Asosiy mavzular
30 avgust 2022

Ayg‘oqchilik, maxfiy diplomatiya va urush – 2 qism

Sheyn Harris, Karen DeYang, Izabel Xurshudyan, Eshli Parker va Liz Slay

Ushbu maqola The Washington Post gazetasining AQSh ittifoqchilarini va Zelenskiyni urush muqarrarligiga qanday ishontirishga harakat qilgani borasidagi tekshiruvlari asosida tayyorlangan.

“Eltuz” maqolaning qisqartirilgan tarjimasini e'tiboringizga havola etadi.

(davomi)

MOSKVA

Razvedka ma'lumotlari Putin bergan va'dalar to‘g‘riligini tasdiqladi. Uning iyul oyida e'lon qilingan “Ruslar va ukrainlarning tarixiy birligi haqida” maqolasi o‘ta shubhali siyosiy xulosalarga asoslangan tarixiy ayblovlarga to‘la edi.

Ruslar va ukrainlar, deya ta'kidlagandi Putin, yagona xalq edi, ammo Rossiya ayyor G‘arb tomonidan talonga uchragandi. “Ukrainaning haqiqiy suvereniteti aynan Rossiya bilan sheriklikda mumkin bo‘lishiga ishonaman”, deb yozgandi Putin.

Yoz oxirlarida razvedka ma'lumotlari, Putinning o‘zini tutishi o‘rganilgan tahlillar bo‘yicha bir to‘xtamga kelgan rasmiylar Rossiya rahbari uning imkoniyatlari oynasi qanchalik yopilayotganini anglab yetayotganiga ishonch hosil qildilar.

Na NATO, na Yevropa Ittifoqi a'zo bo‘lgan Ukraina esa tobora G‘arbning siyosiy, iqtisodiy va madaniy doirasiga tortilib borardi. Bunday evrilish sovet imperiyasi parchalanishi bilan bog‘liq noxush voqelikni qabul qila olmayotgan Putinda norozilikni kuchaytirardi.

Tahlilchilar xulosalariga ko‘ra, tezda 69 yoshni qarshilaydigan Putin Rossiyaning Yevroosiyo mintaqasidagi yetakchiligi merosini tiklagan eng buyuk rahbarlar qatorida bo‘lishini mustahkamlashga juda oz fursat qolayotganini anglab borayotgandi.

2 noyabrdagi uchrashuv chog‘ida Yuriy Ushakov Bernsni Moskvadagi koronavirus infektsiyasining navbatdagi to‘lqinidan qochib Sochida bo‘lib turgan Putin bilan telefon orqali bog‘lab berdi.

Rossiya rahbari NATOning kengayishi, Rossiya xavfsizligiga tahdid va Ukrainaning noqonuniy hukumati kabi odatiy arz-dodini bayon qildi. “U prezident Zelenskiy to‘g‘risida siyosiy yetakchi sifatida juda andishasizlarcha gapirdi”, deb eslaydi Berns.

Moskvada ishlab, Putinning bunday gaplariga ko‘nikib qolgan Berns o‘z qarashlarini aytdi: “Nimani o‘ylayotganingizni AQSh yaxshi biladi, agar siz Ukrainaga bostirib kirsangiz, juda katta tovon to‘laysiz”.
Berns Kremlga Baydenning Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, oqibatlari qanday bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantirilgan maktubini topshirdi. “Putin juda aniq va lo‘nda gapirgandi”, deydi Berns.

U Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan darak beradigan razvedka ma'lumotlarini rad etmadi.
Nikolay Patrushev Berns bilan suhbatda Putinning tarix va NATOga oid ayblovlarini birma-bir takrorladi.

Konsturktiv hamkorlik uchun imkoniyat qolmagandek tuyulgani MRB direktorini Putin va uning tor doiradagi yordamchilari o‘z virtual dunyolarini yaratib olmaganmi, deya o‘ylashga undadi.

7 dekabrda Putin va Bayden videoaloqa orqali gaplashdi. Putin Ukraina chegaralariga qo‘shin jo‘natishga qaror qabul qilishining bosh sababi g‘arbiy alyansning sharqqa tomon kengayishi ekanini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, Rossiya faqat o‘z manfaatlarini va hududiy yaxlitligini himoya qilmoqda.

Bayden esa Ukraina yaqin vaqtlarda NATOga kirishi dargumon ekani, AQSh va Rossiya Amerika qurol tizimlarining Yevropaga joylashtirilishi munosabati bilan Moskvada tashvish uyg‘otayotgan boshqa masalalarda kelishuvga erishishi mumkinligini bildirdi.

