Peshku hokimi bank menejerini tepib, majlisdan haydadimi?
28 may kuni Peshku tumani hokimi Vahob Qahhorov tumandagi bank xodimlari bilan kreditlar qaytimi va soliq tushumlari masalasida majlis o‘tkazarkan, qizishib ketib Aloqabank yetakchi menejerini haqorat qilib, tepib majlisdan chiqarib yuborgan.
Bu ma'lumotni Eltuzga yo‘llagan anonim manba hodisa 150 kishi o‘ngida yuz berganini ma'lum qildi.
Eltuz masalaga oydinlik kiritish maqsadida Peshku tumani hokimi Vahob Qahhorov bilan yozishmaga kirishdi.
Vahob Qahhorov majlisda topshiriqlarni bajarmagan loqayd xodimlarni tanqid qilganini tan oldi.
Biroq u bank xodimlariga oyog‘ining uchini ham tekkizmaganini bildirdi.
“Bank xodimini hech kim tepgan emas. Bu ma'lumot yolg‘on. Muhokamada Aloqa bank Buxoro filiali xodimlari o‘ziga biriktirilgan mahallalarda kreditlar ajratish masalasi juda past darajada bo‘lganligi sababli 5-6 ta bank xodimidan hisobot so‘ralganda, mazkur xodim yetarlicha shug‘ulanmaganligi, hatto yig‘ilishga yozib oladigan daftarisiz, shunchaki beparvolik bilan kelganligi uchun, yig‘ilishdan chiqib ketishini va bank boshlig‘iga yetkazinglar bu xodimga nisbatan chora ko‘rsin deb aytdim,” – dedi Vahob Qahhorov.
U majlisdan so‘ngra bank menejeri bilan uchrashib, gaplashib olganini qo‘shimcha qildi:
«Biz yetakchi menejeri Sardorjon bilan gaplashib oldik, bunaqa gaplar Sardorjondan chiqmagan ekan. Bank xodimi bilan oramizda hech qanday adovatli masala yo‘q. Kimgadir shunaqa ma'lumot kerak bo‘lganga o‘xshaydi», – dedi Peshku hokimi.
Hokim bankirni tepganmi yoki tepmaganmi – shudir hayot-mamot masalasi.
Yuqorida hokim va bankirning suratlari taqdim etildi. Fotosuratlar tepki haqidagi murojaatdan keyin Eltuzga hokim tomonidan berildi.