Asosiy mavzular
19 iyul 2022

Eltuz portali: Davlat amaldorlarining qimmatbaho avtomobillari va majburiy g‘alla yig‘imi

Eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta shikoyatning dastlabkisi bo‘ynida 38 milliard dollardan oshiq tashqi qarzi bor mamlakatning qimmatbaho mashinalar minayotgan davlat mulozimlari ustidan yozilgan. Prezident maslahatchisi qimmatbaho mashinalarga mablag‘ni qaerdan oladi deya savol qo‘yadi maktub muallifi.

Prezident maslahatchisi qimmatbaho mashinalarga mablag‘ni qaerdan oladi?

«Salom Tuz og‘a. Sizga narxi salkam bir millionga yaqin bo‘lgan uchta avtomobil suratini jo‘natayapman. Ular Bir oilaga tegishli. Prezidentining yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov farzandlari va keliniga bu avtomobillarni oyligidan olib berganmikan ajabo? Albatta, Toshkent Sitidagi sakkizta kvartira, qo‘sha qo‘sha dang‘illama hovlilar hisob emas, deya yozadi» Eltuz mushtariysi.

Byudjetdan oylik oladigan lavozimi bois biznes qilishi maqsadga muvofiq bo‘lmagan mulozim hashamati haqida jim o‘tirgan «faollar» qimmat go‘mmaga qarshi birdamu bir jon bo‘lib chiqishdi. Dirijyor kim? Mamlakat prezidentining yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovning bashang aravalari Laylakvoyning hazinasidan keldimi?
Biz bu holat tegishli idoralar tomonidan o‘rganiladi deya umid qilamiz.

Keyingi maktubdagi muammo ham avtomobilga, to‘g‘rirog‘i hokimga tegishli avtoulov bilan bog‘liq avtohalokatga oid.

Koson hokimi obro‘sini saqlash uchun «aybni erim bo‘yniga oldi»

«Assalomu aleykum Tuz og‘a. Men Ahmedova Barno Rustamovna Qashqadaryo viloyati Koson tumani Guvalak qishlog‘i Toshko‘prik MFY da yashayman. Oilaliman. 3 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im Jo‘raev Rahimjon bilan baxtli hayot kechirib kelayotgan edik.
2020 yilning 12 dekabrida Koson tumani markaziy ko‘chalaridan birida, Obron MFY da Koson tumani hokimining xizmat mashinasi 70. 027.KA davlat raqamli KAPTIVA mashinasida Obron MFY da yashovchi 60 yoshli Sherali Jo‘raqulovni urib yubordi.
Baxtsiz avtohalokat tufayli Jo‘raqulov vafot etdi. Bu hodisani sodir etgan kishi otasining xizmat mashinasini boshqarib kelayotgan Koson tumani hokimining o‘g‘li ekani aytilgan edi.
Hokimning mansab obro‘sini saqlab qolish uchun Koson tuman hokimining iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sultonmurod Donaevning haydovchisi mening xo‘jayinim Jo‘raev Rahimga Asrol Boyqarev va uning jinoyatdoshi Sultonmurod Donaev akasi Shomurod Donaevlarning o‘rtakashligi bilan ushbu avtohalokatni bo‘yniga olishini iltimos qiladi.
Va hokim Asrol Boyqarev hamma ishlar boshida turib berishiga ishontirishadi. Sultonmurod Donaev akasi Shomurod Donaevlar avtohalokat tufayli vafot etgan marhumning uyiga borib da'vo qilmaslik uchun o‘rtakashlik qilishadi va jinoyatni yopish uchun yotib oladilar.
Marhumning yaqin qarindoshlari bunga ishonmaydilar. Va mening erimni marhumning uyiga Shomurod Donaev olib boradi. Ular Qur'oni Karimga qo‘lini qo‘ydirib, qasam ichiradi. Shomurod Donaev, Sultonmurod Donaevlar xo‘jaynim Jo‘raev Rahimning tog‘alaridir.
Qur'oni Karim Ollohning so‘zlari bitilgan ulug‘ kitob. Men vijdon azobidaman. Men bu ishlarni ko‘rib, xo‘jaynim, qaynonamning qarindoshlari hurmati uchun jim o‘tirdim.  Lekin  farzandlarim uchun ularni hech qachon kechirmayman. Mening xo‘jayinim aybsiz, aybdor bo‘lib tegishli jazoni o‘tab chiqdi», deya yozadi kosonlik ayol.

