib qolyapti.
Ijtimoiy muammolarni aks ettirgan, amaldorlarning xatti-harakatlari tanqid qilingan hajviyalar esa juda kam uchraydi.
Uchraganda ham muammolar ochiq-oydin emas, yetti qavat pardaga o‘raladi.
Xo‘sh, O‘zbekistonda nega o‘tkir va ochiq hajv yo‘q?
Bu O‘zbekistonda o‘tkir va ochiq satira aytish imkoni yo‘q, deganimi?
Bu savolga javob izlab ko‘rsam.
Stend-ap komediant
Dunyoda stend-ap komediant degan kasb bor. Taxminan bizdagi kulgi ustasi degan kasbga to‘g‘ri keladi. Masalan, Arkadiy Raykin yoki Jvanetskiy haqiqiy stend-ap komediant edi. Rahmatli Hojiboy Tojiboev ham bu sohani eplagan yagona eldosh edi.
Kinorejissyor artistga vazifa berganida bu vazifani eplay olmagan aktyor shu vazifani o‘zingiz o‘ynab ko‘rsating, deb iltimos qiladi.
Rassom Tuz og‘angiz ham stend-ap komediant qanday bo‘lishini ko‘rsatib bersa. Turk ota so‘zida aytilgani kabi o‘ksiz o‘z kindigini o‘zi kesadi.
Tasavvur qiling, katta zal. Minglab tomoshabinlar oldida men turibman. Bu tomoshabinlarni kuldirmog‘im kerak. Kuldira olmasam, holimga maymunlar yig‘laydi.
Agar sahnada ishtonim tushib, avratim ochilib qolsa, hamma kuladi. Ammo bu kulgining narxi sariq chaqa. Satirada ham jiddiylik lozim.
Xullas, boshladim.
Bir kishi cho‘lda chanqab ketayotsa, oldidan quduq chiqib qolibdi.
“Suv-suv”, deb quduq tomon yugursa, uning ichidan bir odam chiqib, “qani”, debdi.
Boy otaning qiziga uylanmoqchi bo‘lib kelgan yigitlar ko‘p hozir. Shunday yigitlardan biri qizning otasiga qarab:
— Gap sizlarning boyligingizda emas. Qizingizni sevaman, der emish.
Xonadon egasi:
— Axir bizning 3 ta qizimiz bor. Qaysi birini, deb so‘rasa, yigit:
— Farqi yo‘q menga, dermish.
Mana, bo‘larkan-u. Zal kulyapti. Siyosat haqida ham afandi aytib beraymi?
Hozir uzoq qishloqlarda yashaydigan ayollarda ham kir mashina bor. Lekin kirni qo‘lda yuvishadi.
Nimaga deysizmi? Chunki elektr yo‘q!
100 foiz shaffoflik
O‘zbek mulozimlarining aytishicha, 4 yil oldingi prezident saylovi shaffof bo‘lganmush. Bu yilgisi undan ham shaffof bo‘larmish. Shu bois, u hatto ko‘zga ham ko‘rinmas ekan. Shu yerda kulish kerak. Negadir hech kim kulmadi.
Saylovning nimaga ko‘zga ko‘rinmasligining ikki sababini aytsam. 13 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi bergan xabarga ko‘ra, 207 ta saylov uchastkasiga kuzatuv kameralari qo‘yilarkan. Mamlakatdagi saylov uchastkalari esa 10 ming 760 ta. Bu degani 98 foizdan ziyod saylov uchastkasida kuzatuv kameralari bo‘lmaydi.
Demak, prezident saylovi begona ko‘zlardan nari, qalin baxmal pardalar ortida amalga oshadi. Chiroqning uzluksiz yonib-o‘chib turishi esa o‘rnatilgan 2 foiz kuzatuv kameralari rolini ham nolga tenglashtiradi va albatta qop-qop bajarilmaydigan va'dalar beruvchi prezident saylanadi. Mana sizga 100 foiz shaffoflik.
