Asosiy mavzular
22 mart 2023

600’37: Navro‘z, yangi qonun va Putinni qamashga order

Salom qadrli muxlislar bugun 21 inchi mart, e'tiboringizga Eltuz «600 sekund»ning  navbatdagi sonini taqdim etadi. O‘zbekistonda Navro‘z bayrami nishonlanmoqda. 
Bugun Navro‘z shukuhi hatto shahar va qishloqlarning bozorlarigacha yetib bordi. Bu gal ham raqqosalik mahoratida Sharapatapaga teng keladigani topilmadi. Lekin bizga yetib kelayotgan hamma xabarlar ham bayramona emas.
+++
Sirdaryolik aka o‘z singlisini rezina shlang bilan bo‘g‘ib o‘ldirdi. Qotil aka qamoqda. Singil go‘rda.
+++
Bo‘stonliqda davlatga oid yerni 550 ming dollarga sotishga uringan ikki erkak qo‘lga tushdi. Aprslar qamoqda.
+++
O‘tgan haftada o‘tkazilishi kutilgan Rauf Parfi haykali taqdimoti, Yuzuk Art tashkiloti o‘tkazayotgan navbatdagi tadbir,  27 martga ko‘chirildi. Taqdimot shoirning 80 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladi. Xalq shoiri Rauf Parfi 2005 yilning 28 martida olamdan o‘tgan edi.
+++
O‘zbekiston prezidenti 15 mart kuni Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodeksiga bolani xorijda nazoratsiz qoldirganlik uchun sanktsiyalar va jazo choralarini belgilovchi o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. 
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirgan ota enalar 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
O‘sha qilmish og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, uni sodir etgan shaxs 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Demak ayni qonunga ko‘ra, Misrdagi xujralarga bola jo‘natganlar  8 yilga qamalishi mumkin. Bolani chet elda nazoratsiz qoldirish endilikda jinoyat hisoblanadi.
+++
YeXHT kuzatuvchilari Qozog‘istonda o‘tgan parlament saylovlarini noshaffof deya baholadi. Xalqaro kuzatuvchilar fikricha, saylovlarda protseduraga oid sezilarli qonunbuzarliklar va ma'muriy resurslardan foydalanish holatlari ko‘zga tashlangan.
+++
Ekvadorda 6,9 magnitudali zilzila yuz berdi. 14 kishi halok bo‘lgani va 120 kishi yaralangani ma'lum. Videoda mamlakatdagi eng yirik pivo omborlaridan biri aks etgan.
+++
Turkiyaning Shonliurfa va Adiyaman viloyatlarida esa sel va suv toshqinlari tufayli qurbon bo‘lganlar soni kamida 20 kishiga yetdi.
+++
Turkiya tabiiy ofatlarni kechirayotgan bir paytda Rossiya Davlat dumasi vakili Semyon Bagdasarov Turkiyani rossiyaning tarixiy yerlari deya atab «fursatdan poydalanib, yerlarimizni tortib olaylik» deya tomoq yirtdi. O‘zbekistonning Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan va millati arman bo‘lgan bu Rossiya amaldori nima sababdan bunchalik jazavaga tushgani noma'lum. 
+++
Belarus KGBsi mamlakat sharqidagi Grodno shahrida terakt uyushtirmoqchi bo‘lgan xorijlik shaxs o‘ldirilganini iddao qildi. Odam o‘ldirishga bahona topish ham oson bo‘p ketdi keyingi paytda.
+++
Ukraina yaqin 12 oy ichida 1 million snaryad oladi
Bu haqda Yevropa diplomatiyasi tashkiloti rahbari Xosep Borrel bildirdi. Tegishli reja Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan tasdiqlangan. Shuningdek, AQSh Ukrainaga HIMARS aslahalari, HARM raketalari, tankka qarshi qurol va o‘q-dorilar hamda daryo katerlarini o‘z ichiga olgan yangi 350 million dollarlik harbiy yordam paketini berdi.
Shvetsiya Ukrainaga yana sakkizta Archer artilleriya moslamalarini jo‘natadi, – Bu haqda Shvetsiya mudofaa vaziri bayonot berdi. 
Shimoliy Makedoniya esa Ukrainaga to‘rtta Su-25 hujumchi uchog‘ini berishga qaror qildi. Bundan tashqari, Kievga 12 ta Mi-24 vertolyotini taqdim etish masalasi ham ko‘rilmoqda. Bu haqda  Defence Express nashri xabar bermoqda.
+++
Rossiyadagi qitmir kanallardan biri «Davlat dumasi Gaaga sudi ustidan jinoyat ishi ochgan nomzodlargagina prezidentlik saylovida qatnashishga ruxsat berdi» deya kinoya qildi. Har hazilning ostida bir achchiq haqiqat bor.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro Gaaga sudi Putinni hibsga olishga order berdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikda ayblanmoqda. Shuningdek, sud Rossiyaning bolalar huquqlari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani hibsga olish uchun ham order bergan.
Germaniya, agar Putin paydo bo‘lib qolsa uni birinchilardan bo‘lib zudlik bilan hibsga olinishini bildirdi.
Germaniya Adliya vaziri Bushmannning so‘zlariga ko‘ra, Putin agar shartnomadagi davlatlardan birortasiga kelib qoladigan bo‘lsa u Interpolga murojaat qiladi va Ahdlashuvchi Davlatlardan jazo orderlarining bajarilishini talab qiladi. Agar Putin Germaniya hududiga kirgan bo‘lsa, u holda har bir mahkama so‘zsiz uni xibsga olishi va kishanlab sud idorasiga topshirishi shart. Eslatib o‘tamiz ahdlashuvchi 123 ta davlatlar orasida Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston ham bor. O‘zbekiston ham bu bitimni 2000 yilda imzolagan.
Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudi prokurori Karim Ahmad Xon Putinni hibsga olish uchun berilgan order uning umri oxirigacha amalda bo‘lishini bildirdi. 
+++
Tag‘in til masalasi: Bu safar Odessadagi vaziyat
Ukrainalik qiz shaharning rus musiqasi yangrayotgan kafesiga kirib bordi. U nega bosqinchi davlat musiqasi qo‘yilayotgani, narxlar esa nega rus tilida yozilganini so‘radi. Bu gapi ruscha gapiruvchi sotuvchi bilan adi badi aytib qolishiga sabab bo‘ldi. O‘ris ayol keyinchalik (ukrain tilida albatta) ukrainlardan kechirim so‘ragani videosini tarmoqqa qo‘yishga majbur bo‘ldi.
+++
Rossiya tomonidan bosib olingan Ukrainaning Xerson viloyati hududida 17 mart kuni rus patrul xizmati mashinasi portlatildi. PPSnik go‘rda. Ukrain partizanlari hursand! Birovning yurtiga qilich ko‘tarib kirgan bosqinchi bir kun kelib shu qilichdan o‘ladi!
+++
Moskva Xitoy rahbarini rus knyazlari Oltin O‘rda xonini kutib olgandek ehtirom va tavoze bilan kutib oldi. Har biri o‘qlovday keladigan xitoycha ierogliflar joy olgan bu banner Poklonnaya Gora (Ta'zim tepasi)ga emas, Vnukovo aeroporti yaqiniga o‘rnatilgan. Bilmaganlar uchun: Moskvadagi «Poklonnaya Gora» o‘tmishda o‘ris yurtboshilari mo‘g‘ul xonlarini tiz cho‘kib, ta'zim bilan kutib oladigan joy bo‘lgan. Xitoy rahbari Si Jinping tashrifi munosabati bilan Rossiya poytaxtida katta ko‘chalarning bir qismi yopilgani oqibatida Moskvada misli ko‘rilmagan tiqilinch ham kuzatildi.
+++
Rossiyaning Peterburg shahrida sovet multfilmidagi Leopold nomli mushuk tasviri tushirilib, «Keling, inoq yashaylik!» («Davayte jit drujno») so‘zlari yozilgan plakatni ko‘tarib chiqqan Lev Sokolovni politsiya tutib ketdi. 
+++
Kremldagi amaldorlarga ayfon tutish taqiqlandi. Prezident apparati xodimlariga xavfsizlik maqsadida 1 apreldan boshqa rusumdagi smartfonlarga o‘tish buyurildi. «Kommersant'» nashrining yozishicha, bu buyruqdan Putin apparatida ishlaydigan mansabdorlar uncha xursand emas. 
+++
AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali seshanba kuni o‘zining qamoqqa olinishi mumkinligi to‘g‘risida yozib chiqqani ortidan sobiq prezidentning tarafdorlari Nyu-Yorkda norozilik aktsiyasiga chiqishdi. Darvoqe, Tramp o‘z bayonotida qamoqqa olinmay qolishi mumkinligini ham qistirib o‘tgan.
+++
Ilon Mask aprel oyida Starship kosmik kemasi fazoga uchirilishini bildirdi. Maskning aytishicha, 100 kishiga mo‘ljallangan bu kemadan Mars va Oyga parvoz qilish uchun foydalaniladi.
+++
Turkiyaning Yerli Düşünce Broadcast Media Ltd shirkati Xo‘ja Nasriddin haqida «Bazelevs» kinostudiyasi suratga olayotgan multfilmni moliyalashtirishga qaror qildi. Bir million dollar sarmoya yotqizish evaziga turk shirkati filmning Turkiyadagi distributsiyasi huquqini qo‘lga kiritar ekan. Rejissyor Timur Bekmambetov suratga olayotgan bu film bo‘yicha avvalroq O‘zbekiston Milliy kinematografiya agentligi va «Qozoqfilm» bilan ham kelishuvlarga erishilgani xabar qilingan edi.
+++
18 mart kuni Rossiya tomonidan Qrimning bosib olinganiga to‘qqiz yil bo‘ldi. Aslida urush o‘sha kuni boshlangan edi. Hamma o‘shanda bir yerimiz kamayib qolmaydi, ovursin, Qozonni ham olsin degan edi. Shundan so‘ng o‘ris poshshoning ishtahasi karnay bo‘ldi. Yeng shimarib ishga kirishdi. Buning oqibatini esa bugun hammamiz ko‘rayapmiz.
+++
Bu so‘nggi 600 sekund ichida sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimiz edi. Navro‘zingiz qutlug‘ bo‘lsin.  Kun davomida biz bilan qoling, Kanallarimizga obuna bo‘lishni unutmang.

Tag‘in o‘qing
30 iyun 2017
O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov 30 iyun kuni “Ëshlar” telekanaliga Bosh direktor etib tayinlandi. Bu haqda prezident Mirziyoev “Kamolot” ...
13 aprel 2024
O‘zbekistonning barcha avtoyo‘llari 42,869 kilometrni tashkil qiladi. Povorotlar ikki xil – o‘ngga va chapga. Shu yo‘lning har bir kilometrini ...
26 aprel 2021
Prezident Shavkat Mirziyoevning kenja kuyovi Otabek Umarov O‘zbekistonga qaytdi. Bu haqda aktyor Dilshodbek Kattabekov o‘zining Instagram sahifasida ma'lum qildi. ...
16 mart 2017
Mirziyoevning Karimov xotirasini abadiylashtirish haqidagi qaroriga bir nechta o‘zbek ziyolilarning qarshi chiqishi ortidan tarmoqda ularni badnom qilishga urinishlar boshlandi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...