Bayden nazariy jihatdan o‘zaro murosaga kelish mumkin, deb hisobladi. Shuning uchun Oy uy muzokaralar o‘tkazish yo‘lida davom etdi.

Yanvar boshlarida AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Vendi Sherman Jenevada rossiyalik hamkasbi, o‘zi yaxshi biladigan Sergey Ryabkov bilan uchrashdi.

Ryabkov Moskvaning Ukraina bo‘yicha bitimga kelish uchun dekabr oyi o‘rtalarida rasman bildirilgan ikki taklifga asoslangan pozitsiyasini takrorladi: NATO kengayishni bas qilishi va alyansga 1997 yildan so‘ng qo‘shilgan Polsha, Ruminiya, Bolgariya va Boltiqbo‘yi mamlakatlaridagi har qanday faoliyatdan tiyilishi kerak.

NATO eshiklarini yopish va mavjud a'zolarning maqomini pasaytirish takliflarini rad etgan Bayden ma'muriyati NATOning Rossiya chegaralari bo‘ylab o‘tgan sharqiy qanotida qo‘shin va qurol-yarog‘ joylashtirish kabi qator xavfsizlik masalalarida muzokaralar o‘tkazish va ishonchni mustahkamlash choralarini ko‘rishni taklif etdi.

Buning sharti Ukrainaga urush xavfini bartaraf etish edi. Ryabkov Shermanga Rossiya amerikaliklarning munosabatidan hafsalasi pir bo‘lganini ma'lum qildi.Oq uy Sherman va Ryabkov uchrashuviga “ruslar bizning xavotirlarimizga qanchalik jiddiy munosabatda bo‘lishi imkoniyatini va diplomatiya istiqbollarini tekshirib ko‘rish” sifatida qaragandi, – deydi o‘sha paytda Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Emili Horn. – Ammo ular diplomatiya emas, balki bor-yo‘g‘i diplomatik ishlarni bajargani tezda oydinlashdi. Hatto ular shuni ham jiddiy bajarishmadi.

21 yanvarda Jenevada sovuq va tund ob-havo hukmron, kuchli shamol odatda tinch ko‘l yuzasini to‘lqinlantirib turardi. Blinken va uning yordamchilari sohil bo‘yidagi hashamatli mehmonxonaning raqs zaliga qo‘yilgan stol atrofida rossiyalik hamkorlar ro‘parasida o‘tirardi.

Davlat kotibi vazir Sergey Lavrovga ko‘lning o‘ynoqi yuzasini ko‘rsatib: “Balki ikki davlat munosabatlaridagi jo‘shqin to‘lqinlarni jilovlash vaqti kelgandir”, dedi.

Ular bir-biriga o‘zaro iltifot ko‘rsatganidan so‘ng Ukraina mavzusiga o‘tishdan oldin boshqa turli masalalar – poytaxtlardagi elchixonalarning ko‘lami va faoliyati, Eron bilan yadroviy kelishuv borasida fikrlashishdi.
Blinken AQSh pozitsiyasini yana bir bor bayon qildi: agar Putinda xavfsizlik masalasida asosli xavotirlar bo‘lsa, AQSh va ittifoqchilari ularni muhokama etishga tayyor. Ammo Ukrainaga bosqin boshlanganidanoq G‘arbning jazo choralari tez va shafqatsiz bo‘ladi, ular Rossiyani izolyatsiya qilib, iqtisodiyotiga zarba beradi. Alyans esa Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy ko‘mak ko‘rsatadi.

Lavrovning javoblari keskin va qat'iy bo‘ldi. Bir yarim soat davom etgan samarasiz muzokaradan so‘ng gaplashishga hech gap qolmagandek edi. Lekin yordamchilar muzokara zalini tark eta boshlaganida Blinken orqada qoldi va Rossiya vaziridan yakkama-yakka suhbatlashishni so‘radi.

Ular kichkina qo‘shni konferents zalga kirishdi va eshikni yopishdi. Tashqarida esa AQSh va Rossiya vakillari o‘ng‘aysiz kutib turardi.

“Sergey, ayting-chi, siz o‘zi nimaga erishishni xohlayapsiz, – deya so‘radi Blinken. – Haqiqatan ham gap xavfsizlik masalasiga – NATOning Rossiyaga “tajovuzi” va ehtimoliy harbiy tahdid borasida Rossiya yana va yana takrorlayotgan xavotirlarga borib taqaladimi? Yoki gap Putinning Ukraina har doim Rossiyaning ajralmas qismi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi, degan nazariy ishonchi haqida boryaptimi?

Hech qanday javob bermay, Lavrov eshikni ochdi va jo‘nab ketdi, yordamchilari uning ortidan ergashdi. Bu Rossiya va AQShning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy martabali vakillarining bosqindan oldingi eng so‘nggi yuzma-yuz uchrashuvi edi.

KIYeV

Bayden Ukraina qarshilik ko‘rsatishiga ishonardi. AQSh, Buyuk Britaniya va NATOning boshqa a'zolari Ukraina harbiylarini o‘qitish va ularni qurol-yarog‘ bilan ta'minlashga yillar sarflagandi. Ukraina qo‘shinlari 2014 yildagidan ko‘ra professionalroq va yaxshiroq tayyorgarlikka ega bo‘lgandi.

Ammo o‘zaro hamkorlik davomida nafaqat Rossiya bosqinidan so‘ng qarshilik ko‘rsatishni tashkil etish, balki hujumning oldini olishga ham ko‘p e'tibor qaratilgandi.

Ukrainaga yetkazib berilgan qurollar, asosan, kichik kalibrli va mudofaa maqsadlariga xizmat qilardi. Chunki buni Moskva G‘arb provokatsiyasi sifatida qabul qilmasligi lozim edi.

Qolaversa, ma'muriyatda xalq qo‘llab-quvvatlovi va tub o‘zgarishlar istagi to‘lqinida hokimiyat tepasiga kelgan, biroq Rossiya bilan tinchlikka erishish va'dasini bajara olmagani uchun jamiyatda obro‘sining bir qismini yo‘qotgan sobiq aktyor, Ukraina prezidenti borasida jiddiy xavotirlar mavjud edi. 44 yoshli Zelenskiy

Putinning shafqatsizligiga bardosh bera olmaydigandek taassurot uyg‘otardi.

Hisob-kitob ham Ukraina foydasiga emasdi. Rossiyaning qo‘shini ko‘p, tanklari, to‘plari, samolyotlari va raketalari ko‘p edi. Avvalgi mojarolar chog‘ida u Ukrainaga zarba berishga tayyor ekanini namoyish eta olgandi. Vashington ehtimol Kiev Moskva kutganidek tez qulamaydi, ammo baribir u yengiladi, degan fikrda edi.

Noyabr boshlarida Glazgoda iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha o‘tkazilgan sammitda Blinken Zelenskiy bilan suhbatlashdi. Davlat departamenti rahbari unga razvedka taqdim etgan manzarani bayon qildi, Ukrainaga yaqinlashayotgan dovulni tavsiflab berdi.

“Biz faqat ikkalamiz edik, – deb eslaydi Blinken, – bu juda qiyin suhbat bo‘lgandi. Zelenskiy unga ishonch va ishonchsizlik o‘rtasida muallaq turgan, ammo “jiddiy, bosiq va sobitqadam” shaxs o‘laroq taassurot qoldirdi.
U o‘z jamoasini taqdim etilgan ma'lumotlardan ogoh qilishini aytdi. Ammo ukrainlar “o‘tmishda Rossiyaning ko‘plab o‘yinlariga guvoh bo‘lgandi”, Zelenskiy esa mamlakatda sarosima boshlansa, iqtisodiy inqirozga olib kelishidan xavotirda edi.

Keyinchalik Zelenskiyning eslashicha, u AQShning ogohlantirishlarini qabul qilgan, ammo unga Ukraina o‘zini himoyalashi uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ taklif qilinmagan.

“Eshiting, hujum bo‘lishi mumkin, deb million marta aytishingiz mumkin. Yaxshi, bosqin ehtimoli bor – bizga samolyotlar berasizmi? Havo hujumidan mudofaa tizimi berasizmi? Yo‘q, siz NATO a'zo emassiz. Yaxshi, unda nima to‘g‘risida gaplashyapmiz”, deydi Zelenskiy.

Qolaversa, AQSh razvedkasi ukrainalik hamkasblariga o‘zlaridagi bor ma'lumotni bermadi. Ukrainaning razvedka hamjamiyati rossiyalik “kalamushlar” bilan to‘lib-toshgandi. Shu bois, amerikaliklar maxfiy axborot Moskva qo‘liga tushib qolishidan xavotirlandi.

Urush boshlanganidan keyingina Bayden ma'muriyati o‘z siyosatini o‘zgartirdi va mamlakatning bosqindan himoyalanishini ta'minlash uchun Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududi bo‘ylab harakatlariga oid ma'lumotlar bilan bo‘lisha boshladi.

Ukraina hukumati uchun Putinning maqsadiga hali ham ishonmayotgan yevropaliklarning pozitsiyasi muammo edi. Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning eslashicha, u va hukumatning boshqa a'zolari urush bo‘lishiga ishonardi.

“Ammo bosqin boshlanguniga qadar men biz bunday ko‘lamdagi urushga duchor bo‘lamiz, deb ishonmagandim, – deydi u. – Raketa zarbalari berilishi haqida bizga ishonch bilan aytgan yagona davlat AQSh edi. … Boshqa barcha davlatlar bu fikrga qo‘shilmagandi va “Ha, urush ehtimoli bor, lekin bu Ukraina sharqida cheklangan mojaro bo‘lishi haqiqatga yaqin”, deyishgandi”.

“O‘zingizni mening o‘rnimga qo‘yib ko‘ring, – deya davom etadi Kuleba. –  Bir tomondan, AQSh sizga umuman tasavvur qilib bo‘lmaydigan narsalarni aytyapti, boshqa barcha esa bunday bo‘lmasligini gapiryapti”.
Kuleba G‘arbning, uning fikricha, avvaldan xato bo‘lgan “Putinni ig‘voga undamaslik” strategiyasini yanada tanqidiyroq baholaydi. Hujum uchun Putinga “G‘arbning hech qanday provokatsiyasi” kerak bo‘lmadi.
“Bu strategiya bizni nimaga olib keldi? – deya savol qo‘yadi Kuleba. – O‘ylashimcha, minglab qurbonlar va jarohatlanganlar, yo‘qotilgan hududlar, qisman vayron bo‘lgan iqtisodiyotga olib kelgan bu urush hali ham Rossiyani “ig‘voga undamaslik”ka chaqirayotgan barcha uchun eng yaxshi javobdir.

12 yanvarda Berns Kievda Zelenskiy bilan uchrashdi va vaziyatga ochiq baho berdi. Manzara aniq edi: Rossiya Kievga tezkor zarba berib, markaziy hukumatni falajlashni ko‘zlagandi.

AQSh harbiy harakatlar rejasiga ham oydinlik kiritdi: Rossiya poytaxt atrofidagi Gostomel aeroportiga o‘z kuchlarini tushirib, keyinchalik transport samolyotlari qo‘shimcha qo‘shin va qurol-yarog‘ yetkazib berishi uchun uchish-qo‘nish yo‘lagini egallashni ko‘zlagan. Bu yerdan Kievga hujum uyushtiriladi.

Suhbat davomida Zelenskiy o‘ziga va oilasiga xavf bor-yo‘qligini so‘rab qoldi. Berns Zelenskiy o‘z xavfsizligiga jiddiy yondashishi kerakligini aytdi. Prezident hayotiga xatar ortib bordi.

Razvedka ma'lumotlarining ko‘rsatishicha, Rossiya kommandosi allaqachon Kievga yetib kelib, buyruqni kutib turgani ehtimoli yo‘q emasdi. Ammo Zelenskiy hukumatni boshqa joyga ko‘chirish chaqiriqlariga qarshilik qildi va jamoatchilikni vahimaga tushirmaslik qarorida qat'iy turdi. U bunday harakatlar mag‘lubiyatga olib keladi, deb hisoblardi.

“Siz odamlarni urushga tayyorlab, pul yig‘ib, oziq-ovqat zaxira qilib qo‘yish kerakligini ayta olmaysiz, – deb eslaydi Zelenskiy. – Agar shunday qilinganida biz o‘tgan yilning oktyabridan oyiga 7 milliard dollar yo‘qota boshlagan va ruslar bizni uch kunda bosib olgan bo‘lardi. …

Umuman, sezgimiz to‘g‘ri bo‘lib chiqdi: agar biz odamlar orasida vahima ko‘targanimizda, ruslar bizni g‘ajib tashlagan bo‘lardi. Chunki vahima vaqtida oamlar mamlakatdan qocha boshlaydi”.

Zelenskiy uchun aholi mamlakatda qolib, kurashishi, o‘z uyini himoya qilishi har qanday bosqinni qaytarishning asosiy sharti edi. “Qanchalik andishasiz eshitilmasin, aynan shu insonlar barchasini to‘xtatdi”, deydi u.

