Buxoro viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i ortida kim turibdi?
Asqar Bahronov ushbu tizimni korruptsiyaga botirgan. U har oylik “shapka”ni bermagan qo‘l ostidagi rahbarlarni noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatmoqda. U rahbarlikka kelganidan buyon viloyat bolalar stomatologiya poliklinikasi bosh shifokori Vohidov, Shofirkon tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Tohirov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh hisobchisi Yagudina, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Qurbonov va boshqa xodimlar uning har oy talab qilgan «soqqa»ni bermaganlari uchun ishdan bo‘shatilgan.
Biroq sud adolatni tikladi va mazkur xodimlarni o‘z lavozimlariga qayta tiklab, umumiy miqdorda 179 million so‘mlik moddiy va ma'naviy zarar davlat byudjeti hisobidan qoplandi. Demak Asqar Bahronovning shaxsiy ziddiyatlari bois odamlarga yetkazilgan moddiy zarar davlat byudjeti va sizu biz to‘layotgan soliqlar orqali qoplanmoqda.
Asqar Bahronovning yana bir noqonuniy harakati shundaki, u o‘zining kursdoshi A. Xoliqovni qonunga xilof ravishda boshqarmaning bosh iqtisodchisi lavozimiga tayinladi. Gap shundaki, A. Xoliqov Buxoro viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan 2021-2022 yillarda mansab mavqeini suiiste'mol qilib, davlat byudjeti mablag‘larini tolon-toroj qilgani uchun 2023 yilning 6 mart kuni Buxoro shahar jinoyat ishlari sudi tomonidan aybli deb topilgan va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 45-moddasi asosida 2 yil muddatga moddiy va mansabdorlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan edi.
Shunga qaramay, Asqar Baxronov o‘z yaqini bo‘lgan Xoliqovni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 28-moddasi 3-qismi talablariga zid ravishda 2023 yilning yanvar oyida davlat fuqarolik xizmatchisi hisoblangan bosh iqtisodchi lavozimiga tayinlagan. Bu ham yetarli bo‘lmaganday, bugungi kunda Askar Baxronov Xoliqovni qonunga zid ravishda qaytadan o‘ziga o‘rinbosar qilib tayinlagan.
Qolaversa, Asqar Baxronov 2015 yilda Vobkent tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i lavozimida ishlab turgan vaqtda ham korruptsiyaga oid jinoyat sodir etib, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgani uchun Vobkent tuman prokuraturasi tomonidan jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Asqar Baxronov qonunlarga amal qilmasdan, o‘z huquqlarini talab qilgan xodimlarga «orqasida» sog‘liqni saqlash vaziri va viloyat hokimi turganligini aytib, hech narsadan qo‘rqmasligini doimiy ravishda eslatib turadi.
Ha, aytganday, yaqinda Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxonov ilgari korruptsiya jinoyatlarini sodir etgan 500 nafardan ortiq shaxslarni qaytadan mansabdor lavozimlarga tayinlagani va shu kabi shaxslar yana korruptsiya jinoyatlarini sodir etganliklari haqida ma'lum qilingan edi.
Eltuz O‘zbekistonda korruptsiya jinoyatlariga oid voqealarni yoritishda davom etadi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Videolarimizga layk va izohlar qoldiring.