Asosiy mavzular
22 aprel 2022

RTdan va'z: Tashqi siyosatsiz mamlakat

Aziz do‘stlar, oylar sultoni  ramazon oyida sizlar bilan suhbat qilish baxtiga musharraf bo‘lganimdan sevinib suvutlarga chiqib ketmoqchiman. Mana kunlar isib, pechkaga o‘tin yoqish tashvishidan qutulib tashqari hovliga ham ko‘chib chiqdim. Ëz oh qanday soz deydigan kunlar eshik qoqmoqda.

Matchon Suqilish: Umumiy gaplar odamlarga yoqmay qoldi. Xabarlardan  eshitaylik. Toshkentda bir mallim yosh bachalarni zo‘rlabdi degan gap eshitdim. Maktabniyam abjag‘i chiqib ketibdi bu vassalistonda.

XABARLAR

Toshkentdagi maktabda 59 yoshli psixolog 9–12 yoshli qizlarga uyatsiz harakatlar sodir etgani aniqlangan. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati holat yuzasidan ma'lumot berdi. Ma'lum bo‘lishicha, 7 aprel kuni Mirobod tumanidagi 158-sonli maktabda 1963 yilda tug‘ilgan, shu maktabda psixolog lavozimida ishlovchi Azad Gasanov voyaga yetmagan qizlarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgani aniqlangan. Holat yuzasidan Jinoyat  kodeksining 129-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Azad Gasanov jinnixonada…

Qulupnay voqeasi

video

Germaniya statistikasiga ko‘ra avtoban (katta avtomobil yo‘li)da piyodalarning mashina urib ketgani haqida deyarli ma'lumot yo‘q. Nemisning katta yo‘lida piyodalar mashina tagida qolmaydi. Nega? Chunki avtomobil yuradigan katta yo‘lda piyodalar yurishi taqiqlangan. Bu yo‘lda ot eshak yoki arava tortib yurgan odamlarni ko‘rmaysiz. Yevropada urf bo‘lgan avtostopchilar ham faqat zapravka yonidagina turishi mumkin. Yo‘l bo‘yida olma yoki yertuti sotish taqiqlangan. (xolbuki yertuti va olmalar shig‘il pishib yotibdi yo‘l yoqalab) To‘qsonlarning boshida Germaniya katta yo‘llarida v'etnamlik yoki ruminiyalik lo‘lilar Polshadan keltirilgan kontrafakt sigaret sotardi. Nemis politsiyasi bu sayyor sotuvchilarga qarshi ayovsiz kurash olib borib ularni katta yo‘llar bo‘yidan 100 foiz siqib chiqardi. O‘sha yillari avtobanda mashinada yurganimda nemis politsiyasining sigaret sotayotgan v'etnamliklar yoki arzon atir, instrument sotayotgan ruminlarni qo‘lga olayotganini ko‘rganman. Sotuvchilarni yerga yotqizib, qo‘liga kishan solib olib ketishardi. Qoidaga ko‘ra, nemis politsiyasining ishiga hech kim, hatto Germaniya prezidenti Shtaynmayer ham aralasha olmaydi. Shtaynmmaerni ham, boshqa vazirlarni ham yo‘l harakatiga rioya qilmagani uchun oddiy bedapoya pogon gaishnik shtraf qilib tashagan. AQShda yana ham qattiq. Politsiya ishiga aralashgan odamni paqillatib otibam tashashadi. Davlat ishlari shunday taqsimlanadi. O‘zbekiston militsiyasi Sovet davridagi jazo mashinasining davomi bo‘lib qolayotgtani, IIV ichida reforma bo‘lmagani bois nima qilsayam noto‘g‘ri bo‘lib ko‘rinadi. Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida yo‘lning serqatnov qismida, yertuti (qulupnay) sotayotgan xotinlarning milisaga qarshilik ko‘rsatib, janjal qilgani videosini Eltuz tarmog‘ida qo‘ydik. IIVning oti chiqqan, shog‘olni «shaqal», jurnalistlarni «g‘alamis», qamoqda urib o‘ldirilganlarni «xudobexabar» deydigan matbuot kotibi Bu videoga munosabat aks etgan lavha tayyorlabdi.

