Dang‘arada kaltaklangan yigitning ahvoli og‘irlashgan
Eltuz 21 oktyabrda Dadaxon Tohirov ismli shaxs Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani Paxlavon baliqxonasida O‘zbekiston tumani IIB boshlig‘ining akasi va uning sherigi tomonidan kaltaklangani haqida xabar bergandi.
Ushbu xabar ortidan, Dadaxon Tohirov kaltaklangani bo‘yicha Dang‘ara tumani IIB tekshiruv o‘tkazgan. Tekshiruv qanday xulosa qilgani ma'lum emas, ammo ko‘p o‘tmay shifokorlar 31 yashar Dadaxon Tohirovga yengil jarohat oldi deya tashxis quyib, shifoxonadan chiqarib yuborishgan.
Yaqinlarining Eltuzga ma'lum qilishlaricha, uyiga qaytib kelgan Dadaxon Tohirovning ahvoli og‘irlashgan.
«So‘ng uni xususiy kilinikaga ko‘rika olib bordik. Yuz sohasida sinishlar, miyasida va ko‘z sohalarida og‘ir kasaliklar aniqlandi,» deb yozdi jabrlanuvchi yaqinlaridan biri.
(Ilovada xususiy klinika chiqargan tashxisni ko‘rayapsiz)
Eslatib o‘tamiz, voqea guvohlariga ko‘ra, dang‘aralik o‘qituvchi Dadaxon Tohirovni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani IIB boshlig‘i Jasur Tojiboevning akasi Maqsud Tojiboev va uning do‘sti Ma'ruf ismli shaxslar do‘pposlagan. Boshiga shisha bilan urilgan Dadaxon og‘ir ahvolda tez yordam mashinasida kasalxonaga olib ketilgan.
Eltuzga hodisa haqida xabar bergan obunachi so‘zlariga ko‘ra, IIB xodimlari hodisani qaydga olishni istashmagan. Jasur Tojiboev o‘tmishda Dang‘ara tumani IIB boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lgan. Eltuz voqea tafsilotlarini o‘rganishda davom etadi. Kanalimizga obuna bo‘lishni va videolarimizga layk bosishni unutmang.