Asosiy mavzular
15 fevral 2023

600’32: Aynigan Oliy ta'lim vaziri, 16 yashar o‘g‘ri, Turkiyadagi zilzila va Argentinaga qochayotgan ruslar

Salom qadrli muxlislar, e'tiboringizga Eltuz «600 sekund»ning  navbatdagi sonini taqdim etadi.

Oltinsoylik 10-sinf o‘quvchisi “Oqarbuloq” mahallasidagi do‘konga yarim tunda o‘g‘irlikka tushib, 13 dona telefonni o‘marib qochdi. 

O‘quvchi do‘kon eshigini bolta bilan urib sindirgan.

Olib borilgan tezkor tergov harakatlari natijasida mazkur jinoyatni Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida yashovchi voyaga yetmagan 10-sinf o‘quvchisi 16 yoshli M.Sh. sodir etkanligi aniqlanib, undan jami 10 dona telefon apparatlari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi. 

Mazkur holat yuzasidan Oltinsoy tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan voyaga yetmagan M.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 169-moddasining tegishli bandlari (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘g‘rigina bola 3 ta telefonni Termiz bozorida 3 millionga sotvorishga ham ulgurgan. 

Oliy ta'lim muassasalari rahbarlari bilan onlayn formatda kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazgan akademik Ibrohim Abdurahmonovning O‘zbekiston ta'lim tajribasida misli ko‘rilmagan g‘oyalarni ilgari surgani tarmoqda jiddiy e'tirozlarga sabab bo‘ldi

Jumladan uning taklifiga ko‘ra endilikda: 

1.  Oliy ta'lim muassisalari bitiruvchilarga ish topib berishi shart, aks holda ularning faoliyati tugatilishi mumkin. 

2.  Rektorlarga o‘z xodimlarining farzandlari bilan maktub orqali yozishmalarni yo‘lga qo‘yishi tavsiya etilgan. 

Akademik janoblariga ko‘ra, rektor o‘z xodimining oilasidagi muhitni o‘rganish orqali jamoadagi muhitni yaxshilashi mumkin.

Gapning ochig‘i endilikda institut raxbarlari kishi talabalarga yetarli bilim berish o‘rniga, mehnat birjasi yoki mardikor bozori dalloli vazifasini bajarishi kerak ekan. Aks holda universitet/institut yopilishi mumkin ekan.

Shuningdek vazir mantig‘i bilan ish tutadigan bo‘lsak, rektorlar o‘z qo‘li ostidagi domlalarning xotinlari va o‘g‘illariga SMS yo‘llab turishi kerak bo‘larkan. 

Keling, buni gipotetik ravishda tasavvur qilib ko‘raylik. Namangandagi oliygoh rektori qo‘li ostidagi o‘qituvchining xotiniga telefon qilyapti:

“Rohat opa assalomu alaykum, man eringiz Rustam aka ishlaydigan universitet rektori bo‘laman. Bu maktubni yozishdan maqsadim – oilangizdagi muhitni o‘rganish orqali jamoamizdagi muhitni yaxshilash bo‘lyapti. Shu maqsadda mana bu savollarga to‘liq javob bersangiz: Eringiz ishdan o‘z vaqtida kelyaptimi? Notanish ayollar bilan gaplashmaydimi? Oyligini o‘z vaqtida sizga beradimi? Uyda farzandlaningiz bilan tarbiyaviy ishlar olib boryaptimi? Ishdan mast kelgan paytlari bo‘lganmi?”

Vazir janoblari, mabodo Marsdan tushganingiz yo‘qmi? Qaysi rektor bir notanish ayolga (yoki yigitchaga) SMS yo‘llab, eri (yoki otasi)ning yurish turishi, oiladagi tarbiyaviy muhitni muhokama qiladi? 

Shusiz ham o‘zbek xalqi savodsiz raxbarlar qo‘lidagi tajriba quyoniga aylanib qolmoqda! 

Namanganda terrorchi gurux yetakchisi qamaldi.

Namangan shahrida yashovchi, 1991 yil tug‘ilgan. S.M. ijtimoiy tarmoqlar orqali destruktiv kuchlar ta'siriga tushib qolgan va natijada «Telegram» messenjerida virtual guruh tashkil qilgan. 

Guruhga Namangan shahrida yashovchi, 1986-1995 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 9 nafar shaxs a'zo bo‘lgan. 

O‘z navbatida, S.M. guruhga terroristik va ekstremistik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan «Sodiq Samarqandiy», «Abdulloh Zufar», «Abdulloh Buxoriy», «Mahmud Abdulmo‘min», «Abu Saloh»larning «hijrat» va «jihod» to‘g‘risidagi ma'ruzalarini joylab, guruh a'zolarini Suriyadagi «Tavhid va jihod katibasi» terroristik tashkiloti safiga qo‘shilishga da'vat qilgan. 

DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining viloyat IIB bilan hamkorlikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi. 

Hozirda holat yuzasidan S.M.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 2441-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Shuningdek, guruh a'zolarining xatti-harakatlariga nisbatan ham tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Ayni paytda nafaqat destruktiv kuchlar ta'siriga tushgan yoshlar balki ayrim o‘zbek rahbarlari ham oshiq bo‘lib tagida to‘nqayishni orzu qiladigan terrorchi bachchaboz toliblar Afg‘onistondagi ulug‘ o‘zbek shoiri Navoiy haykalini ontarib tashladi.

O‘zbek iskovuch iti ikki odamni qutqardi. Turkiyaga O‘zbekistondan maxsus olib borilgan ickovuch it vayronalar orasida 160 soat yotgan 62 yashar  Samet Genco va 60 yashar Seval Genco yotgan joyni aniqladi. 

