Onasi ayiq qafasiga tashlagan qizaloq shifoxonada qolmoqda
Onasi hayvonot bog‘idagi ayiq oldiga uloqtirgan uch yashar qizaloq Toshkentdagi kasalxonada qolmoqda. Qizning ahvoli «qoniqarli» 5 metr balandlikdan tushgan paytida uning boshi yorilgan. «Ona» qamoqda.
Voqea 28 yanvar kuni soat 12 lar atrofida Toshkent hayvonot bog‘ida sodir bo‘lgan. EltuzTG ga ma'lum bo‘lishicha, hayvonot bog‘iga kelgan ayol o‘zining Zarina ismli uch yashar qizchasini ko‘pchilikning ko‘zi o‘ngida, besh metr pastda joylashgan ayiq voleriga tashlab yuborgan.
Voqea guvohlari va hayvonot bog‘i xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, Zuzu laqabli ayiq o‘z volerida yotib, qizalog‘ini uning oldiga uloqtirgan ayol harakatlarini kuzatgan. Keyin sekin borib qizaloqni hidlagan va unga tegmasdan uzoqlashgan.
Bog‘ ma'muriyati matbuot xizmatining xabarida yozilishicha, bog‘ ma'murlarining urinishlariga qaramay ayolni to‘xtatib qolishning iloji bo‘lmagan. “Yirtqichlar” bo‘limsi xodimlari tezkor harakat qilib, ayiqni ichki xonaga olib o‘tishga muvaffaq bo‘lishgan. Hayvonot bog‘i hamshirasi, qizchani ko‘rikdan o‘tkazgan.
Qayd qilinishicha, Zarina ayiq panjalari yoki tishlaridan emas, balki 5 metr balandlikdan uloqtirish natijasida jarohat olgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qasddan odam o‘ldirishga urinish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayol qamoqda, ayiqqa esa qo‘shimcha portsiya bol va qiyma berildi, deya yozadi EltuzTG sharhlovchisi.