Asosiy mavzular
3 fevral 2023

RTdan va'z: Vazirning dilxushligi

Mana xafta charxpalagi aylanib yana siz qora ko‘zlar bilan birgaman. Tog‘ tog‘ bilan uchrashmaydi
MS: Odom odom bilan uchrashadi. Lekin hamma odamgarchilikdan chiqib, it ashaka oylonib getgan yurtda kim bilan uchrashasiz. Oynog‘o qorob, jiik disiszmi, yoshulli!
RT: Matchonboy senda empatiya, ya'ni odamlarga achinish, ularning dardini tushunish hususiyati yo‘q. Odamlarga past nazar bilan qaraysan. Mana tarmoqda koment yozadiganlardan o‘rgan empatiyani. Palonchi xotinini o‘ldiribdi deb yozsak, ha endi o‘ldiradi-da jonidan to‘ydirganidan keyin, deb yozadi. Pistiyonchi bir kampirni sandig‘idagi kapanligini o‘g‘irlabdi desa, o‘g‘irlaydida muxtoj bo‘lganidan keyin, deydi.
MS: Inobi rasmdagi soqqolli sopormat 12 yosh qizni iznaslivat qilib o‘ldirib chuqoloqo diqib getibdi. Odomla bu yezalakni osish garak, dasa Rustam domullo biyimiz hamma pedofillani o‘ldiravarsak, yurtda odom soni kamayadi dap shu urodni tarapini olib yozib chiqdi. Yurt buzilsa eshonnan, mo‘llodan buziladi.
RT: Mullaning aytganini qilu qilganini qilma deyishadi Matchonboy.
MS: Vulani atganinam atmaslik garak, oytqoninam. Bu mo‘llo zotini qo‘lina bel varip, otizo haydash garak. Ishlasin mongloyi qorolo.
RT: Matchonboy, qashshoq ko‘paygan yurtda mulla bilan mashshoq ko‘payadi. Ularning davlat va millatga zararini o‘lchaydigan tarozi hali o‘ylab topilmadi.
MS: Ovong, ishitdim yuldiz hajanani birinchi doyrakash, tapchi arinnan bo‘g‘on Nilupara mukopot baraman dap, onovi Shukrillo razborshik mo‘lloni qudosi Ozot ikki milliard ho‘ko‘motni pilini so‘viparibdi. Odom bo‘miydi bu yetmakla…
RT: XVI-asrda Frantsiya davlatida moliya vaziri bo‘lgan Kardinal Rishele: «Davlatni boshqarish harajatlaridan ko‘ra, qirolning dilxushlarini pul bilan ta'minlash qimmatga tushmoqda», deb yozg‘irgan edi.

Bir kunda 2 milliard

Aytganingdek, yaqindagina abgor infrastruktura bois anomal sovuqdan muzlab qaqshagan davlatning vazirligi bir kunda ikki milliard so‘mni havoga sovurdi. Bukvalno havoga sovurildi byudjet puli.
O‘zbekiston Madaniyat va turizm vaziri qilib tayinlangan shahrixonlik otarchi Ozodbek o‘ziga o‘xshagan otarchilar festivalini o‘tkazish uchun bir kunda 2 milliardni fortochkadan uloqtirdi.
To‘ng‘izdan to‘q, san'at va madaniyatdan yiroq, to‘yda ashla aytadirg‘on Nilupar Usmonovaga “gran pri” berish uchun shuncha byudjet puli sarplandi.
2 milliard so‘m. Atigi 100 yil oldin shahrixonlik Hamdam bachchani to‘yga chaqirib o‘ynatish uchun toshkonlik Saidazimboy ming chervon (bugungi xisobda taxminan 60 ming dollar) harj qilgandi. Ammo Saidazimboy shahrixonlik bachchani davlat hisobidan siylamagan edi. Saidazimboyning hozirgi mulozimlar, xususan shahrixonlik otarchi Ozodbekdan farqi ham shunda.
MS: Kim vu shahrixonli bachcha. Go‘t o‘yinchi o‘g‘lon bolomi?
RT: Shahrixonlik Hamdam bacha haqidagi tarixiy hujjatlarni yaqinda Eltuzda chop qilamiz. Sen Matchonboy gapga ilova sifatida smetani o‘qib chiq.
MS: O‘qidim. Qorsildop uchib, gursildap sing‘oy bulor.
RT: Shu smetadagi bir tiyin ham mamlakat halqi va davlat rivojiga hissa qo‘shmaydi.
MS: Manda bir taklip bo. Bu shahrixonli otarchi tezda ishdan getsin!
RT: Agar kimdir uning muxlisi bo‘lgani uchun uni vazifaga tayinlagan bo‘lsa – bu xato. Muxlis bo‘lsa, uyiga chaqirib, og‘iz-burun o‘pishaversin. Otarchiga bo‘lgan sevgi davlatga bo‘lgan ishonchga rahna solmasin.
Konkret foyda keltirmaydigan dabdaba va ko‘ngilxushliklarni pul bilan ta'minlash to‘xtatilsin. (Bu gapimiz Bosh vazir Abdulla Nig‘matovichga)
MS: Lekin qadim zamonda insop boradi. Masalan poxto planni bajarmagan brgodirni relsni siniqi bilan o‘ldirgan risbuvoni ishitganman. Dissiplina bor adi qodimda.

