600’34: Toshkentda ushlangan «radikallar», kulgiga qolgan oliy ta'lim va Putinning bakovuli…
O‘zbekiston Suriyaning zilziladan jabr ko‘rgan hududiga 50 tonnaga yaqin insonparvarlik yordam yukini jo‘natdi. Avvalroq Turkiyaga ham 170 tonna gumanitar yordam yuborilgan edi.
***
Toshkentlik 47 yashar erkak bir yil oldin ketib qolgan xotinini liftdan chiqayotgan paytda poylab turib pichoqlab tashadi. Er qamoqda, xotin bannisada. Xotin o‘lmagani uchun er 5 yilga qamaldi.
***
Shvetsiya vatandoshligini olgan O‘zbekiston fuqarosi Muzaffar Mirzaev Toshkent aeroportida qo‘lga olingan. Mirzaev diniy ekstremizmda ayblangani aytilmoqda.
***
Toshkent shahrida Xurshid Nodirov ismli fuqaro musulmon bo‘lmaganlarni «faqat so‘yish» kerakligi bilan tahdid qilgani ortidan 15 kunga hibsga olindi. Eltuz insayderiga ko‘ra, unga tegishli telefon va kompyuterlar ekspertiza tekshiruvidan o‘tkazilishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 31-moddasiga ko‘ra O‘zbekistonda «hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.»
***
Oliy ta'lim vaziridan navbatdagi «shedevr»: OTMlarga talabalarni odobiga ko‘ra guruhlarga ajratish topshirig‘i berildi.
14 fevral kuni respublikadagi barcha OTM rektorlari va filial direktorlariga oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov tomonidan «shoshilinch» yorlig‘i bilan topshiriq yuborilgan.
Unda OTM rahbariyatiga barcha talabalarni shartli 3 guruhga bo‘lish: jinoyatchilikka moyil, yot g‘oyalar ta'siriga tushish arafasidagi va tartib-qoidalarga rioya etmaydigan talabalar ro‘yxatini shakllantirish va ularga vazirlik, OTM rahbar-xodimlarini biriktirish, ota-onalar bilan suhbatlar tashkil etib borish topshirig‘i berilgan. Shuningdek, talaba ijtimoiy tarmoqlardagi fikr va maqolalarga tizim sha'nini himoya qiluvchi izohlar yozdirish topshirig‘i ham bor.
Vazir tomonidan o‘tkazilgan majlisda topshiriq ijrosi bo‘yicha sifatli ma'lumotlarni 3 kunda tegishli manzilga birinchi rahbar imzosi bilan tasdiqlagan holda yuborish so‘ralgan. Talaba qaysi mezonlar asosida jinoyatchilikka moyil deb topilishi haqida esa xatda hech qanday izoh yo‘q.
Bundan bir hafta avval vazirning OTM raxbarlari o‘qituvchi va professorlar ahloqini uning oilasi bilan muhokama qilishi kerakligini aytib tarmoqda kulgiga qolgan edi.
***
Toshkentdagi Ichki kiyimlar do‘koniga qarshi «jihod» qilgan, lekin aslida o‘zi uyat kontentlar yaratadigan tik-tok foydalanuvchisi tekshiruv boshlangani ortidan prezidentdan kechirim so‘rab chiqdi.»Fetishist» telefonidan jihod va o‘ldirishga chorlovchi nashidalar ham chiqqan. U sud qarori bilan jarimaga tortildi. Bundan oldin uning to‘shakda yotib qizlar bilan shakarguftorlik qilgan uyat videolari ham tarqalgan edi.
***
Chimkentda xaridor qurol do‘konida otishma sodir etdi va sotuvchini yaraladi. U ko‘chaga chiqqan va otishmani davom ettirgan. Erkak qo‘lga olingan. Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, qurolli shaxs O‘zbekiston fuqarosi 50 yashar Erkinjon Ismoilovdir.
***
Qozog‘istonning Moliyaviy monitoring agentligi Rossiya bug‘doyining «yashirin importi» bo‘yicha sxemani aniqladi. Aytilishicha, Rossiyada yetishtirilib, qog‘ozlarda Qozog‘istonnikiday ko‘rsatilgan 8,3 ming tonna bug‘doy 2021-2022 yillarda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Tojikistonga eksport qilingan. Bu sxema tufayli Qozog‘iston g‘aznasiga qariyb 340 ming dollar kelib tushmagani qayd etilmoqda.
…
Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on yer silkinishlari oqibatida mamlakatning janubi-sharqida 118 mingta turarjoy ob'ekti vayron bo‘lgani yoki jiddiy shikastlanganini bildirdi. Erdo‘g‘onning aytishicha, bu uylarning hammasi butunlay buzilib, qayta qurilishi kerak.
***
Turkiya Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu 20 fevral kuni Hatay viloyatida ro‘y bergan yer silkinishida 3 kishi o‘lgani va 213 kishi yaralanganini bildirdi.
