Asosiy mavzular
27 may 2024

Putin Toshkentga keldi, Zelenskiy MO muxbirlari bilan uchrashdi – 600’52

Shvetsiya o‘z qurollaridan Rossiya hududlariga hujum qilishga izn berdi. Gruziya prezidenti Rossiyaparast qonunni bekor qilmoqchi. Andijonda esa ko‘prik quladi. Putin esa Troshkentga keldi.  Va bu 600 SEKUND.

1.    22 may kuni Yevropaning uchta davlati – Norvegiya, Irlandiya va Ispaniya Falastin davlatini tan oldi. Bu tarixiy voqea darhol Isroil tomonidan qoralandi va falastinliklar tomonidan olqishlandi. Isroil Norvegiya va Irlandiyadagi elchilarini ortga chaqirib oldi.

2.    Gruziya prezidenti Salome Zubarashvili 1 iyunga qadar siyosiy partiyalarga “Gruzin hartiyasi” hujjatiga imzo qo‘yishni taklif qilmoqda. Bu hujjat Gruziyaning Yevroatlantika kursini tasdiqlaydi va Yevropa yo‘nalishiga zid qonunlar bekor qilinishini anglatadi. Rossiyadan andoza olingan xorijiy agentlar haqidagi qonun ham bekor qilinishi ko‘zda tutilgan loyihalardan biri xisoblanadi.

3.    26 may kuni Rossiya bosqinchilari Ukrainaning Zaparoje xalqaro aeroportiga zarba berdi. Zarba Rossiyaning X-59 rusumli raketalarida amalga oshirilgan. Qurbonlar haqida ma'lumot yo‘q.

4.    Shvetsiya hukumati Ukrainaga bergan qurollari bilan Rossiya hududiga hujum qilishga ruxsat berdi. Bu haqda Shvetsiya mudofaa vaziri Pol Yonson Hallandposten nashriga xabar berdi. NATO raisi Yans Stolenberg ham Yevropadagi hamkor davlatlar Ukrainaning Rossiyani nishonga olishi borasidagi taqiqni bekor qilishi kerakligini ma'lum qildi.

5.    O‘zbekistonda esa mutlaqo boshqacha manzara. Mamlakat hukumati bosqinchi davlat raxbari oyog‘iga poyandoz yoyib, shusiz ham qarzga botgan mamlakat zahiralarini begona urushga sarflamoqda. Ukrainaga bosqinchilik urushi olib borayotgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin 26 may kuni O‘zbekistonga keldi. Ikki kunlik tashrifda Rossiya va O‘zbekiston hududiy kengashi haqida muzokaralar olib borildi. Shavkat Mirziyoev Putin bilan Islom tsivilizatsiyasi markazi va G‘alaba bog‘iga bordi hamda ittifoqiy hamkorlik ko‘zda tutilgan bir necha hujjatlarga imzo chekdi. Tashrif davomida O‘zbekistonda atom va yadro qo‘mitalari tashkil topdi. Rossiya rasmiy axborot manbalari Putinning O‘zbekistonga kelishi prezident etib saylanganidan keyin uchinchi xorijiy safari ekanini faxr bilan eslatib o‘tdi. Garchi Putin har gal prezident bo‘lib saylanganida eng avvalo keyingi paytlarda ancha toraygan o‘z vassallari hukmron mamlakatlarga kelishni kanda qilmaydi.

6.    Ayni paytda Ukraina Prezidenti Zelenskiy 25 may kuni Xarkov shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston jurnalistlari bilan uchrashdi. Uchrashuv Xarkovdagi portlatilgan va vayronaga aylangan Faktor druk nashriyotining bosmaxonasida bo‘lib o‘tdi. Prezident Zelenskiy ommaviy axborot vositalari erkinligi haqida so‘zladi. O‘zbekistonlik jurnalist Alisher Azimov “Ukrainada korruptsiyaga qarshi kurash bo‘yicha qanday tizim yo‘lga qo‘yilgan?” degan savol berdi. Zelenskiy bu savolga qarata o‘ymoqli qilib “Sizlarda-chi, antikorruptsiya vaziyati qanday” deya hitob qildi. Suhbat g‘arb ommaviy axborot vositalarida iliq kutib olingan bo‘lsa-da, Rossiya propagandonlari shuningdek O‘zbekistondagi o‘risparast Ommaviy ahborot vositalari tomonidan istehzo bilan qarshilandi.

7.    O‘zbekistondagi korruptsiya hakkalak otgani haqida esa nafaqat Zelenskiy, balki olis afrika qit'asidagi yosh bolaga ham ma'lum.  “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent viloyat filialining bo‘lim boshlig‘i va muhandisi o‘zaro til biriktirib, Qibray tumanidagi qandolatchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonani 3 fazali elektr tarmog‘iga ulash va transformator o‘rnatib berish, shuningdek, boshqa texnik hujjatlarini tayyorlashda ko‘maklashish evaziga 39 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent viloyat filiali muhandisi so‘ralgan pul mablag‘idan 30 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

8.    O‘zbekiston moliya vazirligi huzuridagi g‘aznachilik qo‘mitasi Respublika bo‘yicha turli davlat tashkilotlari harajatlarini taftish qilib, qimmatbaho smartfon olish uchun byudjetdan 6 milliard 637 million so‘m sarflanganini aniqladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Jizzax, Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida turli davlat tashkilotlari byudjet puliga so‘nggi rusumlardagi iPhone smartfonlari olgani aniqlandi. Masalan, Sariosiyo tumani hokimligi to‘rt dona iPhone 13 pro Max uchun «Bahrulloi Rustam Chorvador» xususiy korxonasi bilan shartnoma tuzib, 72 million so‘m to‘lagan. Eslatib o‘tamiz, 2024 yil O‘zbekistonning davlat kamomati birinchi chorakda rekord daraja — 19,8 trln so‘mga yetdi.