RASSOM TUZ: YO‘QOLSIN QADIMChILAR

Ota-bobolar tutumi bo‘lgan qadimgi traditsiyalarni «qadriyat» deb aytishdan oldin mana bularni eshit Matchon.

  1. Odam savdosi hozirgi O‘zbekiston hududida bemalol yuritilgan. Xivadagi Kalta minor tagida turkmanlar eron va boshqa joydan tutib kelgan bolalar, ayollar va erkaklarni sotishgan. Xivadagi aksar o‘zbeklarning uyida qul bo‘lgan. Buxorodagi qul bozori haqida Ayniyning «Qullar» romani hikoya qiladi.
  2. Bosqinchilik urushi, qiynoq va odam o‘ldirish ham o‘tmishdagi oddiy traditsiyadir. Xiva xoni Abulg‘oziy yozgan tarixni o‘qisangiz bunga amin bo‘lasiz. Abulg‘oziy turkmanlarni aldab olib kelib, so‘yib tashaganini maroq bilan hikoya qiladi. Madrimxon zamonida xon qahriga uchraganlar Ichon Qal'a devori yonidagi chuqoloqda poshshoblar tarafidan so‘yilgan. Amir Olimxonning Behbudiyni qatl qilganini eslang.
  3. Ayollar yaqin o‘tmishda umuman huquqsiz bo‘lganlar. Ularga «yarimta» deb qarashgan. Xorazmda ayol so‘zining sinonimi – «nochor». Hozir yana ayollarni o‘sha o‘tmishdagi huquqsiz nochor qilish uchun zombilar tirishib yotibdi.
  4. O‘tmishda dahshatli tabaqalanish bo‘lgan. Jamiyat boylar, kambag‘al qashshoq va qullarga bo‘lingan. Chingiz avlodi bo‘lmaganlar davlat rahbari bo‘la olmagan.
  5. Yaqin o‘tmishda odamlar o‘lat, ochlik va boshqa epidemiyalardan o‘lishgan. Xivada saraton, so‘zak, ko‘z kasalliklari, Buxoroda esa rishta degan kasallik tarqalgan. Minglab odamlar oddiy ko‘richakdan o‘lganlar.
  6. Din uchun urushish ham o‘tmishdan meros. Shia va sunniylar o‘rtasidagi qattol qirg‘inlarni eslang.
  7. Odamning gapirgan gapi, yozgan she'ri yoki fikri uchun o‘ldirish, qiynash va inkvizitsiya ham biz «oshiq» bo‘lganimiz o‘tmish haqiqatidir. Nasimiyni tovonidan shilganlar, Mashrabni osib, Avaz O‘tarni jinni deya kaltaklab, Behbudiyni so‘yganlar ham o‘z «bobolarimiz» edi.
  8. Erning etagi tegib ketsa ham bo‘g‘oz bo‘lish, xotinlarning tinimsiz tug‘ishi, bolalar o‘limi ham o‘sha davrlar merosidir. Tug‘ishni rejalamaslik. «Teshik og‘iz bo‘sh qolmas» degan parazit tushuncha ortidan «bemaza qovunninng urug‘i kabi qashshoq ko‘paytiraman» deb, xotinning qornini qappaytirish ham traditsiya, ya'ni otalar merosi.
  9. Erkaklarning xotin-halaj orzu havasi deb, eshshakday ishlashi. O‘n yil hammollik qilgan erning topkani bir kunlik to‘yda havoga uchishi ham «o‘tmish qadriyati»dir.
  10. Ochlik va qitlik davri merosi bo‘lgan ziqnalik, bola-chaqani yaxshi yedirib ichirmaslik ham Qodiriy aytgan «chirkin davr»dan keladi.
  11. Gomofobiya, shovinizm, rasizm, odamlarni jismoniy nuqsoni ustidan kulish ham «buyuk o‘tmish» odatidir. Askiya ichiga berkitilgan pedofiliya targ‘iboti, kal, ko‘r, duduq va cho‘loqlar ustidan kulish. Bu zalolatni urfu odat, yoki san'at deb aytilishi ham bizning «boy merosimiz»
  12. Ko‘rmuridlik, murshid ko‘tini yuvgan suvni talashib ichish. Shayx va avliyo degan din tujjorlari tuzgan sektalar quliga aylanish ham «shonli an'ana»dir.
  13. Savodsizlik. Ilmni va ilm odamlarini «propessor» deya kamsitish. Mana men o‘qimasam ham boyman, degan o‘g‘rilarga oshiqlik ham kechagi kundan bugunga meros.
  14. Fikri aksariyatdan o‘zgacha bo‘lganlarni quvg‘in qilish va o‘ldirish ham zehniyatimiz parchasidir. Furqatni Ërkentga quvganlar ham o‘zimiz. Muhammad Solihni surgun qilgan odam o‘lib ketgan bo‘lsa ham shu xalq unga hanuz sig‘inadi.
  15. O‘risqullik, «o‘ris yaxshi, o‘ris adolatli» deb bilish, o‘risdan qo‘rqish ham otalardan qolgan. Bu johil otalar to o‘lguniga qadar SSSR yaxshi deb bolalari miyasini buzishdi. Arabqullik, shayxu mullalar etagini o‘pib, millatni inkor qilish ham merosdir.
  16. Savodsiz va ikkichi ota onasini donishmand deb bilib «Enam manov gapni aytuvdi, otam SSSRni maqtovdi, amakim «Moskvich» moshinni yaxshi degandi deyish kasalligi ham otamerosdir. Bemaza maqollarni argument qilib ko‘rsatish ham kechagi kun odatidir.

