Asosiy mavzular
31 mart 2023

RTdan va'z: Qorinjaning duosi

Shu kunlarda eltuzning jumbul jamoati quyosh chiqqandan quyosh botganga qadar yemak ichmakdan, yomon gaplardan tiyilib, tangri taborak rizoligi uchun og‘izocharlarda ulug‘ niyatlarni qilib o‘tirishibdi. Xamza Hakimzoda aytganday:

Keldi ayyom muborak barcha jon dilshoddir,

Ruhlari ham har azobu qahrdan ozoddir.

Ro‘zai mohi sharifing hurmatindan bexilof,

Osiy, g‘ayri osiyga haq rahmati bunyoddir.

MS:

Eshikni aldi o‘y akan

Ichi do‘li qo‘y akan.

do‘qqiz oydan keyin

ulli oxtiq to‘y akan

Ramozon omin!

RT: Matchonboy senga shu aytgan she'ring uchun yaxshi bir gonorar yozib qo‘yaman.

MS: Shundin ating og‘o. Pechak, nuqul, nisholoni olib og‘zochorda ziyriq polovni uroli. Og‘o, siz bu sapar yoxshi gapladan oyting. Cho‘nqir mo‘llo bo‘ling indi, ino shu oydo.

RT: Aziz do‘stlarim, 12 oyning sultoni Ramazon nuridan nurlanib, shu'laafshon bo‘lib turibmiz. Shu munosabat bilan, «eshiting, ammo yig‘lamang», degan turkum badihalar aytib bersam.

MS: Oyting og‘o. Qorinjani oytib baring

Qorinja (Chumoli, qumursqa, ant, muravey, mura, amayzi va hokazo), bir qaraganda, kichik bir hasharot, ammo shu hasharotning duosi ham odamning oxiratini qutqara oladi.

Alqissa, bir raqqosa dunyodan o‘tibdi. Malaklar uning gunoh daptari top-toza bo‘lib qolganini ko‘rishibdi. Tangri taborak istagi bilan daptar «empti» bo‘lib qolibdi. Shu tariqa umri ayshu ishrat o‘yin kulgi va mastu alastlikda o‘tgan raqqosa firdavsul iqbol vasliga noyil bo‘libdi.

Nega? Axir men bir raqqosa edim debdi, lolu hayron raqqosa.

Malaklar tushuntiribdi: «Esingdami, Buxorodagi bir to‘yda gulhan atrofida raqs tushganing. O‘shanda sening etaging shamolidan bir chumoli gulhanda yonishdan qutulib qolgan edi. Bu chumoli yaratgan egam tangri taborakka iltijo qilib, «meni qutqargan bu ojizangni tamug‘dan olis tut. Jannat visolini ko‘rgaz. Gunohlarini bag‘ishla», debdi.

Bu duo ijobat bo‘ldi. Raqqosa jannatda.

MS: Qissadan hissa nedur? Og‘o, bu temani ma'nosi novvi? Biza nishatali?

RT: Ma'nosi uldurki, duoni kichik bir qorinja qilsa ham, ijobat bo‘lish imkoni bor. Darvoqe, Nuh alayhissalom kemasiga ilk chiqqan jonzot qorinjadur.

Eshiting. Ammo yig‘lamang. 

Bizni sevintirib suvutlarga chiqargan Ramazon oyi barchalarg‘a qutlug‘ bo‘lsin!

MS: Og‘o, Shovotdayi ulli pirni oytib baring. Bir ichimni do‘kib yeg‘loyin. Vatanimiz bo‘ldi obod – man yig‘lamin kim yig‘lasun.

Devorni osmonga uchirgan Hamadoniy

Yusuf Hamadoniy mingta talabani 40 yil o‘qitib ham ularning ilmsizligini anglashdan charchadi va bu talabalarni imtixon qilmoqchi bo‘ldi.

Juma nomoziga imomlikka o‘tishdan oldin Hamadoniy qo‘yning tashog‘i ustida bo‘ladigan xaltasimon terini puflab shishirib qo‘yniga soldi.

Sajjodaga bosh qo‘ygan paytda Hamadoniy bu pufakni qo‘li bilan ezdi. 

Prrrrt degan sas chiqdi.