«Ikki nafar ayolning oldiga borganimizda, bizning ogohlantirishimizga qaramasdan, ichki ishlar xodimining qonuniy talabini bajarmasdan, savdo-sotiqni to‘xtatmadi. Tarozisini mashinaga olib qo‘yayotganimizda Elmira ismli sotuvchi avtomobilimizga yopishib, mashina kalitini olib qo‘ydi», — deydi lavhada Yuqori Chirchiq IIB xodimi Sherzod Ahmadov.

Lavhada ta'kidlanishicha, bu orada vaziyatdan to‘liq xabardor bo‘lmagan boshqa sotuvchilar jarayonga aralashib, holatni tasvirga olgan holda ularning xizmat faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatgan.

IIB xodimining lavhada aytishicha, sotuvchi Elmira tarozini olishga borganida, uning qaynonasi qulupnay turgan peshtaxtaga turtilib ketgan va to‘rtta idishdagi meva to‘kilib ketgan. «Xodimlar tomonidan qulupnaylarni otib tashlash, yerga tepish holatlari bo‘lmadi», — deydi ichki ishlar mas'uli.

IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov mazkur voqeani izohlar ekan, buni hodisalarni bo‘rttirish va ichki ishlar organlari xodimlarini yomonotliq qilib ko‘rsatishga shaylangan «jamoatchilik vakillari»ning ishi deya baholagandi.

«Bunday hodisalarni bo‘rttirish va ichki ishlar organlari xodimlarini yomonotliq qilib ko‘rsatishga shaylangan ‘jamoatchilik vakillari’ faollashganini inobatga olib, haqiqiy jamoatchilik nazorati sub'ektlaridan yo‘l yoqalaridagi tartibsiz savdo-sotiq bilan bog‘liq muammolar, ular ortidan kelib chiqayotgan yo‘l-transport hodisalari va hokazo masalalarga ko‘proq e'tibor qaratishlarini maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz», — degan u.

Rassom Tuz: Yo‘l bo‘yida qatnovga halaqit berib tog‘oralarda yertuti sotish noto‘g‘ri. Milisalarga shallaqilik qilgan xotinlar hatti harakati ham maqtovga loyiq emas. Bir yil ichida 35 millionlik O‘zbekiston yo‘llarida o‘lganlar soni 82 million aholi yashaydigan Germaniyadan o‘nlab marta ko‘p.

Video

Matchon suqilish: O‘zbekiston hukumati  xalqqa germaniyaning sharoitini qib bersin. Keyin siz   ichki ishlarni oqlab chiqsangiz bo‘ladi Tuz og‘a.  O‘sha ayollar zerikkanidan yertuti sotishga chiqmagan, ro‘zg‘orni tebratish uchun noiloj chiqqan. Nima qilsin, uyda yalpayib yotgan dangasa erni boqishning o‘zi bo‘ladimi?

Vazirsiz qolgan vazirlik

RT: Rus qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Xerson viloyatining Genichesk shahrida o‘risqul kollobrantlar rus inqilobchisi Vladimir Leninga haykal o‘rnatdilar. O‘rislar kelsa Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga ham Leninni qaytarishni istagan o‘zbeklar son sanoqsiz.

Matchon suqilish: Eshitdingizmi Tuz og‘a, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi tugatilarmish. Chunki, O‘zbekiston tashqi siyosatini kreml va bosqinchi Putin tog‘a belgilab berarkan. Ashinga nima keragi bor, deb kontorani yopisharkan. Tashqi ishlar vaziri Komilovning gapi Putin tog‘aga yoqmagani uchun O‘zbekiston dunyodagi tashqi ishlar vaziri yo‘q mamlakatga aylantirilarkan.