Kerakmi bizga bu traditsiya va otalar merosi? Bu illatlar bizni o‘tmish botqog‘iga cho‘ktirib, ko‘klarga sapchishimizga to‘g‘onoq bo‘lmoqda. Bizga «otalar merosi» va cho‘pchaklar emas, dunyoviy ilm, texnologiya va irfon kerak.
Biz o‘tmishni emas hozirni o‘ylaylik. Xozir va shu yerda, rohatu farog‘atda yashashni o‘ylaylik. Bizga ertakdagi uchar gilam emas, Boing va Ayrobuslar muhim. Moskvich emas, Porsh va Teslalar kerak. O‘risning atom elektrostantsiyasi emas, balki quyosh va shamol energiyasi zarurdir.
Yo‘qolsin istibdod. Yo‘qolsin o‘tmish sarqitlari. Yo‘qolsin qadimchilar. Yashasin texnika va ilm. Yashasin jadid fikrli, botichi yoshlar.
MS: Og‘o, Toshkentda 12 yashar qizni o‘ldirgan pedofil yaqinda qamoqddan chiqib galgan akan. Xozir lyuboy odom udo bilan qomoqdan chiqavaradi akan.
Pedofilga jazo 300 soat ko‘cha supurishmi?
O‘zbekiston – pedofillar uchun jannat. O‘zbekiston Jinoyat Kodeksida pedofiliya uchun alohida modda yo‘q.
12 yashar qizchani bir soqoltoy zo‘rlasa, qolgan soqoltoylar «qizning o‘zida gap bor», «bemahal ko‘chada yurmasin», «g‘unajin ko‘zini suzmasa», deb aljirab boshladi.
9 yoshdan qizlarni erga berish mumkin, deya amri ma'ruf qiladi imomberdilar.
Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida o‘rta yashar pedofil o‘zbek erkak Toshloq mahallasida yashovchi 8 yashar qizni oldin aldab, keyin zo‘rlab olib ketishga uringan paytda qo‘lga olindi.
Uzun tumanining Malandiyon qishlog‘ida yashaydigan 29 yashar usta yigit o‘z hamqishlog‘i, 5-sinf o‘quvchisini avval zo‘rlab, so‘ng o‘ldirdi.
Xo‘jayli shahrida ikkinchi sinf o‘quvchisi, 9 yashar qizchani 35-40 yoshlardagi erkak zo‘rlab qochib ketdi.
Baliqchi tumanidagi beshinchi sinf o‘quvchisini muqaddam sudlangan 36 yashar yigit zo‘rladi.
Bahmal tumanidagi erkak 2-sinfda o‘qigan to‘qqiz yoshli qizchani zo‘rlab bo‘lgach, bo‘g‘ib o‘ldirib, jarlikka tashlab ketdi.
Qo‘qon shahridagi Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida o‘quvchi qizlar jinsiy zo‘rlandi.
Izboskanda 35 yoshli ota o‘z qizini 2 yildan beri g‘ayrioddiy tarzda (orqasiga)jinsiy zo‘rlagani ortidan qamaldi.
Andijon viloyat, Bo‘z tumanida 30 yashar musiqa o‘qituvchisi 1-sinf o‘quvchisini darsdan keyin olib qolib, jinsiy zo‘rladi.
Rossiyada 33 yashar o‘zbek 12 yashar qizchani zo‘rladi (Tula, Piter va hatto Kamchatkada ham yosh qizchalarni zo‘rlagan o‘zbeklar qamalgan)
Rossiyada bu jinoyat uchun o‘zbek pedofillar 20 yilga qamalgan paytda O‘zbekistondagi pedofillar deyarli jazosiz qolmoqda.
2018 yili yosh qizlarga jinsiy tajovuz qilgan qo‘qonlik Yu.M. O‘zbekiston JKning 129 – moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish – tahr)da ayblanib, 1 yilga ozodlikdan maxrum qilingan edi.
O‘zbekiston JKning pedofiliyada ayblanganlarga nisbatan qo‘llanadigan mavjud 129-moddasi «uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari, yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash» jazosini nazarda tutadi.
MS: Ovong duz og‘o. Ina masalan qizlani so‘kkan imomberdi birot, Toshkent tumanidayi «Eshonxo‘ja ota» masjidini sobiq imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromov bo‘lg‘oni uch sutkaga qamaldi. Qamoqdam potyoni urib, konvoyladan exson olib o‘tiribdi bu kispurush.