***
O‘zbekiston Mudofaa vazirligining ko‘chma gospitali Turkiyaning Xatay viloyatida jabrlangan 2000 ga yaqin kishiga yordam ko‘rsatdi. Bu xususda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bildirdi.
***
Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni Turkiya janubida, Suriya bilan chegara yaqinida 6,4 va 5,8 magnitudali ikki marta yer silkinishi yuz bergan. Zilzila epitsentri Turkiyaning Hatay viloyatidagi Antakya shahri yaqinida joylashgan.
Natijada Hatay viloyatida elektr ta'minoti uzilib, bir qancha binolar vayron bo‘lgan. Odamlar vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Yer silkinishlari Suriya, Misr, Livan va Iordaniya hududlarida ham sezilgan.
6-fevralga o‘tar kechasi Turkiya janubi-sharqida va Suriya shimoli-g‘arbida 7, 8 magnitudali yer silkinishi yuz bergan edi.
Natijada hozirgacha ikki mamlakatda qurbonlar soni 45 ming kishidan oshdi.
***
AQSh prezidenti Jo Bayden Kievni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashga va'da berdi
Bu haqda u Kievga tashrifi chog‘ida ma'lum qildi, deya xabar beradi Ey-EF-Pi nashri.
Bundan tashqari, u Ukrainaga yangi muhim qurollar, jumladan artilleriya o‘q-dorilari, tankga qarshi tizimlar va havo kuzatuvi radarlari berilishini e'lon qildi.
AQSh prezidenti, shuningdek, Rossiya elitasi va Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlovchi kompaniyalarga nisbatan qo‘shimcha sanktsiyalar joriy etishga va'da berdi.
Zelenskiy Bayden bilan uzoq masofaga uchuvchi qurollar masalasini muhokama qilganini aytdi, deb xabar beradi Reyters.
***
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi o‘z vatandoshlarini yaqin kunlar ichida Rossiyaga bormaslik va ayniqsa 20 fevraldan 26 fevralgacha ehtiyot bo‘lib turishga chaqirdi.
***
Putinning bakovuli, Yevgeniy Prigojin o‘z qo‘li ostidagi «Vagner» xususiy harbiy shirkati askarlariga o‘q-dori yetishmayotganidan arz qildi. Shunday, urushning xamirturushi bo‘lish, bu chor poshsho dasturxoni uchun pirog tayyorlash degani emas.
…
Prigojinning ayni chiqishidan sal ilgari Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘z telegram-kanalida vagnerchilarni maqtab chiqqan edi. Bangilar va qotillar guruhiga havas bilan qaragan Putinning to‘pponchasi «davlat xizmatidan ketganidan keyin» o‘zi ham xususiy harbiy shirkat ochish istagini bildirgan.
***
Moldovalik muxolifatchilardan bir guruhi yakshanba kuni Kishinyovda namoyish o‘tkazib mamlakat prezidenti Mayya Sanduning iste'fosini talab qilishdi. G‘arb qadriyatlariga yaqin bo‘lgan Sanduga qarshi norozilik aktsiyasi Rossiyaning propagandist OAVlari tomonidan zo‘r berib yoritilmoqda.
***
AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp yana prezidentlikka saylanib qolgan taqdirda Ukrainadagi urushni bir sutkani ichida to‘xtatishni va'da qildi. «Men ikki kishiga — Putin va Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilaman. Ularga: «Biz uchrashishimiz shart», deyman. Men bu masalani hal qila olishimizga kafolat beraman… Biz 24 soat ichida kelishuv tuzamiz», dedi Tramp. Ukraina urushi oldidan Rossiya siyosatchilari ham Kievni uch kunda olishni va'da qilgan edi. Lekin orzular bilan amallar har doim ham bir biriga muvofiq kelavermaydi.
***
Niderlandiya Rossiyaning Gaaga elchixonasidagi rus diplomatlari shtatini qisqartirish niyatida. Bu haqda bildirgan mamlakat tashqi ishlar vaziri Vopke Xukstraga ko‘ra, 20 fevraldan Niderlandiyaning Peterburgdagi bosh konsulxonasi, 21 fevraldan esa Rossiyaning Amsterdamdagi savdo vakolatxonasi yopiladi. Xukstra buning boisini, Moskva diplomat niqobi ostida razvedka xodimlarini yuborishda davom etayotgani bilan izohlagan.
***
«Vatan bu o‘pilishi lozim bo‘lgan prezidentning keti degani emas!» Bu iqtibos Rossiyalik taniqli rok-musiqachi Yuriy Shevchukka oid.
Shevchuk Ukraina urushi haqida yangi qo‘shiq aytib chiqdi. «Vatan, uyingga qayt» deb nomlangan bu qo‘shiqda «Aqldan ozma, bu sening urushing emas» degan satrlar bor.