Asosiy mavzular
1 mart 2024

Xo‘rlangan Buxoro – RTdan va'z

Yo‘lga chiqyapman. Muqimiy aytganidek, qolmay shaharga toqatim, qishloq chiqardim odatim.

MS: Og‘o shu suvuqda, o‘yda, o‘joqni yoninda o‘tiravaring o‘t ko‘lab. Nichiksizla, xo‘jik brri, mo‘chchi oybikala.

RT: Matchonboy, bir paytlar Buxoroga yo‘lim tushsa, albatta rassom Bahodir Salom va Sadriddin Salim aka Buxoriyni ziyorat qilardim. Olloh rahmatiga qovushib, shodravon bo‘lgan bu ikki oydin BUXOROYI ShARIFning tirik qalqoni edi.

Bu shoh asar, buni ko‘rmoqqa

Farang kelar, olmoni kelar.

Uzoq-yaqin yurtning shoh-faqir,

Yaxshi hamda yomoni kelar.

Bu shoh asar, buni ko‘rmoqqa

Zax kelmoqda, sho‘rob kelmoqda.

Paxtazori bilan bostirib

Shior bilan xitob kelmoqda.

O‘zining shoh asarlarini

Aylab qo‘yib yer bilan yakson —

Sen!

Ne uchun kelmayapsan, Sen —

Ka'basini yo‘qotgan Inson?!

MS: Og‘o, xozir shu gunda Buxoroni og‘dar do‘ndar atib, biz bizoloq, bizmog‘onni oyoqi cho‘loq, dap bizib yotibdilo mongloyi qoro, etmak yoshullilo.

RT: Chingiz va Temur armiyasida qadimiy bino va qo‘rg‘onu qa'la devorlarini  buzib tashashga ixtisoslashgan arxitektor lavozimi bo‘lgan. Bu arxitektor boshchiligidagi guruh istilo qilingan shaharlarni yo‘q qilgan. 1379 yili uch oylik qamal va tinimsiz xujumdan keyin Urganch (Xozirgi Ko‘hna Urganch) okkupatsiya qilindi. Shahar planli ravishda vayron qilindi. Bugungi Ko‘na Urganch vayronalari o‘sha buzg‘unchi arxitektor «eyjodi». Men tarix haqida baxslashmoqchi emasman. Bugungi buzg‘unchilar haqida gapirmoqchiman. Menimcha, Xivani buzib,  mehmonxona qurayotgan, Buxoroni ontar to‘ntar qilib, feyk shahar qurishni boshlagan buzg‘unchi mulozimlar o‘sha mo‘g‘ul bosqinchilari ishining davomchilaridir.

MS: Og‘o, odomloro torixni qiziqi yo‘q. Metan gozni o‘chirtinda bir-birini qonini ichib yotibdilo…

Musappa asman nyus

Matchonboy, «metan» gaz quyish shohobchasida navbat talashib, katta janjal bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB ma'lumot berdi.

Aniqlanishicha, mazkur holat kecha 26 fevral kuni Yuqori Chirchiq tumani hududida joylashgan metan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan.

MS: Qomodilomi vog‘irdichilaoni?

Voqea Toshkent viloyati IIBB tomonidan nazoratga olinib, hududiy IIB tomonidan JKning 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda tergov-surushtiruv harakatlari olib borilmoqda.

MS: Metan gozni o‘chiritinda bir ikki yumruq yesang o‘lmiysan. Lekin o‘yda ko‘mirni isi urso, dik o‘lasan tomom.

RT: Joriy yilning 25 fevral kuni taxminan soat 10:30 atrofida Boysunning «Duoba» mahallasida yashagan 1980 yilda tug‘ilgan X.J va farzandlari 2013 yilda tug‘ilgan M.J., 2016 yilda tug‘ilgan M.Sh., 2018 yilda tug‘ilgan M.S.lar yashash uyida uxlab yotgan vaqtida qo‘lbola yasalgan temir pechdan chiqqan is gazidan dimiqib, voqea joyida o‘ldi.

MS: O‘t balosinnan, suv balosinnan, poshoni g‘ozobinnan, nohaq to‘matdan¸ yomon qo‘ngshi va yolmovuz ajinadan tongri soqlosin bizani…

O‘zakdan chiqqan o‘t

1918 yil 19 fevralda Markaziy Osiyo tarixidagi ilk demokratik va dunyoviy davlat Turkiston muxtoriyati sovet armiyasi soldatlari tarafidan yo‘q qilindi. (Bu sovet soldatiga Mirziyoev davrrida o‘rnatilgan haykallar ontarilishi kerakligi haqida alohida boshqa safar alohida aytaman)

Muxtoriyat yo‘q qilinishi haqida yozganlar, ko‘p xollarda tashqi faktorga, ya'ni bolsheviklar hujumiga diqqat qaratishadi.