O‘rta Chirchiq charxpalagi…

Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani hokimi Ixtiyor Kosimov dadasining tug‘ilgan kunida unga “Shevrole Ekvinoks” sovg‘a qildi.
MS: Duz og‘o, bu video ko‘na, kuzda olingan. Moshinam vuncha qimmatmas. 500 million. Oshing halol bo‘sa, ko‘chada ich. Hokimbiratni otosi Rustam akayam piyoda emas.
RT: Hokim vaqtida Toshkent viloyati Fermerlar uyushmasining raisi bo‘lgan. Rustam aka O‘rta Chirchiq tumani sobiq hokimi Olimjon Nurmatovga o‘z o‘rnini bo‘shatib berdi. O‘z navbatida Olimjon Nurmatov o‘z o‘rnini Rustam akaning o‘g‘li Ixtiyor Kosimovga bo‘shatib berdi. Xullas, qo‘ynimizdan olib qo‘njimizga, yoxud Toshkent viloyati elitasi o‘rtasida sipohlar almashinuvi. Ixtiyor Qosimov mashina pulini yemay-ichmay, oyligidan to‘plagan. Ba'zi nafasi sovuqlar mashina ishsiz qolgan yuzlab fermerlar oyligiga olingan deyishadi. Bunisi endi bizga qorong‘u. Hali Olimjon akaning o‘g‘li katta bo‘lib qolsa, Ixtiyor Kosimov o‘z o‘rini unga bo‘shatib berishi bor.
Charxpalagim charxpalak Aylanasan muloyim…