RT: Endi Matchonboy, Tashqi ishlar vaziri davolanishdan qaytmayotgani to‘g‘ri. Lekin Komilov Putin g‘azabiga uchragani haqida aniq ma'lumot yo‘q. Tuzalib qaytsalar o‘zlari aytib beradilar.

Ikki vazirlikning birlashtirilishi va unga Sardor Umrzoqov rahbar etib tayinlanishi haqida xabarlar tarqaldi.

Gazeta.uz jurnalisti Shuhrat Latipov o‘z manbalariga tayanib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi birlashtirilishi, yangi vazirlikka rahbar sifatida Sardor Umrzoqov nomzodi ko‘rilayotgani haqida xabar berdi. Uning manbalariga tayanib yozishicha, tegishli hujjat prezident administratsiyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda, yaqin kunlarda e'lon qilinishi mumkin.

Bu ma'lumotlar bo‘yicha rasmiy doirada munosabat bildirilmadi, shuningdek rad etilgani ham yo‘q.

Masalan, davletov.uz telegram kanali vazirliklarni qo‘shib yuborish bo‘yicha «eksperiment»larni Tashqi ishlar vazirligiga nisbatan qo‘llamaslik kerakligini aytib, buning oqibatlaridan ogohlantirgan.

«To‘g‘ri, O‘zbekistonda vazirlik tuzish, ularni bir-biriga qo‘shish va ajratishdan oson ish yo‘q bo‘lib qoldi. Bunga 2016 yildan beri bir necha marta o‘zgargan vazirlik va idoralar, yangi tashkil etilib, tugatib yuborilgan agentliklar yaqqol misol bo‘ladi.

Lekin nazarimizda, O‘zbekistonning mintaqadagi siyosiy o‘rni va qaysidir ma'noda mamlakatni himoya qilib kelayotgan Tashqi siyosiy faoliyat kontseptsiyasi printsiplaridan kelib chiqqan holda yuqoridagi «eksperiment»larni Tashqi ishlar vazirligiga nisbatan qo‘llamagan ma'qul. Chunki hozirgi sharoitda vorisiylikni ta'minlash, mavjud va qimmatli kontaktlarni saqlab qolish juda muhim. Afg‘onistondagi beqarorlik, Pokistondagi siyosiy kuchlarning o‘zgarishi, Ukraina urushi tashqi siyosatda yanada e'tiborli bo‘lishni talab qiladi.

Diplomatiya sokinlikni xush ko‘radi. Iqtisodiy diplomatiyaning hozirgi ritmini saqlagan holda puxta-pishiq, oqibatlarini inobatga olgan holda qaror qilish kerak bo‘ladi. Keyin yana bir narsa borki, dunyo tajribasida Tashqi ishlar vazirligi qancha o‘zgartirilmasin, yana ko‘p o‘tmay eski maqomiga qaytib kelavergan. Bizda ham xuddi shunday bo‘lishi aniq.

Va oxirgisi, tashqi siyosat mahkamasidagi o‘zgarishlar senatdagi bayonot natijasi sifatida tarixda qolmasligi kerak, hech qursa», — deb yozadi muallif.

Suriyani istaganlar

DXX Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilishni rejalashtirgan yigitlarni ushladi

Sirdaryo viloyatida Suriyadagi xalqaro terroristik tashkilot safiga qo‘shilishni rejalashtirgan ikki nafar yigit qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha Boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar Boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Suriyadagi «Katibatul Tavhid va Jihod» xalqaro terroristik tashkiloti a'zolari tomonidan ochilgan virtual guruhga a'zo bo‘lib, undagi aqidaparastlik materiallarni boshqalarga tarqatib kelgan 7 nafar shaxslar ushlandi.