9.    Andijon viloyati Andijon tumani Daryobo‘yi mahallasida Qoradaryo ustidan o‘tgan ko‘prik quladi. Ko‘prik ustidan kanalizatsiya, ichimlik suvi va tabiiy gaz quvuri o‘tgan edi. Eltuzga video yo‘llagan obunachi quvurlarga ham shikast yetganini aytadi.

10. Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga sanitarkalikka ishga kirish narxi 1300 dollar. Buxgalteriya xodimi shu summani bosh vrachga berish uchun olayotganda daliliy ashyo bilan qo‘lga olindi. Buni tezda yopish harakatlari boshlangan. Bundan tashqari, bosh vrach va o‘rinbosarlari sifatsiz texnika, kompyuter xarid qilib, kasalxona binosi devorlaridagi qulab tushgan joylarni yamab “to‘liq ta'mirlandi, besedkalar falon pulga yasaldi” degan mazmunda open byudjet pullarini talon-taroj qilishgan. Vaholanki, markaz uchun tibbiy uskunalar olish kerak edi. Markaz raxbariyati tomonidan nafaqadagilar dolya beradigan va bermaydiganlar sifatida ikki toifaga ajratilgani iddao qilinmoqda. Tegishli vakolat egalari bosh vrach Abdurahmon Norov va u tashkil qilgan guruh a'zolari ishini o‘rganib jazoni qattiq tayinlashi shartligi talab qilinmoqda.

11. Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hokimi o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi MChJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sug‘orish ishlariga sharoit yaratib berish va faoliyatiga hech kim aralashmasligi evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilib, 1 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura xodimlari tomonidan ushlandi.

12. Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Sergeli tumani Ichki Ishlar organlari Fuqarolikni Muvofiqlashtirish Boshqarmasi 2-sonli ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori 5 ming AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ushlandi. Aniqlanishicha, u ushbu pul mablag‘i evaziga, o‘zaro janjal oqibatida xorijiy fuqaroga tan jarohati yetkazgani bo‘yicha mahalliy fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmasdan, holatni ma'muriy huquqbuzarlik sifatida malakalashni va'da qilgan.

13. Bolajon xalq. Buxorolik Jasur Habibov va Madina Mansurova o‘z bolasini 7000 AQSh dollariga sotayotganda qo‘lga olindi. Xaridorlar Maftuna Mamadova va Nozim Qahhorovlar shar'iy nikohda yashaydi, ular anchadan beri befarzandligi sabab bola sotib olishga qaror qiladilar. Biroq, harakatlari noqonuniy ekanini anglab, bola sotar «ota-ona» haqida IIBga arz qilishdi. 2024 yil 16 yanvar kuni Jasur Habibov salkam uch oylik o‘g‘lini sotib, pulni Madina Mansurovaga beradi. Madina Mansurova pulni sanaganda 6600 AQSh dollari chiqdi. Xaridor qolgan 400 AQSh dollarini keyinroq berishini aytgach, bolaning «onasi» pul haqiqiyligini tekshirish uchun yo‘lga chiqqanda IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Buxoro shahar sudi Haydarov Jasurbek Sodiq o‘g‘liga 5 yilu 6 oy, Mansurova Madinabonu Muhiddin qiziga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgiladi.

Bu 600 sekund edi. Yonginangizda yuz bergan ammo siz bilmagan voqealardan xabar topmoqchi bo‘lsangiz Eltuzga obuna bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
14 yanvar 2023
RT: Bugungi juma va'zi qisqa bo‘ladi. MS: Navchun og‘o, so‘qishdingizmi yo? O‘din oz bo‘lsom gap ko‘p dar adila xonqolilo. ...
25 avgust 2016
Prezident farmonida, 2016 yilning 1 oktyabridan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori ...
23 noyabr 2023
Yangi O‘zbekistonda jamiyat ikkiga bo‘lingan: Bir biri ustidan yozadiganlar va pul berib, birovning ustidan yozdiradiganlarga. Istisno o‘laroq, birovning ustidan yozadiganlar qamrov katta bo‘lsin deya «bloger yollab» o‘z yozmishini tarmoqqa chiqarishni ham istaydi. Ammo uning «murodi hosil bo‘lmasa» nayzasi o‘tmas blogerning ustidan ham yozishni boshlaydi.  Erinmay prokurordan ...
8 sentyabr 2024
Eltuz portaliga xatlar yog‘ilishda davom etmoqda. So‘nggi beshta maktub O‘zbekistonning Xorazm, Buxoro va Namangan viloyatlaridan kelgan. E'tiboringizga taqdim etiladigan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...