Keyingi maktublarning esa avtomobilga aloqasi yo‘q. Ular Qashqadaryo hokimligidagi amaldorlarining g‘alla topshirish yuzasidan fermerlarga o‘tkazayotgan bosimlariga oid.

Bug‘doy rejasini yo bajarasan yoki joyni topshirasan

Assalomu alaykum Tuz og‘a,
men Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida 30 yildan beri avval brigada keyin fermer bo‘lib kelayotgan bobo dehqonman. 12-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniev Qarshi tuman hokimligiga G‘alla 2022 bo‘yicha katta yig‘ilish tashkillashtirdi. Yig‘ilish viloyat miqyosida chaqirilib, Qarshi tuman hokimligining katta zalida soat 17:00 lar chamasi boshlandi. Mobil telefonlar olib qo‘yilib, ichki ishlar tomonidan sinchkovlik bilan tekshirilib, kiritilgan fermerlarni  yig‘ilishini Qarshi tuman hokimi Bekzod Yusupov kirish nutqisiz, fikrlashuvsiz boshlab berdi. Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniev yig‘ilishda davom etarkan g‘alla rejasini bajarmagan fermerlarni «onasini» eslatish bilan dam olish kuniga  shukuh qo‘shdi. Fermerlarga majburan uyingni sotib bo‘lsa ham, bug‘doy rejasini bajarasan yoki arizangni yozasan, deb, qattiq bosim qildi. Suv bo‘lmaganligi sababli bug‘doy rejasini bajaraolmaganligini aytgan fermerni Amu Qashqadaryo suv havzasi boshlig‘i bir nechta fermerlarni o‘limiga sababchi bo‘lib kelayotgan Baxtiyor Rajabov suvni o‘z vaqtida yetqazib berganlikda aybladi. Shuhrat G‘aniev Bosh prokratura o‘rinbosarini olib kelganman, bug‘doy rejasini bajarmaganlarga jinoiy ish ochiladi, deb, haqorat qildi.
Tuz og‘a, prezident dam olish kunlarini joriy qilib, majburiy mehnatni bekor qildi, shu bilan ham Shuhrat G‘aniev bug‘doy rejasini bajarasan yoki o‘z xohishing bilan ariza yozasan, suvni menga muammo qilma, deb, fermerlarni haqorat qildi. Yer topshirmaslik uchun bozorma-bozor bug‘doy sotib olib davlatga topshiryapmiz. Bosim, majburlov, majburiy mehnat rahbarlarning bloknotida Prezidentning minbarlaridagina tugatildi. Qashqadaryoda majburiy mehnatni tugatishda amaliy yordam berishingizni so‘raymiz, Eltuz og‘a deya yozadi qarshilik fermer.

Keyingi maktub ham g‘alla sotib olib hukumatga topshirayotgan qashqadaryolik fermerlardan. Eltuz portaliga kosonlik fermerlar shikoyat yo‘llamoqda.

G‘alla sotib olib hukumatga topshirayapmiz

«Salom Tuz og‘a,
Qashqadaryo viloyati Koson tuman qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hokim yordamchisi Faxriddin Nomozov va Qashqadaryo viloyati qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hokim o‘rinbosari O‘zoqovlar 2 iyun kuni Koson tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasida yig‘ilish o‘tqazib, hudud rahbarlariga va fermerlarga qo‘shimcha bug‘doy topshirishni majbur qildi. Hudud rahbarlariga 15 tonnadan 20 tonnagacha qo‘shimcha topshir dedi. Bu tonna har bir fermerga 500-600 kilogrammdan tushadi. Rejani bajarasanmi-yo‘qmi, ahamiyati yo‘q. O‘zbekistonda majburiy mehnatga qachon barham beriladi? Bozordan sotib olib bo‘lsa ham topshir deyapti. Bozorda bug‘doy narhi 4500 ming, biz esa davlatga 3000 mingdan topshirdik.
Mana shu inson qadri bo‘lsa kerak!» deya yozadi kosonlik fermer.

