RTdan va'z: Bir qadam olg‘a – ikki qadam ortga
Aziz va qadrdon, sevgili va sevimli, bir-biridan ardoqli tomoshabinlarim. Siz bilan noyabr oyida ikkinchi marta hamsuhbat bo‘lish baxtiga noil bo‘lganimdan mamnunman.
Bir paytlar yettinchi noyabr kuni ko‘chalarga chiqib «Oktyabrga shon-sharaflar» deyishganida, men hayron qolardim. Nega noyabr oyida oktyabrga tasanno aytish joiz, deb. Xullas, menga tushuntirishlaricha, oktyabr tarkibida gunoh bo‘lmagan amallar eng ko‘p bajariladigan fasl ekan.
O‘zbekiston uchun noyabr oyi qimorda «bir qo‘lli bandit»dan 10 dollar yutib, sal o‘tmay 100 dollar yutqazgan havaskorni eslatdi. Rassom va jurnalist Shuhrat Bobojonning 20 yil so‘ngra O‘zbekistonga borib ko‘rgazma o‘tkazgani ortidan xalqaro doiralarda yangragan olqishlar o‘rnini 7-8-9 noyabr kunlari o‘zbek-qozoq chegarasida qolib ketgan polshalik mustaqil jurnalist Agneshka Pikulitskaning O‘zbekistonga kiritilmagani bois afsus va nadomatlar egalladi.
Men qilaman to‘kis – xotin qilar to‘s-to‘s, deganimi bu? Ëki O‘zbekistonda bitta qo‘l qilgan ishni ikkinchi qo‘l bilmaydimi? Xullas, bundan 104 yil oldin – 7 noyabr kuni davlatni to‘ntarganlar dohiysi Vladimir Lenin aytganidek, «bir qadam olg‘a va ikki qadam ortga».
Noyabr. Keldingmi, azizim!?
Yur senga Nevani ko‘rsatay.
Baliqchi qushlarning parvozin,
Sen bilan yana bir kuzatay…
Qaragin, Peterburg osmoni,
Qovog‘in ochmaydi, xafadek.
Shamollar oq qayin sochlarin,
Taraydi eng so‘nggi daf'adek.
Huv anov ko‘prikda po‘rimmas,
Bitta chol baliqcha ovlaydi.
Ilingan o‘ljani savatmas,
Takroran daryoga tashlaydi.
Noyabr. Har yili sen kelsang,
Bir ilinj joy olar qalbimdan.
Quvonchga to‘laman gar bilsang,
Men senda o‘zimni ko‘raman.
Noyabr. Keldingmi, azizim….
Bu satrlarni Peterburgda ishlaydigan Nigora Nig‘matova 2017 yilda yozgan. Tuyg‘ularga to‘la hissiy misralar. Nigora 1968 yilning noyabrida Samarqandda tug‘ilgan. Tasanno, Nigora!
Yevtushenko va paxta terayotgan bolalar
Bir paytlar noyabr oyida bolalar paxta dalalariga majburan xaydalib, terimga jalb qilinar edi. Bugun bu holat yo‘qligidan mamnunman. Qaytmasin u kunlar deymiz, ammo esga olishda hikmat bor.
O‘tgan asrning sakson beshinchi yili. Sovetlarning sassiz mamlakati ichidan sasini chiqarganlardan biri Jenya aka Yevtushenko edi. Toshkent aeroportidagi ayanchli ahvol haqida yozgan ham Yevtushenko edi.
Bir marta Omon Matjon bilan Yevgeniy Yevtushenkoning Xivaga borishida u kishiga hamroh bo‘lgan edim (muzey xodimi edim o‘shanda). Jenya aka Urganchdan Xivaga ketayotib, yo‘l chetida paxta terib yurgan bolalarni ko‘rib, mashinani to‘xtattirdi.
Noyabr izg‘irinida qop-qorayib ketgan bolalar yoniga borib, ularni bag‘riga bosib, ko‘ziga yosh oldi. Ustidagi kuylakni g‘ijimlab, «Paxtadan kuylak kiyamiz deb, bu bolalarni juvonmarg qilyapmiz. Boshqa sovet o‘quvchilari maktabda o‘qiyotgan paytda bu bolalarning umri paxtada o‘tyapti», dedi u qo‘llarini osmonga siltab.
