Asosiy mavzular
29 mart 2022

Toshkentlik bloger Mariupol bolalari himoyasi uchun suratini sotmoqchi

Toshkentlik bloger 37 yoshli Aqida Mohirova (Aqida Xanum)  o‘z bisotidagi eng qadrli suvratni sotib rus bosqinchilari qamalida qolayotgan Ukrainaning Mariupolidagi go‘dak va bolalar himoyasi uchun bermoqchi ekanini bildirib tarmoqda e'lon qoldirdi.

Asar o‘zbekistonlik rassom Erkin Orol mo‘yqalamiga mansub. Aqida Xanum 27 mart kuni yangilagan e'lon matniga ko‘ra, o‘lchami 110×90, xolstga moybo‘yoqda ishlangan, o‘zbek go‘zali aks etgan bu suratning boshlang‘ich narxi 5000$.

“Tushgan mablag‘larning bir qismi Mariupol (Ukraina)dagi bolachalar hamda O‘zbekistondagi onkologiyaga chalingan bolachalar uchun xayriyaga yo‘naltiriladi” deya yozdi shu kuni Instagram kanalida qoldirgan e'lonida Aqida Xanum.

Ushbu rangtasvir asari 2021 yili Toshkentdagi maxsus taqdimot marosimida ilk bor namoyish qilingan edi. Unda milliy kiyimdagi Aqida Xanumning qiyofasini ko‘ramiz.

Ikki insonning yarashishiga sababchi bo‘lgan surat

Asar muallifi Erkin Orol Eltuzga bergan suhbatida bu surat ustida 2021-22 yillar davomida ish olib borganini aytadi.

“Asarni Aqidaning Shvetsiyadagi dugonasi ishlab berishimni mendan so‘ragan. Ularning orasida qandaydir munozara bo‘lib, gaplashmay yurganligi va shu asar orqali o‘rtadagi g‘uborning ko‘tarilishini istayotganligini bildirgan edi. Men u qizning bu istagini bilib xursand bo‘ldim va aytgan narximdan ancha arzonga ishlab berganman, u menga qimmatlik qilayabdi degan gapni ham aytgan edi” deydi Erkin Orol.

Shundan keyin rassom portret ustida shoshilmasdan ishlashga kirishadi. Uning aytishicha, buning uchun u ijtimoiy tarmoqlardan juda ko‘p materiallar yiqqan, ularni saralagan. Aqidaning dugonasi unga ko‘plab fotosuratlar tashlab bergan.

«Menda ikki insonning yarashishi uchun shu ishim sababchi bo‘ladigan bo‘lsa, yaxshi ish qilishim kerak degan fikr bo‘lgan. Bundan oldin hajmi kichikrok va kompozitsiyasi boshqacha bo‘lgan ishni boshlagan edim. Birinchi boshlagan bu ishimdan ko‘nglim to‘lmay, keyin bu xolatdagisini boshkatdan boshlaganman. Aqida haqida ma'lumotlar so‘raganman. Uning eski shaharda katta bo‘lganligini bilib, orqa fonda eski shahar ko‘rinishini tasvirlaganman. Hullas portret 2 yil davomida ishlangan» dedi rassom Eltuz bilan suhbatida.

Erkin Orolning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilning boshida bu rasm Aqidaga kutilmagan sovg‘a sifatida topshirilgan. Ikki dugona oralaridagi munosabatlar shu portret tufayli yana tiklangan.

«Men hursand bo‘lganman bularning munosabati yaxshilanganidan. Lekin ayni paytda ularning oralari hozir qanday, buni bilmayman. Men shu ishimning Ukrainadagi go‘daklar uchun yordami tegsa juda hursand bo‘laman. Yaxshi, xayirli ishga qo‘l uribsizlar, sizlarga raxmat aytaman va bu yaxshi niyatlaringiz amalga oshishini tilayman»

Surat va auktsion atrofidagi munozaralar

Tabiatan faol va ko‘ngilchan bo‘lgan Aqidaxonning rus bosqinidan azob chekkan Ukrain bolalariga yordam qilish uchun o‘z bisotidagi kartinani sotishga niyat qilgani tarmoqda muhokama bo‘ldi. Ayniqsa bahslar ushbu e'lonning Eltuz telegram kanaliga qo‘yilishi ortidan kuchaydi.

Rossiyaning Ukrainaga ochgan urushi fonida paydo bo‘lgan o‘zbek trollari armiyasining behisob haqoratli komentlaridan tashqari, bahslar jumladan rassomning va u yaratgan asarning qiymati, bloger Aqida Xanumning shaxsiyati atrofida kechdi.

“Bizda zombi yashikni ko‘radiganlar ko‘p. Rossiya propagandasiga uchganlar bor. Tarmoqda bir narsa yozsangiz, darrov chiqib kelishadi. Lekin ularning qarashi hukumatimiz qarashiga aylanib qolmasligi kerak.”, – deydi ularni o‘qigan bloger Aqida Xanum.