Shundan keyin o‘zbek, turk va meksikalik qutqaruvchilar bu ikki dapramzada ustidagi betonlarni ochib ularni qutqardi. 

Yer qimirlash oqibatida  Shonliurfada o‘lgan  Namanganlik 42 yoshlik  xotin jasadi O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulxonasi sa'y harakati bilan Istanbuldan  Toshkentga yuborildi. Avvalroq zilzilada qurbon bo‘lgan boshqa bir 40 yashar namanganlikning jasadi joriy yilning 11 fevral kuni Toshkentga yuborilgan edi.

Turkiyadagi O‘zbekiston konsulligi bergan ma'lumotga ko‘ra, Qahramonmarash viloyatida bedarak yo‘qolgan o‘zbekistonliklardan biri – Boybekov Rashid Anvar o‘g‘li topilgani xabar qilindi.

1996 yilda tug‘ilgan Akramjon Xoshimov Malatya viloyatidagi vayronalar ostidan chiqarilgan va hozir Medipol Mega shifoxonasida davolanmoqda.

1982 yil Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tug‘ilgan Shotirbekova Asal Hatay viloyatida binolar orasidan qutqarib chiqarilgan.

Shuningdek O‘zbekiston zilziladan zarar ko‘rganlarni davolash uchun Xatayda dala gospitali ochdi.

Turkiyadagi zilzila hududida o‘lik to‘novchi marodyorlarga qarshi kurash uchun Adana politsiya departamentining «Aksilterror» guruhi jalb qildi. Guruh erishgan ilk natijaga ko‘ra 6 kishilik marodyorlar to‘dasi ushlandi. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda qo‘lga olingan marodyorlarning kaltaklanayotgani aks etgan videolar ko‘plab tarqatilmoqda.

Eronda Edaalate Ali deb nom olgan xakerlar guruhi Islom inqilobining 44 yilligi munosabati bilan davlat TVsida ko‘rsatilayotgan onlayn-translyatsiyani uzib, uning o‘rniga o‘z roliklarini namoyish qilishdi. Rolikda ular eronliklarni norozilik namoyishlarida ishtirok etishga va «korruptsiyaga botgan rejim» banklaridan pullarni olib chiqib ketishga chaqirishgan. Rolik oxirida xakerlar Tehron rejimi va uning oliy rahbari Ali Xomanaiyga o‘lim tilashgan.

Yaqinda Ukrainadagi o‘lgan rus xarbiylarining bevalariga sovg‘a qilingan shubalar haqida video tarqalgan edi. O‘sha shubalar Xersondagi do‘kondan o‘g‘irlangan matohlar bo‘lib chiqdi. Butik egasi bo‘lgan Yelena ismli ayol o‘z mollariga qadalgan yorliqlardan taniganini aytgan. Do‘kondorning aytishicha, u 2022 yilning 25 fevralidayoq chet elga ketishga majbur bo‘lgan, do‘koni esa keyinchalik rus ishg‘olchilari tomonidan talangan.

«Vagner» xususiy harbiy shirkati safiga yollangan rus askarining onasi XHSh rahbari Yevgeniy Prigojinga o‘g‘lining o‘ligini olib kelib bergani uchun tashakkur aytdi. Bunday absurd minnatdorlik murojaatini faqatgina Rossiyada ko‘rish mumkin bo‘lsa kerak.

Kreml bulbulchasi (Vladimir Solovyov) armiyaga yangi chaqirilgan 18 yashar bolalarni Ukraina urushiga yuborish haqida chiranib og‘iz ko‘pirtirayotgan bir paytda uning 21 yoshli o‘g‘li Daniil tirnoqlarini bo‘yab, reklamalarda suratga tushib yurgani ma'lum bo‘ldi. Urushga borish taklifini esa «bulbulo‘g‘li» model agentligi bilan tuzilgan shartnomasini ro‘kach qilib, rad etgani Rossiya pabliklarida Z-patriotlarning ham g‘azabini junbushga keltirmoqda.

Rossiyadan uchib kelgan 18 ta bo‘g‘oz xotin Argentinaga qo‘yilmadi. «Yolg‘ondakam turizm»da ayblanayotgan bu ayollar Buenos-Ayres aeroportining tranzit hududida tutib qolindi. Ular tug‘ilajak bolasiga Argentina pasporti olish uchun bu mamlakatga ataylab kelayotganlikda gumonlanayotgan ekan. Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili Argentinaga 2500 dan ortiq Rossiyalik borgan, ulardan ko‘pini homilador ayollar tashkil qilgan.

O‘zbekiston aholisining 16,5 foizi tamaki chekishi aniqlandi. Chekish nafaqat cho‘ntakka balki sog‘liqqa ham zarar.

Bu Eltuz kanalidan so‘nggi 600 cekund ichida sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimiz edi. Kun davomida biz bilan qoling, kanallarimizga obuna bo‘lishni unutmang.

@eltuz

Tag‘in o‘qing
8 fevral 2018
Bir guruh o‘zbek faollari va huquq himoyachilari 5 fevral kuni O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovga yodgorlik yaratmaslikni so‘rab britaniyalik ...
4 avgust 2020
O‘zbekistonda turli matnlarda, kontekstlarda, hatto rasmiy hujjatlarda ko‘p ishlatiladigan “buyuk ajdod” tushunchasidan voz kechish kerak, deb o‘ylayman. Buning sababini ...
18 may 2017
Shahrixon tumanida yuz bergan ommaviy zaharlanish muzqaymoq biznesiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Andijon shahridagi o‘nlab muzqaymoq do‘konlarida savdo 30 % ...
17 oktyabr 2020
15 iyul kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida 8 yoshli qizni 29 yoshli M.Z. erkak maktab hojatxonasida zo‘rlamoqchi bo‘lgan. Bu ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...