Yaxshisi, sizga bitta foydali maslahat beray. Saylovdan keyin muhtaramga va'dalarini eslatish – bu ekstremizm! O‘qituvchi ming dollar oylik oladi, desa ishonib qo‘yavering. Men, masalan, ishonuvchan odamman, chunki hamma qarindoshlarim qishloqda yashaydi.
Nega kulyapsizlar? Men hech narsaga shama qilmadim. Rostdan ham qishloqdagi qarindoshlarning gapiga ishonaman.
Qishloqda ikkita qo‘yim bor. Qarindoshlarim boqadi.
Ikki qo‘y suhbati
Ikkita qo‘y ko‘chada uchrashib qolib:
— Baa-a, – debdi bittasi.
— Maa-a, – debdi ikkinchisi.
Shunda birinchisi ikkinchi qo‘yga qarab:
— Ingliz tilini o‘rganyapsanmi? – degan ekan.
Shunda ikkinchi qo‘y: “Grin kard to‘ldirganman. Mabodo yutib qolsam, senga o‘xshab baaa demaslik uchun tayyorgarlik ko‘ryapman”, dermush.
Mana, binoyidek kuldirib o‘tiribman. O‘zi kuldirish – bu Nasriddin Xo‘ja sunnati.
Osoyishtalikni buzuvchi
Ëzuvchi Leonid Solovyovning “Vozmutitel spokoystviya” kitobi qahramoni Nasriddin Buxoro amiri va uning mullalarini tanqid qiladi.
Bunga javoban amir Nasriddinni qatl qilishga buyuradi.
Ya'ni hajv qilgan odam osoyishtalikni buzgani uchun qatl qilinishi kerak.
Amir shunday deb o‘ylaydi.
Bu kitob asosida taniqli kinochi Yakov Protazanov 1942 yilda “Nasriddin Buxoroda»” degan filmni ham suratga olgan.
Ikki kun oldin bu filmni tomosha qilgan edim.
Filmda satira va tanqidga Buxoro amiri va uning ulamolari chidamsiz bo‘lgani tasvirlanadi.
Film bosh qahramoni Xo‘ja Nasriddin Bag‘doddagi tazyiqlardan qochib Buxoroga keladi va bu yerda ham satira nimaligini tushunmaydigan johillar bilan yuzma-yuz bo‘ladi.
Nasriddin Afandi hozir yashaganida, u, albatta, o‘z tanqidlarini internetga joylashtirar edi. Chunki internetda tsenzura yo‘q.
Hukumatning GOOGLE dan iltimoslari
O‘zbekiston davlat organlari Google shirkatiga muayyan kontentni o‘chirish iltimosi bilan ilk bor 2018 yilda murojaat qildi.
Google shirkati statistikasida qayd etilishicha, O‘zbekiston 2018 yilda 4 marta, 2019 yil va va 2020 yilda 1 martadan kontentni o‘chirish talabini jo‘natgan. Mazkur so‘rovlarda hukumat Google servisi bo‘lgan YouTube portalidan 26 ta ma'lumotni o‘chirishni iltimos qilgan.
Google statistikasida O‘zbekiston hukumati talab qilgan 26 ma'lumotdan qanchasi o‘chirilgani aytilmagan.
Har holda, bittasi ham o‘chirmagan.
Qulning tishini tekshirish
O‘zbekistonlik 10 ming quruvchini Rossiyaga ishga jo‘natish loyihasi doirasida mehnat muhojirlarini O‘zbekiston hududida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun Rossiyadan 40 nafar tibbiyot xodimi kelgan. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati ma'lumot tarqatdi.
Rasmiy xabarda migrantlardan faqat Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik” bilan emlanish talab qilinishi aytilgan. “Sputnik” O‘zbekistonda ham ishlab chiqariladi. Lekin Rossiya uchun bu emdori to‘g‘ri kelmas ekan.
“Qobusnoma” kitobida qul sotib oladigan kishi avvaliga qulning tishlari sog‘lomligini tekshirishi joizligi aytiladi. “Keyin esa qulning qo‘l-oyoq, mushaklari tekshiriladi. Kasal qul sotib olgan xaridor kasodga uchraydi”, deyiladi “Qobusnoma” kitobida. Bag‘oyat to‘g‘ri gap.
Shu kunlarda 35 million bo‘libmiz. Barakasini bersin. Bu qul bozorida ko‘rmadim molim yomon degan kimsani.
Boqib olamga so‘ng sarxush bilmading, to‘ymi bu – aza,
Ofarinkim, to‘kmading yosh, kulmag‘oningga qarsaklar.
Eling sandin ko‘rmadi naf, ziyon ham yetmag‘ay aslo,
Ekmag‘oningga afsus, lek yulmag‘oningga qarsaklar.
Zamonsozlig‘ demay, Gulmat, amaldorlarni hajv etding,
Avomdin jirkanib bag‘rin tilmag‘oningga qarsaklar.
Bu satrlarni Usta Gulmat taxallusi ostida Anvar Obidjon rohimulloh yozgan. Go‘ri nurga to‘lsin iloyim. Ammo qiziq matn yozadiganlarning hammasi ham o‘lib ketmadi. Tiriklari ham bor. Masalan, dang‘aralik adabiyotshunos, fermer tog‘a Rahimjon Rahmat ana shunday tiriklardan.
Tolibonisit
– Aroq ichishni hech tashlayolmayapman, shuning dorisi bormi?- deb so‘rab qoldi betining yarmini qo‘tir bosgan alkash.
– Bor, – dedim, – lekin bizda topilmaydi.
– Qaerda bor? Qimmatdir? – dedi u.
– Afg‘onistonda bor. Lekin ular bizga eksport qilmaydi. Dorining nomi tolibonisit. Tez tuzatadi. Bepul.
– Uzoq ekan. Borolmayman, – dedi u tushkun ohangda.
– Uzoqmas, – deb tushintirdim.- Surxondaryoga borsang, Hayraton degan ko‘prik bor, o‘sha ko‘prikdan o‘tsang – Afg‘oniston. Kobulga borish ham shart emas. Ko‘prikdan o‘tib, bir shisha aroqni bir ko‘tarishda ichib, sherga o‘xshab, “eb tashlayman, sindiraman”, deb bitta o‘kirsang, darrov “do‘xtir”lar paydo bo‘ladi va o‘sha joyning o‘zida radikal davo amaliyotini boshlab yuboradi.
– Baribir Afg‘oniston uzoq, – dedi u o‘ylanib.
– O‘zing bilasan, men senga eng ta'sirli dorini aytdim, – dedim.
Lekin yana bir statistika bor. Denovdagi aroq zavodining 60 foiz mahsuloti kontrabanda yo‘li bilan Hayratondan o‘tib Afg‘onistonda iste'mol qilinayotgan ekan. Har xolda toliblar orqasiga ukol qildirganda spirt o‘rnida surtishmoqda, deya yaxshi gumonda bo‘lamiz.
Ha. Aroq bois qancha odam o‘lib ketdi. Aroq bois qancha qizlar ikkiqat bo‘lib uch egizak tug‘ishdi. Ismini Sho‘kat qo‘yib, moshina olganlarni ham bilaman. Nega aroq bois deb so‘rayapsizmi? Aroq ichib hushyorlikni unutib berilib ketishgan.
Gapning to‘g‘risi, yomon odamlar bilan aroq ichish zararli. Kerakli odamlar bilan kerak joyda ichish yoqimli va foydali. Masalan, men yaqinda milisa nachalnik bilan to‘yda konyak urishtirib ichib shakarguftorlik qiluvdim. Buning foydasini rulga o‘tirgach bildim.
Men aroqni do‘st deb bilmayman. Lekin unga dushman ham emasman. Bu masalada O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Komilovdan farq qilaman. U, masalan, “Tolibon”ni do‘st qilib quchog‘ida yayramoqchi. Men esa “Tolibon”ni dushman deb bilaman. Toliblarni temir konteyner ichiga qamab skeletga aylantirgan marshal Abdurashidni do‘stim deb bilaman.
Parcha-parcha qilingan millat
Umuman, Afg‘onistondagi o‘zbeklarni yotsirash yaxshilik ramzi emas. Millat timsoli Navoiy bugun toliblar bachcha qo‘ltiqlagan Hirot shahrida tug‘ilgan.
Kumushni yig‘latgan, Otabekni o‘ylatgan shoir yoki “bu kofirlar asiri bir musulmon o‘lmasun, yo Rab”.
Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanidan iqtibos:
“Otabek xufton namozidan so‘ng turmush tashvishlaridan forig‘ bo‘lish kayfiyatida moychirog‘ yoniga o‘tirib, Fuzuliy devonini qo‘liga oladi. Nima sababdandir unda “biror fojiaga tushkuvchining holati bor edi. Kishi iztirobga tushgan kezlarida tilab emas, ixtiyorsiz ba'zi bir ishlarga urinadir”. Shuningdek, u ham jiddiy bir ravishda Fuzuliy mutolaasiga berildi… “Fuzuliyni yaxshilab o‘qish kerak!” deydi Otabek. “She'rlardan boshini ko‘tarmaydir, go‘yoki kitobga mixlangan… Nigohi kitobga qadalgan Otabek qushlar kabi latif, tovush chiqarmaslik qilib gilam ustida odimlagan malakning xonaga kirib kelganini ham sezmaydi. – Fuzuliy yaxshi kitob, — deydi Kumush, — men ham yolg‘iz qolgan kezlarimda bu kitobdan boshimni ololmas edim…”.
Gap hozirgi Iroq hududi hisoblangan Karbaloda tug‘ilgan va o‘z asarlarini o‘g‘uz turkchasida yozgan Fuzuliy Bag‘dodiy haqida ketmoqda.
Sovetlar bu shoir tilini ozariycha, Navoiy tilini o‘zbekcha qilib tayinlashidan ancha oldin Turkistonda yashagan Otabek va Kumush buni originalda o‘z shoiri deya o‘qishgan.
Agar Hirotda tug‘ilib, “Nizomiy bolidan halvo pishirgan” Navoiy o‘zbek bo‘lsa, Karbaloda tug‘ilgan Fuzuliy ham o‘zbek.
Agar Fuzuliy Ozarbayjon bo‘lsa, Navoiy ham ozariydir.
Aslida Navoiy ham, Fuzuliy ham ulug‘ turk shoirlaridir.
Fuzuliy Iroqda yashagan shoirdir. Karbaloda tug‘ilgan. Boshqa manbalarga ko‘ra, Hullada dunyoga kelgan. Oti Muhammad. Otasining Sulaymon degan olim bo‘lgani aytiladi.
O‘zini turkligini Fuzuliyning o‘zi yozib ketgan:
“Turkiy maydonda tab'im otini yeldirdim va turk zariflarini (tilni nozik sezuvchilar, tushunuvchilarini) turkiygo‘ylik latoyiflari bilan (tamatgu) qoyil qildim. Bu ham menga tashvish keltirmadi. Zero, mening aslimga muvofiq tushdi”.
Navoiy Nizomiydan ilhomlanib “Layli va Majnun”ni yozadi va ilhom qaynog‘i Nizomiy ekanini aniq aytadi. “Nizomiy bolidan halvo pishirdum»”, deydi. Ya'ni Navoiy “bol tutib barmog‘ini yalaganligini” e'tirof qiladi.
Fuzuliy esa Navoiydan ta'sirlanib “Layli va Majnun” asarini yozadi.
Keling, bu asardan biz ham bahra olaylik.
“Layli-Majnun”dan:
Manimtak hech kim zoru parishon o‘lmasun, yo Rab,
Asiri dardi ishqu dog‘i hijron o‘lmasun, yo Rab.
Damodam javrlardur chekdikim berahm butlardan,
Bu kofirlar asiri bir musulmon o‘lmasun, yo Rab.