Qadamba qadam

MS: Duz og‘o siza, bir savol mushkulkushoddagi xolpo xotinlar ro‘mol o‘riydi. Lekin navchun qatortoldagi g‘or va ishvalaklaram hijob giyip yuribdi. Klient chaqirish uchunmi? Ë moda bo‘ldimi skafandr giyish.
RT: Xozir Turkiyada terrorchi deya e'lon qilingan Istanbul masjidi sobiq imomi Fatxulloh Gulen «siyosiy islom g‘alaba qilishi uchun kichik qadamlar» tashlab «kichik g‘alabalarga erishishi» kerakligini aytgan edi. Gulenchilar 21 asr boshida Turkiyada hijobga bo‘lgan cheklovlarga qarshi kichik kurash boshlab pirovardida butun davlatni qo‘lga kiritishni rejalashdi. (Bu reja Gulen misolida emas balki Gulenning o‘xshash yaratiqi bo‘lgan Erdo‘g‘on misolida amalga oshgani boshqa mavzu) «Tarixni bilmagan, uni qayta yashashga mahkum» deyiladi Kolumbiya narkobaroni Pablo Eskobar haqidagi netfliks filmi muqaddimasida. Turkiya misolidagi tarixni eslatganimiz shu bois edi. Xullas O‘zbekistonda ham Karimov muzlari erigani ortidan g‘imirlagan siyosiy islom shotirlari Gulen aytgan «qadam ba qadam» uslubini qo‘llashmoqda. Shu kunlarda «birodarlar advokati» Abduvohid Ëqubov boshchiligidagi gurux O‘zbekiston prezidentining bosh kiyim va hijob bilan pasportga rasm tushishni taqiqlovchi qarorini bekor qilish uchun kurash olib bormoqda. O‘R Prezidentining 2018 yil 26 yanvardagi PQ-4079-sonli, xorijiy pasportlarni berish tartibi to‘g‘risidagi qarori va 2020 yil 22 sentyabrda qabul qilingan PF-6065-sonli ID-kartalarni berish tartibi to‘g‘risidagi Farmoniga asosan xijobga bo‘lgan taqiq o‘rnatilgan. Abduvohid Ëqubov guruhidagi «birodarlar» nazarida «sof islom» nuqtaiy nazaridan kelib chiqib, hijob bilan pasportga rasmga tushishga izn berilishi kerak. Ayni paytda ulamolarning ittifoq fikriga ko‘ra, ayolning yuzini fotoda aks etishining o‘zi mumkin emas. Ayolning yuzi, ismi va ovozi avratdir. Rossiyadagi «Golos islama» portali ayolning rasmi hech bir shaklda hujjatda bo‘lmasligi kerak deya oyat va hadislar guvohligida ikki sabab keltiradi.

  1. Ayolning hatto hijobli rasmi ham Qur'on va Sunnatga zid. «al-Axzab» surasi 53 oyat va 59 oyat misolida bu fikr quvvatlanadi. Ayni suraning 32 oyati tafsiri ham pasportda umuman xotin surati bo‘lmasligini taqozo qiladi.
  2. Pasport yoki boshqa hujjatdagi xotin surati erkaklarning shahvatli nazari va bu ortidan keladigan ko‘z zinosiga sabab bo‘ladi. Ya'ni bu suratni ko‘rgan mulozim yoki pasport nazoratidagi erkakning shahvati qo‘zg‘ab extilom bo‘lishi va eng oz ehtimolda fikri buzilishi mumkin. Pasportdagi xotin fotosi shayton chiqib yo‘ldan ozdiradigan ochiq eshikdir, deyiladi «Golos islama» portalida.


Tushunganimiz kabi, xotinlarning hijobli rasmga tushishi diniy muammo yechimi emas, balki din tujjorlarining siyosiy islomni dastaklash yo‘lidagi strategik qadamidir. Navbatdagi qadam nima bo‘lishini Rossiyadagi «Golos islama» portali yaqqol tushuntirib turibdi.

Xulosa shuki O‘zbekiston dunyoviy davlatdir va uning qonunlariga itoat qilishdan keladigan savob, g‘uluga ketgan radikal vahobiy va salafiylar aljirashini tinglashdan ko‘ra ko‘proq.

MS: Ovong yoshulli. Gaplaringiz o‘roqdin do‘ppo do‘g‘ri.

