Eltuz xabari ortidan «Farengoforte» spreyini sotish taqiqlandi
«Farengoforte» savdo brendi ostida sprey dorivor vositasini qadoqlash jarayoni aks etgan videoning Eltuz telegram kanalida chop etilishi ortidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi 27 fevral kuni holatga rasmiy munosabat bildirdi.
Vazirlik dorivor vosita ekani aytilayotgan «Farengoforte» savdo nomidagi mahsulotning aslida dori vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani va tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun ruxsat berilmagani haqida ogohlantirdi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati» to‘g‘risidagi qonunning 20-moddasiga muvofiq, sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanishini eslatib o‘tdi.
«Shu munosabat bilan, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi O‘zbekiston hududida dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi (idoraviy mansubligidan, mulkchilik va boshqaruv shaklidan qatiy nazar) barcha tashkilotlar va yurtdoshlarimizni ogohlikka chaqirib, ‘Farengoforte’ mahsulotini realizatsiya qilmasligini so‘raydi», — deyiladi markaz xabarida.
Eltuz bundan bir necha kun avval, 23 fevral kuni O‘zbekistonda chiqarilayotgan Farengeforte dorisining hech qanday gigiena va laboratoriya qonun qoidalariga javob bermaydigan tarzda qadoqlanayotgani aks etgan videoni o‘zining telegram kanalida e'lon qilgan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Eltuzga Farengo Forte maxsuloti haqidagi ayni material yuzasidan tahdidli e'tiroz bildirildi.
“Farengo Forte davlatimiz nazoratidan o‘tgan. Davlatimiz Farengo Forte maxsulotini tekshirib, effektini ko‘rib Litsenziya bergan. Faringo Forte maxsulotining hamma hujjatlari bor. Har xil Feyk tarqatayotgan odam ertaga qonun oldida javob beradi”, deya dahanaki tahdid qilindi.
Qadoqlanish jarayoni aks etgan videoni feyk deya atagan shikoyat egasi Eltuzga aftidan qalbaki bo‘lgan litsenziya nusxasini ham jo‘natdi.
Lekin Eltuz materialni olib tashlamadi. Bugunga kelib esa, ko‘p yillar davomida O‘zbekiston aholisiga 3 xil ko‘rinishdagi bu sprey chaqaloqlar, bolalar va kattalar uchun noqonuniy tarzda tayyorlanib sotilib kelinayotgani ayon bo‘ldi.
Eltuz uydagi gapni ko‘chaga olib chiqadi. Kanalimizga obuna bo‘ling.