Hamadoniyga iqtido qilib nomoz o‘qiyotgan 998 talaba «ustoz yel chig‘ordi. Nomoz buzildi deya o‘rnidan turib Hamadoniyga o‘qraydi. Faqat bitta talaba sajdadan boshini ko‘tarmadi. Bu talabaning yonida o‘tirgan boshqa talaba esa uning sajjodadan bosh ko‘tarmaganligini ko‘rib «bir gap bor deya turgan joyidan qaytib yerga o‘tirdi va boshini sajda uchun egdi.

Bu g‘alag‘ovurni ko‘rib taassuf qilgan Hamadoniy «Qirq yil o‘qitib faqat bir yarimta odamni ilmli qilibmana» deya afsus bildirdi. 

«Bu besamar ta'limni to‘xtatib, ka'batulloxni ziyorat qilaylik muborak juma kunida» dedi ustod.

Talabalar yana hayron qolishdi. U paytda Makkaga borish olti oylik yo‘l edi.

Hamadoniy bo‘lsa bu tug‘ma ovsarlarga qarab «mining mana bu devorning ustiga» dedi.

Talabalar madrasa xovlisini o‘ragan uzun paxsa devorning ustiga eshshakka mingan kabi minib olishdi. Hamadoniy hazrat bo‘lsa yerdan bir ilonni ushlab qo‘liga oldi va devorning boshiga huddi uchoq kapitani kabi o‘tirdi.

Devor xuddi boing samalet kabi gurillab ko‘kka uchdi va Saudiya Arabistoni tarafga qarab ketdi.

 Rivoyatga ko‘ra bu «uchoq» Shovotdagi «Bo‘yrachi» qishlog‘idan ko‘tarilib Buxoro ustidan ham uchib o‘tgan.

«Samolet» G‘ijduvon ustidan uchib o‘tayotgan paytda Abdul Qodir G‘ijduvoniy ruku xolatida edi.

G‘ijduvoniy bu gurillash ovozini eshitib muridlaridan so‘rabdi. 

Nimaning sasi bu?

Muridlar ko‘chaga chiqib bilib kelishibdi:

«Hamadoniy ming shogirdi bilan Makkaga qarab ketyapti» debdi muridlar.

G‘ijduvoniy ko‘chaga chiqib osmonga qarab «Hamadoniy do‘stim, G‘ijduvonga qo‘nib dasturxonimdan non cho‘rak yeb ket» deya da'vat qilibdi.

Hamadoniy bo‘lsa «Biz ulug‘ manzilga tikkanmiz ko‘zni. U sening kulbangdan yiroq» deganga o‘xshash fikr oytibdi.

G‘ijduvoniy buni eshitib hassasi bilan osmonga doira chizganday harakat qildi.

Hamadoniy va ming shogirdi mingan paxsa samalet bu doiradan nariga o‘ta olmay qolibdi. 

Hamadoniy ilmu xol kuchi bilan bu doirani sindirib uchishda davom etibdi.

G‘ijduvoniy bir puflagan edi mag‘ribdagi bulutlar mashriqdagi bilan qo‘shilib osmonni to‘ldirdi. G‘ijduvoniy hassasini yerga bir urdi. Sel yog‘a boshladi. Ëqqan seldan  paxsa devor erib loyga aylandi. Hamadoniy va ming murid patta patta yerga qulashdi.

G‘ijduvoniy xassasini o‘qtalib yerga qulayotganlar yelkasiga parashut shaklini tushirgani bois barcha beshikast yerga qo‘ndi.

Bir ozdan keyin jiqqa xo‘l bo‘lgan Hamadoniy va muridlari G‘ijduvoniy oldiga salomga kelishdi.

«Yo‘l bo‘lsin» dedi G‘ijduvoniy hazrat.

«Shu ka'bani ziyorat qilmoqchi edik» dedi mulzam bo‘lgan Hamadoniy.

«Ka'bani ziyorat qilish uchun devorni ovora qilib uchirish joizmidi? Ka'bani o‘zini uchirib kelsa bo‘masmidi» debdi G‘ijduvoniy.

«Bu qanday gap. Ibroxim alayxissalom insho qilgan baytullox ham uchadimi» dedi hayronlar qolgan Hamadoniy.

Miyig‘ida tabasssum qilgan G‘ijduvoniy hassasini yerga bir urgan edi, G‘ijduvon osmonida gurillagan sas eshitildi. 

Osmonda ustiga kisva yopilgan Ka'batullox muallaq turardi. 

«Ka'ba keldi. Qaerga qo‘nsin» degan mujda eshitildi.