Ammo sovetlar hujumidan oldin muxtoriyat ichidan yemirilgani haqida kam yoziladi.

Turkiston muxtoriyatini ichdan yemirganlar qadimchi mullalar edi. Ular Turkiston muxtoriyati yo‘q bo‘linishiga bolsheviklar bilan teng javobgar.

Turkiston muxtoriyatini ichdan yemirgan va zaiflashtirgan  asosiy muammo  muxtoriyat safiga sizib kirgan qadimchi mullalar va muxtoriyatni qurgan, davlatni  yaratishda ishtirok etgan dunyoviy fikrdagi siyosatchilar o‘rtasidagi yengib bo‘lmas farq bo‘ldi. Bu ziddiyat asosan zombi mullalar va jadidlar o‘rtasida kechdi. Jadidlar   mamlakatni mudofaa qilish masalasini oq gvardiyachi va ayni paytda o‘ta  malakali ofitserlar bilan maslahat qilayotgan paytda qadimchi mullalar muxtoriyat ichida tafriq propagandasini olib bordi. Zombi mullalar ta'siriga berilgan deputatlar, Kichik Ergash mulla boshliq qadimchilarni ko‘proq hukumat tarkibiga kiritishdi.  Kadimistlarning hukumatdagi ta'siri  kuchayishi ortidan Bosh vazir  M. Tyishpaev  iste'foga ketkazildi.

(U 1 oydan kam vaqt davomida bosh vazir bo‘lgan) 1917 yilning dekabrida uning o‘rnini Mustafo Cho‘qaev egalladi, ammo qadimchi mullalar uni ham kichik putch qilib haydab solishdi.

1917 yil kuzidagi siyosiy inqiroz sharoitida avtonomistlar tashqi siyosat yo‘nalishi, Sovetlarga nisbatan va keyingi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga nisbatan yagona pozitsiyaga ega emas edi.  Hukumatning Turkiston shaharlariga ma'ruzachi va targ‘ibotchilarni yuborish orqali mahalliy aholining keng doirasini yutib olishga urinishlari kerakli natijalarni bermadi.

Vaziyat milliy davlatchilikka printsipial qarshi bo‘lgan sho‘roiy-ulamo rahbarlarining muxtoriyat hukumatiga qo‘shilishdan bosh tortgani bilan yanada og‘irlashdi.

1918  yil 18 fevralda Sho‘roiy-ulamo tashkiloti Mustafo Cho‘qaev boshchiligidagi hukumatni ag‘darib tashladi (u 2,5 oy bosh vazir bo‘lib ishlagan edi) va hukumat rahbariyati Qo‘qon mirshablari boshlig‘i  Kichik Ergash nomli mullaga topshirildi.

Bu mulla Turkiston muxtoriyatini zaiflashtirib berdi va bu paytni kutgan sovet soldatlari xujumga o‘tdi.

Turkiston muxtoriyati sovet armiyasi soldatlari tarafidan yo‘q qilindi.

Qirg‘izlarda, o‘zakdan chiqqan o‘t yomon, degan maqol bor. Kuchli eman og‘ochiga tashqaridan o‘t tegsa oldin po‘stlog‘i yonadi agar vaqtida o‘t o‘chirilsa daraxt omon qoladi. Ammo o‘t daraxt o‘zagidan chiqsa bunga davo yo‘q.

Qadimchi mullalar Turkiston davlati deb atalgan daraxt o‘zagini yoqishdi. Atayin, dushmanlarcha yoqishdi. Yurt oydinlarini hukumatdan quvib, o‘ris bosqinchilariga davlatni kumush patnisga qo‘yilgan olma kabi peshkash qilishdi.

Keyinchalik, bu qadimchilarning davomchisi Toxir Yo‘ldoshev aytganidek, mullalarning  maqsadi milliy davlatchilik emas, balki dunyoni bitta mafkura  betoniga aylantirishdir.

MS: Rasmdagi kim og‘o, Mustfo Cho‘qoymi?

RT: Rasmda ulug‘ jadid otamiz, injener, Turkiston muxtoriyatining ilk prezidenti Muhammadjon Tinishpoev.

Televizor orqali qul qilinadigan qavm

MS: Og‘o, o‘ris bizani tiyina bosjoq akan tutib olip.

1991 yil SSSR tugaganligini o‘zbeklar TV dan eshitishdi.

Ko‘pchilik ishonmasdan yana TV ni ochib, «Bu hazil edi, SSSR qaytdi» degan gapni ham kutishdi.

