Asosiy mavzular
8 dekabr 2021

Kasaba uyushmasi nima va u qanday tuziladi?

“Eltuz”mehnat huquqlariga oid animatsiyalar turkumini davom ettiradi. Bugun biz sizga kasaba uyushmasini qanday tuzish haqida hikoya qilamiz. 

Dastavval kasaba uyushmasi nima ekanini aniqlashtirib olamiz. Kasaba uyushmasi bir korxonaning umumiy manfaatlarga ega xodimlari birlashmasidir. Bu birlashma a'zolarning huquq va kasbiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida jamoatchilik asosida tuziladi. 

Kasaba uyushmalari faoliyati kafolati O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida aniq belgilab qo‘yilgan. Masalan, xodimning kasaba uyushmasiga a'zoligi mutlaqo ixtiyoriydir, uni kasaba uyushmasi a'zoligiga qabul qilish yoki undan chiqishga majburlash mumkin emas. 

Kasaba uyushmalari adliya organlarida ro‘yxatdan o‘tgan jamoatchilik birlashmasi shaklida faoliyat yuritadi. 

Kasaba uyushmasi o‘zaro mehnat munosabatlariga kirishuvchi rahbar (ish beruvchi) va xodimlar mavjud bo‘lgan tashkilot yoki korxonada tuziladi. 

Kasaba uyushmasi tuzish ixtiyoriy bo‘lib, tashabbus albatta ishchi-xizmatchilarning o‘zidan chiqishi kerak. 

Tashkilot yoki korxonada kasaba uyushmasi tuzish uchun tayyorgarlik chora-tadbirlarini ko‘rish maqsadida, avvalo, faol xodimlardan iborat tashabbus guruhi tuzilishi lozim. 

Kasaba uyushmasini tuzish jarayonini to‘g‘ri tashkil etish uchun korxona kasbiy va sohaviy jihatdan tegishli bo‘lgan tarmoq kasaba uyushmalari birlashmasi huquqshunoslari bilan mazkur masalada maslahatlashib olish zarur. 

Shuningdek, birlamchi kasaba tashkiloti o‘zi qo‘shilmoqchi bo‘lgan kasaba uyushmasi nizomi bilan yaxshilab tanishib chiqishi joiz. 

Kasaba uyushmasini tuzish uchun tashabbus guruhi birlamchi kasaba tashkilotining ilk ta'sis yig‘ilishini o‘tkazishi kerak. Bundan ish beruvchini xabardor qilish maqsadga muvofiqdir. 

Ilk ta'sis yig‘ilishida kasaba uyushmasini tuzishga qaror qilinadi, uning rahbar organlari tashkil etiladi va nizomi qabul qilinadi. Kasaba uyushmasi qo‘mitasi va uning raisi, zarur hollarda esa raisning o‘rinbosari, shuningdek, revizor yoki reviziya komissiyasi saylanadi. 

Ishchi-xizmatchilar soni 15 nafardan ortiq bo‘lganda kasaba uyushmasi qo‘mitasi va reviziya komissiyasi (agar birlamchi tashkilotning hisob raqamini ochishga qaror qilingan bo‘lsa) saylanadi. 

Kasaba qo‘mitasi a'zolari soni toq bo‘lishi va unga ish beruvchining turli bo‘limlari vakillari kiritilishi kerak. Qo‘mita tarkibi miqdori kasaba uyushmasi a'zolarining umumiy sonidan kelib chiqib belgilanadi. Ta'sis yig‘ilishida kasaba qo‘mitasining birlamchi tarkibi tasdiqlanadi. Kasaba uyushmasiga yangi a'zolar qabul qilingandan keyin uning tarkibi nizomda yoki boshqa me'yoriy hujjatlarda belgilangan tartibda to‘ldirilishi va yangilanishi mumkin. 

Faoliyatining dastlabki bosqichida kasaba qo‘mitasi raisi jamoatchilik faoliyatini asosiy ishi bilan birgalikda olib borishi mumkin. Biroq a'zolari soni 300 nafardan ortiq bo‘lgan kasaba tashkilotlarida moliyaviy imkoniyatga qarab raisni asosiy ishidan ozod etib, kasaba uyushmasi shtatiga o‘tkazish tavsiya qilinadi. 

Yig‘ilish qarori bayon tarzida rasmiylashtiriladi hamda uni rais va kotib imzolaydi. Kasaba uyushmasining har bir a'zosi kasaba uyushmasiga a'zo bo‘lish to‘g‘risida ariza yozishi va har oyda a'zolik badali ushlab qolinishiga rozilik bildirishi shart. Oylik badal miqdori yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan belgilanadi va u odatda maoshning 1 yoki 2 foiziga teng bo‘ladi.  

Ta'sis yig‘ilishi o‘tkazilganidan keyin 10 kun ichida birlamchi kasaba tashkiloti tuzish to‘g‘risidagi qaror hududiy (tuman, shahar, viloyat birlashgan qo‘mitasi) kasaba uyushmalari organiga yuboriladi. U bo‘lmagan taqdirda esa qaror birlamchi kasaba tashkiloti qo‘shilmoqchi bo‘lgan respublika kasaba uyushmalari kengashiga jo‘natiladi.

Birlamchi tashkilotning xati va qarori asosida yuqori turuvchi kasaba organi uni o‘z safiga qo‘shib olish, uning hisob raqamini ochish va muhrini tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. 

Yuqori turuvchi kasaba uyushmalari organi tarkibiga qo‘shilganidan so‘ng birlamchi kasaba tashkiloti ro‘yxatdan o‘tkazilgan hisoblanadi. Bu holatda u tarmoq kasaba uyushmalari birlashmasi nizomi asosida faoliyat yuritadi. 

Xodimlar ta'sis yig‘ilishi yoki kasaba uyushmasi a'zolari qaroriga ko‘ra kasaba tashkiloti adliya organlarida ro‘yxatdan o‘tib, yuridik shaxs maqomini olishi mumkin. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 dekabr 2019
O‘zbekistonda 22 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylov talqini rassom Tuzning yangi karikaturasida. Eltuz.com
18 sentyabr 2019
“Bizdan jiz-z!”ning bugungi sonida Shvetsiyada yashovchi o‘zbek faoli Do‘stnazar Xudoynazarov «Eltuz» muxlislari uchun butun qo‘y go‘shti boldiridan dimlama qanday ...
12 noyabr 2020
Qashqadaryoda prezident kelishiga maydonlardagi carg‘aygan o‘tlarning bo‘yalayotgani rasmi 12 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqda tarqaldi. «Ana, videosi ham keldi. Unda ...
25 mart 2016
«Jahon» axborot agentligining bir qancha mahalliy nashrlarda bosilgan xabarida Shanxay hamkorlik tashkiloti rasmiy saytida «O‘zbekiston iqtisodiyotidagi barqaror o‘sish tamoyili ...
Bloglar
28 noyabr 2023
SSSRni alqashga qaratilgan, kommunistik ruhda suratga olingan kinolar O‘zbekfilm arxivida juda ko‘p. Go‘yoki Rossiya bosib ...
23 noyabr 2023
Yangi O‘zbekistonda jamiyat ikkiga bo‘lingan: Bir biri ustidan yozadiganlar va pul berib, birovning ustidan yozdiradiganlarga. ...
15 noyabr 2023
Tarmoq, ya'ni sotsial media o‘zbek segmentida kuzatishlarimga ko‘ra xotin-qizlar orasida ashaddiy diniy fanatizmga moyillik kuchli. ...