Bizga hamroh bo‘lgan obkom instruktorining ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketdi. Keyin mashinaga qaytib, Xivaga yo‘l oldik. Tabiatan quvnoq va sergap Jenya aka 20 kilometrli yo‘l bo‘yi indamay ketdi. Faqat uning moviy ko‘zlari peshonamizdagi ko‘zgudan bizga iztirobli savol bilan boqar edi.
Xiva raykomi mehmonxonasidagi ziyofat paytida u raykomning birinchi kotibiga qarab: «Har holda paxtadagi bolalarga ovqat beryapsizlarmi?» deb so‘radi.
Tomog‘idan ovqat o‘tmagandi uning..
Yaxshi odam, ziyoli va otashin shoir edi. Totalitarizm, avtoritarizm, johillikning antipodi edi. Diktator Stalin o‘limidan keyingi «umidlar davri»ning yorqin siymolaridan biri edi.
Jenya aka keyinchalik SSSR xalq deputati bo‘lganida o‘zbeklarga eng ko‘p qayg‘urgan kishi bo‘ldi. Omon Matchon og‘a bilan do‘st edi. Hatto Omon Matchonni o‘zi suratga olgan «Bolalar bog‘chasi» filmida rol ham o‘ynatgan edi. Marhum Jenya aka aytgan «paxta zulmini» yaxshi eslayman.
Paxta termaslik uchun qazilgan tunnel
Maktabda o‘qiganimda «qanday qilib paxta termaslik mumkin?» degan jumboq javobini qidirganman. Chunki paxta terishning o‘zi bir azob bo‘lsa, tarozi boshiga borganda oz paxta terganing uchun o‘qituvchidan tahqirli dashnom eshitish yana bir azob edi.
Urganch televideniesi jurnalistlari Ro‘zmat Otaev va Ne'matjon Solaev kunora televizorga chiqib, «paxta termagan odamning qo‘li harom» tarzidagi gaplarni aytib, havoda xurofiy bir muhit yaratishar edi. Ko‘chalar, bozoru do‘konlar paxta bois taqa-taq yopilgan edi. Postda turgan militsionerlar o‘tayotgan avtobuslarni to‘xtatib, yo‘lovchilarni paxta terishga majburlashardi.
Hatto bir marta Xivaga borayotgan xorijlik sayyohlar ham paxta terishga majburlanib, xalqaro janjal chiqishiga oz qolgan. SSSR Tashqi ishlar vazirligidan maxsus odam kelib, bu masalani oblGAIda muhokama qilgan edi.
Ana shunday vaziyatda paxta termaslikning imkoni yo‘q edi. 90 yoshga kirgan momolar oldiga ham ko‘sak tashlab qo‘yishardi. Ularning ko‘sak sitib o‘tirganini «Axborot» dasturi ko‘rsatar edi: «Mana, bizda hamma paxtakor», deb.
Ammo men ana shunday asabiy vaziyatda paxta termaslik yo‘lini topdim. Paxta mavsumida maktab kamida 3 oyga yopilar edi. Men, 13 yashar bola mana shu 3 oyda tuman paxta zavodiga ishga kirdim. Avvaliga bo‘yimni o‘lchashdi. «Juda novcha bo‘lsang, ishga olmaymiz», deyishdi.
Bo‘yi-bastim to‘g‘ri kelganidan keyin zavod ma'muriyati men bilan shartnoma imzoladi. Zavod oshxonasidagi yemak doxil oyiga 70 rubl oladigan bo‘ldim. Boz ustiga, zavod maktab uchun ma'lumotnoma ham yozib berdi:
“Berildi ushbu ma'lumotnoma shul haqdakim, ushbuni taqdim qiluvchi paxta zavodida ishlaydur. Muhr. Imzo”.
Bu ma'lumotnoma meni paxta terimidan ozod qilgan oliy bir hujjat bo‘ldi. Haftaning besh kunida men soat ertalabki 9 da «Verxovina” degan mopedimni tirillatib, paxta zavodiga kirib borar edim.
Zavodga kirganimda moped mo‘risiga maxsus g‘ilof kiygizish joiz edi (toki uchqun chiqib¸ paxtaga o‘t ketmasin, degan andishada). Zavodda men tengi 8 bola ishlardi. Bizlarning vazifamiz ulkan paxta bunkeri o‘rtasidan tunnel teshish edi (agar tunnel teshilmasa, paxta qizib, yonib ketishi mumkin edi).
Tunnelning bo‘yi bizning bo‘yimiz bilan teng bo‘lgani bois, bu ishni faqat biz – bolalar qilishimiz mumkin edi. Bizga O‘rozimbat degan brigadir biriktirilgandi. O‘rozimbat bizni ikki guruhga bo‘ldi. Bunkerning bir tarafida to‘rt bola, yana bir tarafida to‘rt bola maxsus tesha (kirki) bilan navbatma-navbat teshik teshar edik. Tesha og‘ir edi.
Paxta xirmonini teshish tog‘ni teshishdan qiyinligini o‘shanda bilganman. Tesha ursangiz, larzon berib, orqaga qaytadi. Faqat ma'lum usul bilan paxtani yulib olasiz.
Birinchi kunlari kechalari bilan yelkam og‘rib chiqdi. Keyin o‘rganib ketdik. Bunker hali barpo qilinmasdan oldin yerga bir temir sim tashlangan edi. Biz ikki tarafdan o‘sha temir sim bo‘ylab tunnel kovlardik. Ikki haftalarda biz bunker ichkarisiga anchagina o‘rmaladik.
Biz Urganch tumanidagi paxta zavodida ishlar edik. Shahardagi zavodda tunnel kovlagan bolalarni bunker bosib qolgani va ularning yuzlab tonna paxta tagida majaqlanib o‘lgani xabarini eshitgan kunimiz ish tashlashga qaror qildik.
O‘rozimbat xudoning zorini qilsa ham kirmay turaverdik tunnelga. Keyin paxta zavodining direktori keldi (bu lavozim o‘sha paytda astronomik darajada ulug‘ edi – ular hech kiymagan kiyim kiyishar, hech kimda yo‘q mashinalarni minishardi).
Direktor kelib, yaxshi shibbalanmagan bunkergina bosib qolishini bizga tushuntirgan bo‘ldi. Gap orasida biz bolalarga qip-qizil, Lenin kallasi aks etgan o‘n so‘m-o‘n so‘m pul qistirdi. O‘zi emaklab tunnelga kirib ko‘rsatdi. Taqdirga tan berib, yana tunnelga kirdik. Narigi tomondan gup-gup degan ovoz kelar edi. Bu degani “Elbadagi uchrashuvga oz qoldi“, degani edi. Bu iborani urushda qatnashgan O‘rozimbat ishlatar edi.
Nihoyat, ikki guruh uchrashdik – bunker ichidan tunnel teshildi. Endi yuzlab tonnalik paxta bunkeri yonib ketish xavfidan qutuldi. Biz bolalarni esa yangi bunkerlar kutar edi.
Changda qolgan Toshkent
Kechgan haftada poytaxtning chang-to‘zon qoplagan manzarasi ijtimoiy media trendiga chiqdi. 4 noyabr kuni Sirdaryoda boshlangan shiddatli bo‘ron bir lahzada Toshkentni changga botirdi.
Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev esa bu chang zararsiz oddiy chang ekani, uning Qozog‘iston cho‘llaridan esganini ommaga tushintirmoqchi bo‘ldi. Sinoptiklar 8 noyabrga kelibgina Toshkent shahrida havoning ifloslanishi pasaya boshlagani va normaga yaqinlashganini bildirishdi. Ilgariroq Toshkent hokimligi maxsus texnikalar yordamida poytaxt ko‘chalarini bosgan chang suv sepib yuvilayotgani haqida bildirgan edi.
“O‘zbekistonliklar AES qurilishiga qarshi” guruhi esa Toshkentning ekologik halokat yoqasiga kelib qolgani haqida yozdi. Tarmoqqa qo‘yilgan video qo‘rqinchli filmlarni eslatishi aytildi. Hukumat amaldorlari buyrug‘i bilan poytaxtni g‘uborlardan qo‘rib turgan azim daraxtlar, xiyobonlarga qiron keltirilgani haqida eslandi.