Masalan, o‘sha paytda Sovet Ittifoqidagi eng oxirgi bo‘lib, SSSR xalq artisti unvonini olgan Ëqub Ahmedov mahallaga osh qilib, yo‘q bo‘lib ketgan davlatga tashakkurlar aytib, kulgiga sabab bo‘lgan.

Televizor orqali boshqarilishga moyillik ayniqsa Kashpirovskiy va Chumak tarafidan qilingan kuf-suflarga o‘zbeklarning mahalla-mahalla, uy-uy, kolxoz-kollektiv tarzida mubtalo bo‘linganida ko‘ringan edi.

1991 yilda ba'zi oydinlarimiz chiqib, «Ruslar qurol bilan kelib, bizni yana bosib olmasin» deb havotir olganida aqlli vatandoshlarimiz ularga javoban «Bizni bosib olishning keragi yo‘q, televizorda O‘zbekiston Rossiyaga qo‘shildi deb aytsa bo‘ldi, » degan edi.

Bu orada ba'zi madaniy o‘zbeklar  «Men faqat Rossiya TV ko‘raman» deb maqtanishni odat qildi. Men bilgan ba'zilar, Kreml kuranti ovozini eshitmasa shaytonlaydigan darajaga yetdi.

Rossiya TV lari qo‘lvor ilon maymunlarni qanday gipnoz qilgan bo‘lsa, shu tarzda o‘zbeklar shuurini falaj qildi.

Yaqinda Rossiya TV lari borasida savol qo‘ygan edik. Savolga javob bergan 500 kishidan faqat 40 nafarigina Rossiya TV sini zararli deb bilar ekan.

Qolgan 460 tasi esa Rossiya TV siga mubtalo bo‘lganini ochiq aytishdi.

Epidemiya paytida butun bir elatu qavmlar kasalga chalinib o‘lgan kabi, vatandoshlarimiz ham  Rossiya TV si degan o‘latga chalinib bo‘libdi.

MS: Deravarsin o‘lganlara, Og‘o sizni oytqonlaringiz Aziz Nesin dagan kishini yozg‘onlarino o‘xshiydi.

RT: Turk yozari Aziz Nesin asarlari  O‘zbekiston voqeligini eslatadi. Men o‘quvchilik paytimda Aziz Nesinning kitobi qaerda bo‘lsa topib o‘qiganman va uni O‘zbekiston haqida yozadigan o‘zbek yozuvchisi bo‘lsa kerak, deb o‘ylaganman. Zotan, Xushtak afandi kabi firibgarlarga kechagi va bugungi O‘zbekiston to‘la edi. Marshrutkaga chiqib “Hukumatga ming rahmat” deydigan haybarakallachilardan kamchiligimiz yo‘q.

Iqtibos:

Bugun tongda men mamlakatimning yanoqlaridan o‘pib, yostiq uchiga bir maktub yozib ketmoqchi edim. Bu maktubchada mana bu yozuvlar bo‘lajak:

“Shu qadar go‘zal uxlayapsanki, seni uyg‘otishga ko‘zim qiymadi!” (Aziz NESİN)

MS: Og‘o tramboy bilan trolleybusni farqi nerinda?

Trolleybus faqat tepadagi simga bog‘liq, tramvay esa ham tepadagi simga va yana temir yo‘lga ham bog‘liq.

Bu matnni hali Karimov tirik bo‘lgan 2016 yilning mart oyida  yozgan edim. Bugun Toshkentga tramvay qaytishini eshitib, bu matnni qayta yoyinlarkanman, «salom tramvay» degim keldi.

Alvido tramvay

Talabalik yillarimning sershovqin hamrohi, terlagan bo‘yniga sochiq tashlagan xorg‘in haydovchi boshqargan tramvay bugun Toshkent chinorlari kabi yo‘qlikka ravona bo‘lmoqda.

Eh tramvay, tramvay. Sen soat olti bo‘lmasidan Shota Rustaveli ko‘chasidan shovqin solib o‘tganingda o‘sha ko‘chada istiqomat qilgan bir mulozimning uyqusini buzgan eding.

Bugun mamlakat rahbariga aylangan o‘sha mulozim sendan qasos olayotganligini bilasanmi?

Faqat sen hafa bo‘lma tramvay.

Bu diktatordan jabr ko‘rgan birgina sen emassan.

Bu mulozim bir vaqtlar chinor tagidan o‘tib ketayotib, nafasi qisilgan edi.

Iqtidorga kelgach u,  mangu yashillik timsoli bo‘lgan chinorlarni kestirib o‘chini oldi.

Bu odam tabiatan qo‘rqoq edi, u kreml mulozimlariga hushomad qilishga mahkum bo‘lib turgan paytda shoirlar qaddini tik tutib qo‘rqmasdan so‘z aytishar edi.

U bu manzarani «nega men ular kabi botir emasman» degan kin va nafrat bilan kuzatdi.

U iqtidorga kelishi bilanoq shoiru yozuvchilar armiyasini tor-mor qilishga kirishdi. Ularni xor-zor qildi. Tahqirladi, o‘ldirdi, mamlakatdan quvdi.

Senga taskin berish uchun aytayapman bu gaplarni tramvay.

Albatta tramvayjon, o‘z umrining kuzini yashayotgan bu diktator ko‘ziga faqat o‘zingning sahardagi shovqining bilangina  yomon ko‘rinmading.

2001 yil oxirida Toshkent talabi bilan Pragada hibsga olingan  muxolifat lideri Muhammad Solihning qamoqdan ozod bo‘lib Chexiyaning hurriyatchi prezidenti Havel bilan yonma yon qahva ichib o‘tirishi diktator ko‘ksini qasosga to‘ldirgan edi.

O‘sha paytda Chexiyada ishlab chiqarilgan tramvaylarni Toshkent uchun sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi.

Diktator bu shartnomani yirtib tashlab, «Dushmanini siylagan» Chexiyadan va uning erksevar lideri Haveldan  o‘ch oldi.

O‘sha tramvaylar Toshkentga bormaganidan hursand ham bo‘lgandir, zotan agar ular Toshkentga borganida bugun keraksiz temir uyumiga aylanar edi.

Eh Toshkent tramvaylari. Arqon bilan tortib shoxini simga tekkizganda hayajonlanganidan o‘t bo‘lib chaqnaydigan tramvaylar.

Sen dunyodagi eng demokratik ko‘lik eding. Haddimiz sig‘ib orqangdagi narvonga osilardik.

Esingdami, kuz paytida hamma paxtaga ketib, shahar huvillab qolgani.

O‘shanda  Jizzaxga ketayotgan avtobuslar ortidan «Men ham dalaga borib paxta tersam» degan kabi mo‘ltirab qolarding.

Temir izlarga mangu bog‘liq eding sen, bugun esa

temir iroda seni keraksiz  temir uyumiga aylantirmoqda.

Hafa bo‘lma tramvay. Seni qayta eritib nimadir yasashadi albatta.

Balki seni yo‘q qilgan diktator qabriga temir panjara bo‘larsan, balki seni yo‘q qilish uchun qaror chiqargan mulozimlar o‘tirgan qamoqda temir to‘shak bo‘larsan.

U yog‘ini bilmayman.

Aytadiganim shu, men sendan roziman tramvay!

Haqqingni halol qil.

Ba'zan biletsiz sayr qilgan bo‘lsam, bag‘ishla meni.

Alvido tramvay!!!

28 mart 2016 yil Praga

Toshkentdagi 11 tramvayning besh yillik yo‘lchisi

MS: Og‘o yeg‘losim galdi shu voxlo yodo chship. Nadiyan mo‘chchi kadila bilan trmoboya minar adik 3 tin to‘lab. Xozir nerda vunninchiki gapla.

 Hamma gullar oyoq ostinda

Stolim ustidagi eski jurnalni ilkis ochsam, ko‘zim marhum do‘stim Asqar Mahkam misralariga tushdi…

Men qatldan qo‘rqmasman hargiz¸

Og‘ochlari balandroq dor yo‘q.

Hamma gullar oyoq ostinda

Ani asray deguvchi xor yo‘q.

Muhabbat ham shahvatdir asli,

Magar bunda, parda yo‘q, or yo‘q.

Bihamdullah o‘lim ayirgay

Qo‘shay dema, hech qo‘shmoqzor yo‘q.

Tortib bo‘ldik barini butkul,

Biz tortmagan g‘amu ozor yo‘q.

MS: Og‘o uring potyani.

Assalom O‘zbekiston Juma muborak!

Tag‘in o‘qing
22 fevral 2018
Jizzaxlik olti nafar faol 21 fevral kuni itlarga qarshi terrorni to‘xtatishni talab qilib, jamoatchilikka va hukumatga murojaat qildi. Jonivorlar ...
3 iyun 2016
Toshkentda Korruptsiyaga qarshi seminar bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan O‘zA agentligining bildirishicha tadbirda, «Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda qonun ...
16 yanvar 2017
O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning Toshkentda uy qamog‘ida saqlanayotgan katta qizi yaqinda Shveytsariya prokuraturasi tomonidan pul yuvish ayblovi bo‘yicha ...
19 sentyabr 2023
Agar Ginnesning qo‘lostidagilarni nafsoniyatiga tegish, g‘ururini toptash, tahqirlash, so‘kinish va urish singari yo‘nalishlarda ham reytingi bo‘lganida edi, g‘oliblikni yaqin ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...