Ko‘rub andeshai qatlimda ul mohi budir dardim—
Ki, ul andishadin ul mah pushaymon o‘lmasun, yo Rab.
Demankim, adli yo‘q yo zulmi cho‘q, har hol ila o‘lsa,
Ko‘ngil taxtina undan o‘zga sulton o‘lmasun, yo Rab.
Fuzuliy bo‘ldi ganji ofiyat mayxona kunjinda,
Muborak mulkdir ul, mulki vayron o‘lmasun, yo Rab.
Bu satrlar mening ona tilimda yozilgan va men ham Kumush kabi Fuzuliydan bosh ko‘tara olmayman. Zotan, “Muborak mulkdir ul, mulki vayron o‘lmasun, yo Rab”.
Endi faraz qilaylik, marhum hofiz Faxriddin Umarov mana bu satrlarni tanbur kuyiga moslab aytdi. Xo‘sh, farg‘onalik ziyoli bir o‘zbek buni anglamaydimi, menimcha, anglaydi. Zotan, bu matn Navoiy, Ogahiy yoki Hamza tilidan ayricha emas:
Falak ayirdi bani javr ila jononimdan,
Hazar etmazmi ajab, nolau afg‘onimdan.
O‘da yondirsam agar shu'la ila naflarni,
Na batar otashi ohi dili so‘zonimdan.
G‘ami pinhon bani o‘ldirdi, bu ham bir g‘amkim,
Gulruhim o‘lmadi ogah g‘ami pinhonimdan..
Ey Fuzuliy, g‘ami hajr ila parishondir hol,
Kimsa ogoh dagil holi parishonimdan.
Koshki buni Faxriddin aka aytsa edi, boshimni tebratib, oh-voh deb ko‘kragimga shappatlab tinglagan bo‘lar edim…
Buni birovlar o‘g‘uz turkchasi, birovlar g‘arb turkchasi deydi, yana birovlar esa chig‘atoy deydi.
Ammo kim nima desa ham men buni qalban angladim-ku, yuragim torlari chertildi-ku.
Agar modern o‘zbek she'riyati tamalida Abdulhamid Cho‘lpon turgan bo‘lsa, Hamid Olimjon e'tirof qilgani kabi “zamonaviy o‘zbek she'riyatining tili Cho‘lpon tili” bo‘lsa¸ Cho‘lponning tili Fuzuliy tilidir.
Cho‘lpondan iqtibos:
Ilk avval go‘zimi ishq ila ochdim,
Ishqning maydonina qonimi sochdim,
Ishqsiz o‘lkalardan u onda qochdim,
Na zamon bog‘ladim zunnori ishqi.
Jannat banim ichun quru sahrodir,
Ishqing sahrosikim, bango ma'vodir.
Aksini san bango na qadar qondir,
Qonmam chunki, bo‘ldim gulzori ishqi.
So‘ylarkan dillarim na yomon so‘zlar?!
Yozarkan qalamim na hazin og‘lar?!
Soda dil bunlardan na ma'ni onglar?
Bilmaz kuj o‘ldug‘in izhori ishqi!
Izoh o‘rnida: Bu yozuvlar hissiyot bilan ish ko‘radigan rassom va faqat sovuq faktlargagina ishonadigan jurnalistning ko‘z qarashlari, fikr-mulohazalaridir.
Boz ustiga, kaminaning qulog‘i Xorazmdagi o‘g‘uz turkchasini eshita-eshita qongan.
Bu matn Stalin tarafidan turkiy qavmlarni tuya to‘qimidek parcha-parcha qilib tashlangani va sovetdan oldin yashagan qadim shoirlarga o‘zidan so‘ramasdan pasport berib, bu pasportga o‘zbek yoki ozari deb yozdirilganiga norozilikdir.
Bu matn turk desa labiga uchuq toshib jazavaga tushadiganlar uchun emas, balki mushohada qiladiganlar uchundir. Yanglishimiz bo‘lsa uzr. Fuzuliy aytganidek, “Go‘zi yoshlilarning holin na bilsun mardumi g‘ofil”.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz