Xotin urganga 12 yil qamoq – RTdan va'z
Rassom Tuz: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.
Matchon Suqilish: Nichiksizlar mo‘chchi oybika ham xo‘jik birrila?
RT: Matchonboy sen xotiningni urganmisan?
MS: Ovong yoshulli. Xotinni boshdon, boloni yoshdan makkam ushash garak. Qoqqanda qonini, silkkanda jonini olish garak. Arkak dayan arkaka o‘xshosin. Qomchisinnan qon domsin.
RT: Matchonboy bu ishing noto‘g‘ri. Prezident yangi qonunni imzoladi. Xotinini urgan erlar 12 yil qamag‘da yotadig‘on bo‘ldi. Bo‘libam parashani yonida.
MS: Ibi boxtim tiyrdin qoro. Shuncha ar qamoqxonog‘a nishatip sig‘odi? Bizani mashripog‘oni birlangji qomiydilo.
RT: Mashrip kim?
MS: O‘ris yurtda stroykada ishliydi. Yilda bir galib xotinini tiyina bosib urib getadi xorop.
RT: Matchonboy, xotinni urish zaiflik alomati. Prixologlar tadqiqotiga ko‘ra, ezilgan odam o‘zidan zaifni ezish payida bo‘larkan.
Masalan, deylik, sizni boshlig‘ingiz koyidi. Onangizu qizingizni qo‘shib so‘kib tashladi. Indamay haqoratni yutib, bo‘yningizni bukib, ishxonadan chiqdingiz. Oldingizda ko‘ringan daydi it yo mushukni tepib-so‘kib xumordan chiqasiz.
Kuni kecha Qashqadaryoning Chiroqchisida ayiqni o‘ldirishdi.
Bundan oldin Namangandagi bir qishloqqa kelgan ayiqni mahalliy aholi og‘ilxonaga qamab o‘ldirishgandi.
Ayiqni o‘ldirgan odam bor-yo‘g‘i 90 dollar jarima to‘lar ekan. Qo‘shni Qirg‘izstonda ayiqni o‘ldirsangiz 7000 dollar jarimaga tortilasiz.
Mabodo Xitoyga borib panda ayig‘ini o‘ldirsangiz, umrbod qamalasiz. Xitoy hukumati panda ayiqlarni e'zozlaydi. Ularni sotish taqiqlangan. Faqat yiliga bir million dollar evaziga loyiq bir davlatga ijaraga beradi. Ijaraga olgan davlat bu erkatoy pandani bambukdan bo‘lgan pechene bilan boqish majburiyatini ham oladi. Shu o‘rinda eslatsam, Xitoyda 1000 dan ziyod panda saqlanib qolgan. O‘zbekistonda tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i bor-yo‘g‘i 250 tacha qolgan. Uniyam ikkitasini keyingi 9 oy ichida o‘zbeklar o‘ldirib tashladi.
Toshkentdagi Salimboyning uyida u otib o‘ldirib, terisiga somon tiqilgan kamida ikkita ayiq bor.
MS: Ënqi populist qozoq birat Kusherboy shu oyiqlani issi suvuqina qorosh uchun oyliq olib o‘tirvadiqu. Isha bormin quri mut oyliq olib o‘tiribdimi bu yoshulli.
RT: Ayiqni himoya qilish uchun davlatdan oylik oladigan Kusherboev yo‘g‘urtni yalash joizmi yoki muboxmi deb o‘tiribdi. Ishdan haydovorish kerak bu populist bekorchini. O‘sha o‘ldirilgan ayiqning qarindoshlari o‘rmonga obketib qosayam mayli.
MS: Qorsildop uchib gursildap singoy mongloyi qoro nim kalo. Og‘o siz feministmisiz. Moycho oyiqni tarapini olib o‘tiribsiz?
Feminist
Men onam, singlim¸ opam¸ qizim¸ qizimning dugonalari¸ xotinim va uning qizo‘rtoqlari va umuman sahifamda do‘st bo‘lgan barcha qizlarni himoya qilish uchun etigimni kiyib oyoqqa qalqdim. Men feministman. Ko‘kragimdagi yolim yaktagimni turtib chiqqan. Mo‘ylovim shop. Qoshlar chimirilgan. Bir qo‘limida shaxrixon pichag‘i¸ bir qo‘limda mauzer to‘pponchasi. Xo‘sh nima deyshasan endi. Tek turish.
MS: Og‘o siz yonqi o‘lgan qotqon shum xovorlordan so‘llang. Ujus kino go‘rgandiyn bo‘loli.
RT: Qo‘shtepaning “Qoraqushchi”sidagi darg‘azab erkak ko‘chada signal chalgan sho‘prni so‘yib tashadi. Sho‘pr go‘rda. Qotil qamag‘da.
Urgutda 18 yoshli qiz o‘zini o‘zi o‘ldirdi
Toshkent shahridagi 110-maktabda ro‘za tutgan 8-sinf o‘quvchisi turnikka tortilganidan keyin o‘ldi.
IIV Namanganda voyaga yetmagan qizni zo‘rlagan taksichi Sherzod Umarovni qidiruvga berdi.
MS: Og‘o siz dim qisqa aytib duripsiz. Shu kriminal xabarlarni uzun atib oytib baring.
Namangan shahri O‘zbekiston ko‘chasidagi xonadonda yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan Sherzod Umarov 2023 yilning 1 aprel kuni soat 23:30 larda Namangan shahrining Bobur bog‘idan voyaga yetmagan qizni uyiga olib borib qo‘yishini aytib, aldab, noma'lum manzildagi xonadonga olib borib, zo‘rlik ishlatib nomusiga tekkan.
MS: Buni tutib bichib tashash garak. Yena oyting og‘o!
RT: Sevgi o‘zi eski narsa xar bir qalb oni «yongorto» (yangilaydi) deb yozgan edi Xodi Toqtosh. Pora olish ham shunaqa eski va takrorlanadigan narsa. Xar bir zamhokim uni yanglaydi. Izboskan zamhokimi «eshik qurish uchun yer aberaman» deb bir anjanlik loxdan 5 mln. 300 ming so‘m olgan vaqtida qo‘lga olindi. (Negadir poraxo‘rlik deb emas jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Kamroq sro‘k olish uchun tanishlar harakat qig‘an) Zam hokim qamag‘da. Qogan zam hokimlar erta bilan ishga chiqar ekan, ularning tekin umraga borib kelgan enalari «Bolam olginu oldirmagin» deb dug‘o qilmoqda. Xodi Toqtosh yozgandek «Tanqidga muxtoj» bular.
MS: Ashakni quloqini kasgannni oyting
Bu mudxish jinoyat Buxoroda ro‘y berarkan yeru ko‘k larzaga keldi. Falastinda yuk tashiyotgan eshaklardan tortib Xalabdagi hachirlargacha ox tortib faryod qildi. 2023 yilning 6 aprel kuni soat 16:00 da Buxoro viloyatining Peshku tumanida yashovchi O‘zbekiston qashshog‘i 38 yashar ovsar o‘z qo‘shnisi fuqaro J.X.ning mulki bo‘lgan oq eshakni «tomorqa yerimga kirdi» degan bahona bilan qulog‘ini kesib tashladi. Eshshak jonivor ko‘p qon yo‘qotishi natijasida o‘ldi. Eshak go‘rda. Eshak qotili milisada.
Tabiat va hayvonot dushmani bo‘lgan O‘zbekiston qashshoqlarining tipik vakili bo‘lgan peshkulik urod U.A. ga nisbatan jazo qonunning 111-moddasi 2-qismida ko‘rsatilgan ayb sodir etganligi bo‘yicha to‘plangan hujjatlar ma'muriy tartibda chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tumani sudiga yuborilgan.
MS: Ashaka ichim uvishdi. Ashak Amerikada demokratiya simvoli. Bayden doyi ishitmasin bu gapni
Yevropada tug‘ilib o‘sib yevropada ayti texnologi bo‘lib ishlaydigan¸ o‘zbekchani ota onasidan o‘rgangan 25 yashar o‘zbek yigit Rassom Tuzning yutubdagi juma va'zini eshitib hayron qolganini aytdi. «bunday jaxolat Afg‘onistonda bo‘ladi deb yurardim. Nahot O‘zbekiston diniy fanatizm botqog‘iga shu qadar chuqur botib ketdi» deydi u. Toshkentda yaxshi ovqatlanmagani uchun kamqonlikka chalingan kelin xushidan ketdi. Uning taqvosi kuchaygan rijol eri skoriy chaqirdi. Skoriydagi erkak doktorni ko‘rgan bu rijol «Nega ayol duxtr kemadi» deb shifokorni so‘kib kaltakladi. Bu Afg‘oniston yoki Suriyada emas bir paytlar ilm mash'ali bo‘lgan Toshkentda yuz bermoqda.
MS: Zerip og‘om bilani hoqqinnan chiqodi. Do‘xtr Zerip og‘o.
RT: «Har qanday kasalni davolayman» deya kuf suf qiladigan sharlatan mulla ham kasal bo‘lsa yugurib doktorga boradi. Puli bo‘lsa Germaniyadagi kasalxonaga yotadi. Din tujjorlarining aynan qanday kasalga chalinganini doktorlar yaxshi biladi. Anjanliklar aytganiday «ichidan o‘tganini ishtoni biladi»
Doktorlar barcha zamonda aql va zakovat mash'alasini xurofotchilar o‘chirmasin deb tirishib kelgan sharaf mansublari. Shunday sharafli zamondoshimiz profess¸ Toshkent Tibbiyot akademiyasi professori Zarifboy Ibodullaevdir. Bu zakiy vatandoshimiz diniy radikalizm va mullakratiyaning millatni yemiradigan zaxarli o‘simta ekanligini dadil aytib chiqdi. Rahmat bu kishiga. Millat salomatligini eng avvalo shifokorlar o‘ylaganidan minnatdorman. Millatga cho‘pchak va tinchlantiradigan afyun emas aniq ilm va irfon kerak. Bugun O‘zbekiston diniy fanatizimdan davo topishga har qachongidan ham muxtoj. Ming mulladan bir tabib yaxshi.
MS Shu Zerip og‘o yozg‘on ertakni oytib baring yoshulli
YuRAK URIShDAN TO‘XTADI…
Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan. Bo‘ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan. Qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan. Azal-azaldan biologiya va fizologiya qonunlariga bo‘ysunib yashab kelayotgan bir organizm bor ekan. Organizmni Bosh miya boshqarar ekan. Unga har kuni har xil fikrlar yog‘ilib kelaverar ekan. Kunlardan bir kuni u organizmni boshqarishning yangi usulini o‘ylab topibdi va barcha ichki a'zolarga quyidagi xabarni yuboribdi: Hey ichki a'zolar! Biz “Yangi organizm” quramiz. Bir joyda o‘tirishni bas qilinglar! Endi hammang organizm bo‘ylab yurasanlar! Yetar bir joyda turishlaring! Qaysi a'zo qanday ishlayotganini o‘z ko‘zing bilan ko‘rishinglar kerak” debdi.
Bosh miyadan ichki a'zolarga kelgan ushbu mudhish xabarni eshitib yurak darg‘azab bo‘libdi va darhol Bosh miyaga xabar yuboribdi: “Bunday qilish aslo mumkin emas! Anatomiya qonunlarini hech qachon buzib bo‘lmaydi! Aks holda organizm halok bo‘ladi! Har kim o‘z ishini o‘zi bajarishi kerak! Axir har kimning o‘z vazifasi bor! Jigar ishini yurak, yurak ishini buyrak hech qachon bajara olmaydi, axir!” Biroq yurakdan otilib chiqqan bu nido Bosh miyaga kor ham qilmabdi. Bosh miya bilganidan qolmabdi. Unga quloq solmagan yurakni keyin jazolayman, deb o‘ylabdi u.
Bosh miya boshqa ichki a'zolarga o‘z hukmini o‘tkaza boshlabdi. Uning vajohatidan qo‘rqqan barcha ichki a'zolar o‘zlari bilmaydigan va hech qachon qilib ko‘rmagan ishlari bilan shug‘ullanishga bel bog‘lashibdi. Axir har narsani bilguvchi Olloh emas, Bosh miya-ku, deb o‘ylabdi ular. Shunday qilib ichki a'zolar “a'zobay-a'zobay” yura boshlashibdi: jigar buyraklar turgan joyga siljib tushib ularning vazifasini, buyraklar esa tepaga siljib chiqib jigar vazifasini bajarishga kirishibdi, ya'ni ular o‘t qopiga siydik ajratib chiqara boshlabdi, halqum esa organizmning eng pastiga tushib to‘g‘ri ichak qiladigan ishni, to‘g‘ri ichak esa eng yuqoriga chiqib halqum vazifasini bajarishga kirishibdi… Eng pastdagi teshikka tepaga chiqib og‘iz vazifasini bajarasan deyishibdi, pastdagi yana bitta a'zoga “tepaga chiqib til vazifasini bajargin” degan topshiriq kelibdi. Shunda til tilga kirib “Men nima qilay” desa, sen pastga tushib “o‘sha a'zo” vazifasini bajarasan deyilibdi. Qolgan a'zolar bilan ro‘y bergan patologik holatlar haqida gapirishga til ojiz…
Organizmda ro‘y berayotgan sharmandali va falokatli bu holat oqibatida barcha to‘qimalarda moddalar almashinuvi izdan chiqib anor suvidek halol qon oqayotgan tomirlarda xarom qon oqa boshlabdi. Ushbu patologik jarayondan tahlikaga tushgan yurak so‘nggi marotaba Bosh miyaga iltijo qilib: “Bu eksperimentni darhol to‘xtating! Aks holda butun boshli organizm, shu jumladan, Siz ham halok bo‘lishingiz muqarrar!” debdi. Bosh miya qalbga, ya'ni yurakka quloq solmay bilganidan qolmabdi. Alal oqibat yurak urishdan to‘xtabdi…
Neyropsixolog, professor
Zarifboy Ibodullaev
Eski grammofon
MS: Bundinchiki gaplarni madaniyat va marifat telekanali barar adi. Shunam iljak Ozod dayan go‘to‘yinchi. Madturvasir Ozot har guni uyonib «nishatsam elni qarg‘ishina qolar akanman» dab o‘ylanadi. Gecha borib uni butun el qarg‘ag‘an bo‘ladi. rezultat diydi bini odini.
RT: Uyda eski grammafon bor edi. Elektrsiz ishlaydi. Ënidagi dastakni burab tov bersang ishlayverardi. Shu grammofonda Xamza teatrida o‘ynalgan «Otello » spektakli yozilgan plastinkani eshitardim. Men uchun o‘sha grammafon madaniyat va ma'rifat kanali edi. Abror Hidoyatov Otello rolida¸ Nabi Rahimov esa Yago¸ Sora Eshonto‘raeva esa Dezdemonani o‘ynardi. Avtor nomidan esa Qodir Maxsumov gapirardi. Bu grammafon taraqqiyotning qaysidir bosqichida qolib ketdi. Televideniya ham shunday. Mana 10 yildan beri TV ko‘rmayman¸ meehmonxonalarga borsam ham TVni ochmayman. Barcha ma'lumotni internetdan olaman. Katta zallik kinoteatrga borib kino ko‘raman. Teatrga borib spektakl ko‘raman. Ko‘lvor ilon nay chalgan faqir oldida mo‘ltiragan kabi TVga bog‘liq bo‘lib qolish insonga yarashuq ishmas. TV shu eski gramafon kabi o‘tmishda qoldi. Raxmalli yaxshi olat edi.
MS: Aktivist degan od bilan «dukonloni bosado‘vin» Hojiakbar Nosirov diniy nizo chiqarganlikda aybli deb topilib 15 sutkaga qamalg‘oni hoqqinda so‘llang og‘o. Hoqiqat yo‘qmi?
RT: Oldin «Aktivistning ukasi» deganni ko‘rib komediya tomosha qilganday bo‘luvdim. Keyin «originali»ni Xojiakbar Nosirov ijrosida ko‘rib xafsalam pir bo‘lgandi. Shantajning xidini darxol sezdim. Aktivist o‘zini ishidchilar ishg‘olidagi Idlib yoki Tolibon chuqur ildiz otgan Qandaxordaman deb o‘ylab boshladi chog‘i «yo‘gurt xarom»ligini o‘lchaydigan imon politsiyasi roliga kirib oldi. Bu xavfli tendentsiyaga chek qo‘yilgan bo‘lsa juda ma'qul. Lekin jamiyatdagi «tolibonlashuv» davom etaversa bunday imon politsiyalari va avrat qorovullari urchigandan urchib boraveradi. Har xil diniy voiz bloger va imomberdilar yaratishga urinayotgan rutubat toqatsizlik lichinkalari o‘sib ulg‘ayishini ta'minlaydigan atmosfera. O‘zbekiston dunyoviy davlat. Bu davlatda sigir sutini ichmoqchi bo‘lgan mardum singx roxiblaridan izn so‘ramaydi¸ qiymali mantini qaymoq bilan shanba kuni yeyish uchun yaxudiy rabbiydan ham ruxsat kerak emas.
Rossiyaning 21 asrdagi vijdoni deya sharaflangan Valeriya Novodvorskaya 2014 yil (o‘limidan bir necha oy oldin) o‘zbek jurnalistiga suhbat berganida «O‘zbekiston shariat davlati bo‘lish uchun start olsa mustaqil davlatchilik xatar ostida qoladi» deya ogoxlantirgan edi. Valeriya Iliinichna «Vahobiylik oqibatida chechen mustaqilligini yo‘qotdik. Masxadov davrida vahobiylarning yayrab o‘z bilganini ko‘rgan dunyo chechenlardan yuz o‘girib bu erkin o‘lkani Putin etiklari ostida toptalishiga imkon berdi» degan edi. Turkistonning keyingi 130 yillik tarixida ham mullalarning o‘ta salbiy va taraqqiyotga qarshi rolini ko‘rish mumkin. O‘z vaqf yerlaridan soliq olinmaslik haqida boisqinchi bilan til biriktirib Chimkent va Toshkent darvozalarini rus soldatlariga ochib bergan mullalarning ismi sharifi va barmoq izlari arxivlarda turibdi. Turkiston muxtoriyatini qiyin paytda ichdan bo‘lib zaiflashtirib yengilishga tayorlagan ham Ergash Mulla boshchiligidagi qadimchilar edi. Aynan ular Mutafo Cho‘qayni Turkiston muxtoriyati rahbarligidan ag‘darib mini putch qilishdi ammo davlatni bir xaftadan ko‘p ushab tura olishmadi. Diniy xurofot xuddi zang kabi davlatchilikni yemiradigan xavfli narsa. Shu bois dunyoviy davlatda din davlatdan xalq ta'limi cherkov¸ sinagoga va masjiddan ajratilib qo‘yiladi. Davlat mustahkam bo‘lishi uchun muxim omil bu.Qadimchilar tomonidan avvaliga «kofir» deya tamg‘alanib keyin shariat qozisi hukmi bilan Qarshida so‘yilgan Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida bugun yana yozgim keldi. Eltuz uchun ustozi avval bo‘lgan Behbudiy minglab odamlarni birgina fatvo bilan ochdan o‘lishdan qutqargan edi. Ocharchilik boshlangan paytda bugungi aktivistga o‘xshagan «mulla»lar «zavodda chiqqan un xarom¸ kofirning tegirmonini shayton aylantiradi» deb va'zlar qilishgan. Avom xalq esa ochdan o‘layotgan payt edi. Shu paytda Behbudiy «Manafaktura va motorli tegirmonlarda yanchilgan don halol» deb fatvo bergan edi. Shundan so‘ng xalq «magazin uni»sotib olib yeb boshlagan. Qadimchilar esa shundan keyin Behbudiyni kofir deb e'lon qilishdi. O‘sha payt qadimchilari sovunni ham taqiqlashgan. Sovun bilan yuvingan odam pulsirotdan o‘tayotganda oyog‘i toyg‘onib yiqiladi deyishgan. Tugmali kuylak¸ shim¸ velosiped¸ kartishkani ham taqiqlashgan. Bugun urchigan diniy aktivistlar Behbudiy ustozni so‘ygan qotil qadimchilar ishini davom ettirmoqda. Tarix ulug‘ o‘qituvchi. Tarixdan saboq olaylik. Ulug‘ faylasuf Geraklit «Bir daryoga ikki marta tushib bo‘lmaydi» degan edi.
MS Og‘o bir pozitiv gap chiqdi. Kambag‘al o‘liskalaram ipoteka barado‘n bo‘ldilao
Dunyoning hech bir bonkasi qashshoqqa ipoteka krediti bermaydi. Oyligim mana deb qog‘oz borsang. Oylikni uchdan ikkisiga yemak ichmak olishing kerak. Eng muximi sovunga pul qolishi kerak deb bonkachi yigit seni orqaga qaytaradi. Sasib ketib jamiyatga zarar keltirishing mumkin. Shu oylikni uchdan biri uy kreditini oyma oy yopishga yetsa kredit beriladi. Bo‘lmasa yo‘q. Ilimi bilimi yo‘q¸ prezident qarorlarini o‘qimagan¸ yolchitib bir yerda ishlamay xotin ketidan kun ko‘radigan parazitlarga kredit bergandan ko‘ra bonka fortochkasidan pulni tashavorgan yaxshiroq. Tek o‘tirish qashshoqlar. Xapao‘lishma Tuz og‘a qashshoq deb kamsitdi deb. Pasportingda shunday yozilgan. Darvoqea o‘qishni bilmaysanku. Xullas men aytsam ishonour. Sen chakida xalta bilan ursa ham oqarmaysan.
Bu gaplarni aytib tursam Matchon suqilishni konkurenti G‘ayrat Omon yozdi:
G‘ayrat Omon: Agar kambag‘allarga ipoteka berilsa…
«O‘zi shundog‘am tovuq, qo‘y, parnik uchun berilgan kreditlarning 70 foizi umidsiz qarz bo‘lib, banklarga katta moliyaviy yuk bo‘lib turibdi. Agar ipoteka krediti berilsa, ular to‘lamaydi. Ana keyin ko‘ring tomoshani. Uyni qaytarib olsang ustimga benzin quyib yuboraman deganlar ko‘payadi, bank va MIB xodimlari pichoqlashadi. Xullas, internet uchun yangi va qiziqarli mavzu va videolar paydo bo‘ladi».
MS: Xullas ashak bo‘lsang quloqingni kasarlar
Shu o‘rinda Gulnoz Mo‘minova eyjod namunasi yodimga tushdi.
Ayiq bo‘lsang – o‘ngiringda otarlar,
Bo‘ri bo‘lsang – adiringda otarlar,
Ilon bo‘lsang – zahring uchun sotarlar.
Sen ortga boqma. Qoch!
Qush bo‘lsang gar, charx ur ko‘kda – tinmagin,
Qishlovda ham bu yerlarga qo‘nmagin,
Galaboshing “kel” desa ham, ko‘nmagin,
Erk sari shosh!
Ayamasdan nabototni quritdik,
O‘zni oqlab, “Qizil kitob” yuritdik,
Hurlar ekkan giyohlarni xo‘r etdik.
Dillar – yalang‘och.
Qoya – o‘qqa uchgan ayiq timsoli,
Shamol bo‘zlar Ona bo‘ri misoli,
Sel urgan huv yerlar – hurlik uvoli,
Topilmas iloj.
To‘rga solib burgutlaru sorlarni,
Ovlayapmiz ko‘zda o‘ti borlarni.
Xullas, o‘zga bo‘shatyapmiz g‘orlarni –
Ko‘zimiz och.
Gulnoz MO‘MINOVA
MS: Sho‘rda to‘xtop yonqi gapni oyting
RT: Assalom Uzbekistan, Juma Muborak!
Rassom Tuz