Orqaga qaragan odam oldinga yura olmaydi

Yurayotgan odam boshini sal ko‘tarib oldga qaraydi va shahdam qadamlaydi.
Masalan, u yurayotib ortga qarasa, yoki qanaqa yuryapman deb oyog‘iga qarasa, qoqilib yiqilishi tayin.
Ilk marta velosiped haydagan odam, oyog‘iga qarasa yiqilgani kabi.
Bugungi zamondoshlarimiz tasviri mening ko‘z oldimda nuqul bo‘ynini qayirib ortga qarayotgan bir odamday gavdalanadi.
«Beruniy Amerikani ochgan, Ibn Sino ko‘richakni davolagan, Amir Temur Yevropani qutqargan, Navoiy Ginnes kitobiga kirgan» va hokazo deb nuqul maqtanayotgan bu odamlar laoqal bitta ixtironi patentlamaydi.
Patent olish istagida yurganlar esa eng uzun lag‘mon, eng katta palov, yoki eng ko‘p moshkichiri uchun Ginnesning eshigini qoqishadi.
1928 yil 3 iyul kuni AQShda yashaydigan rus aslli olim Zvorыkin televizor ixtiro qilgan kun sifatida tarixga kirgan.
Bu sana ayni paytda o‘zbek vatanparvarlarini ranjitibdi.
Ularning iddaosiga ko‘ra, birinchi xarakatlanadigan oq qora tasvirli uskuna Grabovskiy tomonidan Toshkentda yaratilgan 1925 yilda. 1928 yilda esa televizon tizim ishga tushirilgan va ko‘chadagi xarakatlanayotgan odamlar universitet ichida turib kuzatilgan.
Balkim shundaydir, lekin patent yoki ishonchli hujjat yo‘q.
Bu juda oddiy, ikkita rus olimi parallel tadqiqot olib borgan. Bittasi Toshkentda, yana biri Pittsburg (AQSh) da. Taqdir taqozosi bilan birinchi TV yoyin AQSh da bo‘lgan. Bilamiz, Grabovskiy Navoiy ko‘chasidagi tramvaylarni TV da ko‘rsatgan. Lekin bu xolat patentlanmagan.
1923 yilda Zvorыkin AQShning Pittsburg shahrida TV namoyish qiladigan priyomnik uchun patent arizasi bergan (US Patent 2141059 of 20.12.1938)
Bu bahs o‘zbeklarning izzat nafsiga tegadi chunki ular Toshkentni TV vatani deb ishonishgan.
Huddi shu ma'noda Toshkentni Rossiya inqilobi vatani deb ham aytish mumkin, zotan Kerenskiy Toshkentda tug‘ilgan. Ëki rus modern poeziyasi vatani deylik, chunki Anna Axmatova o‘zining sara misralarini Toshkentda yozgan.
Gap shundaki, Grabovskiy TV kineskopi ustida ishlayotgan paytda, Toshkent olimlari Abo Muslimning gurzisi necha botmon bo‘lgani, yoki Xazrat alining shamshiri muboraklari necha gaz bo‘lganini tortishiiib o‘tirgan.
Madrasadagi boshqa olimlar esa Kalvak maxsumning oyog‘iga zang taqib, raqs tushib muqom qilganidan mast bo‘lib, «do‘o‘o‘st» deb yaqosiga mushtlagan.

O‘zbek qani?

Zamondoshlarimga beradigan savolim buldur.
Xo‘sh, bugun nimani qoyil qildik. Erishganimiz Karimov davri ixtiro qilgan supurgini ushlab, zarg‘aldoq nimchani kiyib o‘risning ko‘chasini supurganimizmi?
Ëki oliy ma'lumotli filolog qizaloqlarning dunyo islovotini obod qilayotganimi?
Bugun o‘zbek arxeologi Praga magazinida qorovul, o‘zbek tog‘ injeneri esa Pragadagi uylarni qum suvoqdan chiqarmoqda. Bilganim oliy ma'lumotli o‘zbek doktori Amerikada choychaqa evaziga uylarga pitstsa eltadi.
Bu mening bilganlarim, siz ham bunga bilganingizni qo‘shishingiz mumkin.
Bugun Nobel mukofoti olgan o‘zbek olimi bo‘lsa, faxrlangan bo‘lar edik.
Afsuski yo‘q. Berlinda o‘zbek restorani ochib palov ixtiro qilayotganlar bor, lekin ilm fan texnologiya sohasida biror arzirli ish qilgan eldoshlar bormi, bor bo‘lsa aytinglar faxrlanaylik.
Qo‘limizdagi telefonni, tizzamizdagi labtopni Stiv Jobs ixtiro qilgan, munozara yuritayotganimiz Feysbuk sahifasi esa Tsukerbergning ixtirosi.
Egnimizga kiygan kuylak ham g‘ayur dizaynerlarning maxsuli.
O‘zbek qani, o‘zbek? Bu savolga 1983 yilda shoir Muhammad Solih «o‘zbek paxtada» deb javob bergan edi. Bugun ham o‘zbek narvonning eng past tishida turibdi.
Oti o‘zgan yeri yo‘q uning.
U mansub bo‘lgan jamiyatning bitta ulgisi bor, u ham bo‘lsa Shimoliy Koreya.
Hullas o‘tmishdagi boboylarni tinch qo‘yaylik.
Bir joyda qotib qolib, hadeb orqaga qarayvermaylik.
50 yil oldingi urushdagi qaxramonligini hadeb takrorlayveradigan ezma cholga o‘xshamaylik birodarlar.

