RTdan va'z: Qo‘ylar ham yig‘laydi
Mana, g‘ir etib bir hafta o‘tdiyu ketdi. Hafta ichida qonxo‘r rus bosqinchilarining yosh go‘daklar, qizlarni zo‘rlab o‘ldirgani, ayollar, keksalar va bolalarni qiynoqqa solib o‘ldirib jasadini yoqib yuborgani aks etgan kadrlar dunyoni larzaga soldi…
Matchon Suqilish: O‘zbekiston rahbarlari nima qildi bu vaqtda?
Raccom Tuz: Senat kattasi Ozodlik boshlig‘iga tovoq padarka qildi. Bor tovog‘im, kel tovog‘im, bormay qolsa sin tovog‘im. ** Ozodlik radiosi boshliqlari Toshkentda o‘zbek rasmiylari bilan uchrashdi.
Toshkentga xizmat safari bilan borgan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining prezidenti Jeymi Flay va Ozodlik O‘zbek Xizmati bosh muharriri Pahlavon Sodiq, 30-31 may kunlari o‘zbek rasmiylari, xususan Oliy majlis senati raisi Tanzila Norboeva, Milliy Mass-Media Fondi rahbari Komil Allamjonov, jamoatchilik faollari, jurnalistlar va blogerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
«Uchrashuvda hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi va har ikki tomon uchun dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi» deya post yozdi bu haqda o‘zining feysbuk sahifasida Komil Allamjonov.
Ayni paytda tarmoqda ham uchrashuvlar dolzarb ahamiyatgga ega ekanligi urg‘ulanmoqda.
«Bi-bi-si bosh muharriri, Xayrullo Fayz, va Ozodlik bosh muharriri, Pahlavon Sodiq, Toshkentda uchrashdi. Orqada kuzatuv ham yo‘q. 6 yil oldin buni tasavvur qilish qiyin edi. Kim nima desa desin, lekin Shavkat Mirziyoev tambalangan eshiklarni vatandoshlarga ochdi» – deya izoxladi jumladan «Eltuz» telegram kanali sharhlovchisi.
Ayni shunga o‘xshash fikrni, ya'ni Karimov davrida tsenzura hukmron bo‘lgani haqida Allamjonov 27 aprel Jenevada bo‘lib o‘tgan tadbirdagi chiqishida ham gapirgan edi.
MS: Ozodlik va Eltuz blokdan chiqarildimi endi?
RT: Yo‘q, Ozodlik va Eltuz saytlari O‘zbekistonda hamon bloklanganicha qolmoqda.
MS: Qarang! Yangi O‘zbekistonda olam guliston. Bi-bi-si bosh muharriri Xayrullo Fayz, va Ozodlik bosh muharriri Pahlavon Sodiq Toshkentda uchrashdi. Buni qarang, orqada kuzatuv ham yo‘q. Karimov davrida bundaychin gaplar yo‘q edi. Seviniblar ketayapman!.
RT: Sevinaverma Matchon. Yomon deya ta'riflanayotgan Islom Karimov davrida Bi-Bi-Si jurnalisti bo‘lgan Pahlavon Sodiq mamlakat prezidenti bilan ham uchrashgan, hatto xorijiy radio uchun Karimovdan intervyu ham olgan edi. Lekin, shu paytgacha o‘tgan vaqt ichida Shavkat Mirziyoevning mustaqil jurnalistlarga intervyu bergani qayd etilmadi.
2005 yilga qadar «Ozodlik» radiosi Toshkentda muhtasham vakolatxonasi va viloyatlarda esa muxbirlar tarmog‘iga ega edi.
Lekin baribiram bu xabarda yaxshilik bor.
Yotg‘inning oppoziti
Mabodo Cho‘lpon otilmay 50 yoshga kirganida qanday qiyofada bo‘lar edi? Menimcha u jurnalist Pahlavon Turg‘unovning bugungi ko‘rinishida bo‘lar edi. Darvoqe bugun Toshkentda rasmiy safarda bo‘lgan bu do‘stimizning yana bir ismi Pahlavon Sodiq. Menga ko‘proq turg‘un so‘zi yoqadi. Turkcha turg‘un degani bu bir joyda turib qolgan ma'nosini emas, balki tik turgan kuchli odam anglamini beradi. Turg‘un bu yotg‘inning oppoziti. Zamonamiz Cho‘lponi Toshkent bog‘larida nisbatan bo‘lsa ham erkin yurgani shoyon taxsinga loyiq.
MS: Ukraina urushi fonida amerika kongressi moliyalaydigan radio rahbari bilan o‘zbek amaldorining uchrashgani ko‘zga yoqimli ko‘rinmoqda. Yashasin Demokratiya va liberalizm. Ura!!!