«Qo‘nmasin. Muallaq tursin» dedi G‘ijduvoniy va Hamadoniyga qarab: Mana tangri taborak irodasi bilan ka'batulloxning o‘zi keldi. Boring ziyorat qiling, dedi.

Hamadoniy bo‘lsa «Osmondagi ka'bani qanday ziyorat qilaman» deya so‘radi.

G‘ijduvoniy bo‘lsa bolta¸ tesha kabi instrumentlar solingan boksdagi narsalarni olib bir narvon yasadi. 40 tishli bu zinaiy narvonni ko‘tarib borib osmonda muallaq turgan ka'batulloxga tiradi:

«Marhamat hazratim ziyorat qilsinlar» dedi.

Hamadoniy va ming murid birin ketin zinadan ko‘tarilib ka'bani tavof qilishdi. Bu orada G‘ijduvoniy va muridlari ham tavof qildi. Butun bir G‘ijduvon ahli Ka'bani tavof qilib bo‘lgach¸ ka'ba tilga kirib G‘ijduvoniydan ketishga ruxsat so‘radi. 

Izn bo‘lgach Ka'ba o‘zining doimiy dislokatsiyasiga qarab ketdi.

MS: Og‘o shu ulli pir qochon do‘g‘ilg‘on. Bo‘yrochimi, yo Beshmergandanmi?

RT: Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi Hamadon shahrida 440 hijriy sanada tug‘ilganlar.

Ul zotning to‘liq ismlari Abu Ya'qub Yusuf ibn Husayn ibn Ayyub Hamadoniydir.

MS: Qissadan hissa nedur?

Ma'no uldirkim, yel qaysi teshikdan chiqqanini bilmaydigan mingta ovsarning ilmi nofiladur. Ularni imtixon qildim deya kibrga botgan kishining ishi ham noto‘g‘ri. 

Har Hamadoniyga bir G‘ijduvoniy bordir. Buni unutmang. 

Rassom Tuzni eshiting ammo aslo yig‘lamang.

MS: Zor zor yig‘ladim og‘o. Alashtirmang ko‘nglim bo‘sh.

RT: Matchonboy men sanga bir xushxabar aytay. Ramazonda 37 yashar taqvosi kuchli mo‘min birodarimiz Hamza Yusuf Shotlandiya Bosh vaziri lavozimiga tayinlandi. Ziyoda qilsun.

MS: Og‘o. Og‘zochordan go‘mma barakinnan gaplang. Qo‘ying vu viski urodo‘n  shotlandiyani.

Iftor suprasi

Xorazmda «og‘izochar» deb ataladigan tadbirni turklar «iftor suprasi» der ekan. Xullas turk qo‘shnim Mustafo uning ta'biricha «iftorga da'vat» qildi. Bordim. Onam supra deb xamir yoyganda ishlatadigan to‘rt tarafi jiyakli klenkani nazarda tutardi. Turklarning  supra degani oq gazlama to‘shalgan ulkan stol ekan. Usti nozu ne'mat bilan to‘la. Turklar «Pistiq pindiq»  xorazmliklar esa «chaqaq» deydigan pistayu bodomlar. Xorazmliklar «g‘o‘o‘z» turklar «jeviz» deb aytadigan mag‘zi yog‘li yumuruqday yong‘oq.  Bir paytlar «Ming bir kecha» ertagida nomini eshitganim «kunafa» (bol va pishloq qo‘shib qovurulgan shirinlik) «Dilbar dudog‘i» «Kelin buti» «Imom boyildi» paxlaviy dexlaviy xullas turli yemaklar. Yemaklarning lazzati haqida ayri fikrim bor. Masalan «xoshlomo» degan yemakning ichidagi et saryog‘day yumshoq. «ema yoninda yot» deydi turklar yaxshi taomni olqishlar ekan. Yana orqaga qaytsam. Mustafoning eshigidagi zil (zvonok) ni bosdim. Xotin kishining amrli sasi eshitili. «Och mustafo misofirimz galdi» Generalning buyrug‘ini bajargan serjantning sasiga monand itoatli ovoz eshitildi » Tamom. Hayotim. Qo‘shdim» (Mayli xurmatli xotin aka men chopdim) degan hazin va mute sas keldi. Eshik ochildi. Mustafo mening sha'nimga maqtovlar yog‘diraroq tarlik (tapochka) berdi. «Ho‘sh galdingiz. Safolar gatirdingiz. Orzu buyuring bla bla bla..»  Sobiq sovet odami bo‘lgan men uchun bu takalluflar bir oz balandparvoz va chuchmal edi. Komevoyajer bo‘lib ishlaydigan Mustafoning uyi eng «shik» qo‘ltiq (kreslo) va devonlar bilan bezatilgan edi. Moviy kumach ustiga qabariq oltin naqsh qilingan pardalarga La Skala teatri ham xavas qilsa arziydi. Dasturxonga qo‘yilgan chotol (vilka) qoshiqlar piril piril yaltillaydi. Chexiyadan keltirilgan chetiga oltin hal chizilgan idish oyoq farovonlikning tashrif qog‘ozi kabi ko‘rinadi. Buning yonida mutfak (kuxnya)dan kelayotgan qo‘qi (ovqat xidi) kun bo‘yi och qolgan oshqozonimga taskinu tasalliy  berardi. «buyuring buyuring»lar ortidan men dasturxonga o‘tirdim. 8 dan 27 daqiqa o‘tganida og‘iz ochiladi. Hali bir necha daqiqa bor. Uy bekasi va Mustafo bu daqiqa ichida meni xush tabassum bilan  siylashdi. «oylar  sultoni ramazon» sharafiga olqishli gaplar ayttildi. Oldin Mustafoning keyin xonimning ayfonida ketma ket muazzin sasi yangradi. Nomoz vaqti bo‘lgan edi. Oldin og‘izni ochdik. Xonim ichiga limon parchasi solingan bir bardak (stakan) suv¸bir bardak sut¸ kumush  tarelkada ajuva (xurmoni dodasi) va tuz keltirdi. Men suv bilan Mustafo sut bilan xonim esa tuz bilan og‘zini ochdi. Ajvadan hammamiz bir bir oldik. Shukr duosi o‘qilgach. Nomozga turdik. Mustafo imomlikka o‘tdi. Sunnatlarni ayri o‘qidik. «Assalomu alaykum» deb ijtimoiy masofaga amal qilmay  quchoqlashib otamlashib yana supraga (dasturxonga) qaytdik. «Cho‘pon sho‘rvasi» degan  yarim kosa sho‘rva keldi. Mustafo buning tarifini berdi. «Guli qo‘tir» degan gulning quritilgani solinar ekan. Guldan ham sho‘rva qilish mumkinlidan ozroq taajjublandim. Sho‘rvaga yarimta limonni siqib keyin yeyish joiz ekan. Taomil shunday. Keyin Mustafo ta'biricha «Ona yemak» keldi. Bu «Maqluba» degan ovqat edi. Ikkita qozon bir birini ustiga qo‘yilib globus shakliga keltiriladi va navbatma navbat aylantirib pishiriladi. Atrofi guruch o‘rtasida esa qo‘y go‘shti.  Katta tovoqda gumbazday bo‘lib turadi. Mustafo ustalik bilan bu gumabazni kapkir kesib mening tovog‘imga bir parcha soldi. Men uchun bu sabzisiz palov edi. Ammo et mukammal lazzatli.  Ovqat davomida mening tinimsiz og‘zim qimirlashini uy bekasi ta'minlab turdi. U eriga amr berardi. «Mustafo lutfan misopirning tabog‘iga et qo‘y» «Mustafo misopirga salata uzat»