Keyingi maktub ham kosonlik fermerlardan. Guvalak qishlog‘idagi Don klasteri bilan shartnoma tuzib fermerlik faoliyati yuritayotgan shaxs Ichki ishlar va hokimlik ustidan arz qilmoqda

Guvalak qishlog‘idan ikkinchi shikoyat

«Qashqadaryo viloyati Koson tuman Gulobod MFY ga qarashli Guvalak hududida fermer bo‘lib faoliyat yuritib kelaman. Shu yil 2022-yil Koson tuman DON klaster bilan shartnoma qilib, bug‘doy ekkan edim. Suv yetishmasligidan shartnomadagi rejani bajarolmadim. 2022 yili 29 iyun kuni Koson tuman IIBda 150 ta fermer xo‘jaligi raisini chaqirtirib majlis o‘tqazildi. Majlisni Qashqadaryo viloyati hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari va Koson tuman vakillari o‘tqazdi. Rejani bajarmagan fermerlardan ariza oldi, yerni o‘z xohishim bilan topshiraman degan ma'noda. Biz suv yo‘q, bizga suv muammo bo‘ldi, dedik. Rahbarlar eshitmay, qaytanga haqorat qilib ketdi.
Biz bug‘doy ekib, Koson don klaster bilan shartnoma qilganimizda IIB binosiga borib shartnoma qilganimiz yo‘q edi. Prezident fermer, klaster mustaqil deydi. Biz hanuz mustaqillik nima ekanligini bilmaymiz. Keyingi yillarda Koson tuman hokimligi zo‘rovon tizimga o‘tib, unumli suvli yerlarni chorvachilik, parrandachilik, qilib berib yubordi. Prezident qaroriga zid ravishda yer ajratdi. Aslida unumli suvli yerlarni chorvachilik uchun berish mumkin emas edi. Koson tuman hokimligi bu qarorni e'tiborga ham olmaydi. Shu yig‘ilishdan o‘zim bir qarorga keldim, IIB bilan hokimlik o‘zaro kelishib olgan, degan. Sababi fermer xo‘jaligi rejani bajarmasa, nima qiladi IIBnigg binosida yig‘ilish o‘tqazib? Sudga bersa bo‘ladi-ku! Rejani bajarmagan fermer xo‘jaligi raisilarni IIB idorasiga olib borib kuch ishlatadi, ammo noqonuniy yerlarni chorvachilik uchun berib yuborgan rahbarlarga ham qonun idoralari binosiga olib borib, nega noqonuniy yerlarni ajratding deydigan rejim bormikin. Yoki zamon zo‘rnikimi?»

Bu so‘ngi maktub ham Qashqadaryoning guvalak qishlog‘idan edi. Shoir Mahmur ham bir vaqtlar o‘z qishlog‘idagi harob ahvoldan hukmdorga shikoyat qilgan edi. Bayt budir.

Gar tahorat qilsa qavmi suv topolmay nochor,
Betini qum bila yub (ko‘zi)ga surgay guvalak.
Ey falak qadru adolat shiyami mulku malak.
Marhamat chog‘ida rahm ayla ba holi Xapalak.

Bugun biz ham Eltuz portalida ayni yo‘sindagi shikoyatlarga e'tibor qaratdik. Bu muammolar tegishli idoralarga yetib boradi va albatta jamoatchilik e'tiboriga tushadi deya umid qilamiz. Bizga esa tag‘in maktub yo‘llash mumkin. Eltuz kelayotgan maktublar va ularga yozilgan javoblarni e'tiboringizga taqdim etishda davom etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 iyul 2017
15 iyuldan tabiiy gaz, issiqlik va elektr narxlari qimmatlaydi. 21 iyuldan esa suv narxlari ko‘tariladi. O‘zbekiston moliya vazirligi reestriga ...
13 may 2016
Kino ko‘rishni sevaman. Ayniqsa fantastik tragikomediya janridagi kinolarni. Kecha Roman Artemev suratga olgan “Chelovek iz buduщego” degan kinoni ko‘rdim. ...
21 aprel 2021
Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning «Imperativ» kitobi «Eltuz» muxlislariga muallifning o‘zi o‘qigan audiokitob tarzida yaxshi tanish. Bugun «Eltuz» taniqli ...
16 dekabr 2022
Aziz og‘a ini¸ opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman. Sovuqning shashti tushdi. Ammo izg‘irinlar tanni nayzadak ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...