RT: Matchonboy shoshma! Jo‘jalarni ikki yildan keyin sanaymiz, agar o‘lmay qolishsa.
MS: Bugungi real voqelikda O‘zbekistonda matbuot erkin va jamiyat liberal bo‘lishini istagan o‘ta oz sonli mulozim bor. Shulardan biri Komil Allamjonovdir. Shamolning qaerdan qayoqqa esayotganini oldindan ko‘rgan Allamjonovga shon-sharaflar bo‘lsin!
RT: Allamjonov rasmiy mulozim emasku. Tem bolee so‘z erkinligini juda xohlayotganiga ham ishonmayman.
Muammodan foyda ko‘rish
“Sen boshingga tushgan muammodan ham foyda olishing mumkin” deyilgan 1919 yili Germaniyada chop qilingan karikaturada. G‘arbning bugungi rivojida satira va karikaturaning jiddiy o‘rni bor. jamiyat andisha qilib ayta olmagan gaplarni karikatura aytadi.
Manovi karikatura esa 1915 yil Germaniyada chop qilingan. Xozir bu rasmni “ hiyonatni yashirsang DNK oshkor qiladi” deya nomlash mumkin.
O‘zbekistonlik kinorejissyor Nozim To‘laxo‘jaev suratga olgan Orol fojiasi haqidagi “Tanho qayiq” badiiy filmini O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Londonda o‘tgan Osiyo filmlari festivali dasturidan oldirib tashlagan.
MS: Nega? Anovindaqa uyat porno seks kino olibdimi Turob To‘laning bolasi? Nima uchun oldirib tashlagan?
RT: Film muhokamasida qatnashgan kinochining Eltuzga aytishicha, kinoni Bosh vazir Abdulla Aripov taqiqlagan. Sababi qoraqalpoqlar haqidagi filmni qoraqalpoq rahbaridan izn olib suratga olish kerak ekan.
Tanho qayiq
“Tanho qayiq” filmi Erkin A'zamning shu nomli asari asosida suratga olingan.
Kartina Orol bo‘yidagi kimsasiz ovulda yashovchi keksa qayiqsoz haqida. U shu qishloqda bekor yurgan yoshlarga ota-bobolaridan qolgan bu qadimiy kasb, qayiq yasash sirini o‘rgatadi.
Dengiz esa yuzlab chaqirim nariga chekingan. Lekin, qayiqsoz bir kunmas-bir kun Orol suvga to‘lajagiga ishonadi.
Filmda bosh rollarni Rajab Adashev, Bobur Yo‘ldoshev kabi aktyorlar o‘ynagan. Uning umumiy byudjeti 1 milliard 700 million so‘mni tashkil qilgan.
‘Tanho qayiq” badiiy filmining London festivali dasturidan oldirib tashlangani yuzasidan Nozim To‘laxo‘jaev iddaolariga qarshi yana bir sabab «O‘zbekfilm» kinokontserni direktori Bahodir Odilovning rasmiy e'tiroziga ko‘ra, asar muallifi Erkin A'zamning roziligisiz stsenariyga o‘zgarishlar kiritilganidir.
Odilovning bildirishiga ko‘ra, agentlik Badiiy kengashi film ko‘rigidan so‘ng, tasdiqlangan rejisserlik stsenariysi va film o‘rtasida nomutanosibliklar borligini aniqlagan. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi ham e'tiroz bildirgan deyiladi hujjatda.
Eltuzda mavjud hujjatga ko‘ra, film O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi badiiy kengashining 2019 yil 15 mart kuni chiqarilgan 07.19.05 sonli qarori asosida suratga olingan.
«Mazkur film Davlat buyurtmasi asosida suratga olingan. Shu sababli Kinematografiya agentligi tomonidan barcha filmlarga qo‘yiladigan huquqiy me'yoriy talablarga muvofiq bo‘lishi talab etiladi. Bugungi kunda Agentlik Badiiy kengashida «Tanho qayiq» badiiy filmiga tuzatishlar kiritish uchun uni «Qoraqalpoqfilm»ga topshirish masalasi ko‘rilmoqda», deyiladi jumladan «O‘zbekfilm» kinokontserni direktori Bahodir Odilov imzolagan hujjatda.
