Referendum, yangi oltin koni, firibgarlar va samosud – 600’42
Salom qadrli muxlislar, bugun 1 may e'tiboringizga Eltuz «600 sekund»ning navbatdagi sonini taqdim etadi.
+++
O‘zbekiston Respublikasi referendumining dastlabki natijalari e'lon qilindi. “Referendumda Konstitutsiya to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonunni qabul qilasizmi degan savolga 19 mln 722 ming 809 nafar fuqarodan 15 mln 40 ming 55 nafari (90, 21 foizi) yoqlab, 1, 5 mln nafari qarshi ovoz berdi» deya bildirdi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jaev.
30 aprel kuni Shvetsiyada ochilgan O‘zbekiston elchixonasida ham referendumida ishtirok etish imkoniyatlari yaratildi. Unda men ham ishtirok etib ovoz berish huquqimdan foydalandim. Shu o‘rinda ko‘pchilikda savol tug‘ildi. Ko‘p yillardan beri shved vatandoshi bo‘lgan Eltuz muharriri Qudrat Bobojonning saylovlarda ishtirok etishga qanday haqqi bor edi, degan turli iddaolar yangradi. Albatta men bu savolni o‘zbekistonning Stokgolmdagi elchixonatsixonasi birinchi kotibi Jasurbek Jo‘raboevga berdim. U kishi vatandan tashqarida yashayotgan O‘zbekiston vatandoshlari uchun bugungi kunda ancha yumshatilgan talablar qo‘yilayotgani, ya'ni ular O‘zbekiston pasportlari bilan kelib ovoz berishlari mumkin degan javobni berdi. Va men bunday imkoniyatdan foydalandim. Konstitutsiyani shu shaklda qabul qilinishini yoqlash va yoqlamaslik, referendum byulleteniga ha yoki yo‘q deb ovoz berish esa butunlay boshqa masala. Shved vatandoshi va ayni paytda eski bo‘lsa ham o‘zbek pasporti bor bo‘lgan Qudrat Bobojonning referendumda ishtirok qilgani uning hukumat tarafida bo‘lgani yoki muxolifat tomonida ekanini sira anglatmaydi. Yuqorida rasman ta'kidlanganidek, har xolda bir yarim million odam Konstitutsiyaning yangi tahririga qarshi ovoz berdi, bu ularning siyosiy irodasini anglatadi. Eltuz esa erkin matbuot vositasi bo‘laroq har qanday saylovnlarni yoritishda har ikkala tomon uchun ham teng imkoniyatlar berishga, xolis bo‘lishga intiladi. O‘zbekistonda va dunyoda kechgan yangiliklarni o‘z muxlislariga yetkazishda davom etadi.
+++
Jizzaxda yangi oltin koni topildi. Geologik razvedka ishlari davomida Janubiy Nurota tog‘larining sharqiy tarmog‘idagi Marjonbuloq qirlarida yangi oltin koni topildi.
G‘allaorol tumanida topilgan yangi konning oltin zahirasi 175 tonna ekani taxmin qilinmoqda. Prognozlar kondagi zahira hajmi yana 60-70 tonnaga oshishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Yangi kon davlat balansiga olingan.
+++
Farg‘onada Telegram messenjeri orqali 6 mln oltiyuz ming so‘m pulni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs ushlandi
U farzandining kasalligini bahona qilib, begonaning ishonchiga kirgan va undan ehson qilishini so‘ragan.
Firibgar maxfiy kodni qo‘lga kiritgach, kartadagi pullarni o‘zlashtirgan.
+++
Buvaydada kuyov qaynotasi va xotinini o‘ldirdi
Yetti yildan buyon erining qiynoqlariga chiday olmagan ayol ota uyiga qaytadi.
Ota qizini qayta yubormaslikka qaror qiladi.
Darg‘azab er o‘tkir pichaqni olib, qaynata uyiga boradi. Uyga pisib kirib, avval qaynatasi ko‘kragiga ikki marta pichoq sanchadi. Otasi himoyasiga kelgan xotinini ham pichag‘lab tashlaydi.
Qaynata va xotin go‘rda, er qamag‘da.
+++
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan 2-3 may kunlari tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Tashrif dasturida Berlin shahrida Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer va Federal Kantsler Olaf Sholts bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Tashrif chog‘ida Jeyms Simons galereyasida “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar imperiyasigacha” nomli ko‘rgazmaning ochilishi ham rejalashtirilgan. Eltuz ayni ko‘rgazma va boshqa tadbirlar yuzasidan ham reportajlar olishni ko‘zlamoqda.
+++
Bu so‘nggi 600 sekund ichida sizga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimiz edi. Kun davomida biz bilan qoling, Kanallarimizga obuna bo‘lishni unutmang.