G‘oz turib oldinga yuraylik! Viam supervadet vadens

Yurgan odamgina manzilga yetadi. «Dorogu osilit iduщiy»
Bugun internet sahifalarida nik ostiga yashirinib, voh o‘ldim deb zorlanayotganlar o‘zgarish yo‘lida bir qadam tashlashga qo‘rqadilar.
«Bundan ham yomon bo‘lsa nima qilamiz» deb o‘ylashadi va o‘tirishaveradi ox voh qilib.
Jek Londonning «Uch qalb» asarida harakatsiz turgan odamni yutadigan dahshatli qum sahrosining tasviri bor.
O‘zbekiston rejimi ham shunday sahro. Odamlar harakatsiz bo‘lgani sayin ko‘proq yerga kirmoqda.
Kecha tizzalarigacha kirgan bo‘lsalar, bugun bellarigacha, vallahi a'lam ertaga bo‘yinlarigacha jimgina yerga kirishga tayyorlar.
Ex, Konfutsiy, Konfutsiy seni o‘qigan sayin ko‘p narsani tushuna boshlayman.
«Eng muhimi bir joyda turmaslik, ilk qadamni tashlashga jur'at topish.» deya yozganingda naqadar haq eding sen.
Men Qoraqum va Qizilqum yoqasidagi Xorazmda ulg‘aydim.
Qumda yo‘ldan adashishning badali o‘lim ekanini har bir xorazmlik biladi.
Lekin hadaf aniq bo‘lsa, qumda ham, sahroda ham uzoq manzilga yetish mumkin.
Huddi ingliz maqoli kabi » A journey of a thousand miles begins with a single step»
Ming mayl masofa ham ilk qadamdan boshlanadi deb tarjima qilsak, bu maqolni.
Yana ne deyin.
Nega jim bu xalq? Nog‘orani urmaguncha ovozi chiqmaydi desak to‘g‘ri emas. Urish, so‘kish, kamsitish bo‘lsa shunchalik bo‘lar.
Bundan atigi 30 yil burun bu millatning o‘zgarish ishtiyoqi Boltiqbo‘yi ellari bilan bellashgan ediku.
1989 yilning avgust oyida taqdir taqozosi bilan Urganchdagi «Spartak» stadionida ilk mustaqil miting tashkilotchilaridan biri edim.
«Erk va mustaqillik» degan shior ostidagi bu mitingda nutq so‘zlamog‘im kerak edi.
Ammo tashkiliy ishlar bilan bo‘lib, nutq yozishga ulgurmadim. Rassom o‘laroq nutq yozishga no‘noq edim.
Bu nutqni do‘stimiz, xozirda taniqli islomshunos olim Abdurashid Zohidov yozib berganligini minnatdorlik bilan eslayman.
Nutq «YuRAYLIK» deb atalgan edi. Bu nutq nima haqda ekani aniq esimda yo‘q¸ lekin so‘nggi jumla esimda.
Bu so‘z «yuraylik «degan so‘z edi.
Biz bu so‘z qanotida maydonlarni to‘ldirdik. Farg‘ona vodiysi, Toshkent va Qashqadaryo maydonlarida yurishlar boshlandi.
Millat yura boshlagan edi.
Ammo sal o‘tmay, harakat sardorlari TV ga chiqib «yurishni to‘xtatinglar» deb amr qilishdi.
Balki taktik jihatdan to‘g‘ri bo‘lgan bu qarorning strategik hato bo‘lganiga so‘nggi 23 yil guvohlik beradi.
Yurmay qo‘ygan odamni yer yutgani kabi bizni ham yer yutdi. Mana 23 yildirki karimovchilar ustimizni tepkilashadi. Balkim yetar.
Balkim o‘rnimizdan g‘oz turib ilk qadamni qo‘yarmiz. Balki biz ham yurib, yo‘qotgan yo‘limizni topib olarmiz.
Bormi shunday istak?
O‘tgan kuni Germaniyada jahondagi eng yirik rentgen ishga tushdi. Yangi moslama olimlarga atomlar, viruslar hamda kimyoviy reaktsiyalarni kuzatish imkonini beradi.
Bu haqdagi maqola tagiga izoh qoldirgan yurtdoshlar «Nima u?» deb yozishgan.
Ammo 8 tonnalik palov haqidagi habarga hech kim «Nima u?» deb savol bermaydi.
Shu o‘rinda mening ba'zi mulohazalarim bor.
Avvalo jadid otamiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning 1915 yili «Oyna» jurnalida nashr qilingan maqolasida «ilmu irfon o‘rniga osh pishirip maqtanadiganlar» holati «Bizni kemirguvchi illatlar» deb sarlavhalagan edi. Ya'ni millat taraqqiysiga hizmat qilmaydigan bunday odatlarni Behbudiy bobomiz yoqlamagan edi.
Shu o‘rinda bir narsani esladim.