Guruh Suriyadagi jangarilar rahnamolarining onlayn darslarida ishtirok etib kelgan va ma'lum muddat ichida ulardan 2 nafari 2001 yilda tug‘ilgan M.O. va 2002 yilda tug‘ilgan M.M. radikal g‘oyalar ta'siriga tushib, Suriyaga chiqib ketishga tayyorgarlik ko‘rgan. Uyda o‘tkazilgan tintuv jarayonida qo‘lga olinganlardan jinoyatga aloqador ashyoviy dalillar rasmiylashtirib olindi.

To‘plangan materiallar asosida DXX boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq DXX Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan 4 kishini ushlagani haqida xabar berilgandi.

+++

Uchko‘priklik erkak xotinini kundaga qo‘yib, boshini sapchaday uzib tashladi. Xotin go‘rda, er qamag‘da.

Matchon suqilish: Tuz og‘a qanday qo‘rqinchli xabarlarni aytib tashadingiz. Yaxshi xabarlar bormi?

RT: Uchko‘prik tumani Palaxon qishlog‘idan @eltuz – ni g‘ururga to‘ldirgan bir xabar: Samarqanddagi oilaviy mehmonxona bosqinchi Rossiyadan kelgan kelgindi putinparastlarni o‘z mehmonxonasiga joylashtirmasligini bildirdi. Mehmonxona rahbariyatining zakovatiga tasanno. Vassal rahbariyat boshqaruvidagi O‘zbekistonda Temurning mard avlodlari haliyam bor. Mehmonxonani nomi «Antiqa». Kim Samarqandda bo‘lsa, @eltuz nomidan rahmat aytsin. Biz bu mehmonxonani, nemis, ingliz, frantsuz, polyak va chex turistlari orasida tekin reklama qilib beramiz. Antica mehmonxonasi go‘zallik va mehr tajassumi. Sifatli xizmat va uyg‘un narxlar. Samarqandda eng mazali no‘xot sho‘rva shu mehmonxonada tayyorlanadi.

Matchon suqilish: Bale mavlono. Ramazon oyida ibratli habarlarni ham ayting. Hazin kangullar orom topsin.

RT: Ramazonning o‘n uchinchi kunida Andijondagi xo‘roz Ollohu Akbar deya takbir aytdi. Xatto xo‘roz ham iymon keltirgan bu muqaddas zaminga osmon ham ta'zim qilsa arziydi. Qiyomat kuni azon aytadig‘on muazzinlarning bo‘ylari uzun bo‘lib tirilar ekan. Mavlam ularni izdixom orasinda tezroq tanib so‘roq savolsiz direkt firdavsul iqboldan lyuks joy ato etishlik uchun. Chunki ular odamlarni saxarda nomozga turg‘izgani uchun bu martabaga noil bo‘lishdi. Ammo muazzinlarni xo‘roz uyg‘otadi. Hali so‘fi azon aytmasidan xo‘roz sasini eshitamiz. Filhaqiqat tangri taborak yaratgan bu maxluqda hikmat bisyor.

NOZIM HIKMAT ZINALARI

Nozim Hikmat bir gal Toshkentga kelganida nashriyotga kirishi lozim bo‘lib qoldi. Lekin bino yangi – zinalari bitmagan, o‘rniga taxtalar tashlab qo‘yilgan edi. Shoirning yuragi ham ancha charchab qolgan paytlar… To‘rtinchi kavatga uni qo‘lda ko‘tarib chiqdilar.

Uni eltar ekan mehrli qo‘llar,

oyoqlar ostida taxta lapanglab,

xayollar ichradir mening turk og‘am,

Xizr bobo yanglig‘ o‘zda nur jamlab.

Bu zinalar gapmi?!

Moviy ko‘z ustoz

azob yo‘llarining o‘tgan baridan –

turmalar, tergovlar, o‘ch, razolatning

turfa qabatlari, zinalaridan.

Oh, sening taqdiring!

Ozmi jahonda

shoirga qatag‘on qilguvchi turqlar?

Ozmi inqilob, deb yo ozodlik deb

tilidan, elidan quvilgan turklar?!

