Catira
17 sentyabr 2018

Non narxi oshdi, kambag‘alning aqli shoshdi

Bir vaqtlar Islom Karimov nonning narxini oshirmaymiz, deb katta va'da bergan, lekin keyinchalik ko‘p bora kuzatilganidek, o‘z va'dasining ustidan chiqmagan edi.

Shavkat Mirziyoev nonning narxini oshirmaymiz, deb va'da bermadi, lekin uning davrida qolipli non, ya'ni buxankaning narxi bozor talabi asosida erkin belgilanadigan bo‘ldi.

15 sentyabrdan boshlab O‘zbekistonda shu paytgacha 650 so‘mdan sotilayotgan buxankaning narxi 1200 so‘mga chiqdi. Ba'zi joylarda esa bunday non 1100 so‘mdan sotilmoqda.

Shu paytgacha hukumat nonning narxini subsidiyalab kelayotgan edi. 650 so‘m qilib 2014 yilda belgilangan narx shu kungacha o‘zgarmay turgandi.

Hukumatning yangi qarorini sharhlagan ayrim nashrlar fermerlar arzon buxankani omixta yem o‘rnida ishlatib, molga berishgacha borib yetgani yozdi.

Endi esa hukumat subsidiyalashning yangi shakliga o‘tdi. Ya'ni non narxi oshishidan ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamni himoyalash uchun ularga har oyda eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida pulli kompensatsiya to‘lanadi.

Bu pul yoshga, nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlikka doir va boshqa ayrim sabablarga ko‘ra nafaqa oluvchilarga beriladi.

Bundan tashqari, hukumat narx-navo oshishining oldini olish maqsadida bir kg bug‘doy uni uchun 1400 so‘m miqdorida yagona narx belgiladi.

Ammo bu ham vaqtincha. Mamlakat non sotishning yangi tartibiga moslashuv davridan o‘tganidan so‘ng un ham erkin bozor narxida sotiladigan bo‘ladi.

Albatta, O‘zbekiston hukumatining bu qarori erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tish zarurati bilan izohlansa-da, aholi o‘rtasida non narxi o‘sishidan norozilik paydo bo‘lgani tabiiydir.

Birinchidan, asosan, shaharlarda kambag‘allarning asosiy yeguligi aynan buxanka nondir. Har kuni nonvoylar yopadigan nonni sotib olishga ularning qurblari yetmaydi.

Ikkinchidan, buxanka nonning qimmatlashuvi ortidan yopgan nonning ham narxi oshishini kutish mumkin.

Zero, shu paytgacha buxankaning arzonligi yopgan nonning haddan tashqari qimmatlashib ketishi oldini olib turgan “jilovlovchi omil” vazifasini bajarib kelayotgan edi.

Albatta, aholi hukumatning yangi qaroridan ochiqchasiga norozilik bildirish darajasiga borib yetmaydi. Chunki buni “bo‘lari bo‘ldi” qabilida, ya'ni yuz berib bo‘lgan, endi uning oldini olish mumkin bo‘lmagan holat sifatida qabul qiladi.

Shunga qaramay, O‘zbekistonda buxanka non narxining oshishi kishilarda ichki norozilik uyg‘otmay qolmaydi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 may 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobining 23-qismi. Matnning audioversiyasini muallifning o‘zi o‘qigan. Audiokitobning boshi va oldingi qismlari “Eltuz»ning ...
28 yanvar 2016
Prezidentlikni xohlamasangiz, birinchi xonimlikka nima deysiz? Sputnik internet nashri O‘zbekiston prezidentining kenja qizi Lola Karimova Instagram dagi rasmiy sahifasida ...
19 yanvar 2019
Taniqli o‘zbek teatr va kino aktyori Po‘lat Saidqosimov 87 yoshida Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazidagi 6 coat davom etgan ...
24 aprel 2023
Bu yil O‘zbekistonda Yoshlar ittifoqi tashkilotining o‘tmishdoshi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashkil topganiga 19 yil to‘ladi. Eski komsomol o‘rniga ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...