U shuningdek, tarmoqda o‘z shaxsiyati atrofida kechayotgan fisqi fasod izohlarga e'tibor bermasligini Eltuzga bildirdi.

Izohlarni uzoq kuzatgan, keyin esa telegram sahifasidagi izoh funktsiyasini to‘xtatishga majbur bo‘lgan rassom Tuzga ko‘ra, muhokamalardan esa ikki xulosa chiqarish mumkin:

1. Aksar aholi tasviriy san'at va uning qadr-qimmati haqida birlamchi tasavvurga ham emas.

2. Aksar aholining miyasi, Rossiya propagandasi tarafidan ishlov berilib, tuzalmas o‘risparast zombiga aylangan. Bu ikki xulosadan tashqari hasad, ko‘rolmaslik, birovning pulini sanash kabi «xislat»lar ham yarq etib ko‘rindi.

«Qora kvadratni menam chizaman», «Bunday rasmni bolam ham chiza oladi», «Bitta rasmga shuncha pulmi?» degan ma'nodagi gaplar avomlikning astronomik ko‘rinishi.

“Bachchaboz tolibonlar hukmronlik qilayotgan Afg‘onistondan farqli o‘laroq O‘zbekistonda mingga yaqin professsional rassom, haykaltarosh va grafika ustalari muvaffaqiyatli ijod qilmoqda. O‘nlab muzeylarda keyingi 50 yil ichida ijod qilgan minglab o‘zbek rassomlarining asarlari namoyish qilinmoqda. Rassomlik – bu xobbi emas. Rassomlik uzoq mashaqqatli o‘qib o‘rganishdir” deya hulosa qiladi izohlarni birma bir o‘qib chiqqan rassom Tuz.

Ukrainada har kuni o‘layotgan bolalarga yordam berish istagi

Oddiy haqiqat shundan iboratki, o‘zbek blogeri Aqida Xanum rus bosqinchilari qamalida qolayotgan Mariupoldagi go‘dak va bolalar uchun bermoqchi.

“Kimda kim bu suvratni sotib olmoqchi bo‘lsa boshlang‘ich narxi besh ming dollar. Bir oy mobaynida kim ko‘p narx taklif qilsa shu kishi bu noyob asar egasiga aylanadi va ayni paytda ukrainalik bolalarga ko‘mak bergan hisoblanadi. Rasmdan tushgan pul Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi vositachiligida Mariupoldagi bolalar uchun nima zarur bo‘lsa shunga sarflanadi. Qamalda och yalang‘och va yetim qolgan bolalar dardi o‘zbek ayolining oromini o‘g‘irladi. Yigirmanchi asrda marg‘ilonlik Tamara xonum nemis fashistlarini qirish uchun o‘z kontsertlaridan tushgan pulga tank sotib olgan edi. Yigirma birinchi asrda esa toshkentlik Aqida Xanum zamonamiz fashistlari deya la'natlangan rus bosqinchilari qamalida qolgan go‘daklarga yordam qo‘lini cho‘zmoqda.» deyilgan edi jumladan Eltuzning telegram kanalida chop etilgan e'londa.

Asar muallifi Erkin Orol, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a'zosi, 1998-2005 yillarda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Dastgohli rangtasvir yo‘nalishida tahsil olgan. Asosan u tasviriy san'atning portret, manzara va natyurmort yo‘nalishlari bo‘yicha ijod qiladi.

Erkin Orol O‘zbekistonda va horijda bir qancha shaxsiy va jamoviy ko‘rgazmalarda o‘z asarlari bilan qatnashgan. 2007 yil Janubiy Koreyaning Seul shahrida bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston va Koreya rassomlari xalqaro ko‘rgazmasi” hamda Eronda o‘tkazilgan «O‘zbekiston tasviriy san'ati» kunlari ko‘rgazmasi qatnashchisidir.

P.S: Maqola nashrga tayyorlanayotgan paytda Aqida Xanum Eltuzga auktsiondagi taklif 7000 $ dollarga oshganini ma'lum qildi. Yuqorida ta'kidlanganidek, asardan tushgan mablag‘ning bir qismi O‘zbekistondagi ankologik kasalliklarga chalingan bolalar jamg‘armasiga ajratiladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 oktyabr 2024
“Agar boshliq bizni o‘zi yashagan ko‘chadan ko‘chirib yubormasa, shuning o‘zi katta baxt” degan edi frantsuz dramaturgi Per de Bomarshe. ...
22 noyabr 2024
RT: Xafta Teslaning g‘ildiragi kabi zuv etib aylandi. MS: Bugun ina beshlangji gun. Ullini ulli guni. Nichiksizla, mo‘chchi apika, ...
3 fevral 2018
Prezident Mirziyoev 31 yanvar kuni Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatovni ishdan olishidan sal avval uning ikki o‘rinbosari va ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...