Qaydaki erksizlik, xiyonat hokim,

kasofat mirshabdir, tulkilar to‘ra.

Jahonning jamiki sotqinlariga

shoir o‘t ochishdan tinmaydi sira.

O‘tmishdan kelarmi, kelajakdanmi,

la'nat jaholatga!

Senga ham la'nat,

shoirning qo‘lini tishlagan kishan,

yangroq so‘zning yovi – biqqi sukunat!

Rassom Tuzga maktublar

Matchon suqilish. Tuz og‘a sizga xat kebdi. Bitta devday erkak yozibdi. Ishsiz o‘tiribman. Xotinimga bola puli bermayapti. Bola puli bersa sigaret olib chekmoqchi ekan. Xumori tutib, sizga xat yozibdi. Oltiariqdan ekan. Oltiariq hokimiga aytsangiz ashi erkakdi bola pulini bervorsin.

RT: Keyingi uch kun ichida o‘nlab shikoyat maktublari oldim. O‘ydim-chuqur yo‘llar, turli yig‘im va o‘lponlar, mulozim va nachalniklar haqoratidan nolib, yig‘lab-siqtangan arzu dodlar. Buyuk ehtimolda bu arizalarni yozganlar – joriy prezident uchun ovoz berishgan. Uni saylashgan. Saylovda qars-badabang qilib, oyog‘iga zang taqib o‘ynashgan. O‘sha saylov ertasiga yozgan edim. Endi nolimang, deb. O‘zi yiqilgan bola yig‘lamaydi. O‘zi xohlab erga tekkan qiz, enasinikiga yig‘lab kelmaydi. Yig‘lasa, yostiqqa yig‘laydi. O‘zi pishirgan oshni aylanib ham, o‘rgilib ham ichish joiz. O‘zlaring ovoz berib saylab, tanlagan tutum va tuzum ichidasizlar. Yashayveringlar, bovurlarim. Chidanglar. Bolalaringiz ham chidasin. Nevaralar ham. Siyosatga aralashmaslik oqibatini tushunguncha chidang. Siyosat va eng muhimi, mavjud joriy hukumatga muxolifat zarurligini tushunadigan darajaga yeting. Sizlar cho‘pchakdan boshqani bilmaydigan¸ o‘ris tikib ketkan ketmon dastasini ham xudoning yerdagi soyasi deb sig‘inadigan yaratiqsiz. Anavinga yarasha manavisiz xolos. Nega noliysiz? Nolinmasin. Yig‘lanmasin.

Tovon puli orzusi

Urganchdagi mustaqil TV ALSda ishlaganimizda To‘rtko‘ldagi uchoq avariyasini yoritgan edik. Avariyada o‘lgan yo‘lovchilarga sud qarori bilan palon million kompensatsiya to‘lanishi haqidagi xabarni berganimizda g‘alati reaktsiyaga duch keldik. Habarni ko‘rgan aksar aholi «qaniydi mening erim (xotinim yoki qarindoshim) ham o‘sha samoletda o‘lsaydi, men palon million kompensatsiya olgan bo‘lardim degan orzu bildirgan edi. Bugun Putin Rossiyasida bolasi Ukrainada o‘lgan onalar «poxoronka» qog‘ozini olishi bilan yugurib borib o‘lik o‘g‘li uchun 7 million beriladigan kassa oldiga borib ocheredga turishadi. Nevzorov yozganidek, Putin davri onajonlari nafaqat patriot, vatanparvar, balki pul sanog‘ini biladigan pragmatlardir. O‘z o‘g‘lini urush myasorubkasiga tiqqan onalar o‘g‘lining qiymaga aylanganidan hayron ham bo‘lishmaydi. Bu onalar uchun muhimi bu qiymadan kattaroq kotlet qilish. O‘lgan bolasi uchun kattaroq pul undirish. O‘zbeklarning bemaza maqoli bor «otamning o‘lishini bilsam sotip kepak olardim» degan. Aytmoqchi bo‘lganim, Putin Rossiyasidagi biomusor vatnik bilan bizning guppi kiygan bitliqilarning kimyoviy tarkibi bir xil.