Feysbukdagi ayni guruh a'zosi Mashhura Said yozadi:
«Sevimli shahrim uchun nima qila olaman??? U yerni qabih, ochko‘z odamlar okkupatsiya qilishdi. May oy edi. Sariq jilet kiygan bu yovvoyilar to‘dasi o‘z boshliqlari bilan yam-yashil chinorlarni chopa boshlashganida, men yakka o‘zim qarshi chiqqan edim. Bu daraxtlar 77 yil davomida shunchalik baland bo‘lib o‘sgan ediki, ularning shoxlari mavzeimizdagi uylarning eng yuqori qavatlarigacha yetadigan mikroiqlim yaratardi. Daraxtlarning shoxlarida esa olmaxonlar, qoraquloq qushlar o‘ynab-chopib bahorni olqishlashardi. Garchi bu azim qarag‘ay, tol va chinor daraxtlari ostida bolajonlarimiz chopib ko‘cha changitishsa-da, daraxtlar bir zumda bu g‘uborlarni yutib, havoni tozalar va biz undan to‘yib-to‘yib nafas olar edik. Men oilam bilan roppa-rosa 20 yildan beri “Qorasuv-1”da yashaymiz… Lekin bu qadar dahshatli chang bo‘ronlarini ilgari ko‘rmagandim. Toshkentdagi daraxtlarning kesilishi shunday oqibatlarga olib kelishi haqida bir olim allaqachon bashorat qilgan edi. Va bu halokat sodir bo‘ldi!!!…
Afsus, sevimli shahrim uchun hech narsa qila olmaganimdan qayg‘udaman, maydonda yolg‘iz qolgan jangchi bo‘lolmas… kechir meni, sevimli Toshkentim!…”
Nega boshqalardan o‘rnak olmaymiz?
O‘zbekistondagi vaziyat haqida tarmoqlarda gurung ko‘p. Bu gurunglarda barcha mavzular haqida gapiriladi-yu, ammo mamlakatni qanday isloh qilish o‘rnagi haqida lom-mim deyilmaydi.
Falonchi buvam adolat qilgan, pistiyonchi yirtiq chorig‘ini unutmagan, avliyo buvam duo o‘qib daryoni teskari oqizgan, degan ming bir kecha cho‘pchaklaridan boshqa munozara yo‘q. Boz ustiga, kommunist jallodlar – kal leninlarni sog‘inish adabiyoti. Bu gurunglarda Mustafo Kamol islohoti yoki Singapur va Gurjistondagi islohot o‘rnagi keltirilmaydi.
Biz agar adashgan bo‘lsak, nega yo‘l izlamaymiz? Ba'zan sendan oldin yurgan odamning oyoq izlari seni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi mumkin. Chunki adashgan bir biz emasmiz. Yo‘l topganlar bor. Albatta, Singapurda o‘tkazilgan islohot samarasi haqida gapirish mumkin. Ammo darhol Singapur mentaliteti bizdan uzoq, degan e'tirozni eshitish mumkin.
Unday bo‘lsa, biz bilan yaqin o‘tmishda birga yashagan Gruziya islohoti bizga yo‘l xaritasi bo‘la olmaydimi? Bugun Gruziyada “pora bilan o‘qishga kirish”, “GAI ga pora berish” kabi holatlar uzoq o‘tmishga aylandi.
Bugun Gruziyada uy oldi-sottisi 30 daqiqada amalga oshiriladi. Mashinaga nomer olish uchun 20 daqiqa ketadi. Firma yoki shirkatni qayddan o‘tkazish uchun nizomiy kapital zarur emas. Politsiya yaxshi ishlagani bois mashinani qulflamasa ham bo‘ladi. Buni Tbilisidagi tanishlarim aytmoqda.
Albatta, «aqlli» vatandoshdan yana e'tiroz eshitamiz: Gruziyadagi islohotni G‘arb va AQSh moliyaladi, degan. Aytish lozimki, bunday yordamni O‘zbekiston doxil 180 mamlakat oladi. Gruziyadan farqli o‘laroq, bu mamlakatlarda radikal islohot o‘tkazish istagi yo‘q. Hech kim Gruziya kabi politsiyada ishlaganlarning 90 foizini almashtirmoqchi emas.
Yana e'tiroz, yana shubha… Xuddi cho‘kayotgan odam uni qutqarmoqchi bo‘lgan odamni savolga tutgani kabi. Ya'ni sen uzatgan xodaning tikoni barmog‘imga kirib og‘ritmaydimi, degan tarzda.
Barmoq tuzalishi mumkin, ammo cho‘kib o‘lgan odam baliqlarga yem bo‘lishi tayin.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz