RTdan va'z: Qaxramonsiz teatr
Aziz og‘a ini, opa-singilu qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.
Matchon Suqilish: Nichiksizlar, mo‘chchi oybika ham xo‘jik birrila?
RT: Matchonboy, sen tuppa-tuzuk ashula aytar ekansan. Avtobus videosketchining yangi sonida ko‘rdim.
Matchon Suqilish: Videosketch na digani tushuntirib baring.
RT: Sketch – inglizcha eskiz, xomaki rasm degani. Sening chiqishing aks etgan video misolida komediya janridagi va kamsonli ishtirokchilardan iborat bir aktdan iborat pesaga sketch deyiladi.
MS: O‘zi boshqo arts chiqishi garak adi. Oxirqi minutda kula siyib otkaz atdi. Artislani bo‘lg‘oni shu. Bo‘qqing dori dasa quyig‘o sichodon xiylinnan. Jonim yonib, shortto alima ribobni olib, vyon bono qorop, tingg‘ir-ting‘ir attirib qo‘shiqni oytib durg‘on yerim adi. Odingnan oynonin Xorazmda ashullo oytmidon, ribob chirtmidon, tap urmidon odamni o‘zi yo‘q. Eng yoromosi qayroq qoqadi. Og‘o qaqir qaqirda. Tuyamo‘yin sardoriman oo-o rotoollo.
RT: Matchonboy sen rotoollo, poqo-poq deb o‘tirgan paytingda odamlar har turli pechkalarni mo‘risiz uylariga o‘rnatib, is gazidan tappa tappa o‘lishmoqda. Popda uch kishi is gazidan o‘ldi. Pop tumani «Tinchlik» MFYda 51 yashar ayol 6 yashar nabirasi hamda mehmonga kelgan 75 yashar qaynonasi uyni isitish uchun o‘rnatilgan temir pechkadan chiqqan ugardan o‘lishdi. O‘lim hodisasi soat 16 da yuz berdi. Yana o‘sha gap – Yevropa sovuqdan o‘ladi deb, qarg‘ab sannaguncha, o‘zingizga umr tilang.
MS: Pop degani nima. O‘risni cherkovinda isvant tutatib o‘tirodon mo‘llomi?
RT: Pop degani cherkovdagi soqoltoy zombi emas. Pop – bu Namangan viloyatidagi tuman. Namangan viloyati esa O‘zbekistonda. O‘zbekiston rahbariyati esa to‘la sostavi bilan Frantsiyada. Frantsiyada uylar issiq. Mavsum boshidan hech kim Frantsiyada ugar gazidan o‘lmadi.
MS: Shunda kimda gunoh?
RT: Pop tumani hokimi A'zamjon Sultonov iste'foga ketsin. Tuman qishga tayyorlanmagan. Uch odam o‘limi uchun javobgar shu A'zamjonning o‘zi.
MS: O‘zi butin hokimlani sostapi bilan go‘ttina dapish garak. Bir tiyina orzimaydigan manglayi qorolo.
RT: Teatr spektakllarida ijobiy va salbiy qahramonlar bo‘ladi. Masalan Toxir yaxshi, Qorabotir yomon. O‘zbekistonning bugungi kunini spektakl deb qarasak, bittayam ijobiy qaxramon yo‘qligini ko‘ramiz.
MS: Og‘o bilo odom bo‘miydi. Yaxshisi futboldan so‘llang. Ëmona getib duribti lekin.
FUTBOL
RT: Kamina futbolga qiziqmaydigan va uni tomosha qilmaydiganlarning kam sonli toifasidan biriman. Futbol o‘yini haqida tasavvurim primitiv. To‘p yumaloq bo‘lishini bilaman. To‘pning ustki jildi qo‘tos terisidan bo‘lardi ilgari. Xozir sintetika. Ichidagi jildi esa paxtadan. Kamerasi esa yelimdan. Taxminan yuz metrlik maydon o‘rtasidan chizilib ikkiga bo‘linadi. Tagi teshik zamilg‘altakning ichiga quruq oxak to‘ldirib aylantirib maydon chiziqlari belgilanadi. Ikki tomonda darvoza. Uchta taxta va bitta katagi yirik to‘r bilan ish bitadi. Futbolni ikki komanda o‘ynaydi. O‘yinchilar soni har bir komandada 11 kishidan. Otidan ham ma'lumki, futbol oyoq bilan o‘ynaladi. (Fut bu oyoq) To‘pga qo‘l tekizish xarom qilingan. Faqat darvozobonga joiz to‘pga qo‘l tekkizish. Lekin yelka, dumba, kalla va umuman qo‘ldan boshqa barcha a'zolar bilan to‘pni tepish mumkin. O‘yinning asosiy mazmuni. Dushman darvozasiga to‘p kiritish. Futbol ingliz o‘yini bo‘lgani uchun bu o‘yinga oid so‘zlar inglizcha. Futbol o‘yini davom etadigan payt taym deyiladi. Bir taym maktabdagi dars kabi 45 minut qilib belgilangan. O‘yin ikki taym bo‘ladi. Shu ikki taym ichida o‘yinchilar o‘rtaga tashlangan to‘pni tepib dushman darvozasiga zarb bilan kiritishi kerak. To‘p darvoza to‘rini yirtib tashlasa olqishlanadi. To‘p tomoshabinlar tarafga qarab ketsa va Ergash aka bu to‘pni tutib olsa to‘p Ergash akaga padarka. Istasa pichoq bilan yirtib kesib tashasin. Tanaffusda Pele kelib, imzo qo‘yib beradi. O‘rtaga boshqa to‘p tashaladi. O‘yinchilar uchun qoidalar bor. Bu qoidalarda raqibni tepish, unga o‘rta barmoq ko‘rsatish va onangni deb so‘kish harom qilingan. Tomoshabinlar so‘kinishi esa joiz. Mubox amallar bor. Muboxni xaromdan ajratishni sudya ya'ni o‘yin hakami aniqlaydi. Hakam gunoh qilgan o‘yinchilarga sariq yoki qizil karta ko‘rsatadi. Jazo beradi. Jazo penalti deb ataladi. Hakam istasa gunoxkor o‘yinchilarni o‘yindan chiqarib yuborishi mumkin. Umuman hakam istasa 11 kishidan faqat 7 o‘yinchini maydonda qoldirishi mumkin. O‘yinchilarning maqomi xuddi Temur armiyasidagi kabi aniq belgilangan. Yarim himoyasi aylanib o‘tib to‘pni himoyachiga oshiradi, himoyachi to‘pni boshi bilan urub hujumchining tayyor turgan oyog‘iga yo‘naltiradi. Hujumchi andoq zarb bilan tepadiki, to‘p borib darvozani xomilador qiladi. Goool. Darvozabon negadir to‘pni himoyachi kallasi bilan urib kiritadi deb o‘ylab o‘zini darvozaning chap tomoniga otgan edi. (Chap tarafda shayton bo‘lishidan bexavar) To‘p esa o‘ng tomondan kiradi.
Bilganim shu. To‘p yumaloq maydon keng.
MS: Isssop og‘o. Bilimman disizdon, lekin ertakdiyin oytib bardingiz. Indi ertakni o‘zini oytib bering.
Migran popos hikoyasi
RT: Bugun pop nima deb so‘rading. Pop bu Namangandagi iqtisodiy ahvoli yomon va rahbarlari eng uquvsiz tuman. Lekin qizlari choiroyli bo‘ladi. Bir vaqtlar Turob To‘la Popning popuk qizlariga deb qo‘shig‘am yozgan. Ayni paytda pop bu xristian cherkovidagi parazit mulla. Popning bir metr bitlagan soqoli bo‘ladi. Turklar popni popas deydi. Soch soqoli o‘sib ketgan odamga qarab popos kabi bo‘libsan deyishadi. Turkiyada tarixan armanilar yashaydi. Ularning cherkovlari ham bor. Cherkovni turklar popos deb ataydigan avliyo ota boshqaradi. O‘rislar pop deydi. Turkiyadagi armanilar o‘zaro turkcha ham gapirishadi. Shunday poplardan biri Jigaryon ota menga kulgili voqeani aytib beruvdi. Xullas Jigaryon poplik qiladigan cherkovning tomidagi kiramit (cherepitsa) sinib chakka o‘tib daru devordagi muqaddas avliyalar suvratlariga ziyon yeta boshlabdi.
Yakshanba kuni popning xotini Laylo xola tomga chiqib siniq kiramitlarni almashtirmoqchi bo‘ldi. Birdan tom teshilib Laylo xola o‘sha teshikka kirib ketdi. Armanilarning emchagi katta bo‘ladi odatan. Ammo Laylo xolaniki gigant bo‘lgan. Aynan shu gigant emchaklar bois Laylo xola teshikdan pastga tushib ketmagan. Bu paytga kelib avliyo padar Jigaryon cherkov ichiga yig‘ilgan qavmiga Isoiy Masixning fohisha ayol Mariya Magdalenani to‘g‘ri yo‘lga solgani haqidagi rivoyatni aytib turuvdi. Jigaryon qarasa, cherkov shiftidan xotini Layloning semiz oyoqlari chiqib turibdi. Shu yerda yana bir aniqlik kiritsam. Dindor armani xotinlar uzun etakli kiyim kiyadi ammo lozim kiymaydi. Xullas futbol sharxlovchisi aytganidek, xavfli vaziyat. Shunda Jigaryon o‘z qavmiga qarab «kim tepaga qarasa ko‘zi ko‘r bo‘ladi» dedi. Tepada esa Layloxonnig antenna kabi yoyilgan oyoqlari orasi ochil dasturxon bo‘lib turibdi. Astofurulloh. Cherkovga cho‘qinish uchun kelgan qassob Migran obiy bir ko‘zini qo‘li bilan yopib, shiftga maroq bilan boqdi. «Menga bir ko‘z ham yetadi» deydi Migran obiy betini bez qilib. Bu gapni Xatay turklari lahjasida aytib bergan Jigaryon ota tizzasiga urib qotib kuldi.
100 gektar maydondagi tragikomediya
MS: Og‘o, shu armanila o‘z cherkovi uchakini o‘zlari remont qilar. Lekin bizani uchakni kim do‘shdi. Kimni sotoni chiqib duribdi do‘shikdan.
RT: Ex Matchonboy. Ish yo‘q. Osh yo‘q. Faryod sasi to‘rt tomondan kelmoqda. Investor – o‘g‘ri. Hokim – gangster. Erkaklar – tumso. Xotinlar – beva. Xindistondan kelib bizanikalarni uxlatmoqchi bo‘lgan aprsning o‘zi uxlagani esa tragikomediya. Xindistonlik shubxali investor, MJ Developers kompaniyasi asoschisi Murari Jalan «Toshkent hokimi mendan 100 million dollar cho‘tal so‘radi» deb iddao qildi. Bu Murari deganning oyog‘i toshkentga yetganida Nurbek Alimov doxil o‘nlab balogirlar olqishlab bitik yozuvdi. Murari iddaosiga ko‘ra, Toshkent hokimi undan 2021 yilning mart oyida cho‘tal so‘ragan. Rassom Tuz esa 21 fevral kuni mana bunday deb ogohlantirgan edi.
«Diqqat, hindi moshennik. Sergelida hindistonlik barat Murari Lal Jalanga qarashli «MJ Developers» kompaniyasi «Minerva City» majmuasini quraman deb, 100 gektar joy olgan.
1. Loyiha 100 foiz plagiat.
2. barat Murari Lal Jalan xalqaro firibgarlik sxemalarida odamlarni kidat qilgani uchun sanktsiya ostiga olingan.
3. Lal Jalan obkemoqchi bo‘lgan pul shubhali.
4 Ortiqxo‘jaev nima manfaat evaziga bu hindiga 100 gektar yer berdi?
Bu yozganimga hech kim e'tibor ham bermagandi o‘shanda. Buyuk extimolda xindidan pul olgan parazit blogerlar uning yo‘llariga gul sepish bilan ovora edi. Murarining moshennik ekani haqidagi hujjatlarni ko‘rsatgan tahlilchi «Uning pullari kir. Hech bir o‘zini xurmat qilgan davlat kelib chiqishi shubhali bo‘lgan pullarni sarmoya sifatida qabul qilmaydi» degan edi. Bugun Murari keldi deb sochi bilan ko‘cha supurgan blogerlar joxa biratning tarafini olishmoqda. Oldin aytganimdek bo‘yni bog‘liq it ovga yaramaydi.
Qadimda chinakam ovchi-yu sayohatchilarda ajoyib bir odat bo‘lgan ekan.
Ular o‘rmonnimi, tog‘nimi tark etganlarida o‘zlari panoh topgan g‘or yoki ungurda chaqmoq tosh hamda bir oz tuz qoldirib ketarkanlar.
Toki bu joyga keyinchalik yo‘li tushgan odam ulardan foydalansin deb. Bugungi o‘zbek mulozimlaridan esa kelajak avlodlarga bir siqim tuz qolishiga ham shubham bor.
O‘rgatilgan qush
Senga erk berdilar. Berdilar osmon
Ana yulduzlarni don qilib tergin.
Evaziga faqat so‘ylama yolg‘on,
Evaziga faqat haq so‘z aytib ber.
Yo‘q. Chuchmal chuldirash tinmadi bir dam¸
Shirin shirin sayrar havasga.
O‘rgatilgan qushni ming haydasang ham¸
Uraverar o‘zin qafasga.
(Bu misralarni marxum og‘amiz Matnazar Abdulhakimov yozgan)
MS: Og‘o, quri problema oytosiz. Lekin shu problemani nishatib yechish haqqinda indamiysiz. Hayt deyishdan aldin sichrop chishado‘n yeringaam bir qoromoq garak.
RT: Agar oldimga vazifa qo‘yib «Buni qila olaman» desam ijobiy natijaga erishaman. Agar bu qo‘limdan kelmaydi qabilida qo‘l silkib, «qila olmayman» desam bu xolatda nol rezultatga ega bo‘laman.
Bu frantsuz faylasufi Jan Pol Sartr falsafasi.
Menga juda yoqadi shu falsafa.
Shu paytgacha bu falsafaga amal qilib kam bo‘lmadim. Har doim biror ish boshlar ekanman Jan Pol Sartrning gapini eslayman. Men shu ishni albatta qila olaman deyman.
Xo‘sh, xozir nima istaysan, deb so‘rasalar aniq aytadigan orzuim bor.
Men huddi Singapur va Gruziyada bo‘lgani kabi samarali islohotning O‘zbekistonda amalga oshishini istayman.
Huddi Gruziyadagi kabi barcha militsiya xodimlari bir kunda ishdan bo‘shatilishini istayman.
O‘zbekistonda demokratik sistema qurilishini va bu sistemaning samarali ishlashini ko‘rishni istayman.
Agar, xozir «men buni qila olmayman «, «Buni ko‘rish nasib qilmaydi» desam, huddi shunday bo‘ladi.
Lekin «Men buni qila olaman!», » Buni ko‘rish albatta menga nasib qiladi» desam, huddi shunday bo‘ladi.
Yaratgan niyatimizga ko‘ra bizga amal beradi.
MS: Indi sho‘rda to‘xtang! Yonqi gapni oytiparing!
Assalom O‘zbekiston juma muborak.
@eltuz