MS: Bu haqda Eltuz do‘stlar klubi faoli G‘ayrat Omon boshqacha fikrda:
«Nozim To‘laxo‘jaev bundan oldin yangi raxbariyatning ishlariga qarshilik bildirib, ariza yozgan edi. Mana endi yangi raxbariyat To‘laxo‘jaevdan shu usulda o‘ch oldi. Nichego lichnogo, tolko biznes! Lyubaya biznes xarasha 🤣🤣🤣»
Katta uy
MC: Tuz og‘a, eshitdingizmi? Samarqandlik bir amaki olma sotib boyib ketib osmono‘par uy quribdi. Mana o‘sha uy. Mansardidan Cho‘ponota, Konigil tepaliklari, yangi qurilayotgan Samarqand siti ajoyib ko‘rinib turadi. Shuni buzishmoqchi. Quyoshni to‘sib qo‘yganmish. Bu uy shu holida 2016 yildan beri turipti. Shu paytgacha birov bir narsa demagandi. Qaydanam bir tentak videosini tarqatib yuborib, buzamizga tushib qolishdi.
RT Samarqanddagi “katta uy” saqlab qolinishi kerak. Nega?
- Uy bugunning o‘zida dunyoda qiziqish uyg‘otdi. Amator arxitektura ko‘p xollarda professional me'morchilik namunalaridan qiziqroq bo‘ladi. Bu uy turistlarni jalb qiladi.
- Uyni “didsizlik namunasi” deganlarning o‘zida did bormi? Toshkent yuzlab didsiz binolar bilan to‘lib toshgan.
- Binoni yanada jozibaliroq qilish uchun o‘zbek benksilari uning devorlariga suratlar chizsin. (Uy egasi uyni saqlab qolmoqchi bo‘lsa, bunga izn berishi kerak).
Men jiddiy aytayapman. Uyni saqlash kerak. Uy qanday yaratilgani haqidagi afsonani dunyoga yoyish kerak. O‘z vaqtida Eyfel minorasini ham “arxitekturadagi sifilis” deya buzish qarori olingan, ammo nimadir bo‘lib qaror ijro qilinmagan.
Samarqandga borsam men agar, katta uyni ko‘rib qaytaman. “Katta uy” meni qutqaring demoqda…
MS: O‘zi mantiqan olsangiz, Registon ham o‘z davri uchun yangi ob'ekt bo‘lgan. Bu bino ham 21-asr uchun yangi bino. Nina qipti, yangi davrdan ham meros qolsa…
RT: Lekin shu kunlarda Latviya parlamenti 15 noyabrgacha sovet obidalarini buzish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Bir kun kelib Mirziyoev qurgan G‘alaba bog‘idagi haykallar ham buziladi. Aytmadi demanglar. Trend shunaqa. O‘ris botqog‘iga cho‘kishdan muxtaramni hech kim qutqara olmaydi
MS: Tuz og‘a, nuqul O‘zbekiston haqida yomon fikr aytasiz. Qo‘shnilar haqida ham aytingda endi.
RT: Qozog‘istonning Oqto‘basida tug‘ilgan uch egizakka Qosim Jo‘mart va Kamol ismi berildi. (Qozoq prezidentining fiosi) mabodo bu bachalar O‘zbekistonda tug‘ilganda ismlari Shavkat Mirziyo va Miromon qo‘yilardi. Laganbardorlik mintaqaning tuzalmas kasali…
Qo‘ylar ham yig‘laydi
MS: Buxanka nonning narxi oshibdi, endi qo‘ylar ham yig‘laydigan bo‘ldi.
Non do‘koni oldiga Kaptiva kelib to‘xtadi. Qo‘liga qimmat soat taqqan Kaptiva egasi yuz buxanka non sotib oldi. Bu manzara yillar bo‘yi takrorlandi. Bu tog‘a mehribon edi. Qo‘ylarni yahshi ko‘rardi. Qo‘ylar bo‘lsa buxanka nonni. Bugun tog‘a ma'yus o‘yga tolmoqda. Arzon buxanka nonni qimmat etga aylantirish sxemasi chippakka chiqqandi. Ehh, nega hukumatimiz biz qashshoqlar haqida qayg‘urmaydi degan tog‘a katta jiz bo‘lagini og‘ziga soldi.
Eltuzni nega yomon ko‘rishadi?
MS: Odamlar haqiqatni yaxshi ko‘rishadi, lekin nega haqiqatni gapirgan Eltuzni yomon ko‘rishadi?
Odamlarning aksari rostdan ham, olingan qarzlarning yirik qismini mulozimlar yeb yuborgan, degan fikrni bildiryapti. Ular adolatsizlikdan, korruptsioner va o‘g‘rilardan charchashgan.
Lekin, bu haqda ochiq yozgan Eltuz aybdor, bu haqda gapirganlar dardini nashr qilgan Eltuz aybdor.
