Xiva mulozimlari xo‘jako‘rsin shou uchun qarzini davlatning musorovozi bilan to‘ladi
Birinchi rahbarga hamma yoqni chiroyli ko‘rsatish uchun yasatilgan xo‘jako‘rsin hashamatga Potyomkin qishlog‘i deyiladi.
Potyomkinskie derévni — bu 1787 yili Rus shahanshoxining xotini ikkinchi Yekaterina ko‘zini shamg‘alat qilish uchun botqoq ustida taxta va qog‘ozdan yasatilgan obod qishloq.
Bu xo‘jako‘rsin butafor qishloqni knyaz Potemkin yasattirgan edi. Potemkin qishlog‘i degan termin real voqealikni berkitib yolg‘on hashamatli dekoratsiya qurishga aytiladi. Bugun Mirziyoevni «Potemkin qishloqlari» bilan aldashmoqda. Faqat bitta farq bor – knyaz Potemkin o‘zining yasama qishlog‘ini o‘z cho‘ntagidan harajat qilib yasattirgan. Bugungilar bo‘lsa tadbirkorni qaqshatib, yo‘taltirib “tomsuvoq” qilishmoqda.
2022 yil Xorazm viloyatiga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev bordi. Tashrifi doirasida O‘zbekiston rahbari Xivaga ham bordi. Xiva arxitekturasi – xuddi yapon she'riyati kabi mukammal.
Unga hech narsa qo‘shishning ham, olishning ham keragi yo‘q. Boshingizni ko‘tarib qarsangiz, ko‘nglingiz ko‘tariladi. Ammo Xiva shahar hokimligining laganbardor mulozimlari bu qadimiy shahar devorlariga ulkan plazma monitorlari o‘rnatib, Mirziyoev tashrifini Shimoliy Koreyadagi Kim Chin Er kabi ulug‘lab ko‘rsatishni orzu qildilar. Orzuga ayb yo‘q.
Gadoy ham “mers” minishni orzu qiladi, lekin teshik to‘rvasiga qarab turib, o‘z ishtahasini moderatsiya qiladi.
Ammo Xiva shahar xokimligi mulozimlari o‘zlarining tagi teshik byudjet to‘rvasiga qarab ham qo‘yishmadi. Ë xon o‘ladi, yo eshak degan kabi tavakkal qilib, Urganchdagi S-Ikbol telekanaliga bir milliard so‘m turadigan to‘rtta led ekran monitorni zakaz qilishdi.
Pulini prezident ketganidan keyin beramiz, deyildi. Eltuz ko‘rgan hujjatda Xiva shahar hokimligi xususiy kanal ya'ni S-Ikbol telekanali buyurtma asosida 4 ta Led monitor buyurtma bergani aks etadi. Prezident kelib ketganidan keyin Xiva shahar mulozimlari qarasa, cho‘ntakda hemiri yo‘q.
Qabulxonada xususiy telkekanal egasi Sardor «qarzini qistab» o‘tiribdi. Shu payt xokim Obodonlashtirish boshqarmasiga amr berib «sen to‘la qarzni» deydi. Eltuz ko‘rgan hujjatlarda rasman Xiva shahar hokimligi xususiy kanal ya'ni S-Ikbol telekanali buyurtma asosida 4 ta Led monitor buyurtma berib uning to‘lovini Obodonlashtirish boshqarmasi balansiga o‘tkazib, to‘lovini qilaman degan, ammo o‘sha pul xaligacha to‘liq undirilmagan. Gap 1 mlrd dan ko‘proq so‘m xaqida ketmoqda. Oz pul emas. Xususiy telekanal qarzni undirish uchun komxozni sudga berdi. Shu paytgacha sud orqali o‘sha Davlat mulki bo‘lgan musorovoz Kamaz 53 b05 l5 Ye – baholash orqali 831.540.600 so‘m pul chiqarilgan bo‘lib, qonunning 56 moddasiga muofiq 10% arzonlashtirilgan xolda ya'ni 748,386.540 mln so‘m sifatida undirilgan. Xususiy kanal egasi Eltuz muxbiri bilan suhbatda «pul sarflab Led monitor olib kelib o‘rnatsagu, ammo bu pulning yarmini ham ololmasak?» deya chapagidan o‘t chiqdi. Gapning eng qizig‘i davlat Xiva ko‘chalarini saranjom sarishta, chinni chiroq qilish uchun musorovoz ajratsayu bu musorovozni sud qarz uchun xususiy telekanalga berilsin deb ajrim chiqarsa. Xiva komxozi ham mana qarzing, endi qopilib o‘tir deya musor mashinani xususiy telekanal xovlisiga tashlab ketsa. Bu xolatda Xiva ko‘chasidagi musorni kim tozalaydi? Shahar hayotining zarur qismi bo‘lgan mashinani qarz evaziga berish g‘oyasi kimning qovoq kallasidan chiqdi? Davlat mulki nima, davlat nomidan qarz olib, bermaslik nima, degan savollarga javobni Karimov davrida maktabni qoridorda nos chekib tugatgan ikkichi rahbarlar qaydan ham biladi. Nega bu hokimlar qo‘lidan kelsa kelmasa xo‘jako‘rsin hashamat qilgisi keladi? Hikoyamiz boshida aytganimiz knyaz Potemkin o‘zining xo‘jako‘rsin qishlog‘ini o‘z cho‘ntagidan yasattirgan edi. Potemkin laganbardor va aldoqchi bo‘lsa ham davlat mulki daxlsiz ekanini bilardi. Shu o‘rinda Xiva rahbarlariga ikki og‘iz so‘z aytsam. O‘zbekiston prezidenti sog‘ salim tursa Xivaga yana ko‘p keladi. Siz xo‘jaminorga led monitor osib, komxozdagi qolgan musorovozlar taqdirini xatarga qo‘ymang.
Rahbarlar kelib ketaveradi, ammo hech bir yoshulli musorovozning ishini qila olmaydi. O‘nta rahbardan bitta musorovoz foydaliroqdir.