Mezbonlar xapa bo‘lmasin deb men ham taboqlarni bo‘shatdim. Sunnat deya non bilan toboq ichidagi et so‘lini artib og‘zimga soldim. Mazasiga gap yo‘q. Keyin choy fasli keldi. Totli yeb totli qo‘nishdik. ( Shirinlik ustida so‘hbat qildik)  Nihoyat men tilga kirib Mustfodan «Turkiyada durim nasl» (Turkiyada axvol qanday) deb so‘radim. Koshki so‘ramasaydim. Shu paytgacha halimday yumshoq bo‘lgan Mustafo xuddi vezuviy vulqoni kabi birdan portillab otildi. «Durim barbod. Mamlakat safillik ichinda. Rais massonlar bilan ish birligi yopadi. Domodbey hazinani yeb bitirdi….(Axvol yomon. Mamlakat qashshoqlik ichida. Prezident massonlar (dushmanlar) bilan hamkor. Kuyov hazinani yeb bitirdi) Mustafo endi o‘rnidan turib qo‘llarini havoda qilichday sarmab siyosatchilarga kafan bichardi. Mustafoning chiqishlari Gitlerning Bavariya pivaxonasida qilgan va'zlaridan ham ko‘proq  emotsional edi. Bir vaqt Mustafo stulning ustiga chiqib «Razolat¸ razolat » deb baqira boshladi. Men qo‘rqib boshladim. Koshki kelmasaydim deb o‘yladim. Shu payt xonaga qo‘lida kumush tapsi (patns) ushagan xonim kirib keldi. Tapsi ustidagi jajji moviy finjonlarda qaxva bor edi. Uy bekasi o‘z xo‘jasiga qarab «Sokin vo‘l Mustafo» dedi. Bu sexrli so‘zdan keyin Mustfo yana asliga qaytdi. «Uzr dilarim» deb stul ustidan tushdi. Meni qo‘ltiq(kreslo) ga o‘tqazib qahva ikrom qildi. Sekin qavha xo‘plab o‘tirdik. Siyosat mavzusidan aylanib o‘tish uchun o‘zim qizqimasam ham futbol haqida gap ochdim. Koshki bu temani ham aylanib o‘tsaydim. Mustafo yana stul ustiga chiqib sotqin sudyalar¸ epaqasiz o‘yinchilar¸ lapashang darvozabonlar¸masson va yaxudiylar¸ tog‘ut ateistlar va yana men tushunmaydigan yajuj ma'jujlar sha'niga la'natlar yog‘dirishni boshladi. Mustafo Stuldan yugurib tushib ishkop yoniga borib jurnal oldi. Jurnalda Galatasaroy xujumchisi Arda Turon rasmi bor edi. Mustafo bu rasmni jurnnaldan yirtib oldi. «Uchrashuv» degan komediiyadagi Ergash Karimov esimga tushib kulgim keldi. Ammo vaziyat kuladigan emasdi. Mustafo endi Arda Turonning rasmini mayda mayda qilib yirtib o‘rtaga sochib yubordi. Xavoni larzaga solib «Barbod» dedi. Men yordam nigohi bilan xonimga mo‘ltirab boqdim. Xonim yelka qisib «bunga endi men ham  bas kela olmayman» dedi. Qo‘shnilar polis chaqirdi. Polis esa doktor chaqirdi. Doktorlar kelib tinchlantitradigan ukol qilib ketishdi. Yana dasturxonga qaytdik. Uy bekasi mevalarni kesib toboqqa solib keltirdi. Meva fasli boshlandi. Kivi. Ananas. Po‘rtaxol. Men endi siyosat va futbol haqida og‘iz ochmadim. Ammo nimadir gapirish kerak. Ro‘za oyidamiz. Muqaddas dinimiz haqida gaplashsak xuzur ichida bo‘lamiz deb o‘yladim. Sekingina «Jubbali Ahmad bilan sulaymonchilarning orasi qanday» deb savol berdim. Ex nega berdim shu savolni. Koshki din haqida gapirmasam edi. Exx. Xonimning aytishicha endi na polis va na doktorning ukoli ta'sir qiladi. Afsus armiya mamlakat ichki nizolariga aralashmaydi. Aralashsa yaxshi bo‘larmidi. 

MS Og‘o bu odamdo oql yo‘q akan. Ilimi bilimi yo‘q. Prezident qarorlarini o‘qimaydi

Homo sapiens bu fikrlovchi odam degani. U shu bilan Homo erectus kabi odamsimonlardan farq qiladi. Homo sapiens noyob mavjudot. Ayniqsa bizning istonlarda qirilib ketgan. Bu ikki oyoqda yurganlar Homo erectusning muridlari xolos. Ba'zan Homo sapiensni uchratib qolsam oltin topgan qulday sevinaman. Korako‘lda ko‘p bo‘ladi deyishadi fikrlaydigan odamlar. Shundaylardan biri Tillaniso. Bugun u yozgan yozuvni oxirgi nuqtasigacha o‘qib chiqdim. Odatdagi kabi ko‘z yugurtirmadim. Ko‘zdan emas yurakdan kechirdim. Demak Tillanisoning yozmishlarini o‘qiymiz:

Muzey

Bugun muzeyga bormoqchi edim.

Lekin qarasam muzeyda yashayotgan ekanman.

Atrofim to‘la eksponat.

Mana bu odam tosh asridan qolgan.

Naftalin hidi kelar o‘yidan.

Hatto gulxan yoqishniyam bilmaydi.

Prometey hali olib kelmagan o‘z olovini.

Zulmatda ongi, ko‘zlari so‘qir.

Manavi odam sahroyi badaviy

Har kun o‘z johilligi chanqog‘ini qondirish uchun suv qidiradi.

Qizlarini tiriklay eltib ko‘madi

Tortib olib undan muqaddas huquqi – hayotini

O‘limdan achchiq qo‘rquv qoldiradi unga.

Shuning uchun bu muzeyda qizlar, ayollar

Bo‘g‘ib o‘ldiradi o‘zini o‘zi

Mana shu johillik qo‘llari bilan.

Mana bu odam olim –

Jadidlardan gapiradi.

Lekin jadidlardan 300 yil orqadagi zamonda qolib ketgan

Muzeyning qaysi davr bo‘limiga qo‘yamiz uni?

Mayli, Gulxaniyning yoniga

Go‘lax bo‘lsin,

O‘rgansin olov yoqishni,

Yorishsin ongi.

Mana bu to‘da Navoiyni gapiradi

500 yil orqada hamon turishi, yurishi .

Navoiy esa vaqt mashinasida

Kelajakka uchib ketgan

Siz esa hamon orqada qolgan

O‘tmishning siyratigamas,

Suratiga sig‘inguvchisiz.

Shuning uchun Navoiyni

Topolmaysiz keljaakda ham.

Bir burchakda olomon –

Ayollar, qizlar, erlar, yigitlar

Ular kurashmoqchi nimaga qarshi?

Qo‘llarida tosh.

Erk so‘raydi ular,

Hayot va non so‘raydi,

Lekin kuchi yo‘q –

Yo‘q bir himoyasi

Hatto orqasida xudosi ham yo‘q.

Ularning Hozirning Qudrati dorga tortadi doim.

Doim shunday tengsizlik, ojiz g‘alaba.

Mana bular kichik isyon uchun boshi ketganlar

Ular qahramon,

Ammo ularni hech kim eslamaydi,

Chunki boshi yo‘q.

Ism berilmagan,

Boshini chopganu,

Tarix butunlay o‘chirgan sahnasidan.

Bular ota-onalar,

Yo‘q, ko‘p eskimas,

Bor-yo‘g‘i 30 da yoshi.

Lek qaysi zamondan qolib ketgan ular

Bolalaridan qizg‘onishadi

O‘z qahramonlarin

Istashmaydi hech tushinishni

Bolalarning o‘z qahramoni bo‘lajagini.

Eski qahramonlar bilan

Zo‘rlashadi bolalar ongini –

Ammo o‘z davrini tushinishmaydi.

Bular kursilar, orom kursilar

Siniq, g‘ichirloq.

Na bu kursi yangilanmaydi,

Na ulardagi

100 yillar narisida qolgan odamlar.

Eski, hammasi eski,

Bir kunda va bir joyda

Necha asrlardan kelgan odamlar

Necha asrlardan qolgan odamlar.

Tushinishmaydi bir-birining tilini.

O‘lik tillarda gapirishadi.

Naftalin hidi kelar har yoqdan

O‘tmish eyforiyasi kabi

Va bad bo‘yidek tarixning.

O‘zimchi? Shu tor xonamda qaysi davrlardan qolib ketganman ?

Darvoqe, siz?

Qaysi asrlardan qolib ketgansiz.

MS: Og‘o man 21 asrdaman tongri yorloqoso. Indi uring potyanidon, yonqi gapni oyting!

Assalom O‘zbekiston, Juma Muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
14 noyabr 2017
2017 yilda G‘arb davlatlarida o‘zbekistonliklar tomonidan sodir etilgan turkum teraktlar o‘zbeklarning radikallashuvi muammosiga e'tibor qaratdi. «31 oktyabrda Nyu-Yorkda piyodalarni ...
14 noyabr 2016
Bugunga kelib, barcha nomzodlar ichida o‘z feyk akkauntlariga ega bo‘lgan Xotamovning Tvitterdagi falloverlari soni 957 taga, tvitlari soni esa ...
20 yanvar 2020
Bosh vazir Abdulla Aripov 18 yanvar kuni 2020 yilda Humo Air davlat aviakompaniyasi tashkil etilishini e'lon qildi. Uning so‘zlariga ...
28 noyabr 2023
SSSRni alqashga qaratilgan, kommunistik ruhda suratga olingan kinolar O‘zbekfilm arxivida juda ko‘p. Go‘yoki Rossiya bosib olmaganda O‘rta Osiyo qoloqligicha ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...