1993 yilda Myunxendagi Ozodlik radiosida ikki kun mehmon bo‘ldim. 1953 yilda Ozodlikdagi Turkiston dasturini yaratganlardan biri O‘roltoy aka degan yoshi katta turkiyalik qozoq amaki bilan suhbatlashdim. Shunda u kishi o‘sha yillari Myunxenda ishlagan o‘zbek jurnalistlari nuqul ovqat pishirganini gapirib beraverdi deb eslagan edi. «Men bir plov jasadim¸ men mashkchiri jasadim deb ertayu kech so‘yleb jatishar edi» degan edi Nuriltoy aka. U kishining eslashicha boltiq bo‘yi va kavkazlik jurnalistlar ko‘proq siyosat, erkinlik va texnika taraqqiyoti haqida baxslashgan bir paytda biznikilar sho‘rvaga qanday et solishni soatlab muhokama qilishgan. Men o‘shanda O‘roltoy akaga bu jurnalistlar ikkinchi jahon urushidan keyingi ocharchilik yillarida och qolib ketib nuqul ovqat haqida o‘ylashgan, qorni to‘yganidan keyin boshqa narsalarni ham o‘ylaydi, deb e'tiroz bildirgandim.
Afsus oradan 30 yil o‘tdi, qorni to‘yib meshday bo‘lib ketgan millatdoshlarimni ko‘proq uchrata boshladim.
Ammo mavzu yana o‘sha kulinariya va gastronomiya.
«8 tonalik osh pishirdik, mag‘rurlanmaysizmi?» deydi FB yuzeri menga.
Har holda mag‘rurlanmayman. Bundan 100 yil oldin «Millat oshqozon haqida emas, taraqqiy va irfon haqida o‘ylasin» degan Behbudiy bobo o‘gitini anglagan shogird sifatida 8 tonnalik yemak bilan faxrlana olmayman.
Agar u 80 tonna bo‘lsa ham.
Al Xorazmiy bobom 0 raqamini kashf qilganidan va bu ixtiro zamonaviy digital tizimga asosiy motor bo‘lganidan fahrlanaman.
Afsuski, 21 asrdagi biror muhim kashfiyot yoki insoniyat hayotini yanada qulay quluvchi biror ixtiro O‘zbekiston olimlari tarafidan tadbiq qilinmadi.
O‘zbek astronomlari birorta ham yangi yulduz kashf qilmadi.
O‘zbek vrachlari birorta ham olamshumul yangi dori o‘ylab topmadi. O‘zbek kimyogari¸ fizik yoki biologi Nobel mukofoti olmadi…
Birorta o‘zbek kinosi Oskar tugul palma yaprog‘iga ham loyiq topilmadi.
Xolbuki 21 asrda AQSh olimlari Marsda suv borligini aniqlashdi, yapon olimlari esa inson miyasidan chiqayotgan impulslarni sanaydigan mashinani yaratdi. G‘arb olimlari bizdan 25 yorug‘lik yili uzoqlikdagi sayyoralar majmuini topishdi. Yaponlar tabiiy yo‘l bilan insonning to‘qima hujayrasini yaratishdi. Tadiqiqotchilar eng qadimiy gazni topishdi. Bu gaz bedavo kasallarni ilk paytdayoq aniqlashga yordam beradi. Elektromobil, smartfon, va planshetlarning yangi avlodi ustida ham o‘zbeklar ish olib bormayapti…
Ular temir qozon tagiga olov yoqib, guruch pishirib, «voy biz qanday zo‘rmiza» deb kerilib, kekirib o‘tirishibdi.
Jadidlarning 100 yil oldin orzu qilgan taraqqiyot haqidagi gaplari oshqozon instinktidan nari o‘tmaydigan qavm tarafidan chetga surib qo‘yildi.
MS: Sho‘rda to‘xtop, qo‘lni ochip uring potyani. Keyin yonqqi gapni oyting!
Assalom O‘zbekiston, Juma muborak!

@rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
5 iyul 2018
Muhammad Bekjon o‘z kitobining navbatdagi bobida 2003 yilning 8 mayidagi voqealarni tilga oladi. O‘sha kuni u «Frans press», IWPR, ...
15 iyun 2016
15 iyundan 25 iyungacha, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Turkmanistondan O‘zbekistonga odamlar, yuklar va transport vositalarining o‘tishi to‘xtatiladi. O‘sh viloyatining ...
17 sentyabr 2016
Shavkat Mirziyoev muvaqqat prezidentlikka tayinlanishi ortidan kriminal doiralar tag‘in hokimiyatga qaytib kela boshlashdi. Hukumatdagi bir qancha mulozimlar ishdan bo‘shatildi, ...
23 fevral 2017
23 fevral kuni bir biriga tutash ko‘p qavatli binolarda yirik yong‘in yuz berdi. Yong‘in Chilonzor tumanidagi, «Mirzo Ulug‘bek» metro ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...