“Biz ukrainaliklarga ikki narsani aytdik, – deydi Blinken. – Nima qilmoqchi bo‘lsangiz ham sizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Lekin nima bo‘lishidan qat'i nazar, hukumat faoliyatini ta'minlash haqida o‘ylab ko‘rishingizni tavsiya etamiz. Ya'ni bu Kievda panada o‘tirish, hukumatni Ukraina g‘arbiga yoki Polshaga ko‘chirishni anglatadi”.
Zelenskiy Blinkenga Kievda qolishini ma'lum qildi.

Zelenskiy ba'zi g‘arblik amaldorlarni u qochib ketib, Rossiya qo‘g‘irchoq hukumat tuzishi va NATO bilan muzokaralar orqali kelishuvga kelishini istayotganlikda gumon qila boshladi.

“Kimdir men va oilam xavfsizligidan xavotirlanganiga ishonaman, – deydi Zelenskiy. – Ammo kimlardir hammasi tezroq tugashini istagan bo‘lishi ham mumkin. O‘ylaymanki, menga qo‘ng‘iroq qilganlarning ko‘plari, hatto hammasi Ukraina bardosh berishiga ishonmagandi.

Mayli, biz to‘g‘ri yo‘l tutganmizmi yoki yo‘qmi, kelajakda odamlar baho bersin. Lekin men aniq bilamanki va sezamanki, ruslar bizni mamlakatni osongina topshirishga tayyorlashni xohlagan. Bu esa xavotirga soladi”.
18 fevralda, Buyuk Britaniya va Frantsiya oxirgi diplomatik urinishlarni amalga oshirganidan so‘ng dunyo yetakchilari xavfsizlik bo‘yicha yillik anjumanda ishtirok etish uchun Myunxenda yig‘ildi.

Unda Zelenskiy ham qatnashdi. Amerikalik ayrim mulozmlar u mamlakatda yo‘qligida Rossiya hujum uyushtirish mumkinligidan xavotirda edi. Boshqalar esa Ukraina rahbari bombalar tushishidan oldin mamlakatni tark etish imkoniyatidan foydalandimi, degan xayolda edi.

Ammo Zelenskiy o‘z chiqishida mamlakati Rossiya bilan anchadan buyon urush holatida ekanini, Ukraina qo‘shinlari sharqda ayirmachilar bilan 2014 yildan buyon jang qilayotganini eslatdi.

“Ukrainaga haqiqatan ham yordam berish uchun faqat bosqinning ehtimoliy sanasi haqida gapirish shart emas, – dedi Zelenskiy. – Buning o‘rniga Yevropa Ittifoqi va NATO Ukrainani a'zolikka qabul qilish kerak”.
Zelenskiy bu takliflariga javob olmadi.

24 fevralda bosqin boshlanganida Zelenskiy Kievda, o‘z qarorgohida edi va unga Oq uydan qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
Ushbu suhbatning amerikalik guvohi so‘zlariga ko‘ra, “Zelenskiy bezovta edi. U Baydendan imkoni bor barcha razvedka ma'lumotlarini taqdim etishni so‘radi. “Biz kurashamiz, biz himoyalanamiz, biz bardosh beramiz – ammo bizga yordamingiz kerak”, dedi Zelenskiy”.

“Eltuz” tarjimasi

Tag‘in o‘qing
21 fevral 2021
Turkmanistonda 14 yoshli dzyudochi Sulaymon Tursunboev jangda prezidentning qarindoshiga «yutqazib berish»dan bosh tortgani uchun o‘ldirildi. Fojea fevral oyining boshlarida ...
28 avgust 2018
Tez kunlarda O‘zbekistonda ommaviy paxta terimiga start beriladi. Ammo bu yilgi mavsum ham hokimiyat amaldorlarining qonunbuzarliklari ostida o‘tishiga ishoralar ...
10 sentyabr 2016
O‘zbekistonda Islom Karimov o‘limidan so‘ng hokimiyatning Bosh vazir tomonidan qo‘pol tarzda uzurpatsiya qilinishi kuzatilmoqda. O‘z mushtumzo‘rligi bilan tanilgan Bosh ...
14 dekabr 2018
Mashhur o‘zbek satira ustasi, aktyor Obid Asomov 14 dekabr kuni Toshkent shahrida 55 yoshida olamdan o‘tdi. Bir necha kun ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...