Matchon suqilish: Ha bunday toifalar bor… 2010 chi yilgi O‘sh qirg‘ini guvohi Izzatilla aka biladi bu sort odamlarni. Qirg‘iz xukumati o‘lganlarga 1 mln som ( 27 ming dollar) va boquvchisiz qolgan oilalarga 2-3 xonalik kvartiralar berdi. Bir tovuqmiya o‘zbek kelini – Erimning o‘lgani yaxshila bo‘ldi… o‘zi ishyoqmas tanbal edi, tirik bo‘lganida buncha pul va kvartira qayoqda edi dedi… FB.dagi Xayrullo Jalolov ham guvox shu xotinning gaplariga.

Populist bo‘l – insof bilan bo‘l!

RT: Aqli oshib toshib ketganlar mamlakatida yashaymiz. Ali desang, Vali deyishadi. Shunda mana bu gapni tushuntirib beringlar aqllilar: Prezident «Korruptsiyaga yo‘l qo‘yganlarni kechirmaymiz,» dedi. Korruptsiya – (lotincha corruptio — zarar, pora berish), mansabdor shaxs tomonidan o‘ziga mansab bo‘yicha berilgan huquqlardan shaxsiy boyish maqsadida bevosita foydalanishdan iborat jinoyat. Korruptsiyani mansabdor shaxslarning poraxo‘rligi, ularning davlatga sotqinligi ham deyiladi. Bu jinoyat, doimo O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, jazolanishi shart bo‘lgan og‘ir qilmish turiga kiradi.

Prezidentning gapidan nimani tushundim? Shu paytgacha korruptsiya kechirilganmidi? Kechirish degani nima? Kichkina bola atalani dasturxonga to‘kib qo‘ysa, kechirim so‘raydi. Bu to‘g‘ri. Lekin millionlab davlat pulini o‘g‘irlagan odam sud qilib qamalmaydimi? Kechirish degani nima o‘zi? Prezident ritorikasini davom ettirib ko‘raylik:

1. Ësh go‘dakni zo‘rlab o‘ldirganlar endi kechirilmaydi.

2. Kampirni o‘ldirib, o‘limlik pulini olganlar kechirilmaydi.

3. Bolalar bog‘chasini tashqaridan tambalab, ustiga benzin sepib, yoqib yuborib, 40 ta go‘dakni tiriklay yoqqanlar endi kechirilmaydi…

Xullas, populist bo‘l, insof bilan bo‘l, degan fikr mening «aqlli» miyamdan kometa kabi uchib o‘tdi.

Maydasini emas katta o‘g‘rilarni tutaylik

Yevropa va AQShdagi supermarketlarda kuniga minglab mayda o‘g‘riliklar yuz beradi. Kimdir bir qism mixni cho‘ntagiga soladi¸ kimdir qimmat shirinlikni. Do‘kon qo‘riqchilari videokuzatuv qilib o‘g‘rilarni tutishadi. Yevropadagi aksar mamlakatlarda o‘g‘irlangan summa 200 yevrodan oshsagina politsiya chaqiriladi. Ko‘p hollarda «o‘g‘ri» o‘zi o‘margan narsani qaytarib qo‘yadi yoki pulini to‘lab, «qutulib qoladi». Ko‘p magazin qorovullari surunkali mayda o‘g‘rilarni tanishadi va ular do‘konga kiritilmaydi. Men («Rassom Tuz») bir muddat Yevropadagi do‘konlardan birida qo‘riqchilik ham qilganman. Bir marta bir odamning bir buxanka non va bir yumaloq pishloqni qo‘yniga tiqqanini ko‘rib qoldim. Darhol uni ushlab, maxsus xonaga olib kirdim. Do‘kondagi bosh sotuvchi (mudir) kelib «o‘g‘ridan» nega unday qilding, deb so‘radi. «O‘g‘ri» bo‘lsa, «ochman», dedi. Mudir «o‘g‘ri»ni yetaklab kassa oldiga bordi. O‘z cho‘ntagidan pul chiqarib, non va pishloq haqini to‘ladi. Ëniga bir yumaloq tuna baliq konservasini ham qo‘shib, «o‘g‘ri»ga berdi va indamay uni chiqarib yubordi. Mudir menga chekni berdi va «non o‘g‘irlaganni ushlash uchun ortiqcha g‘ayrat qilmagin», deya tushuncha berdi. Yevropadagi qonun qoidalarga ko‘ra, mayda o‘g‘rilarning magazindagi o‘g‘riligi aks etgan videolarni tarqatib, o‘g‘rini obro‘sizlantirish taqiqlanadi. (Vijdon azobiga yo‘liqqan o‘g‘ri o‘zini o‘ldirishi yoki kimlardir uni sazoyi, samosud qilishi mumkinligi va qator boshqa omillar bois).