RT: Trollar «Chet eldan turib gapirish oson, o‘zing O‘zbekiston uchun nima naf keltirding? Amerika, Soros, Isroilu Massonlar qancha beradi senga? Zo‘r bo‘lsang, O‘zbekistonga kelib yordam ber..» deb, naftalin hidi kelib turadigan gaplarni aytishadi.
Yetmaganiga porno spamlarni tarqatishadi.
Shularni ham inson bolasi tuqqanmi, deb o‘ylanib qolaman.
Trollarning bu gaplari shunchalar siyqasi chiqqan va eskiki, javob berishgayam erinadi odam.
Keyin bularda kreativlik ham yo‘q. Nimayam qilishsin, biz haq bo‘lgandan keyin qo‘lidan nimayam kelardi?! Haqiqat – shunaqa!
Yana minbaru mehroblardan turib, va'zlar o‘qishadi.
Ularning tilida so‘rasak, munofiqning bergan guvohligi o‘tmasligini bilisharmikin?
Rossiyadek yovuz o‘lka Ukrainaning kulini ko‘kka sovuryapti, yuzlab yosh bolalar o‘ldirildi, minglab ayollar zo‘rlandi, millionlab odam uysiz boshpanasiz qoldi, desak, javob tayyor: Rossiya bizni geylarning kelishidan himoya qilyapti, deydi. Rossiyaning qoq markazi – Kremlning yonida gey klublar tiqilib yotibdiku!
Ba'zilari uyalmay, Zelenskiyni ayblashadi. Nima emish, o‘z xalqini qirg‘in bo‘lishiga yo‘l qo‘ymay, Rossiya talablarini bajarishi kerak edi, emish.
Tarixda o‘z darvozasini yovga ochib bergan shaxsning rahmat olganini eshitmadim. Zelenskiy butun dunyoga lider qanaqa bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib qo‘yayapti. Amerika mulozimlari ishg‘olning ilk kunlarida unga: Rossiya bosib oladi, kel, qo‘shni Polshaga chiqib ketishing uchun vertolyot yuboraylik, deganida, menga chiqib ketishim uchun vertolyot emas, vatanni himoya qilishim uchun qurol bering, degani tillarda doston bo‘ldi!
Azovstalda 3 ming askar 30 ming o‘ris askariga uch oy davomida taslim bo‘lmay, jang qildi. Bu qahramonlik tarix zarvaraqlariga yozilmaydi, deysizmi?
Biznikilar nima qilishdi, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganini tushunamiz, deyishdi.
Umuman, bu hokimiyat o‘zining qip-qizil o‘g‘ri va noshudligini ko‘rsatdi.
Minglab qonunlar, rezolyutsiyalar chiqardi, lekin o‘zbekning paymonasidan boshqa hech narsasi to‘lgani yo‘q.
Qaysi sohaga qaramang, o‘g‘irlikni ko‘rasiz! Qorovuldan boshlab o‘qituvchigacha, duxturdan boshlab vazirgacha o‘g‘irlaydi. Lavozim qancha katta bo‘lsa, o‘g‘irlik miqyosi ham shuncha katta.
Toshkentning qoq markazida bosqinchi butxonasini ta'mirlab qo‘ygan bu hokimiyatga, unga qarsak chalib turgan bu xalqqa nima deyish mumkin o‘zi?!
MS: Nima qilsak, bu so‘qir xalqning ko‘zi ochiladi?
RT: Hokimiyatiga yarasha xalqi, xalqiga yarasha hokimiyati! Fikrlarim tarqoq bo‘ldi Matchonboy, lekin bori shu!
Sujik ichidagi murabbo
Ba'zan oddiy narsalarga hayron qolaman. Masalan aroq shishasi ichiga olmurutni qanday solishdi. Balki olmurut kichik paytida shishaga solib qo‘yishgan, keyin bo‘lsa olmurut sharob ichida ulg‘aydimi. Toshovuzda eshitganim anekdot. Ikki turkman taryak ichib o‘tirgan ekan. Birdan osmondan uchoq uchib o‘tibdi. Bu temir osmonda qanday uchadi? Nega tushib ketmaydi debdi Qaqagaldi ismli turkman. Bunga javoban Annegeldi degan turkman ”Ilmi tiropini topsa temir ham uchadi. Ammo sujikni ichina murabboni qanday solgan. Sujikning hamma yog‘i yopiq bo‘lsa.” debdi…
Ichi murabboli karamel konfetni turkmanlar sujik deydi… Lekin bugungi va'zimiz sujik haqida emas edi. Hullas shunday…
Olis fazolarning qay burchagiga
Fikri bilan yetadir inson,
Ammo ne bor o‘z yuragida –
Bilmay o‘tib ketadir inson.
Assalom O‘zbekiston, Juma muborak!
Rassom Tuz