Bu yozganlarim uzun kirish edi. Sababi «Daydi o‘q» degan FB va TG kanalida Toshkentdagi do‘kondan 20 ta shampunni ko‘ynagi ichiga yashirib o‘marmoqchi bo‘lgan 30 yoshlardagi hijobli xotin videosi qo‘yilgan. Videoda hijobli xotin do‘konchining dashnomlari ostida ko‘ylagi ichidan birin ketin 20 ta shampunni chiqaradi. «Ro‘za oyida hijobli o‘zbek xotin shampun o‘mardi,» degan messej bor. Birinchidan, hijob kiyish – bu «o‘g‘ri emas» degan uniforma emas. (Hozir Qatortoldagi fohishalar ham hijobli formatga o‘tgan) Eron, Pokiston va Afg‘onistondagi o‘g‘ri xotinlarning hammasi hijobda. «Ro‘za paytida o‘g‘rilab bo‘lmaydi» degan gap ham kulgili. O‘g‘riga baribir qaysi oyda o‘marishi. Turkiya, Eron, Pokiston va Afg‘onistondagi kriminal statistika ro‘za oyida ham o‘xshash raqamlarda qoladi. Aytmoqchi bo‘lgan gapim, o‘g‘ri – bu o‘g‘ri. Qonunlarda hijob kiyib o‘g‘irlash jazoni og‘irlashtirmaydiyam, yengillashtirmaydiyam. Ikkinchidan, mayda o‘g‘rilarni emas hukumat ichini egallagan katta o‘g‘rilarni fosh qilaylik. Barchamizga ikki dunyo saodati nasib qilib yurtimizda demokratiya va liberalizm g‘alabasini ko‘rishlik ravo bo‘lsin. Va axiru da'vana anil hamdulillahi Rabbil alamin.

Assalom O‘zbekiston, Juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
14 may 2024
Anorbank mijozi muammosi yechildi, imtiyozdan marhum oq oltinlik fermerlar g‘azabda, denovda kanalizatsiya axlati ariqqa oqizilmoqda, g‘uzorliklar esa hokimning loy ...
28 aprel 2021
Rassom Elsevar
3 may 2022
O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi prezidentning besh muhim tashabbusi doirasida kutubxona qurish uchun olingan yer maydonlarini o‘zlashtirishning ...
1 yanvar 2024
Eltuzning Yutubdagi kanali orqali o‘tgan yil davomida eng ko‘p tomoshabinlar e'tiborini tortgan videolar o‘ntaligini taqdim etadi. Eslatib o‘tamiz, ular Yutub statistikasi yordamida tanlandi va u erdagi ustivor mavzu jinoyat olamiga ekani oydin bo‘ldi. Xolbuki Eltuzning o‘tgan yilgi so‘rovlarida Eltuz muxlislari ko‘proq davlat siyosati, madaniyat va san'atga oid ko‘rsatuvlari tomosha qilish istagini bildirishgan edi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...